(maslahat ila ish ko‘rish)
Biror bir millat yoki xalq bizning xalqimizdek oila nomini pok saqlab, unga dog‘ tushirmaslik, tinchligini barqaror saqlashga jon kuydirmasa kerak. Xalqimizda oila sha’ni shu qadar mo‘tabar va ulug‘ darajaga ko‘tarilgan-ki, bu ruhiyat xalqimizning og‘izdan-og‘izga ko‘chib keladigan iboralariga ham ko‘chib o‘tgan. “Oila – muqaddas dargoh”, “Vatan oiladan boshlanadi” kabi iboralar shular jumlasidandir. Shu sababdan xalqimiz yangi oila barpo qilishga, oilaning tinchligini barqarorlashtirishga, har qanday holatlarda ham oilani saqlab qolishga katta e’tibor qaratadi, bu yo‘lda bor imkoniyatlarni ishga soladi.
Aslida, oilani saqlab qolishga bo‘lgan ehtiyoj oila a’zolari ya’ni er-xotinning ishidir. Biroq, oila hamjihatligi jamiyatning bir butunlik omili ekanini hisobga olib, qolaversa, oilaning saqlab qolinishi dinimiz buyurgan, ota-bobolarimiz targ‘ib qilgan ish bo‘lgani bois boshqalar ham bunga bosh qo‘shadilar.
Shu sababdan bu maqolada oilani mustahkam qiladigan amallardan biri – oilada maslahat-u mashvarat qilish haqida dinimiz ko‘rsatmalariga nazar solamiz.
Dinimizda kishilar bilan maslahat-u mashvarat qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Hatto, Alloh taolo O‘z kalomi sharifida “Sho‘ro” ya’ni “mashvarat qilish, kengashish” degan alohida sura nozil qilgan. Sho‘ro – maslahat, kengash demakdir. Surada musulmonlar diniy va dunyoviy ishlarini o‘zaro maslahat va kengash asosida amalga oshirishlari maqtovga sazovor ekani aytiladi.
Surada maslahat qilish mo‘minlarning sifatlaridan ekani quyidagicha bayon qilinadi:
وَالَّذِينَ اسْتَجَابُوا لِرَبِّهِمْ وَأَقَامُوا الصَّلَاةَ وَأَمْرُهُمْ شُورَى بَيْنَهُمْ وَمِمَّا رَزَقْنَاهُمْ يُنْفِقُونَ
“Ular Parvardigorlariga ijobat etgan va namozni barkamol ado etgan zotlardir. Ularning ishlari o‘zaro maslahat (bilan) bo‘lur va Biz ularni rizqlantirgan narsalardan (muhtojlarga) ehson qilurlar”. (Sho‘ro surasi, 38).
Ushbu oyatga yaxshilab nazar tashlasak namozni ado qilish va xayr-ehson o‘rtasida mashvarat qilish, boshqalar bilan maslahat sifati keltirilgan. Namoz va xayr-ehson qilish qanday fazilatlarga ega ekanini bilamiz. Ana shunday fazilatlarga ega ibodatlar orasida maslahat-mashvarat qilish keltirilgani bu xislat ham mo‘minlarning muhim va oliy sifatlari qatorida ekanini ko‘rsatib beradi.
Boshqa bir oyati karimada shunday marhamat qilinadi:
...وَشَاوِرْهُمْ فِي الْأَمْر...
“...Va ular bilan kengashib ish qiling!...” (Oli Imron surasi, 159-oyat).
Bu oyati karimada Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sahobai kiromlar bilan maslahat-u mashvarat qilishni buyurmoqda. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oxirgi zamon payg‘ambari bo‘lganlari, Alloh taolo barcha ishlarda vahiy va ilhom qilinib turilgan hollarida ham mashvarat qilishga buyurilgan ekanlar, u zotga ergashgan biz musulmonlar maslahatu-mashvarat qilishga U zotdan ham muhtojroqmiz.
Barcha insonlar uchun namuna bo‘lgan Zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlariga nazar solsak, Ul zot ham ko‘p ishlarida boshqa sahobiylarning maslahati va takliflari bilan ish ko‘rganliklarining guvohi bo‘lamiz. Xususan, oilaviy ishlarda ham Ul zot o‘z ahli ayollari bilan maslahat qilganliklarini mo‘mina onalarimiz rivoyat qilganlar. Ayniqsa, Xadicha onamiz, Oisha onamiz, Ummu Salama onalarimiz bilan maslahat qilganliklari ma’lum va mashhur.
Ahli ayollar bilan maslahat qilish deganda otaning o‘z qizlari bilan maslahat qilishini ham keltirishimiz mumkin. So‘zimizning dalili sifatida Alloh taolo Qur’oni karimda nozil qilgan ushbu oyatni keltiramiz:
قَالَتْ إِحْدَاهُمَا يَا أَبَتِ اسْتَأْجِرْهُ إِنَّ خَيْرَ مَنِ اسْتَأْجَرْتَ الْقَوِيُّ الْأَمِينُ
“(Qizlardan) biri: “Ey, ota, uni (ishga) yollagin! Zero, sen yollaydigan (bu) yaxshi kishi kuchli va ishonchli kishidir”, – dedi” (Qasos surasi, oyat-26).
Ushbu oyatda Muso alayhissalomdagi omonatdorlik, mardlikni ko‘rgan qiz otasi Shuayb alayhissalomga Muso alayhissalomni ishga olishni maslahat bergani bayon qilingan. Shuayb alayhissalomning o‘z qizlarining maslahati bilan Muso alayhissalomni ishga yollaganlar.
Bu ma’lumotlardan kelib chiqib fazl va ilm egalari bilan maslahat qilish barcha payg‘ambar alayhissalomlarning xislatidir, deb ayta olamiz.
Sahobai kiromlar ham boshqa sunnatlar bilan bir qatorda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mashvarat qilishdek ulug‘ sunnatlariga rioya qilganlar. So‘zimizni quyidagi hadis qo‘llab-quvvatlaydi.
Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhu aytadilar: “Agar bizlarga biror ish mushkul bo‘lib qolsa-yu, mo‘minlar onasi Oisha roziyallohu anhodan u haqda so‘rasak albatta, U zotda bu borada ma’lumot bo‘lar edi”.
Xulafoi roshidinlar boshqa barcha sahobai kiromlar mo‘mina onalarimizdan maslahat olganlar. Buni ko‘plab sahobai kiromlarning mo‘mina onalarimizdan hadis rivoyat qilganliklaridan bilib olish qiyin emas.
Agar er-xotin biror masalada mashvarat qilib ham kelisha olmasa o‘rtalarini isloh qilish uchun hakam ta’yinlashi mumkin. Alloh taolo bu borada quyidagicha oyat nozil qilgan:
وَإِنْ خِفْتُمْ شِقَاقَ بَيْنِهِمَا فَابْعَثُوا حَكَمًا مِنْ أَهْلِهِ وَحَكَمًا مِنْ أَهْلِهَا إِنْ يُرِيدَا إِصْلَاحًا يُوَفِّقِ اللَّهُ بَيْنَهُمَا إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلِيمًا خَبِيرًا
“Agar ular (er-xotin)ning oralari buzilib ketishidan qo‘rqsangiz, er oilasidan bir hakam, xotin oilasidan bir hakam yuboringiz. Agar (er-xotin) islohni xohlasalar, Alloh o‘rtalarini muvofiqlashtirgay. Albatta, Alloh bilimdon va xabardor zotdir”.
