Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Yanvar, 2025   |   16 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:39
Shom
17:23
Xufton
18:41
Bismillah
16 Yanvar, 2025, 16 Rajab, 1446

10.11.2017 y. Abul Mu’in an-Nasafiyning hayoti va ijodi

8.11.2017   240   10 min.
10.11.2017 y. Abul Mu’in an-Nasafiyning hayoti va ijodi

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram birodarlar! Joriy yilning noyabr oyi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi barcha masjid va madrasalarda “Abul Mu’in an-Nasafiy oyligi” deb nomlandi. Shu munosabat bilan bugungi juma mav’izamizni u zoti bobarakotning hayotlari va ijodlari bilan sizlarni tanishtirib o‘tishga bag‘ishladik. Zero, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarni yaqindan tanimog‘imiz, ularning ilmiy meroslari, umuman Islom olamida tutgan o‘rinlari haqida ma’lumotga ega bo‘lmog‘imiz sizu bizlarning u zotlarga nisbatan muhabbatimiz va ehtiromimizning yanada ziyoda bo‘lishiga, ma’naviy meroslarini o‘rganishga nisbatan qiziqishimizni ortishiga sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz k hadislarining birida shunday marhamat qilganlar:

عَن أَبيِ الدَّردَاء 0 قَالَ، سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: "مَنْ سَلَكَ طَرِيقًا يَطْلُبُ فِيهِ عِلْمًا سَلَكَ اللهُ بِهِ طَرِيقًا مِنْ طُرُقِ الْجَنَّةِ وَ إِنَّ الْمَلائِكَةَ لَتَضَعُ أَجْنِحَتَهَا رِضًا لِطَالِبِ الْعِلْمِ وَ إِنَّ الْعَالِمَ لَيَسْتَغْفِرُ لَهُ مَنْ فِي السَّمَوَاتِ وَ مَنْ فِي الأَرْضِ وَ الْحِيتَانَ فِي جَوْفِ الْمَاءِ وَ إِنَّ فَضْلَ الْعَالِمِ عَلَى الْعَابِدِ كَفَضْلِ الْقَمَرِ لَيْلَةَ الْبَدْرِ عَلَى سَائِرِ الْكَوَاكِبِ، إِنَّ الْعُلَمَاءَ وَرَثَةُ الأَنْبِيَاءِ، إِنَّ الأَنْبِيَاءَ لَمْ يُوَرِّثُوا دِينَارًا وَ لَا دِرْهَمًا وَ أَوْرَثُوا الْعِلْمَ، فَمَنْ أَخَذَهُ أَخَذَ بِحَظٍّ وَافِرٍ"

(رَوَاهُ الإِمَامُ اَبُو دَاوَدَ وَ الإِمَامُ التِّرمِذِي).

ya’ni: Abu Dardo 0 aytadilar, men Rasululloh kni shunday deganlarini eshitdim: Kim ilm talabida yo‘l yursa, Alloh taolo uning yo‘lini jannat yo‘liga yo‘naltirib qo‘yadi. Farishtalar tolibi ilmning roziligi uchun qanotlarini poyondoz qilib turadilar. Olimning haqiga osmonlaru yerdagi jonzotlar hamda suvdagi baliqlar ham istig‘for aytib turadilar. Olimning obiddan ortiqligi oydin tunda oyning barcha yulduzlardan ortiqligiga o‘xshaydi. Albatta, olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinor yoki dirham meros qoldirmaganlar, balki ilmni meros qilib qoldirganlar. Bas, uni kim olsa to‘kis nasiba olibdi” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati). Boshqa bir asarda esa shunday deyilgan:

عَنِ الْحَسَنِ  أَنَّ أَبَا الدَّرْدَاءِ  قَالَ: كُنْ عَالِمًا  أَوْ مُتَعَلِّمًا  أَوْ مُحِبًّا  أَوْ مُتَّبِعًا وَلا تَكُنِ الْخَامِسَ فَتَهْلِكَ

(السُّنَنُ الكُبْرَى لِإمام البَيهَقِي).

ya’ni: Hasan Basriy wdan rivoyat qilinadi, Abu Dardo 0 aytadilar: “Avvalo olim bo‘l! Loaqal, ta’lim oluvchi yoki ularni sevuvchi yoxud ularga ergashuvchi bo‘lgin. Ammo beshinchisi (mazkur to‘rt xislatdan tashqaridagisi) bo‘lmaginki, halok bo‘lursan” (Imom Bayhaqiy “Sunani kubro” kitobida keltirgan).

Demak, olimlarni sevish, ularga ergashish dinimiz ko‘rsatmasi bo‘lib, ayni paytda olimlarga hurmat Payg‘ambarimiz aga ehtirom ko‘rsatish bilan barobar ekan. Ana shunday payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridan bo‘lmish, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalardan biri Abul Mu’in an-Nasafiy hazratlari bo‘lib, u zoti bobarakotning to‘liq ismlari Maymun ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Mu’tamad ibn Muhammad ibn Makhul ibn al-Fazl an-Nasafiydir.

Azizlar! Abul Mu’in an-Nasafiy e Nasafda (hozirgi Qarshi shahri yaqinidagi Qovchin qishlog‘ida) tug‘ilganlar. U zotning tavallud topgan sanalari haqida ikki xil ma’lumot mavjud. Xayruddin az-Zarkaliy e  “Al-A’lom”da 418 hij. (1027 mil.) sanada tavallud topib, 508 hij. (1114 mil.) sanada vafot etgan degan bo‘lsa, Umar Rizo Kahhola “Mu’jam al-muallifin”da bu fikrga qo‘shilgan, ammo Ibn Qutlubg‘o “Toju at-tarojim”da Abul Mu’in an-Nasafiy 508 hij. (1114 mil.) yilda Zulhijja oyining yigirma beshinchisida yetmish yoshida vafot etgan, degan. Bundan 438 hij. (1044 mil.) sanada tavallud topgani kelib chiqadi. Ikkala sananing qaysi biri haqiqat ekanligi borasida aniq ma’lumot yo‘q.

Abul Mu’in an-Nasafiy e Abu Mansur al-Moturidiy asos solgan moturidiy aqidaviy mazhabi ulamolarining eng mashhuri Imom Moturidiyning fikrlarini birinchi bo‘lib yoqlab chiqqan ulamolardan sanaladilar. Ash’ariya aqidasida Boqilloniy, G‘azzoliy va ar-Roziy qanday o‘rin tutsalar, moturidiya aqidasida Abul Mu’in an-Nasafiy e shunday muhim o‘rin tutadilar. Shuningdek, ash’ariya mazhabida ash-Shahristoniyning kitoblari qanchalik ahamiyatga ega bo‘lsa, an-Nasafiy ening kitoblari ham moturidiy mazhabida shunchalik muhim manba sanaladi.

Abul Mu’in An-Nasafiy e haqida Abdul Qodir al-Qurashiy “Al-javohir ul-muziyya fi tabaqot al-hanafiyya” asarida, Abdulhay Laknaviy “Al-favoidul bahiyya fi tarojimi al-hanafiyya” asarida, Ibn Qutlubg‘o “Toju at-tarojim” kitobida, al-Kafaviy “Katoibu a’lomil axyor min fuqahoi mazhabi an-Nu’mon al-muxtor” asarida, Hoji Xalifa “Kashfuz zunun an asomiy al-kutub val funun” asarida zikr qilib o‘tganlar.

Abul Mu’in an-Nasafiy ening birinchi ustozi otasi Muhammad ibn Muhammad bo‘lib, u zot ham zamonasining yetuk ulamolaridan sanalgan. Abul Mu’in e otasidan Abu Hanifa ening “Al-olim val mutaallim” kitobini rivoyat qilganlari manbalarda zikr etilgan. Shuningdek, katta bobolari Abul Ma’oliy Mu’tamad ibn Muhammad ham o‘zining otasidan rivoyat qilgani hamda Abu Sahl al-Isfaroyiniydan ilm olgani, undan “Axboru Makka” kitobini rivoyat qilgani manbalarda kelgan. Demak, Abul Mu’in an-Nasafiy ening ilmiy salohiyati uning ota-bobolaridan meros bo‘lib kelgan deyish mumkin.

Muhtaram jamoa! Abul Mu’in an-Nasafiy ening shogirdlari qatorida Abu Bakr Alouddin as-Samarqandiy e, Ahmad ibn Muhammad ibn Abu al-Yusr al-Pazdaviy e, Abu Bakr Mas’ud al-Koshoniy e, Najmuddin Umar an-Nasafiy e, Abul Hasan al-Balxiy e, Mahmud as-Sog‘archi va boshqalarni zikr qilish mumkin.

Abul Mu’in an-Nasafiy e hayotining ko‘p qismini Samarqand va Buxoroda ilmiy ijodiy ishlar bilan o‘tkazgan. Shu davrlar orasida 15ga yaqin ilmiy asarlar ta’lif etgan bo‘lib, jumladan: “Tabsiratul adilla”, “At-tamhid fi ilm at-tavhid” va “Bahrul kalom” asarlari shulardan eng mashhurlari sanaladi.

Imom Nasafiy mol-dunyoga qiziqmadi, parhezkor, faqih, muhaddis, mutakallim bo‘lib, moturidiy mazhabini batafsil sharhlab, uning keng yoyilishiga katta xissa qo‘shdi, moturidiya aqidasiga qarshi bo‘lgan mo‘tazila, jahmiyya, karromiyya, botiniyya kabi oqimlarning fikriga qarshi turib, ularning aqidasi botilligini aniq, ishonchli hujjatlar bilan isbotlab, odamlar orasida ilmu ma’rifat ziyosini sochdi.

Alloma “Tabsiratul adilla” kitobida jumladan shunday deydi: “Mo‘tazilalar kofir bo‘lmagan kimsani do‘zaxda abadiy qolishini isbotlab xato qildilar. Shuningdek, Ash’ariy mo‘min bo‘lmagan kimsani jannatga kiradi, deb xatoga yo‘l qo‘ygan.Haqiqat shuki, savob Allohning va’dasi bilan bilinadi. Alloh taolo esa jannatni faqat mo‘minlarga va’da qilgan. Bas, shunday ekan, qaysi dalil bilan mo‘min bo‘lmagan kishini jannatga kiradi, deb aytadi. Agar u: “Men uni mo‘min, deb atamayman, balki uni kofir va u do‘zaxda abadiy qoladi, deyman”, – desa unga quyidagicha javob beriladi: “Qanday qilib kofir bo‘lsin, axir u yolg‘on (takzib)ni tasdiq bilan almashtirgan-ku, sen o‘zing imon bu tasdiqdir, kufr esa yolg‘on (takzib)ga chiqarishdir, degansan-ku!? U o‘zini omonlikka kirgizmagani uchun uning tasdig‘ini imon demasang, nima uchun haqiqatda sobit bo‘lgan tasdig‘ini yolg‘on (takzib)ga chiqarish, deb baholading? Bu sokinlikni harakat, qorani oq deyishdan boshqa narsa emas. Bularning barchasi amri mahol va bir-biriga zid ishdir. Allohning O‘zi muvaffaq qilguvchidir” (“Muqallidning imoni haqida so‘z” bobi 57-bet).

Hozirda Abul Mu’in an-Nasafiy ening qabri Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi Qovchin qishlog‘ida joylashgan. Muhtaram Prezidentimiz shu yilning 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashriflari davomida kalom ilmining sultoni, o‘z zamonasining zabardast olimi Abul Mu’in an-Nasafiy hazratlarining ilmiy merosini o‘rganish, u kishi qo‘nim topgan muborak maskanni obod etish, ziyoratgoh qilish, mazkur ziyoratgoh qoshida kutubxona tashkil etish, u zotning bizgacha yetib kelgan asarlarini tarjima qilib, xalqqa, xususan, yoshlarga yetkazish maqsadida “Aqida ilmiy maktabi”ni tashkil etish haqida alohida ko‘rsatma berdilar.

Shu kunlarda ziyoratgohda ulkan obodonlashtirish va qayta qurish ishlari jadal olib borilmoqda. Ziyoratgohning qayta ta’mirlanishi buyuk allomaga bo‘lgan yuksak ehtiromni ifoda etib, u yerda tashkil qilinadigan “Aqida ilmiy maktabi” ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy merosni o‘rganish istagida bo‘lgan ilm ahli, shuningdek ziyoratchi yurtdoshlarimiz va xorijiy sayyohlar uchun qulay dargoh bo‘ladi.

Muhtaram azizlar! Joriy yilning 31 oktyabr kuni Nyu-Yorkda sodir etilgan terakt voqeasidan barchamizning xabarimiz bor. Uni amalga oshirgan shaxs O‘zbekiston fuqarosi ekanligi ham aytildi. Ming afsuslar bo‘lsinki, qandaydir bir g‘alamis kimsa jahonga o‘zining buyuk allomalari, bag‘rikeng va insonparvar xalqi orqali faqat yaxshi nom bilan tanilgan O‘zbekistonni dunyo hamjamiyati oldida yuzini yerga qaratishga urindi.

Biz bilamizki, aslida terrorchining vatani, dini va millati bo‘lmaydi. Uning kasbi tinch-osoyishta hayotga rahna solish, odamlar qalbida qurquv va vahima uyg‘otishdan boshqa narsa emas. Shunday ekan, yoshlarimizni yo‘ldan adashib turli xildagi buzg‘unchi, vayronkor g‘oyalarga berilib ketishidan asraylik!

Alloh taolo yurtimizda yashab o‘tgan Abul Mu’in an-Nasafiy hazratlari va qolgan barcha ulamolarning ruhlarini shod aylab, biz avlodlarga ularning ilmlaridan bahra olib, rohi rostda umrguzaronlik qilmog‘imizni nasibu ro‘zi aylasin! Omin!

           

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Oyog‘ing ostiga boq – qoqilib ketma tag‘in

14.01.2025   2603   11 min.
Oyog‘ing ostiga boq – qoqilib ketma tag‘in

O‘sha kezlari Misrning “Al-Azhar” universitiyetida tahsil olardim. Yangi o‘quv yili arafasi – ta’tildan qaytib sabrsizlik bilan saboq soatlarini sanab turardik. Ertaga xudo xohlasa, birinchi dars! Og‘zim qulog‘imda edi, chunki boyagina universitetning e’lonlar lavhidagi dars va saboqlar jadvaliga ko‘z yugurtira turib, kutilmagan bir xushxabardan voqif bo‘ldim. Shundan kayfiyatim a’lo, fikru yodim  ertangi sinovdan muvafaqiyatli o‘tish tashvishi bilan band edi. Birda, shunday imkoniyatga musharraf bo‘lganim uchun quvonib g‘ururlanardim. So‘ngra uning mas’uliyati yodimga tushib jiddiy tortib qolar edim: “savolim salmoqli bo‘lishi kerak”, – deb takrorlardim o‘zimga o‘zim. Ammo, fikrimni ifoda etish uchun topgan jumlalarim nazarimda yupungina bo‘lib tuyular, tuzgan savollarimning arabcha qiroatidan ham ko‘nglim to‘lmayotgandi. Xayolan o‘qigan kitoblarimni varaqlab, arabcha lug‘atimni titkilayman, qani biror bir arzirlik narsa topsam. Shu payt eshik sharaqlab ochildi-yu, xonaga hovliqqancha xonadoshim Mamat kirdi.

– Ya-a-n-ngilikni eshitdingmi? – Xuddiki, Marafondan Afinaga g‘alaba xabarini olib kelgan choparga o‘xshab hansirardi u.

– Qanaqa yangilikni?

– Ertadan bizga  yangi kurs o‘tilar ekan, ma’ruzachi kim – bilasanmi? Naq Mustafo ad-Dourning o‘zlari! – Hovliqmaning hovuri pasaymagandi. U devordagi e’lonning boshiga ko‘z yugurtirganu, davomini o‘qishga sabri chidamagani aniq, aks holda yana boshqa bir yangilikdan boxabar bo‘lgan bo‘lardi. Bir hisobda shunisi ham ma’qul, bo‘lmasa ertagacha ich-etini yeb qo‘yardi boyaqish!

Men o‘zimni beparvo tutdim:

– Kim u kishi?

Yurtdoshim menga o‘smoqchilanib qaradi:

– Sen?.. Rostdan ham ul zotning kimliklarini bilmaysanmi? Axir, Islom olamida barmoq bilan sanarli shayxlarning biri-ku! Kecha-yu, kunduz kitobga mukkasidan ketgan sendek odam bilishing kerak! Nimangni maqtashadi, hayronman! – Taajjublanib yelkasini qisdi u. So‘ng xuddi o‘ziga o‘zi gapirgan kabi (aslida jillaqursa shu borada mendan usunligini namoyish qilmoq bo‘lib) davom etdi:

– Bilmasang, bilib qo‘y: bu odam davlat muhofazasidagi shaxs. Nihoyatda obro‘li olim. Xuddi prezidentlardek allambalo mashinalarda yuradi. Yonida hamisha tanqo‘riqchilari... Lekin, ja-a-a-a zap ish bo‘ldi-da, shu kishidan saboq tinglashimiz! Hali Vatanga qaytgach, tasovvur qilayapsanmi, birgina shuning o‘zi bizga qanchalik obro‘ olib kelishini?

Albatta, u kishining saboqlaridan ko‘proq narsa o‘rgansak, unga amal qilsak va buni yurtda ko‘rsata olsak hurmatimiz ikki hissa oshadi. Buning uchun esa o‘qish kerak!

Xayolimdan kechgan bu gaplarni unga aytib o‘tirmadim – befoyda! Qancha bahslashganmiz, jiqqamusht bo‘lganmiz – o‘z bilganidan qolmagan. Saboqdoshim jag‘i-jag‘iga tegmay javrarkan, men unga sinchiklab qaradim. Vatanda taniq, nufuzli bir kishining o‘g‘li. Biror-bir masalada kami yo‘q! Ilm o‘rgansin, hayotni ko‘rsin deb, otasi uni shu yoqlarga yo‘llagan, lekin unda ilmdan ko‘ra chilimga ishtiyoq kuchli. Misrning g‘arbcha hayotiga qiziqishi zo‘r. Hattoki, ayni paytda ham ulug‘ shayxning saboqlari emas, o‘sha saboqlardagi ishtiroki uning uchun muhim.

– Menga qara, – deb qoldi u dabdurustdan, – balki shayx otamni tanir-a? Dadam ham ahyon-ahyon xorijda bo‘lib turadigan qandaydir yig‘inlarga borib turadilar – uchrashib qolishgan bo‘lishlari mumkin-ku? “Siz falonchining o‘g‘limisiz” deb so‘rab qolsa-ya! Agar shunday bo‘lib chiqsa zap ish bo‘lardi-da! – Mazza qilib kerishishidan hozir nimalar haqida  o‘ylayotganini payqash qiyin emasdi. Keyin: – Agar shayx menga bir bor e’tibor qaratsa, – dedi-da, uzoq esnadi. Shu orada: “hali men bilan bir xonada turganingdan faxrlanib yurasan” deya boshlab qo‘ygan fikriga yakun yasadi u.

Ertasi kuni dars boshlanishi arafasida ham gap-so‘zlar, asosan, ulug‘ shayx va uning saboqlarini tinglash bizga nasib etgani haqida bordi. Bugun dars so‘ngida shayxga  murojaat etish imkoniyatiga ega bo‘lganim haqidagi xabardan voqif bo‘lgan do‘stlarim esa kelib meni tabriklab, qo‘llarimni siqib ketishar, yonimda turgan Mamat bo‘lsa gap nimada ekanini anglamay, kalovalanardi.

 Nihoyat orziqib kutilgan fursat keldi. Ulkan auditoriyaning eshiklari ohista ochilib, ichkariga avval qora diplomat ko‘targan norg‘ul yigit kirdi. Ortidan yoshi saksonlarni qoralab qolgan, egnida uzun arabiy oq libos; ustidan kulrang nimcha kiygan, boshida – atroflariga oq zardan jilo berilgan oppoq qalpoq, oyog‘ida qop-qora yaltiroq kovush ilgan kishi kirib keldi. Olamga mashhur Mustafo ad-Dour mana shu kishi edi. U qarilikdanmi yoki boshqa bir sababdanmi bo‘ynini egib olgan, nigohlari yerga qadalgan; hattoki salomimizga ham  javoban boshini ko‘tarmadi – yengilgina ta’zim bajo keltirdi xolos.

Shayxning ta’rifini keltirganlaricha bor ekan. U yordamchisi chiqib ketgach, ohista ammo maftunkor qiroat bilan so‘z boshladi: “Insonning umri taqriban azon va namoz orasidagi fursatdan iborat. Taqvo ahli mana shu damda poklanib, ibodat tadorigida bo‘ladi. Islom ilm demakdir. Basharti qulog‘imizga azon aytilgan fursatdan to boshimizda janoza namozi o‘qilgunga qadar poklanish, jannat havasi bilan yashash imkonimiz bor. O‘tkinchi dunyoning hoyu havaslariga aldanmagan, haq yo‘ldan chalg‘ituvchi illatlarga bulg‘anmagan mo‘min va muslimalar, shubhasiz oxirat saodatiga erishgaylar, insha Alloh!..”

Kecha Mamatning qitiq patiga tegish uchun, jo‘rtaga shayxni tanimaganga olgandim. Aslida, universitetnig har bir talabasi bu xususda keragidan ortiqroq ma’lumotga ega edi. Shayxning toblari bo‘lmay, sog‘liklari yomonlashgani tufayli keyingi ikki-uch yil mobaynida saboqlari to‘xtab qolgani haqida ahyon-ahyon taassuf bilan eslab turishardi. Naqshbandiya tariqatini tutib, piru komillik martabasiga erishgan bul zotning uzoq muolajalardan keyin yana qadrdon dargohga qaytishlari va bizning u kishidan saboq tinglashga noil bo‘lganimiz – taqdirning tuhfasi edi.

Pirning faqat o‘zigagina xos jihatlari bor, masalan ul zot hech qachon suhbatdoshiinig ko‘ziga tik qaramas, bu haqda so‘raganlarga: “Samoviy yuksaklik istagi osmonga termulish bilan qondirilmas; oyog‘ing ostiga boq – qoqilib ketma tag‘in”, deya javob qaytarar ekanlar. Yana bir usullari, o‘z martabalarini bilgani holda, universitetda eng bilimdon talaba deya e’tirof etilgan ilmu tolibga o‘zlari bilan muloqot qilishga ijozat berar ekanlaru, o‘tgan o‘quv yili yakuniga ko‘ra shu martabaga kaminani munosib ko‘rishibdi.

Bu paytga kelib Mamat ham yangilikdan voqif bo‘lgan, qizg‘anchiqligi shundoqqina yovqarash nigohlaridan sezilib turardi. U bir varaqchaga xat yozib oldimga surib qo‘ydi. Unda yurtdoshimning ayni damdagi iztiroblari ifoda etilgandi: “Ishqilib, xol qo‘yib qo‘yma tag‘in!”.

Ustoz ma’ruzasini tugatib, bir muddat sukut saqlab turdi-da, so‘ng: “Savol?” – dedi dabdurustdan. Bu dars itmomiga yetganidan darak, mening galim kelganiga ishora edi. Dovdirab qoldim. Nutq irod etishlariga mahliyo bo‘lib vazifamni deyarli unutgan ekanman. Shundan o‘zimni tanishtirish yodimdan ko‘tarilib, hozirgi dars tavridan kelib chiqib, tilimga kelgan bir savolni tavakkal ifoda etdim:

– Taqsir, biz uzoq yurtlardan kelib shunda tahsil olmoqdamiz. Ilm o‘rganmoqdamiz. Ammo, tashqaridagi hayotda bizni chalg‘ituvchi unsurlar bisyor. Islomning taraqqiy etmog‘i uchun shu illatlarga davlat yo‘li bilan, kuch ishlatib barham berilsa bo‘lmasmi? Behayoliklar, buzuqiliklar, ekstremistik g‘oyalarni tag-tugi bilan sug‘urib tashlagan durust emasmi?

– Shayx mulohazakor sukut bilan meni tingladi, so‘ng: “O‘zingizni tanishtiring – qayerliksiz?” – deb so‘radi sovuqqina qilib. Mamatga shu asno jon kirdi. “Attang” degan ma’noda boshini chayqadi: “Nazarimda rasvo qilding!” – ohista shivirladi u,  kesatiq ohangida.

Nojo‘ya ish qilib qo‘lga tushgan odamdek qizarib ketdim. Ustoz tomonga qarashga botinolmadim: menga u ham hozir boshini quyi eggancha, “bama’niroq savol beradigan boshqa bir durustroq odam yo‘qmidi?” – deb afsuslanayotgandek bo‘lib tuyuldi. Bo‘lar ish bo‘ldi, shayxning so‘roviga javob qaytardim. Ismi sharifimni, o‘zbekistonlik ekanimni aytdim.

Barchaning nigohi shu lahzalarda shayxga qadalgan, kamina ham o‘zimni tanishtira turib, boshimni ozod ko‘tarib unga boqdim: “Nima kelsa o‘zimdan ko‘raman!” Urvoqqina bo‘lib o‘tirgan ustozning har bir hatti-harakati, tanasida kechayotgan har bir o‘zgarish nazarimizdan qochib qutulmas, shundan uning ilkis qaltirab ketganini hamma ilg‘adi. Stolga suyanib asta o‘rnidan turdi. Hech qachon talabalariga tik qaramagan ustoz ohista boshini ko‘tarib, men tomonga boqdi. Aftidan rosa jahllanibdi! Kamina shu lahzalarda yer yorilsa, uning qa’riga kirib ketishga tayyor edim. Qolaversa, Mamat bu ishga bajonidil qarashib yuborgan bo‘lardi. Xayolimdan nuqul: “Tamom! Hammasi tamom. Pachava qildim!” degan badbin o‘ylar kechmoqda edi. Shu payt shayx kaftini ko‘ksiga bosib, yengilgina ta’zim ayladi-da:

– Ulug‘ muhaddis Imom al Buxoriy avlodlariga cheksiz hurmat va ehtiromimni qabul aylang! – dedi. Uning xira tortib qolgan ko‘zlarida samimiy bir cho‘g‘ yallig‘langanini ko‘rdim. Kutilmagan bu kabi mulozamatdan dovdirab qolgandim. Yig‘lab yuborishdan o‘zimni zo‘rg‘a tiyib turardim.

Ustoz ehtiyotkorona yana kursisiga cho‘kdi-da, yana avvalgi holatiga qaytdi.

– Bilasizmi, “Nilufar”ning vatani qayer? – savolimga savol bilan yuzlandi u. O‘rtaga bir oz jimlik cho‘kdi. Qo‘shaloq savollar iskanjasida qoldim: bir paytning o‘zida ham “Nilufar”ning vatani qayer? ham “ustoz javob kutayaptimi yoki mushohadaga undadi”, – degan jumboqqa yechim axtarmoqda edim. Bir qarorga kelib ulgurmay shayxning o‘zi gapni ildirib ketdi.

– Bilib qo‘ying, “Nilufar”ning vatani – botqoq! Ohu chamanlarga yarashiq jonivor esa-da, manzil-makoni toshloq. Illo, ikkisi ham o‘ziga gard yuqtirmaydi. Har ikkisi noyob va betakror mavjudot. Har ikkisining vasliga yetishmoq uchun, hoyu havas kabi domiga tortib turgan botqoqdan, ilon izi kabi chigal so‘qmoqdan kechib o‘tish talab etiladi. Binobarin Alloh siz va bizning qalbimizda, nafs illatlarini, hoyu havas zillatlarini yengibgina unga yetishishimiz mumkin. Ilm bu yo‘lda sizga hidoyat bo‘lg‘usi...

Tashqarida qo‘ng‘iroq chalindi. Bu dars tugaganidan darak, ammo, u mening nazarimda  talabalik hayotimda yangi sahifa ochilganidan jar solayotgandek bo‘lib tuyuldi...
 

Davomi bor...

Fozil Tilovatov,
Hadis ilmi maktabi matbuot kotibi.