Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyun, 2025   |   12 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:35
Bismillah
08 Iyun, 2025, 12 Zulhijja, 1446

Imom Ashraf Ali Tahonaviy

11.11.2017   10611   4 min.
Imom Ashraf Ali Tahonaviy

Ulug‘ alloma, nafaqat Hindistonda balki butun dunyoda shuhrat qozongan, “Ummat hakimi” degan ulug‘ nomga sazovar bo‘lgan bu zotning to‘liq ismlari Ashraf Ali Tahonaviy ibn Munshiy Abdulhaq ibn Hofiz Fayz Ali ibn G‘ulom Farid Shahid ibn Jalol ibn Rahmatulloh ibn Omonulloh ibn Atiyqulloh Xatib ibn Hofiz Habibulloh ibn Odam ibn Muhammad Jalol ibn Sodrjahondir.

U kishining nasablari ota tomonidan ikkinchi xalifa va buyuk sahobiy hazrat Umar roziyallohu anhuga borib taqaladi. Ona tomondan esa sahoba hazrat Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga borib taqaladi.

Alloma Ashraf Ali Tahonaviy hijriy 1280 yil (milodiy 1863) Tahona qishlog‘ida dunyoga kelganlar. Tahona qishlog‘i Hindistonnng shimolida joylashgan bo‘lib u yerdan ko‘plab ulamolar yetishib chiqqan.

Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asarini ustozlari alloma Mahmud Hasan Devbandiydan o‘rganganlar. Zafar Ahmad Usmoniy u kishi haqida bunday deganlar: “Shayx Tahonaviy mazhabda o‘rtaholligi va mo‘tadilligi, shuningdek, ixtilofli masalalarda kengbag‘rligi va keng fikrligi bilan ajaralib turgan”.

Shu bilan birga Tahonaviy muomalot masalalarida muammo bo‘lmasligi uchun  to‘rtta mazhabning birortasiga to‘g‘ri kelsa odamlar butunlay shariatni tashlab ketmasliklari uchun o‘sha mazhab bo‘yicha fatvo berar edilar.

Har bir yetuk inson yuqori darajaga etishida, albatta, unga ustoz lozim. Shuningdek, Imom Tahonaviyning mana shunday yetuk darajaga yetishlarida u kishining ustozlarining o‘rni juda katta.

Ustozlari:

  1. Shayx Nabil Muhammad Ya’qub ibn Mamluk Ali Na’nutiy. U kishi Hindistonning mashhur ulamolaridan bo‘lib hijriy 1249 yil (milodiy 1833) Nanota shahrida dunyoga kelgan va shu yerda hijriy 1302 yil (milodiy 1984) vafot qilgan. Ilmni otalari shayx Mamluk Alidan o‘rgangan. Shuningdek, keyinchalik Devbandda o‘qiganlar.
  2. Shayx Mahmud Hasan Devbandiy tariqatda yetuk ustozlardan bo‘lib, hijriy 1268 yilda (milodiy 1851) Bariliy shahrida dunyoga kelgan.
  3. Manfa’at Ali Devbandiy. U kishi mashhur faqihlardan bo‘lib Devbandda tug‘ilib o‘sgan. Ustozlari Ya’qub ibn Mamuk Ali Nanutiy va Ahmad Dehlaviy kabi Devband ustozlaridan ilm olishgan, 1327 yil Konfurda vafot qilgan.
  4. Abdulali ibn Nasib Ali Hanafiy Mirtahiy. Mashhur ulamolaridan sanaladi. U kishi Merta qishlog‘ida dunyoga kelganlar. Muhammad Qosim Nanutiy, Ahmad Ali Sahoranfuriy Fayz Hasan Sahoranfuriy va boshqa ko‘plab ulamolardan dars olgan.
  5. Shayx Mulla Mahmud. Tahonaviy u kishidan Hadis kitoblarini o‘rgangan.

             Tahonaviy o‘z asridagi turli ilm sohalarini mukammal egallagan mashhur olim bo‘lib, masalalarni aniqlashda va dalillarni chuqur o‘rganishda ilm toliblari orasida shuhrati keng tarqalgan. Tahonaviyning yetuk ilmi va ma’rifatidan foydalanish uchun musulmon o‘lkalarning turli chekkalaridan ilm talabidagilar jamoa-jamoa bo‘lib yog‘ilib kelar edi. Ular Tahonaviyning ilmidan hayratlanib, uni qattiq hurmat qilishardi.

Shogirdlari ko‘p bo‘lib, ularning eng mashhurlari quyidagilar:

  1. Zafar Ahmad Usmoniy Tahonaviy. U kishi 1310 hijriy yil dunyoga kelgan. Dastlab Devbandda tahsil olgan. 3 yoshlarida onalaridan ajragan. Hijriy 1394 yil zulqada oyida vafot qilgan.
  2. Shayx Ishoq ibn Latif Hanafiy Bardavoniy. U zot Bardavon shahrida hijriy 1283 yilda dunyoga kelgan. Dastlab ustozi Mavlaviy Muhammad Hanifdan ilm olgan. Hijriy 1357 yilda Kalkuttada vafot qilgan.
  3. Shayx Ahmad Ali Fathfuriy. Katta mudarris ulamolardan bo‘lib hijriy 1292 yilda Fathfurda dunyoga kelgan. Fathfur Laknao shahri yaqinida joylashgan.
  4. Ibn Siroj Yaqin Hanafiy Kursaviy. U kishi fiqh va hadis ilmida katta olim sanaladi. Laknao shahridagi Kursiy qishlog‘ida dunyoga kelgan. Dastlab o‘z shahrida ilm olib so‘ngra Devbandga borib o‘qigan. Hijriy 1324 yilda Makkada vafot qilgan.
  5. Shayx Muhammad Mustafo Bajnuriy. Tabobat ilmida mashhur bo‘lgan. Dastlab ilmni otalari Sayyid Marvon Alidan o‘rgangan.

Abdulloh  PARPIYEV

Xalqaro  aloqalar  bo‘limi  xodimi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Nima uchun “arafot” deb nomlangan?

04.06.2025   3322   4 min.
Nima uchun “arafot” deb nomlangan?

Arafot so‘zi lug‘atda – bilish, tanish ma’nolarini bildiradi.

Makka shahridan 20 km, Minodan 10 km, Muzdalifadan esa 6 km, Namira masjididan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. Uzunligi 11-12 km va kengligi 6,5 km bo‘lgan vodiy. U qattiq katta toshlardan iborat. Janubiy tomonda 168 ta zinasi mavjud.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Odam Ato bilan Havvo onamiz jannatdan chiqarib yuborilganlaridan keyin bir-birlari bilan shu yerda uchrashganlar, deyiladi.

Boshqa bir rivoyatda Jabroil alayhissalom Ibrohim alayhissalomga ushbu makonda haj amallarini o‘rgatib: “Arofta?” (“O‘rgandingizmi?”) deganlarida, Ibrohim alayhissalom: “Ha”, deganlar. Shundan keyin Arafot deb nomlanib qolgan.

Arofat tepaligida bir baland joy borki, u yerni “jabalul rohma”, ya’ni “rahmat tog‘i” deyiladi. Arafa kuni hojilarga yog‘iladigan behisob rahmat va barakalar sababli “rahmat tog‘i” deb nomlanadi. Ushbu tog‘ Ilol, Nobit hamda Quriyn deb ham ataladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan 93 kun oldin, hijratning 10 yili Madinadan hajga kelib, arafa kuni shu tepalikka chiqqanlar va oq tuyalarini cho‘ktirib, uning ustida turib “Vidolashuv va’z”ini aytganlar. Bu joy uzoqdan ko‘rinib turishligi uchun ustun shaklida ko‘tarilib, oqqa bo‘yab qo‘yilgan.

Arafotda hajning asosiy arkoni ado etiladi. Arafa kuni bomdod namozi o‘qilgandan so‘ng Minodan Arafotga qarab yo‘lga tushiladi. Zilhijja oyining 9-kuni, ya’ni arafa kuni hojilar shu tepalikka chiqib, to quyosh botgunga qadar ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Arafotda ma’lum muddat turmagan kishining haji haj hisoblanmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haj Arafotdir”, deganlar (Imom Termiziy va Nasoiy rivoyati).

Arafotga chiqishdan oldin g‘usl qilib olinsa yaxshi bo‘ladi.

Arafotga chiqishda va u yerda turganda doim takbir, tahlil, hamd va talbiya (“labbayka”) aytiladi. Arafotda duolar ijobat bo‘ladi. Shuning uchun hojilar ko‘proq duoda, zikrda, tilovatda, iltijoda, chin dildan tazarruda bo‘lishga intilishlari lozim.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi – Arafot kungi duodir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Arafotda quyidagi oyat nozil bo‘lgan: “Bugun Men sizlar uchun diningizni komil qildim, Men sizlarga ne’matimni to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim” (Moida surasi, 3-oyat).

Arafotda va Rahmat tog‘ida quyidagi duolarni o‘qish tavsiya etiladi:

“Subhanallohi va bihamdihi. Subhanallohil ’aziym”.

Laa ilaha illa anta. Subhanaka inni kuntu minaz-zolimiyn.

Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyil ’aziym”.

Robbana atina fid-dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina ’azaban-nar.

Allohumma aslih li diniyallaziy huva ’ismati amri va aslih li dunyayallati fiha ma’ashiy va aslih liy axirotiyallati fiha ma’adiy, vaj’alil hayata ziyadatalli min kulli xoyrin, vaja’lil mavta rohatalli min kulli sharrin.

A’uzu billahi min jahdil balai va darkish-shaqoi va su’il qazoi va shatamatil a’dai.

Arafotda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib qasr qilib o‘qiladi. Hajning amiri xutba o‘qiydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!” (Imom Muslim rivoyati).

Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh huzurida Arafot kunidan yaxshiroq kun yo‘q. Alloh taolo dunyo osmoniga (farishtalarga maqtanib) yer ahli bilan faxrlanib aytadi: “Mening chang bosgan bandalarimga qarang! Mening rahmatimdan umidvor bo‘lib,  barcha joylardan keldilar. Vaholanki, ular mening azobimni ko‘rmaganlar. Alloh taolo biror kunda  Arafa kunidek bandani do‘zaxdan ozod qiladigan kun yo‘q, deydi”.

Alloh taolo hajingizni mabrur, sa’yingizni mashkur va gunohingizni mag‘fur qilsin!

Davron NURMUHAMMAD