"Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysiz!" (A’rof, 204).
Ushbu oyati karima Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) namoz o‘qiyotganlarida nozil bo‘lgan. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: "Said ibn Musayyib (roziyallohu anhu): "Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) namoz o‘qiyotgan paytda, u zotning oldilariga mushriklar kelib: "Kofir bo‘lgan kimsalar (bir-birlariga: «Muhammad tilovat qilayotgan vaqtda) sizlar bu Qur’onga quloq solmangiz va (uni chalg‘itish uchun) javrayveringiz!" deyishdi. Shunda Alloh taolo "Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysiz!" (A’rof, 204) oyatini nozil qildi", dedi" (Qurtubiy tafsiri).
Manbalarda mazkur oyat namozda gapirmaslik haqida nozil bo‘lgani aytiladi. Ushbu oyat nozil bo‘lishidan oldin musulmonlar namozda gapiraverishar edi. Abul Oliya (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: "Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) imom bo‘lib, sahobalarga namoz o‘qib berayotganlarida, ular u zot (alayhissalom)ning orqalarida ovoz chiqarib qiroat qilishdi. Shunda: "Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysiz!" (A’rof, 204) oyati nozil bo‘ldi" (Samarqandiy tafsiri).
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra yuqoridagi oyat imom xutba o‘qiyotganda boshqalar tinglashi haqida nozil bo‘lgan. Imom ibn Arobiy (rahmatullohi alayh): "Bu ma’lumot zaif hisoblanadi. Chunki xutbada Qur’on oyatlari kam o‘qiladi. Hanafiy mazhabi ta’limotiga ko‘ra xutbani boshidan oxirigacha gapirmasdan tinglash vojib hisoblanadi", degan. Imom Naqqosh (rohimahulloh): "Bu oyat Makka shahrida nozil bo‘lgan. U yerda xutba ham juma namozi ham bo‘lmagan", deb ta’kidlaydi. Abu Muso Ash’ariy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Imom namoz o‘qiyotganda takbir aytsa, takbir aytinglar, qiroat qilsa tinglab turinglar”, dedilar”, (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur oyatda “sukut saqlangiz”, deb tarjima qilingan “ansitu” so‘zidan qiroat paytda jim turish va oyatlarni oxirigacha eshitish kabi ma’nolar tushuniladi. Shuningdek, muqaddas dinimizda jamoat namozida imom qiroat qilayotganda, xutba o‘qilayotganda va Qur’oni karim tilovat qilinayotganda sukut saqlab, ixlos bilan tinglashga buyurilgan.
Qur’oni karim mo‘min-musulmonlarga buyuk ne’mat va tengi yo‘q in’omdir. Alloh taolo Qur’oni karimni bunday sifatlaydi: "… Bu (Qur’on) imon keltiradigan qavm uchun Rabbingizdan ko‘rsatmalar, hidoyat va rahmat (manbai)dir»" (A’rof, 203). Qur’oni karimni qiroat qilinganda gapirmay, jim turib, tinglagan va unga amal qilgan banda mazkur oyatdagi foydalarni qo‘lga kiritadi hamda dunyo va oxirat saodatiga erishadi.
Inson Qur’oni karim tilovat qilinganda ibodat niyatisiz jim turishi va eshitishi mumkin. Lekin bunda Allohning kalomini tinglash savobidan maxrum bo‘ladi. Agar banda ibodat niyatida Kalomullohni tinglasa va jim tursa cheksiz ajru mukofotga ega bo‘ladi. Qur’oni karim qiroat qilinayotgan paytda go‘yo Alloh taolo so‘zlayotganday bo‘ladi. Olamlar Rabbisi so‘zlaganda, Uning kalomidan yuz o‘girish, jim turmaslik va tinglamaslik mo‘min-musulmonlarning xulqu odobidan emas.
Biz o‘rganayotgan oyatda Qur’on tilovat qilinganda tinglash va jim turish vojib ekani ma’lum bo‘ladi. Kalomullohni tafakkur va xushu bilan tinglash muqaddas dinimiz talabidir. Qur’oni karimni tinglash qalbga shifo bo‘lib, insonni toat-ibodat va taqvoga boshlaydi. Natijada banda Alloh taoloning rahmat va mag‘firatiga erishadi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Alloh taoloning kitobidan bir oyat tinglasa, unga bitta savob ko‘paytirilib beriladi. Kim Qur’on tilovat qilsa, unga qiyomat kuni nur bo‘ladi”, dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).
Qur’oni karim namoz va xutbada o‘qiladimi yoki boshqa o‘rinlarda qiroat qilinadimi, unga doimo quloq tutiladi. Kalomulloh qayerda va qanday holda o‘qilsa ham uning eshitish odobiga rioya etiladi. Chunki Alloh taolo o‘z kalomini boshqa barcha gaplardan oliy bo‘lishini, ajralib turishini xohlaydi. Mus'hafi sharifni tahorat bilan ushlash boshqa kitoblardan ajrab turishida muhim omil hisoblanadi va buyuk Zotning kalomini ulug‘lash bo‘ladi. Manashu Allohning kalomiga buyuklik va mahobat beradi. Bunga mo‘min-musulmonlar amal qiladilar so‘ngra uni odatga aylantirib, bolalarini ham shu ruhda tarbiya qiladilar. Natijada bolalarning qalblarida Qur’onga muhabbat uyg‘onadi, unga nisbatan hurmat paydo bo‘ladi va uni muqaddas kitob ekanini anglab yetadilar.
Qur’oni karim tinglashning o‘ziga xos odoblari bor. Kalomullohni eshituvchi, avvalo, qalbini hozirlaydi, ibodatni niyat qiladi, ko‘zini yumadi, siyratiyu suratida xotirjam bo‘lib, ixlos bilan Allohning kalomiga quloq soladi. Qiroat paytida sajda oyatini eshitsa, sajda qiladi. Tasbeh oyatlari tilovat qilinsa, Alloh taologa tasbeh aytib, Rahmon Zotni ulug‘laydi. Jannat, taqvodorlarga beriladigan in’omlar va va’dalar haqidagi oyatlar zikr qilinganda Allohning fazlini so‘raydi. Do‘zax, alamli azoblar va va’idlar haqidagi oyatlar o‘qilganda Allohdan panoh so‘raydi. Tilovat qilingan oyatlarga amal qilishni maqsad qiladi.
Ja’far Sodiq (rahmatullohi alayh) bunday deydi: “O‘zi xavf va daxshatga tushib, “Hasbunallohu va ne’mal vakil (Bizga Allohning o‘zi kifoya. U vakillikka o‘ta loyiqdir!) (Oli Imron, 173)” oyatini o‘qib himoyalanmagan odamdan ajablanaman. Chunki bundan keyin: “Ular (Badrdan jangsiz) Allohning ne’mati va fazli ila biror yomonlikka uchramay qaytdilar. (Ular) Allohning rizosini izlagan edilar. Alloh, albatta, buyuk fazl egasidir” (Oli Imron, 174), oyatini eshitganman. G‘amga botib: “La ilaha illa anta subhanaka inni kuntu minaz zolimin (Sendan o‘zga iloh yo‘qdir. Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men (o‘zimga) zulm qiluvchilardan bo‘ldim)” (Anbiyo, 87), oyatini o‘qib yordam so‘ramagan kishidan ajablanaman. Bu oyatdan keyin: “Bas, Biz uning (duosini) ijobat qildik va uni g‘amdan qutqardik. Biz mo‘minlarga mana shunday najot berurmiz” (Anbiyo, 88), degan oyatni eshitganman. Makr-hiyla qilingan kishi: “Va ufavvizu amri ilallohi innalloha basirun bilibad (Men o‘z ishimni Allohga topshirurman. Zero, Alloh bandalarini ko‘rib turuvchidir” (G‘ofir, 45) oyatini o‘qib najot izlamagan bandadan ajablanaman. Chunki bundan so‘ng “Bas, Alloh u (imon keltirgan kishi)ni ularning yomon makrlaridan saqladi” (G‘ofir, 45) oyatini eshitganman. Mol-mulk talabidagi odam: “Mashaallohu la quvvata illa billah (bor kuch-quvvat yolg‘iz Alloh bilandir)” (Kahf, 39) oyatini o‘qib yurmagan odamdan ajablanaman. Chunki mazkur oyatdan keyin: “Rabbim menga sening bog‘ingdan yaxshiroq (bog‘) ato etar” oyatini eshitganman” (Kahf, 40). Shuning uchun, Qur’oni karim tilovat qilinganda ibodatni niyat qilib, chin dildan tinglab, uning ma’nolari va foydalarini bilishga haris bo‘lmog‘imiz go‘zal odobdir.
Sufyon ibn Uyayna (rahmatullohi alayh): “Ilm olish tinglashdan boshlanadi, so‘ngra uni tushuniladi va yod olinadi keyin unga amal qilinadi”, dedilar. Banda Kalomullohni xolis niyat bilan tinglasa, uning qalbiga Alloh taolo nur soladi va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiladi. Qur’oni karimda marhamat qilinadi: “…Bas, (ey Muhammad!) Mening shunday bandalarimga xushxabar beringki, ular gapni tinglab, so‘ng uning eng go‘zaliga (foydalisiga) ergashadilar. Aynan o‘shalar Alloh hidoyat etgan zotlardir va aynan o‘shalargina aql egalaridir” (Zumar, 17-18).
Qur’oni karim ramazon oyi qadr kechasida dunyo osmonidagi Baytul izzaga to‘liq-mukammal qilib tushirildi. So‘ngra Muhammad (sollalohu alayhi va sallam)ga bo‘lak-bo‘lak qilib nozil qilindi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir” (Baqara, 185 oyat). Shuning uchun Ramazon oyini Qur’on oyi deb ham nomlanadi.
Qurtubiy, Roziy,Samarqandiy,
Sha’roviy, Ibn Kasir tafsirlari asosida
Bahriddin JO‘RABЕK o‘g‘li tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
KIRISH
Ong inson tug‘ilganidan boshlab doimo rivojlanib boradi. Bu ongning to‘g‘ri rivojlanishida atrof-muhit ta’siri muhim o‘rin tutadi. Xususan, yosh bola hamisha atrofdagilarning g‘amxo‘rligi va qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj bo‘ladi.
MUAMMO
Ammo, ayrim ota-onalarning farzandiga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishi, do‘q-po‘pisa qilishi, bolani haqoratlashi, og‘zaki qo‘rqitishi yoki baqirishi ko‘plab salbiy oqibatlarga olib keladi. Kattalarning bunday harakatlari bolalarning rivojlanishini zararlaydi, bolaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini sindiradi.
TADQIQOTLAR
Bu borada ko‘plab tadqiqotlar mavjud bo‘lib, ularning barchasi bir haqiqatni tasdiqlaydiki, ya’ni bolalik davrida turli zo‘ravonliklarga duchor bo‘lgan shaxslar depressiyaga ikki barobar ko‘proq moyil bo‘ladi.
Qo‘pol munosabatda ulg‘aygan bolaning miyasidagi nuqson va shikastlanishlar Garvard universitetining tibbiyot fakultetida olib borilgan tadqiqotlarda ham isbotlangan.
Zamonaviy texnologiyalar asosida olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, yoshligidan qo‘pollikdan aziyat chekkan bolalarning miyasida va fikrlash qobiliyatida nuqsonlar kuzatilgan, ayniqsa miyaning o‘ng va chap yarim sharlarida zaiflik aniqlangan.
Bolalar zo‘ravonligi bo‘yicha ekspert Shanta Dyub aytadi: “Ota-onalar baland ovozlari va “ahmoq”, “dangasa” kabi so‘zlari farzandlariga qanchalik salbiy ta’sir ko‘rsatishini afsuski yaxshi bilishmaydi”.
Tadqiqotchi Piter Fonagining qayd etishicha, bolalar kattalar nima desa, shunga ishonadigan bo‘ladi. Ular kattalarni jiddiy qabul qiladi. Kattalarning bolalarga qo‘pol so‘zlari nafaqat bolalarning miyasiga shikast yetkazadi, balki jamiyat bilan aloqa qila olmasligiga ham sabab bo‘ladi.
21 ming nafar ishtirokchi qatnashgan tadqiqotda: bolalikda qo‘pol muomalada voyaga yetganlar boshqalarga qaraganda 20% foiz ko‘proq giyohvand moddalar iste’mol qilishga moyil bo‘lishi, ularning qamoqqa tushib qolish xavfi esa ota-onasining baqirishlarini eshitmaganlarga qaraganda 2 barobar ko‘proq ekani aniqlandi.
RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM YOSH BOLALARGA QANDAY MUNOSABATDA BO‘LARDILAR?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yosh bolalarga otaning bolasiga qilgan muomalasidek bo‘lar edi. Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga 10 yil xizmat qildim. U zot biror qilgan ishimni nimaga bunday qilding yoki buyurgan ishimni nega qilmading, deb so‘ramas edilar. Balki “Alloh xohlagani bo‘ladi, xohlamagani bo‘lmaydi”, der edilar”.
Baro ibn Ozib roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rdim, qarasam, Hasan roziyallohu anhuni yelkalariga ko‘tarib olibdilar va: “Allohim, men buni yaxshi ko‘raman, Sen ham yaxshi ko‘rgin” deb aytardilar».
Siz ham farzandlaringizga ularni yaxshi ko‘rishingizni ayting va “Allohim farzandlarimni Sen ham yaxshi ko‘rgin”, deb duo qiling.
YAKUN
Alloh taolodan bizni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashganlardan qilishini va farzandlarimizni u zot alayhissalomdan o‘rnak olib tarbiya qilishimizga madad berishini so‘rab qolaman.
Davron NURMUHAMMAD