Oilaviy masalalarni go‘zal tarzda isloh qilishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu oyatga namuna o‘laroq amal qilganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Oisha onamiz bilan o‘zaro oilaviy ishlarida hakam ta’yinlaganlar. Oilaviy masalalarni chiroyli hal etishda mana shu voqeada barcha musulmonlar uchun ulkan o‘rnak va namuna mavjud. Shu boisdan ushbu voqeaga nazar solamiz:
“Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Oisha onamiz o‘rtalarida bir masalada ixtilof paydo bo‘ldi. O‘zaro kelisha olmagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizga: “Men va o‘zing o‘rtangda kimning hakam bo‘lishiga rozi bo‘lasan? Umar (ning hakamligi)ga rozimisan?”,-dedilar. Oisha onamiz: “Yo‘q, men uning shiddati va qattiqqo‘lligidan qo‘rqaman”,- dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Abu Ubayda(ning hakamligi)ga rozimisan?”,-dedilar. Oisha onamiz: “Yo‘q, u Sizni juda yaxshi ko‘radi, Sizning foydangizga hukm chiqaradi”,-deb javob berdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Unday bo‘lsa, otang Abu Bakr(ning hakamligi)ga rozimisan?”,-dedilar. Oisha onamiz ha, deb javob berdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga odam yuborib chaqirtirdilar. Abu Bakr roziyallohu anhu kelgach Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizga: “Sen birinchi gapirasan-mi yoki men gap boshlaymi?”,-dedilar. Oisha onamiz: “Ey Allohning Rosuli!, Siz birinchi boshlang, faqat haqiqatni ayting!” dedilar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu darhol o‘rinlaridan turib, qizlarini urushish maqsadida Oisha onamiz tomonga yurdilar. Oisha onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ortlariga o‘tib himoyalandilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga qarata: “Biz sizni hakam qilib chaqirdik, tarbiya berish uchun emas. Bu yerdan chiqing! Sizni bu uchun chaqirmagan edik”,-dedilar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu tashqariga chiqib ketgach Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizga lutf qilmoqchi bo‘lib: “Yaqinroq kel!”-dedilar. Oisha onamiz joylaridan jilmadilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sal oldinroq mening orqamga yopishib qolganmiding?!”,-deb Oisha onamizning otalaridan qochib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ortlarida o‘tib olganiga sha’ma qildilar. Oisha onamiz kulib yubordilar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham kuldilar.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu kirib keldilar-da: “Janjalingizga sherik qilganingiz kabi sulhingizga ham meni sherik qilinglar!”,-dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Ushbu qissadan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oila ishlarida ham juda buyuk muallim ekanliklarini bilib olishimiz mumkin.
Yuqorida keltirib o‘tganimiz - oyat va hadislardan quyidagicha xulosa qilamiz:
Oilani kichik bir jamiyat ekanini hisobga olsak, jamiyatda a’zolarning huquqi teng bo‘lishi kerak, demak, oilada ham huquqlar teng hisoblanadi. Jamiyatda yaratiladigan manfaatlar har bir a’zo uchun bir xil bo‘lishi kerak. Demak, oilada ham manfaatlar har bir a’zo uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Jamiyat a’zolarining barchasiga xos bo‘lgan manfaatlar ularning fikrlari, o‘zaro kelishuvlari asosida tayinlansagina barcha rozi bo‘ladigan, barchaga birdek naf keltiradigan ishga aylanadi. Shu boisdan ham er kishi oilada ahli ayoli bilan maslahat va mashvarat qilishi lozim deb uqtiriladi.
Alloh taolo barchalarimizga tinch-totuvlikda, oilaviy ahillikda yashamog‘imizni nasib etsin. Amin.
Jaloliddin Hamroqulov,
Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri
Kecha, 28 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda haj delegatsiyasi vakillari, ishchi guruhi a’zolari, mingboshilar va shifokorlar jamoasi ishtirok etdi.
Majlis avvalida Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishi haqida so‘zladilar. Shuningdek, har bir ishchi guruhi a’zosi ana shunday ulug‘ darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilish davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, farz, vojib va sunnatlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish va zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga batafsil javob berish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, muborak zaminlarda har bir daqiqani g‘animat bilish, toatu ibodat ila o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qilishga urg‘u qaratdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Obidjon Qodirov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov va Shifokorlar guruhi rahbari Alisher Saatov kabilar so‘zga chiqib, tashkiliy ishlar, tibbiy jihatlar, xat-hujjatlar, jamoaviy tartib-intizomga rioya etish, qonun-qoidalarga amal qilish, hojilar xavfsizlini ta’minlash va ogohlikga oid muhim tavsiyalarni berdilar.
Shuningdek, joriy mavsumda “Haj – 2025” ishchi guruhi va shifokorlar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklangani, shu bois har kim o‘z vazifasini vijdonan to‘la bajarishi zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati