Hunar o‘rgan, chunki hunarda ko‘p sir,
Yopiq eshiklarni ochar birma-bir.
Nizomiy Ganjaviy
Kimdir orzu-istaklariga ilm orqali erishsa, kimdir kasb-hunari bilan yetishadi. Ilmu ma’rifat va kasbu hunar hamma zamonda kishilik jamiyati taraqqiyoti uchun muhim omil bo‘lib kelgan.
Binobarin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kuyovlariga nasihat qila turib: “Ey Ali! Kishi halqumini haromdan saqlamaguncha va halol kasb qilmaguncha tavbasi qabul bo‘lmaydi”, deganlar.
Bo‘shab qolg‘ay oltin, kumush hamyoni,
Bo‘shamas hech hunarmandning karmoni,
– deb yozgan edi alloma Sa’diy Sheroziy. Ushbu baytga dalil sifatida bir rivoyat keltiramiz.
O‘tgan zamonda bir baxil kishi bor edi. Uning boyligi shu darajaga yetgan ediki, molining hisobini o‘zi ham bilmasdi. Lekin bu boylikdan na o‘ziga va na o‘zgalarga hech bir foyda yo‘q edi. Chunki uning e’tiqodicha, boylikdan maqsad kecha-kunduz harakat qilib faqat mol to‘plash edi. Ammo mol yig‘ishdan asl maqsad nima? Molni nimalarga sarf qilish kerak? Yemoq, ichmoqqa, ilmu hunarga, faqiru muhtojlarga yordam berish kerakmi, yo‘qmi? Bu xususda hech o‘ylamasdi. Hattoki, o‘zining ahli, farzandlarining taom va kiyimlariga o‘xshash eng zarur narsalarga ham ming mashaqqat bilan xarajat qilar edi. Bozordan non olsa, arzonligi uchun kuygan va qotganlarini, meva olsa, uringan va sasiganlarini olar edi. Kiyimlari esa har vaqt eski, yirtiq va yamoq bo‘lar edi. Uning Ahmad ismli birgina o‘g‘li bor edi. Ba’zi bir do‘stlarining dalolatlari bilan bir kun o‘g‘lini hunar o‘rgatish maqsadida bir hunarmandga olib bordi. Usta ustaxona tartib-qoidalarini bayon qilib, o‘rgatgan hunari uchun har oyda bir tilla to‘lab turish lozim ekanini aytdi. Buni eshitgan boyning avzoyi buzildi.
Ustaning yuzig‘a boqib: “Oyda bir tillo?.. Yo‘q, yur o‘g‘lim, hunar o‘rgamasang ham bir rizqing o‘tar”, deb o‘g‘lini qaytib olib ketdi. Ahmad bechora otasining baxil va xasisligi soyasida hunar hamda ilm-ma’rifatdan mahrum bo‘lib, johil va nodon bo‘lib o‘sdi. Oradan fursat o‘tib, bir kuni ajal kelib, boyning yoqasidan tutdi. O‘g‘lining asl inson bo‘lishi uchun ilm-ma’rifat va kasb-hunar o‘rgatish yo‘lida bir tillani qizg‘angan baxil boy hamma mol-mulkini o‘g‘li Ahmadga tashlab ketdi. Ahmad esa yoshlikda ilm va tarbiya ko‘rmagan, kasb-hunar o‘rganmagan edi. Shuning uchun u yaxshi va yomonni farqlamaydigan, boylikning qadrini bilmaydigan, isrof qiluvchi va nodon bir kishi bo‘lib voyaga yetdi. To‘rt-besh nafar axloqi buzuqlarga qo‘shilib, qabohat yo‘llariga kirdi va otasining xasislik bilan yiqqan molini oz vaqt ichida tamom qilib, o‘zi faqir va muhtoj bo‘lib qoldi. Baxilning moli, isrofgarning holi, ilm va hunarsizning ahvoli shunday bo‘ladi.
Hazrat Bahouddin Naqshbandning: “Dil ba yoru dast ba kor!” – “Ko‘ngil Allohda, qo‘l ishda bo‘lsin”, degan shiori butun musulmon olamiga mashhurdir.
Mir Alisher Navoiy Hazrat Bahouddin Naqshband haqida so‘z yuritib “kimxoga naqsh bog‘lamoqqa mashhurlar” deb yozgan edi. Zotan, tariqat pirlari biror kasbni o‘rganib, hayot kechirganlar. Ularning taxalluslari ham o‘z kasblaridan olingan. Jumladan, shayxul-mashoyix Abu Said Xarroz – mahsido‘z, shayxulislom Xoja Abdulloh Ansoriy – etikdo‘z, shayx Muhammad Sakkok – pichoqchi, shayx Abulfayz Haddod – temirchi, o‘z zamoni qutbi ya’ni, shayx Abul Abbos Omiliy –hammol, shayx Abulhasan Najjor – duradgorlik bilan shug‘ullangan. Ularning laqablari ham kasbu korini bildirib turibdi: Bundan ma’lum bo‘ladiki, kamolot cho‘qqisi faqat ilm-ma’rifat va kasb-hunar bilan egallanadi.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlarning yaxshisi boshqalarga foydalirog‘idir”, deganlar.
Hadisi sharifdagi “insonlarning xayrlisi” degani, yetuk va komil mo‘min deganidir. Bunday kishilar o‘zlari uchun ham, jamiyat uchun ham foyda keltiradi. Shu bilan birga o‘zlari egallagan bilim va hunarni boshqalarga ham beminnat o‘rgatadi. Uni o‘rgatishda baxillik qilmaydi. Hazrat Alisher Navoiy mashhur baytida aytganidek, ular:
Hunarni asrabon netkumdur oxir?!
Olib tufroqqamu ketkumdur oxir?
hikmatiga amal qilib hayot kechiradilar.
Isomiddin MUHIDDINOV,
Yangiyo‘l tuman “Oltinobod” jome masjidi imom-xatibi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati