Yaqinda «Jo‘ybori Kalon» ayol-qizlar islom bilim yurtida «Fiqh nima zararli va nima foydali ekanini bilmoq va o‘rganmoqdir» mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Fiqh fani mudarrisasi Husnigul Halimova tashkillashtirgan davra suhbatida 3-a va 1-kurs talabalari ishtirok etdi.
Davra suhbatining dastlabki bosqichida ishtirokchi talabalar fiqh ilmining tarixi, rivoji va ahamiyatiga doir masalalarni yoritib berishdi, fiqhiy mazhablarga ta’riflar berib Hanafiy mazhabi, uning yo‘lboshchisi Abu Hanifa rahmatullohu alayh hazratlarining hayoti va ilmiy faoliyatiga alohida to‘xtalishdi.
Bir necha jumboqli fiqhiy masalalar tezkor savol-javob va sahna ko‘rinishi tarzida namoyish etildi.
Bilim yurti mudirasi Shoira Shodiyeva davra suhbatidan ma’naviy oziq olganini, har bir inson fiqh ilmini o‘rganib hayotga tatbiq etmog‘i zarurligini izhor etdi. Boshqa ustozlar ham, shunday ilmiy majlislar ko‘proq bo‘lsa, nafaqat talabalar balki ustozlarning ham ilmiy salohiyati oshishini mamnuniyat bilan e’tirof etishdi.
Binobarin, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Diningizning eng xayrlisi oson va qulay bo‘lgani, ibodatning xayrlisi esa fiqhdir. Allohga qilingan ibodatlarning eng ulug‘i – dinda faqih bo‘lmoq. Bitta faqih olim Shaytonni mingta obiddan ko‘proq dahshatga soladi”.
Fiqh ilmi – mashaqqat-u qiyinchiliklardan najot beruvchi bir qo‘rg‘on!
Fiqh ilmi – yaxshilikka yetaklovchi, taqvoga boshlovchi bebaho omildir, deya davra suhbati yakunlandi.
Munira XO‘JAYEVA,
«Jo‘ybori Kalon» ayol-qizlar islom bilim yurti o‘qituvchisi