Bugun, 12 noyabr kuni BMT shafeligida Samarqandda o‘tkazilgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda ishtirok etgan AQSHning Tashqi siyosat kengashi vitse-prezidenti I.Berman va Ikki partiyaviylik siyosat markazining milliy xavfsizlik dasturi direktori B.Mistal O‘zbekiston musulmonlari idorasiga keldi.
Mehmonlar shu yil 10–11 noyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” nomli xalqaro Forum muhim va dolzarb ahamiyat kasb etganini alohida ta’kidladilar va o‘z taassurotlarini bildirdilar.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov mehmonlarni tashrif bilan qutlab, O‘zbekistonda din sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, turli millat va din vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik to‘g‘risida gapirdi. O.Yusupov o‘z so‘zida davom etib, bugungi kunda yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv, do‘st-inoq bo‘lib, ittifoqchilikda yashab kelayotgani, ularning o‘z an’ana va urf-odatlarini ado etish uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingani alohida qayd etdi.
Muloqotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari so‘zga chiqib, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan din sohasida ulkan ishlar amalga oshirilayotgani, yangi masjid-madrasalar barpo etilayotgani, ixtisoslashgan ilm maktablari tashkil etilayotganini so‘zlab berdilar. Muftiy hazratlari so‘zlarida ushbu jarayonlarda ulamolar, imom-domlalar faol ishtirok etayotganlari va diniy idora tomonidan bir qator xayrli ishlar amalga oshirilayotganini qayd qildilar.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minavarov so‘z olib, o‘lkamizga Islom dini kirib kelishi tarixi, rivojlanish bosqichlari, olim-ulamolarimizning islom tamaddunida tutgan o‘rni va boy ilmiy meroslari to‘g‘risida so‘zlab berdi. Mana shunday serqirra ma’naviy meros, ilm-fan va madaniyat sohasidagi yutuqlarimizni asrab-avaylash va kelajak avlodga to‘laligicha yetkazish hamda bularni butun jahon jamoatchiligiga namoyish etish maqsadida, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilayotganini bildirdi.
Mehmonlar taqdim etilgan ma’lumotlar uchun minnatdorlik bildirib, istiqlolning dastlabki yillaridagi yurtimizdagi diniy muhit, ayni paytda mamlakatimizda olib borilayotgan din sohasidagi o‘zgarishlar, diniy ta’lim tizimidagi islohotlar, chet-elda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik migrantlar bilan ishlash tizimi bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mukammal javob oldilar.
Shuningdek, mehmonlarga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati va istiqboldagi rejalari haqida atroflicha gapirib berildi.
Uchrashuv yakunida AQSHning Tashqi siyosat kengashi vitse-prezidenti I.Berman yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar, o‘zgarishlar va yangilanishlarni e’tirof etib, O‘zbekistonda yoshlarni radikal g‘oyalardan himoya qilish borasida juda katta ishlar qilinganini yuksak baholadi. Janob I.Berman O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida ishtirok etish niyatida ekanini izhor qildilar.
Mehmonlar samimiy suhbat uchun minnatdorlik bildirdilar.
{gallery}//amerikadan{/gallery}
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Respublikamiz hojilari ishtirokida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
Mavsum boshidan shu choqqacha 83 ming 274 ta tadbir o‘tkazildi. Ularda 508 478 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi.
Oilaviy sharoit va tushunchalaridan kelib chiqib, ular bilan tinchlik qadri va shukronalik, yoshlar tarbiyasi, illatlarga barham berish, ilm-ma’rifatga targ‘ib, yot g‘oyalarga qarshi kurashish mavzularida suhbatlar o‘tkazildi.
Ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordamlar berildi. 11 mingdan ziyod hojilar ishtirok etayotgan tadbirlar natijasida jamiyatdagi ma’naviy muhit yanada yaxshilanmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati