Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

“Bo‘shamas hech hunarmandning karmoni”

10.11.2017   5533   5 min.
“Bo‘shamas hech hunarmandning karmoni”

Hunar o‘rgan, chunki hunarda ko‘p sir,

Yopiq eshiklarni ochar birma-bir.

Nizomiy Ganjaviy

 

Kimdir orzu-istaklariga ilm orqali erishsa, kimdir kasb-hunari bilan yetishadi. Ilmu ma’rifat va kasbu hunar hamma zamonda kishilik jamiyati taraqqiyoti uchun muhim omil bo‘lib kelgan.

Binobarin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kuyovlariga nasihat qila turib: “Ey Ali! Kishi halqumini haromdan saqlamaguncha va halol kasb qilmaguncha tavbasi qabul bo‘lmaydi”, deganlar.

Bo‘shab qolg‘ay oltin, kumush hamyoni,

Bo‘shamas hech hunarmandning karmoni,

deb yozgan edi alloma Sa’diy Sheroziy. Ushbu baytga dalil sifatida bir rivoyat keltiramiz.            

 O‘tgan zamonda bir baxil kishi bor edi. Uning boyligi shu darajaga yetgan ediki, molining hisobini o‘zi ham bilmasdi. Lekin bu boylikdan na o‘ziga va na o‘zgalarga hech bir foyda yo‘q edi. Chunki uning e’tiqodicha, boylikdan maqsad kecha-kunduz harakat qilib faqat mol to‘plash edi. Ammo mol yig‘ishdan asl maqsad nima? Molni nimalarga sarf qilish kerak? Yemoq, ichmoqqa, ilmu hunarga, faqiru muhtojlarga yordam berish kerakmi, yo‘qmi? Bu xususda hech o‘ylamasdi. Hattoki, o‘zining ahli, farzandlarining taom va kiyimlariga o‘xshash eng zarur narsalarga ham ming mashaqqat bilan xarajat qilar edi. Bozordan non olsa, arzonligi uchun kuygan va qotganlarini, meva olsa, uringan va sasiganlarini olar edi. Kiyimlari esa har vaqt eski, yirtiq va yamoq bo‘lar edi. Uning Ahmad ismli birgina o‘g‘li bor edi. Ba’zi bir do‘stlarining dalolatlari bilan bir kun o‘g‘lini hunar o‘rgatish maqsadida bir hunarmandga olib bordi. Usta ustaxona tartib-qoidalarini bayon qilib, o‘rgatgan hunari uchun har oyda bir tilla to‘lab turish lozim ekanini aytdi. Buni eshitgan boyning avzoyi buzildi.

Ustaning yuzig‘a boqib: “Oyda bir tillo?.. Yo‘q, yur o‘g‘lim, hunar o‘rgamasang  ham bir rizqing o‘tar”, deb o‘g‘lini qaytib olib ketdi. Ahmad bechora otasining baxil va xasisligi soyasida hunar hamda ilm-ma’rifatdan mahrum bo‘lib, johil va nodon bo‘lib o‘sdi. Oradan fursat o‘tib, bir kuni ajal kelib, boyning yoqasidan tutdi. O‘g‘lining asl inson bo‘lishi uchun ilm-ma’rifat va kasb-hunar o‘rgatish yo‘lida bir tillani qizg‘angan baxil boy hamma mol-mulkini o‘g‘li Ahmadga tashlab ketdi. Ahmad esa yoshlikda ilm va tarbiya ko‘rmagan, kasb-hunar o‘rganmagan edi. Shuning uchun u yaxshi va yomonni farqlamaydigan, boylikning qadrini bilmaydigan, isrof qiluvchi va nodon bir kishi bo‘lib voyaga yetdi. To‘rt-besh nafar axloqi buzuqlarga qo‘shilib, qabohat yo‘llariga kirdi va  otasining xasislik bilan yiqqan molini oz vaqt ichida tamom qilib, o‘zi faqir va muhtoj bo‘lib qoldi. Baxilning moli, isrofgarning holi, ilm va hunarsizning ahvoli shunday bo‘ladi.

Hazrat Bahouddin Naqshbandning: “Dil ba yoru dast ba kor!” – “Ko‘ngil Allohda, qo‘l ishda bo‘lsin”, degan shiori butun musulmon olamiga mashhurdir.

Mir Alisher Navoiy Hazrat Bahouddin Naqshband haqida so‘z yuritib “kimxoga naqsh bog‘lamoqqa mashhurlar” deb yozgan edi. Zotan, tariqat pirlari biror kasbni o‘rganib, hayot kechirganlar. Ularning taxalluslari ham o‘z kasblaridan olingan. Jumladan, shayxul-mashoyix Abu Said Xarroz – mahsido‘z, shayxulislom Xoja Abdulloh Ansoriy – etikdo‘z, shayx Muhammad Sakkok – pichoqchi, shayx Abulfayz Haddod – temirchi, o‘z zamoni qutbi ya’ni, shayx Abul Abbos Omiliy –hammol, shayx Abulhasan Najjor – duradgorlik bilan shug‘ullangan. Ularning laqablari ham kasbu korini bildirib turibdi: Bundan ma’lum bo‘ladiki, kamolot cho‘qqisi faqat ilm-ma’rifat va kasb-hunar bilan egallanadi.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlarning yaxshisi boshqalarga foydalirog‘idir”, deganlar.

Hadisi sharifdagi “insonlarning xayrlisi” degani, yetuk va komil mo‘min deganidir. Bunday kishilar o‘zlari uchun ham, jamiyat uchun ham foyda keltiradi. Shu bilan birga o‘zlari egallagan bilim va hunarni boshqalarga ham beminnat o‘rgatadi. Uni o‘rgatishda baxillik qilmaydi. Hazrat Alisher Navoiy mashhur baytida aytganidek, ular:

Hunarni asrabon netkumdur oxir?!

Olib tufroqqamu ketkumdur oxir?

hikmatiga amal qilib hayot kechiradilar.

 

Isomiddin MUHIDDINOV,

Yangiyo‘l tuman “Oltinobod” jome masjidi imom-xatibi  

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bu mo‘jizani kim inkor qila oladi?

10.01.2025   986   1 min.
Bu mo‘jizani kim inkor qila oladi?

 Bilasizmi? Silikat moddasiga boy bo‘lgan tuproqqa dafn qilingan insonning skeleti vaqt o‘tishi bilan tosh va xarsangga aylanadi.
 Agar u piri‌t (temir sulfidi) moddasiga boy mintaqaga dafn qilinsa, unday jasad temir haykalga aylanib qolishi mumkin!

Bu ilmiy haqiqat yaqinda aniqlangan bo‘lsa-da, Qur’onda bu haqida 1445 yil oldin hayratlanarli tarzda juda aniqlik bilan bayon etilgan. Qur’onda bunday deyilgan:

وَقَالُوا أَإِذَا كُنَّا عِظَامًا وَرُفَاتًا أَإِنَّا لَمَبْعُوثُونَ خَلْقًا جَدِيدًا

"Ular: “Biz suyaklarga  va chang- tuproqlarga aylanib ketganimizdan keyin ham, yangitdan tiriltirilamizmi?” dedilar. “Sen ularga, toshga yoki temirga aylaninglar”, deb ayt"
(Isro surasi, 50-oyat).

Bu oyat yaqin yillarda kashf etilgan — suyaklari toshga aylangan yoki temir haykalga aylangan qazilmalarga ochiq va ravshan ishora qilmoqda. Go‘yoki Qur’onda xabar berilgan ushbu dalillar olimlar kashf qilishlarini uzoq asrlardan beri kutib yotgandek.

Shunday ekan, aqlli inson bunday ochiq-oydin va ravshan mo‘jizani qanday inkor qila oladi? Qur’onning bu mo‘jizasi kunduzdagi quyoshdek ravshan emasmi?

Homidjon domla ISHMATBЕKOV