Hayotlik chog‘idayoq shuhrati butun olamga yoyilib, klassik sifatida tan olinish juda kam ijodkorlarga nasib etadi. Ana shunday tolei baland ijodkorlardan biri buyuk rus yozuvchisi, graf Lev Nikolayevich Tolstoy edi (1828-1910 yy.)
XIX yuzyillik oxirlarida uning nomi nafaqat Rossiyada, balki shunday keng diyorni ham yorib chiqib G‘arbu Sharqqa taralgan, bu qit’alarning ham eng sevimli muallifi sifatida shuhrat qozongan edi. Bunda uning sharq olamining ma’naviy rahnamolari (hindistonlik Maxatma Gandi va misrlik Muhammad Abdo) bilan olib borgan yozishmalari katta rol o‘ynagan edi. Shuningdek, uning g‘oyalarining musulmon matbuotida arab va turk tillarida targ‘ib qilinishi ham uni Sharqda mashhur qildi.
Tolstoy ijodi va uning jamoatchilik faoliyati bilan davlat arboblaridan tortib eng oddiy insonlargacha – millonlab odamlar qiziqqan. Sharq odamlari matbuot tinimsiz yozayotgan ana shu favqulodda shaxs, uning asarlari va g‘oyalari bilan qanday qilib yaqindan tanishish mumkinligini o‘ylar edi. Sharq ziyolilarining g‘arb tillarini biladigan qismi uning asarlarining tarjimalarini mutolaa qila boshladi (dastlab yevropa tillarida, keyinroq esa rus tilida asliyatini). Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ulug‘ mutafakkir, Haqni izlayotgan yozuvchining badiiy va publitsistik asarlari – adabiyotning ikki janri o‘laroq tarjima qilindi.
Tolstoyning diniy izlanishlari bosqichlari qanday bo‘lgan, uni nimalar ilhomlantirgan va hayotining oxirlarida qanday qarorga kelgan?
Uning safarining so‘nggi manzili haqida so‘z yurita olamizmi yoki u muxlislariga o‘z dahosining nihoyatda ahamiyatli ko‘p nuqtalarini qoldirib ketdimi? Nihoyat, uning Islom dini haqidagi tushunchasi qanday bo‘lgan? Ushbu maqolada ana shu savolga javob topishga harakat qilinadi. Yana bir bor ta’kidlaymizki, zamonaviy Rossiyada buyuk yozuvchining musulmon bo‘lgani yoki bo‘lmagani dolzarb masala sifatida qizg‘in bahsu munozaralarga sabab bo‘lmoqda! Chunki jahon klassiklarining peshvolaridan bo‘lgan, qoldirgan adabiy merosi allaqachon jahon klassikasi mulkiga aylangan, asarlari hali ham eng ko‘p o‘qiladigan asarlardan bo‘lgan va ta’sir doirasi keng, barcha zamonlarning eng mashhur yozuvchisi bo‘lib qolaveradigan yozuvchining qaysi dinga mansub bo‘lganini bilish barcha din a’zolari uchun ham katta ahamiyatga ega.
Bugungi kunda Rossiyada ikkita qarash hukmron bo‘lib turibdi: ko‘plab islomiy saytlar Tolstoyning shaxsiy maktublaridan birida “Meni Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) izdoshlardan deb hisoblashingizni so‘rayman”, deb yozgan gapini asos qilib olib, uni musulmonlardan biri deb hisoblaydi. Ammo adabiyot saytlari va muzeylarda hamda rasmiy maktab va institutlarning darsliklarida bu haqda yozilmaydi. Shuning bilan birga, yozuvchining diqqat-e’tiborini Iso Masihning shaxsiyatini va ta’limotini tushunishga uringani hamda Injilni zamondoshlari uchun ko‘chirishga jazm etgani haqida eslatishni unutmaydi.
Tolstoyning 1901 yilda Pravoslov cherkovidan chiqarib yuborilganini hamma biladi. Shuningdek, uning hayotlik chog‘ida paydo bo‘lgan butunrossiya “tolstoychilar” harakati sho‘ro dahriylari davrida deyarli yakson qilingan edi. Ana shu harakat hozirgi kunda dinga daxldor harakat sifatida qayta tiklanmoqda va protestantlik formalaridan biri o‘laroq shakllanmoqda.
Xo‘p, Lev Tolstoyni musulmon deb aytish mumkinmi yoki yo‘qmi? Rus va jahon adabiyotining yirik vakilining diniy mansublik borasidagi so‘nggi qarori qanday bo‘lgan?
Tolstoy Islom va musulmonlar haqida nimalarni bilgan?
Avvalo, Tolstoyning hayotida musulmonlar va ular e’tiqod qiluvchi Islom dini bilan kesishgan nuqtalar bo‘lganmi, yo‘qmi va u Islom haqida nimalarni bilgan, shuni aniqlashtirib olmoq kerak. Ayon bo‘lishicha, uning musulmonlar bilan shaxsiy aloqalari va islom dini haqidagi bilimlari rus klassiklarining hammasinikidan ko‘p bo‘lgan.
U 13 yoshga kirgan vaqtida oilasi Qozonga ko‘chib boradi. Volga bo‘yidagi o‘rta asrlarda Volj bulg‘orlari mamlakatining markazlaridan biri bo‘lgan qadimiy shaharni XVI asrda rus bosqinchilari ishg‘ol qilgan bo‘lsa-da, shahar aholisi baribir eski islomiy hayot tarzini, urf-odatlarini saqlab qolgan edi. (Hozirgi Rossiya federatsiyasi tarkibidagi Tatariston respublikasi poytaxti – Qozon, tatar xalqining musulmonlik xususiyatlari aynan shu yerda shakllangan).
Bo‘lajak yozuvchining bobosi Ilya Andreyevich 1815 yildan 1820 yilgacha aynan Qozon shahri gubernatori bo‘lgan. Uning qabri hozir ham Qiziq qabristonida saqlanib turibdi. 1844 yil yosh Tolstoy Qozon universitetidagi sharq tillari bo‘limining falsafa fakultetiga o‘qishga kiradi (keyin u o‘qishini huquqshunoslik fakultetiga o‘tkazadi va u yerda to‘liqsiz ikki yil o‘qiydi). Unchalik ko‘p vaqt bo‘lmagan esa-da, Tolstoy yirik olim, Rossiya sharqshunosligi asoschilaridan biri bo‘lgan Mirzo Kozimbek (1802-1870 yy.) rahbarligida arab va turk tillarini o‘qidi. “O‘qidi” degani, albatta, o‘rganib oldi degani emas. bu o‘rinda faqat uning arab va turk tillari bilan tanishgani haqida so‘z yurita olamiz.
1851 yil yozuvchining akasi Nikolay uni birgalikda Shimoliy Kavkazga borishga ko‘ndiradi. Tolstoy Terek daryosi bo‘yidagi kazak qishlog‘ida uch yil yashab qoladi va vaqti-vaqti bilan Kizlar, Tiflis, Vladikavkazga borib turadi hamda harbiy harakatlarda qatnashadi (dastlab ko‘ngilli, keyin esa rasman xizmatda bo‘ladi).
O‘sha vaqtlarda yozilgan rasmiy tarixlarda harbiylar “Kavkazda tinchlik o‘rnatish uchun bu yerga keldi”, deyilgan. Aslida esa bu – Rossiya imperiyasining qadimdan bir qismi pravoslav, katta qismi musulmonlardan iborat bo‘lgan sharq xalqlarining yerini tortib olish hisobiga mustamlakalarini kengaytirish siyosati edi. Muhammad payg‘ambarning (sollallohu alayhi vasallam) sahobalari hijriy II asrda Kavkazning etagiga qadar, Darband shahriga kelgan edilar. Kavkazning ko‘tarilib chiqish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlarida islomlashtirish sekin, bugungi tarixchilar hisobiga ko‘ra yiliga bir chaqirim tezlikda borar edi. Ha, darvoqe. shuning uchun hatto bugungi kunlarda ham vaynaxlar (chechenlar), ingushlar, osetinlar va boshqa xalqlarning dindorligi va tabiati tog‘liklarning qadimiy urf-odatlari sifatida saqlanib qolgan. Lev Tolstoy ana shu ko‘pmillatli va murakkab olam odamlari bilan to‘g‘rima-to‘g‘ri yuzlashgan edi.
Kavkazning ajoyib tabiati, urushayotgan taraflarning hayoti va ma’naviyati, islomiyat tufayli “ruhlarining tog‘dek” yuksalgani Tolstoyning avtobiografik povesti “Kazaklar”, hikoyalari “Kutilmagan hujum”, “O‘rmon kesish” va yana keyinchalik yozilgan povesti “Hojimurod”da tasvirlangan.
Rossiyaga qaytganidan so‘ng kundaligiga “bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan – urush va ozodlik g‘aryitabiiy va shoirona ruhda birlashib ketgan ana shu yovvoyi o‘lkani sevib qolganini” qayd etib qo‘ygan.
Adib umrining so‘nggi kunlariga qadar kavkazlik qo‘noq do‘stlarini xotirlab, ulardan minnatdor bo‘lib o‘tdi. Bir safar o‘yinqaroq yosh graf qartaga katta miqdorda pul yutqazib qo‘yadi va qarzdorlik chohiga qulay boshlaydi. O‘shanda chechen Sado Miserboyev uning joniga oro kirib, u yutqazgan pulning barchasini qaytarib yutib olib beradi.
Tolstoyning mashhur “Sevastopol hikoyalari” Qirim urushi, Sevastopolni inglizlar qurshovga olgani, bu urushda yosh yozuvchi-zobit artilleriya batareyasiga komandirlik qilgani, shaxsiy jasorat ko‘rsatgani uchun Anna ordeni va medal bilan taqdirlangani haqida yozilgan. Qirimda u nafaqat qahramonlik va urush fojeasini, balki ushbu mintaqaning mahalliy aholisi bo‘lgan qirim tatarlarining tabiatini ham o‘rgandi. Bundan tashqari, o‘sha yillarda yosh zobitda, keyinchalik Tolstoy qarashlarida paydo bo‘lgan eng muhim g‘oyalaridan ba’zilarini taxmin qilish mumkin: Qirimda u Iso Masihning amalda tozalangan dini – “yangi dinning asosini” o‘rganishni orzu qilgan
Oradan bir oz vaqt o‘tib – 1899 yil Misrning bosh muftiysi bo‘lgan islom dinining mashhur islohotchisi Muhammad Abdo (1848-1905 yy.) bilan xat yozisha boshlagan. U esa panislomizm nazariyotchisi Jamoliddin Afg‘oniyning (1839-1897 yy.) shogirdi va safdoshi edi. Abdo bilan yozishmalar – Tolstoyning Islom nazariyasiga va dunyo xalqlarining turmushini yaxshilash borasidagi ijtimoiy islohotlar salohiyatiga bo‘lgan jiddiy qiziqishini ifoda etadigan, juda ham qiziqarli bo‘lgan alohida mavzu.
Payg‘ambar alayhissalom tilida gapiradigan arab olimi bilan munosabat o‘rnatish Tolstoy uchun juda ham ahamiyatli edi. Zotan, uning o‘zi ko‘plab hadislarni rus tiliga o‘girgan edi. Tolstoyning nazdida, hadislardan rus o‘quvchilarining ham xabardor bo‘lishi boshqa xalqlarning dahosidan xabardorlik belgisi edi.
Yanada ajablanarlisi, Lev Tolstoy musulmon turklar bilan ham yaqin munosabatda bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda, axloqiy nasr, so‘ngra publitsistika Rossiya jamiyatining nochor ahvolini va insonlarni Iso Masih ta’limotidan xiyla uzoqlashtirib yuborgan (Lev Nikolayevich nazdida). Pravoslav cherkovi olimlari Rossiya imperiyasidagi musulmon turk xalqlari Lev Nikolayevichda juda katta taassurot qoldirganini e’tirof etadi.
Tolstoy asarlarini birinchi bo‘lib 1896 yildan boshlab ozarbayjonlar o‘z tiliga faol tarjima qila boshladilar.
U an’anaviy musulmonlik tarafdorlari va yangicha qarashga ega musulmon tatarlar bilan yozishib turgan va ko‘pchiligi bilan uchrashib suhbatlashgan ham. Uning hayotining bu tarafi – tatarlar bilan dialogi ham qiziqarli alohida mavzu. Tolstoy arab olimi bilan faqat yozishib turishga imkon topgan bo‘lsa, tatarlar bilan ko‘plab yuzma-yuz o‘tirib suhbatlashgan. Zamonaviy tadqiqotchi Ozod Oxunovning aytishicha, “1905-1907 yillarda, tatarlarning shiddatli milliy yuksalishi davrida tatar matbuotida Lev Tolstoyga shu qadar ko‘p e’tibor qaratildiki, boshqa rus yozuvchilarning barchasini to‘plasa ham uning yaqiniga kela olmas edi”.
Uni g‘ayritabiiy ravishda diniy masalalar, xususan, Islom yoki o‘sha vaqtlar tili bilan aytganda, Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) dini o‘ziga tortar edi. Tatarlar buni bilishar va unga o‘z e’tiqodlari haqida yozishar edi: so‘rashardi, maslahatlashardi, bahslashardi. Ularga javob berardi. Tatarlar Tolstoyga faqat xat yozish bilan kifoyalanmasdan uning huzuriga – Yasnaya Polyanaga ham ko‘p kelishardi. "Tolstoy va tatarlar" mavzusi bag‘oyat keng va ajoyib mavzu. XIX asrning oxirlari XX yuzyillik boshlarida Lev Nikolayevich Tolstoy hayotiga va ijodiga murojaat qilmagan birorta tatar yozuvchisi va jamoat arbobi qolmagan edi...”
Shayx Qosim Subayev Qozonda turib Tolstoyga yozgan edi: "Buyuk axloq ustoziga. Men rossiyalik barcha musulmonlar nomidan insonlarga diniy va milliy mansubligidan qat’i nazar umumxalq sifatida qarashga o‘rgatganingiz uchun minnatdorchilik bildiraman. Bundan tashqari, Siz, buyuk hayot muallimi, boshqirdlar hayotini tasvirlovchi ixcham, ammo g‘oyat qiymatli bo‘lgan “Ilyos” povestini yozdingiz. Uni men o‘z tilimizga tarjima qilib, nashr ettirdim”. Bu yerda Rossiyadagi yana bir musulmon xalq – boshqirdlar tilga olinadi. Boshqirdlarning Qoralik degan joyiga 1862 yil Tolstoy qimiz ichib davolanish uchun borgan edi.
Ta’kidlash joizki, Tolstoy xorijdagi islom davlatlariga bormagan. Islom bilan faqat kavkazliklar, tatarlar va boshqirdlar vositasida tanishgan. Uning “islomga sayohati” bu – Shimoliy Kavkaz, Astraxan, Orenburg va Boshqirdiston, tatarlarning aholi punktlari, Penza yerlari va nihoyat Qirim edi.
Rossiyada alohida qiziqish uyg‘otgan mavzulardan biri Tolstoyning tatar millati vakili Isfandiyor Voinov bilan yozishmalari edi. 1901 yilning 22 fevralida pravoslav cherkovining bosh organi – Sinod junbushga kelib, Tolstoyni cherkovdan chetlatganda Voinov unga Istanbuldan xat yozgan: “Tan olaman, ularning Sizga bo‘lgan bunday munosabatini ko‘rib, Siz uchun juda ham qattiq qayg‘urdim. Sizni Parvardigor O‘z panohida asrasin!”
O‘sha yillarda Rossiya musulmonlari ham rasmiy hukumat va hukmdor cherkov qarshisida xuddi Tolstoy kabi himoyasiz va nochor edi. “Bizning muhtaram ustozimiz va jahon miqyosidagi yozuvchiga o‘xshagan mutafakkir (xushomad uchun aytilayotgani yo‘q) har yili tug‘ilmaydi, asrda ham emas, ayniqsa, bizning qari onamiz Rossiya grafimiz L.N.Tolstoyni 2000 yil deganda tug‘di. Uning ruhini doim shod qilsin. xotirasini hozir ham, kelajakda ham – har doim abadiy qilsin”, deb yozgan edi Voinov Tolstoy haqida.
“Sizning e’tiqodingiz va tushunchangizga qarab turib, yagona Allohga imon keltirishingizga guvoh bo‘lyapman. Bu juda ham yaxshi. Ana shu – Islomga e’tiqod va Payg‘ambar ta’limotidir”. Tolstoy Istanbuldan kelgan maktubga juda ham yaxshi javob bergan. "Sinodga javobimdagi e’tiqodimning asosiy nuqtalari bilan sizning qarashlaringizning muvofiq kelishi meni juda ham xursand qildi. Men Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) izdoshlari bilan ruhiy muloqotda bo‘lishni juda ham qadrlayman”, deb yozgan edi u Voinovga.
Biroq Isfandiyor Voinov va Lev Tolstoy o‘rtasidagi yozishmalar podsho hukumatining diqqatini tortadi va ularga xatarli yozishmadek tuyiladi. Yozuvchining Rossiya musulmonlari orasidagi obro‘si kun sayin ortib borayotgani tezkor choralar ko‘rishni talab qilayotgan edi. O‘shanda yozuvchini xatarli shaxs sifatida badnom qilish qozonlik missioner Yakov Koblovga topshiriladi. U ushbu “muhim” vazifaga kirishib uni fosh qiluvchi “Graf L.N.Tolstoy va musulmonlar” ("Pravoslavniy sobesednik", 1904. – Ch.I) mavzuida katta maqola e’lon qiladi. Maqola boshdan oyoq Tolstoy va Voinov yozishmalariga asoslanib yozilgan, lekin bu haqda bir og‘iz ham aytilmagan. Shunday qilib, Tolstoyning davlat va cherkov bilan boshlagan munozarasi uning o‘ziga va Rossiya musulmonlariga diniy jihatdan juda ham muhim, ijtimoiy tomondan esa g‘oyat xavfli edi. Tolstoyning jasorati esa ko‘plab musulmonlarni ruhlantirib yubordi. Ular ota-bobolarining e’tiqodini tiklash va mamlakatda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan demokratiya sharoitida huquqlarini tiklashni istay boshlashdi.
Xulosa qilib aytganda, Tolstoyning islomiy ma’lumoti bo‘lmagan, u olim ham emas, o‘sha vaqtda yevropatsentrlashgan Rossiyaning yuksak tarbiya ko‘rgan insoniga xos bo‘lgan bilim va tajribaga ega edi, xolos. Lekin u ko‘plab musulmonlar bilan shaxsan munosabatda bo‘lib XIX-XX yuzyilliklar orasida Rossiya va uning chegarasidan tashqarida diniy uyg‘onishda ishtirok etdi.
Pravoslav cherkovi Tolstoy nigohida
Haqni izlash Lev Tolstoyning cherkov asoslarini tahlil qilib ko‘rishiga sabab bo‘ldi: "Dunyo hayoti o‘zining istaganini qildi va cherkovni insonlarga hayot ma’nosini tushuntirib berishdek maqsadidan chalg‘itib yubordi. Natijada Masihning ta’limotiga zid bo‘lgan o‘z turmush tarzini o‘rnatdi va Masihning qonuniga zid tarzda hayot kechiradigan olomonni yaratdi. Va bu dunyo butunlay moddiyat dunyosiga aylandi. Jamiyat peshvolari nafaqat bu hayotni oqlashni boshladi, balki cherkov ham ularga maddohlik qilib, aynan shu hayotni Masihning ta’limoti ekanini ta’kidlay boshladi", deb yozgan edi Tolstoy o‘zi tug‘ilib o‘sgan Yasnaya Polyanada 1909 yilning martida.
Natijada uning qalamidan cherkovning sha’niga yarashmaydigan, ochiqdan ochiq malomat qilib yozgan maqolalar yozilib e’lon qilindi. Albatta, buning ortidan Lev Tolstoy cherkovdan rasman ajratilib, bu haqda Rossiyadagi barcha pravoslav cherkovlarida e’lon qilindi. Buni eshitib butun mamlakat shokka tushib qoldi! Asarlar eng ko‘p o‘qiladigan sevimli yozuvchilardan biri Rossiya derjavasining suyanchig‘i bo‘lgan cherkovning qahriga uchragan edi.
Ruhiy tushkunlikka tushgan rus xalqi – kimdir nafrat bilan, kimdir umidvorlik ila buyuk mutafakkir yozuvchining “anafema”dan (ajratish), nasroniylik cherkvoidan ayrilgandan so‘ng qanday ijodiy topilmalar qilar ekan, deya kuzatib turar edi. U esa yangi tarjima ustida ishlashda davom etdi, aniqroq qilib aytganda, Injilga o‘zining ilovalarini qo‘shish ustida ishladi va nafaqat Rossiyadagi, balki xorijdagi o‘nlab ilohiyotchi olimlar va din sohasi ustozlari bilan imon-e’tiqod mavzuidagi ko‘plab maqolalari va sog‘lom turmush tarzi haqidagi yozishmalari o‘rin olgan ”Mening e’tiqodim nima?” degan kitobini e’lon qildi.
Uning g‘azabini qo‘zg‘agan pravoslav dogmatikasi, kuch va pulga asoslangan zo‘ravonlik va adolatsizlikni muqaddaslashtiruvchi – amaldagi marosimlari, cherkov tarixi va ijtimoiy doktrinasi bularning hammasi bugungi kunimizda ham yashab kelmoqda. XXI asr musulmonlari boshqalar bilan munozaraga kirishib qolgudek bo‘lsa, Tolstoyning tavhid va Qur’oni karimning nozil bo‘lishi haqidagi fikrlariga bemalol tayanishi mumkin.
Mashaqqatli izlanish kunlari, atrofidagi odamlarning uni tushunmasliklaridan siqilgan yozuvchi xatlarining birida bunday yozgan edi: “Agar siz ham men bilan bir e’tiqodda bo‘lsangiz, juda ham xursand bo‘lar edim. Siz mening hayotimni ozgina o‘rganing. Turli-tuman muvafaqqiyatlar – boylik, shon-sharaf – ularning birortasi menda yo‘q. Mening do‘stlarim, hatto oilam ham mendan yuz o‘girmoqda. Ayrim liberallar va nafosatshunoslar meni Gogolga o‘xshagan aqli zaif, jinni deb hisoblaydi. Revolyutsionelar va radikallar mistik va vaysaqi deydi; hukumat odamlar esa o‘ta xatarli revolyutsioner deb xavfsiraydi; pravoslavlar esa iblis deyishadi. Tan olaman, bularning bari men uchun juda ham og‘ir... Negaki, marhamat qilib, siz menga samimiy Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) izdoshiga qaragandek qarang. hammasi butunlay boshqacha bo‘ladi".
Ana shu so‘zdan keyin shunday xulosaga kelish mumkinki, Lev Nikolayevich Islom diniga e’tiqod qilgani unchalik aniq emas, degan gapga hojat qolmagan...
Lev Tolstoy e’tiqodining timsoli nimani anglatadi?
Birinchidan, Islomni ochiq-oshkora qabul qilmagan, musulmoncha hayot tajribasi bo‘lmagan. Shuni unutmaslik kerakki, nasroniylikdan haqiqat izlab o‘zini “samimiy Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) izdoshi” deb atagan yozuvchi ayni paytda Budda va Konfutsiylikdan ham kam hayratga tushmagan. Shuningdek, turli din vakillari bilan muntazam yozishib turgan. Masalan, Maxatma Gandi bilan ularning yozishmalarini har kuni o‘qishni maslahat beradigan mashhur tavsiyanomalar ro‘yxatiga kiritish mumkin. U hind va xitoy donishmandlaridan “hammmaga birdek daxldor bo‘lgan umuminsoniy haqiqat”ni izlagan edi.
Bundan tashqari, Tolstoy universallikni qidirib dastlabki kezlarda Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) ta’limotini davom ettirayotganini da’vo qilgan bahoizmning yaralishiga asos bo‘lgan babizmni ham katta qiziqish bilan o‘rgandi. Ammo mirzo Husayn Ali Nurining (1817-1892 yy.) sun’iy da’volaridan darhol ko‘ngli qoldi.
Komil ishonch bilan aytish mumkinki, Tolstoy ijodining so‘nggi yillarida – Iso Masih ta’limotida haqiqat deb tan olingan narsalar asosida umuminsoniy haqiqatni izlash bo‘lgan.
Uning o‘zi Injilga yozgan izohi va diniy mavzudagi maqolalarini izlanishlarining yakuniy xulosasi deb hisoblamaydi. Lekin u hayotlik davridayoq muxlislari “tolstoychilik” deb nom olgan harakatni shakllantiradi.
Ha, aynan shunday – Tolstoy rostdan ham “tolstoychilik”ni yaratdi, ammo uning o‘zi “tolstoychi” emas edi va yangi paydo bo‘lgan oqimga ustoz va yo‘lboshchi bo‘lishni istamadi. Keyinchalik dinshunoslar “tolstoychilik”ni haqli ravishda rus nasroniyligida neoprotestantlik deya ta’lif qildilar. Shunga e’tibor qilamizki, uning o‘ziga xos bo‘lgan ta’limoti Islomning ostonasiga kelib qolgan edi... ostonaga keldimi, demak, ichkariga kiriladi.
Nihoyat hayotining oxirgi yillarida uyni tashlab chiqqan Lev Tolstoy dastlab Shamordin monastri xizmatchisi bo‘lgan singlisi Mariyanikiga boradi. So‘ngra pravoslav Rossiyasining taniqli diniy rahnamolari – Optina cho‘li oqsoqollari huzuriga boradi. Pravoslav tarixchilari bu voqeaga va monax singlisi hamda oqsoqollar bilan bo‘lgan suhbatlarga urg‘u berib, u Optina cherkovi bilan kelishuvga erishish uchun borgan, keyinchalik oqsoqollar jamoasi oqsoqol Varsinofeyni Tolstoyning ortidan yuborib, uning “tavba qilish va jamoaga qaytishga tayyormi yoki yo‘qligini” aniqlashni maqsad qilgan, deydi. Ulardan ba’zilari “uni kechirib, pravoslav nasroniyligi”ga qaytarish kerak desa, boshqalari qat’iyan turib: “Tolstoy cherkovning murosasiz raqibi sifatida olamdan o‘tib ketdi, endi uni kechirishga hech qanday asos yo‘q”, deb hisoblaydi.
Moskvadagi Tolstoy muzeyining saytida bizning kunlarimizda ham Tolstoyning ta’limoti dindan mutlaqo chalg‘itmaydi, aksincha, cherkovga kelishga yordam beradi, degan yozuvni o‘qish mumkin edi. Bu endi butunlay mavhumlik.
Insonning e’tiqodi timsolini belgilaydigan xususiyatlarning eng muhimi, to‘g‘ridan to‘g‘ri Shahodat kalimasini aytishi yoki vafoti oldidan bo‘lgan so‘nggi iqroridir. Agar Tolstoy birinchisi qilmagan bo‘lsa, tiriklikning chegarasiga kelib qolgan choqda, o‘limi oldidan aytgan gaplariga e’tibor qilaylik.
1910 yilning 6 (19) noyabrida Lev Nikolayevich Tolstoy atrofida to‘planib turgan yaqinlariga xitoban oxirgi so‘zini aytdi: “...Tushkunlikka tushmang, Lev Tolstoydan tashqari, lekin siz bir Arslonga qarab turibsiz...Erkaklar bu tarzda o‘lmaydi... Va allaqachon unut bo‘lgan tarzda: “Haqni sevaman...” Ajoyib sahna va g‘aroyib so‘zlar!
Alloh olim, bu – faqat qudrat egasiga ma’lum! Biz bu savolga aniq javob izlamaymiz – Lev Nikolayevich oxirgi xatti-harakati orqali nimani e’tirof etgan edi...
Ishonch bilan aytish mumkin bo‘lgan yagona narsa: Lev Tolstoy Islom haqida ko‘p narsani tushungan va ularni qadrlagan, sog‘lom e’tiqoddagi turli millat vakillari bilan do‘stlashgan va ular bilan do‘stlashib maktub yozishib turgan. U bizga musulmonlar, xususan, kavkazliklar va tatarlarning yuksak badiiy obrazini qoldirdi va Islom dini haqida har qanday shubhadan holi bo‘lgan teran va hayajonli fikrlar yozdi. Undan ruhlangan “tolstoychilar”ning ommaviy diniy harakati Islomga juda ham yaqin edi, ammo ular Islomga qarab harakatlanmadi. turmush tarzining ko‘plab jihatlari va imon-e’tiqod masalasida musulmonlarga juda yaqin bo‘lgan tolstoychilar hali ham nasroniylikning asosiy qismida qolib ketmoqda.
Harholda, Tolstoyning teranligi va qiymati bugungacha yo‘qolmagan “islomiy sahifalari” bor
Musulmon odamga turmushga chiqqan rus ayoli Yelena Yefimovna Vekilova Tolstoyga xat yozib, o‘g‘lining Islomga kirmoqchi bo‘layotganini aytadi va qanday yo‘l tutish lozimligi yuzasidan undan maslahat so‘raydi.
U quyidagicha javob beradi: “Endi Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) dinining masihiylikdan yuqori qo‘yilayotgani masalasi (ayniqsa, sizning o‘g‘illaringiz ko‘rsatayotgan olijanob sabablarga) kelsak, men bunday o‘tishga jon-dilim bilan xayrixohman. Aytsam, g‘alati bo‘ladi, lekin, hamma narsadan masihiy g‘oyalarni va chin ma’nosida masihiylik ta’limotini yuqori qo‘yadigan menday bir odam ham Muhammad dini o‘zining tashqi ko‘rinishi bilan cherkov masihiyligidan qiyoslab bo‘lmaydigan darajada baland turadi deb bilaman. Shunday ekan, odam oldida cherkov dini yo Muhammad dinini tanlash masalasi ko‘ndalang bo‘lsa, har qanday ongli odam ikkilanib o‘tirmaydi va hammasi Muhammad dinini tanlaydi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Chunki cherkov dini troitsa (uchlik) gunoh yuvish, yashirin topinishlar, Xudoning onalari, avliyolar va ularning suratlari… singari qiyin va tushunarsiz ibodatlardan, marosimlardan iborat ilohiyotdir. Islomda esa bu narsa yo‘q. U yakka Xudoning bitta yo‘lini va u yuborgan payg‘ambarlarnigina tan oladi.
Yasnaya Polyana, 15 mart 1909 yil”.
Yuqoridagilardan shunday xulosaga kelish mumkinki, buyuk rus klassigi va jahon adabiyotining peshqadam siymolaridan biri bo‘lgan Lev Tolstoy hayotining so‘nggi yillarida, hech shubhasiz, Islom dinining ostonasida bo‘lgan.
Ana shunday e’tiqodga kelish uchun u o‘zi millionlab kitobxonlar uchun haqiqiy titanikning ishini qilgan: Islomdan nihoyatda uzoq bo‘lgan bir oilada tug‘ilgan, yevropacha va yevropotsentrik ruhda ta’lim olgan, rus imperatoriga yaqin bo‘lgan, nihoyatda badavlat va garf ana shu boyliklar, imtiyozlar va shon-shuhratdan voz kechib atrof-muhitning qattiq qarshiligini yengib chiqdi, Iso alayhissalomning so‘zlarining haqligini va uning nasroniylar tarixida buzilib ko‘rsatilganini hazm qila olmadi. Ana shu asosda u hamma vaqt, hamma xalqlar uchun ulkan va ochiq bo‘lgan haqiqiy yakkaxudolikni topishga urindi. U jo‘shqin bir muhabbat bilan Muhammad Payg‘ambarning (sollallohu alayhi vasallam) hadislarini rus tiliga tarjima qildi.
Hayoti dunyodan u Haqni izlovchi pokiza inson sifatida o‘tdi. Kitobxonlar uchun uning din yo‘lidagi harakatlarining qiymati ana shunda. Qolganlarini Allohning O‘zi hukm qiladi. Zotan, bizning qalbimiz faqat Unga tegishlidir. Allohu alim!
(Qisqartirishlar bilan chop etildi).
Mualliflar: Said Kamilov, Jannat Sergey Markus
Tarjimon: Damin JUMAQUL
Ayni kunlarda haj safariga kirishgan ilk ziyoratchilarimiz Madina shahridagi besh yulduzli “Zamzam Pullman” zamonaviy mehmonxonasida istiqomat qilishmoqda.
Mazkur mehmonxona Masjidi Nabaviyning yonida joylashgan bo‘lib, ziyoratchilarimiz besh mahal namozni ado etish, Ravzai sharifga kirish va bir necha bor Rasul alayhissalomga salom yo‘llash saodatiga ega bo‘lmoqda.
Mehmonxonada hozirlangan sharoitlar barcha hojilarimizni mamnun etmoqda. Har bir xonada kiyim javoni, yozuv stoli, sovutgich va muzlatgich, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz, Qur’oni karim, televizor bor. Foye, lift va xonalar keng va yorug‘.
Hojilarga xizmat ko‘rsatadigan oshxona-restoranda ham zarur o‘rinlar va barcha qulayliklar yaratilgan. Bir necha ming kishilik oshxonada ibodatga quvvat bo‘ladigan laziz taomlar, salatlar, sarxil mevalar, shirinliklaru sharbatlar tortiq qilinmoqda.
Mazkur mehmonxonada joylashgan O‘zbekiston ishchi guruhi shtabi barcha tashkiliy ishlarni risoladagidek bo‘lishi uchun 24 soat davomida uzluksiz ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda.
Mavsum davomida hojilarimiz tetik, sog‘lom bo‘lishlari uchun avvalo, o‘zlari, so‘ngra tibbiyot xodimlari ham mas’ul. Bu yil ham hojilarimizning sog‘liklarini doimiy kuzatib borish uchun oliy toifali shifokorlar jalb etilgan. Ular hamyurtlarimiz salomatliklari uchun tunu kun xizmatda bo‘lib turishibdi.
Tibbiyot xodimlari hojilarning sihatlarini ko‘zdan kechirib, kerakli yordam, maslahat va dori-darmonlar bermoqda. Tibbiy xizmat markazlarida muolaja uchun kerakli jihozlar, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun sharoitlar mavjud. Barcha turdagi kasalliklarga birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida yurtimizdan yetarli darajada dori-darmonlar olib borilgan.
Joriy mavsumda hojilarimizga yana bir qulaylik va tuhfa ulashildi. O‘zbekiston aloqa operatori tarafidan bu yilgi har bir ziyoratchiga internet trafigi va bonusli daqiqalari mavjud bo‘lgan bepul telefon sim kartasi, maxsus sumka, termos, soyabon va bosh kiyim kabilar taqdim etildi.
Joriy mavsumda bo‘lg‘usi hojilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga olib chiqilgani va sharoitlar sezilarli darajada yaxshilangani barchani cheksiz mamnun etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati