Bugun, 7 noyabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi parlamentining Ahmad ibn Muhammad al-G‘omidiy boshchiligidagi delegatsiyasi Toshkent shahridagi “Hazrati Imom” majmuasiga tashrif buyurdi. Martabali mehmonlar bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minavarov muloqot qilishdi.
Uchrashuv avvalida, tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning tarixida yangi sahifa boshlangani, o‘zaro do‘stona va ishonchli munosabatlar, ittifoqchilik va hamkorlikni rivojlantirish borasida dadil qadamlar tashlanayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar. Shuningdek, suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi do‘stona aloqalar ko‘p jabhalarda, jumladan, parlamentarizm sohasida ham izchil rivojlanib borayotgani, bunday hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash uchun ikki tomonda ham qiziqish katta ekani alohida ta’kidlandi.
Muloqotda muftiy hazratlari mehmonlarga so‘nggi vaqtlarda diyorimizda din sohasidagi ulkan o‘zgarishlar bo‘layotgani, ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilgani va ixtisoslashgan ilmiy maktablar ish boshlagani to‘g‘risida gapirib berdilar.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Minavarov suhbat chog‘ida yurtimizda islom madaniyatiga oid osori atiqalar va ma’naviy merosni asrab-avaylashga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlab, mana shu yo‘nalishdagi ishlarni keng ko‘lamda olib borish maqsadida, Prezidentimiz tashabbuslari bilan poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilganini ma’lum qildi. Shuningdek, Sh.Minavarov diyorimiz aholisining Saudiya Arabistoni mamlakatiga bo‘lgan muhabbati o‘zgacha ekani, ayniqsa, Makkai Mukarrama va Madinai Munavvaraga doimo talpinib yashashlarini alohida qayd etdi.
Sh.Minavarov so‘zida davom etib, mamlakatimiz hududida juda ko‘p sahobalarning hoki poklari qo‘nim topganini, xalqimizning ularga bo‘lgan hurmat va ehtiromi cheksiz ekanini gapirib berdi. Islom tamadduniga munosib hissa qo‘shgan allomalarga beshik bo‘lgan bu zaminning o‘ziga xosligi, mo‘tadil iqlimi bugungi kunda xorijiy sayyohlarning e’tirofiga sazovor bo‘layotgani, xususan, Saudiya Arabistoni mamlakatidan diyorimizga sayyohlarni jalb etib, mana shunday go‘zal maskanlar, tabiatimiz va milliy urf-odatlarimiz bilan ularni tanishitirish maqsadida, ziyorat turizmi tashkil etilayotganini batafsil izohladi.
Uchrashuvda Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti rektori Abdurahim Mannonov ishtirok etib, ushbu institut tarkibi, faoliyati va arab tilini o‘qitish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida gapirib berdi.
Uchrashuvda Saudiya Arabistoni delegatsiyasi rahbari Ahmad ibn Muhammal al-G‘omidiy so‘z olib, O‘zbekiston zamini qadim-qadimdan o‘zining yetuk allomalari, ko‘plab noyob asarlari va ilmiy kashfiyotlari bilan ma’lumu mashhur ekanini alohida qayd etdi. Ayniqsa, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Ibn Sino kabi olimlarning musulmon dunyosi rivojidagi xizmatlari beqiyos ekanini e’tirof qildi. Ahmad ibn Muhammal al-G‘omidiy so‘zida davom etib, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston parlamentlaro do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan ikki mamlakat manfaatdor ekanini izhor qildi.
Saudiya Arabistoni delegatsiyasi a’zosi Abdulla ibn Rufud as-Sufyoniy muloqotda so‘z olib, O‘zbekistonda oxirgi yillarda qilinayotgan ishlarni kuzatib borayotganini bildirib, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilganini qo‘llab-quvvatlab, Saudiya Arabistonida ham “2030 yilga nigoh” dasturi asosida juda katta ishlar boshlab yuborilagini va bu dastur doirasida Saudiyada ulkan muzey tashkil etilayotgani va albatta ushbu muzeyda O‘zbekistonning alohida o‘rni borligini bayon qildi. Imom Buxoriyning zaminida qilinayotgan keng ko‘lamli ezgu ishlarni, albatta, Saudiya Arabistoni Podshohligi rahbariyatiga yetkazishini, - Abdulla ibn Rufud as-Sufyoniy bildirdi.
Muloqot yakunida Ahmad ibn Muhammal al-G‘omidiy so‘z olib, o‘tgan kuni diyorimizdagi masjidlarning birida asr namozini ado etgani va u yerdagi uzoq-yaqindan kelgan namozxonlar masjidlarni to‘ldirib ibodat qilayotganini ko‘rib behad mamnun bo‘lganini aytdi.
Delegatsiya a’zolarining “Hazrati Imom” majmuasiga tashrifi davomida Qaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon va Mo‘yi Muborak madrasalari, “Tilla Shayx” va “Namozgoh” masjidi kabi obidalarni ham ziyorat qilishdi. Mehmonlar Mo‘yi muborak madrasasida saqlanayotgan qadimiy “Usmon Mus'hafi”ni ko‘rib, o‘zlarining hayratlarini berkita olishmadi.
{gallery}/saudiya{/gallery}
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Telegram ijtimoiy tarmog‘ida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Jabroil alayhissalom menga o‘rgatdi. Sizlarga uni aytib beraman, kim nayson (aprel) oyida yomg‘ir yoqqanda suvidan olib, 70 martadan fotiha, oyatal kursi, falaq, nas, kafirun, suralarini o‘qib dam solib ichsa erkak va ayol bepusht bo‘lsa farzand ko‘radi, falaj bo‘lmaydi, tanadagi bor kasalliklar tuzaladi", mazmunli xabar tarqaldi. Haqiqatan ham shu ma’nodagi hadis bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazkur rivoyatni hadis deb aytish katta gunoh hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on to‘qish hisoblanadi. Birorta ham e’tiborli va ishonchli hadis kitoblarida bunday mazmundagi hadis kelgan emas. Ayrim ulamolar uni hadis to‘qish bilan shug‘ullanadiganlarning to‘qimasi ekanligini ta’kidlab o‘tishgan. Shuning uchun har qanday ma’lumotlarni, xususan, dinga oid ma’lumotlarni to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini aniqlamasdan turib tarqatishdan juda ham ehtiyot bo‘lish lozim. Bunday ishlar yolg‘onga xizmat qilish va boshqalarni aldash hisoblanadi. Qolaversa, bu yolg‘on oddiy yolg‘onlar kabi shunchaki harom bo‘lib qolmay, jahannam bilan tahdid qilingan gunohlar sirasiga kiritilgani haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
عَنْ سَعِيدِ بْنِ زَيْدٍ رَضِيَ اللَّه عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ: "إِنَّ كَذِبًا عَلَيَّ لَيْسَ كَكَذِبٍ عَلَى أَحَدٍ ، مَنْ كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ" (رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ)
“Mening nomimdan (aytilgan) uydirilgan yolg‘on so‘z boshqa bir kishi nomidan uydirilgan yolg‘on kabi emasdir. Kimki mening nomimdan qasddan yolg‘on so‘z to‘qisa, jahannamdagi joyiga tayyorgarlik ko‘rsin!” (Imom Buxoriy rivoyati).
O‘rni kelganda shuni ham ta’kidlash kerakki, shu mavsumda, ya’ni, aprel oyida yog‘adigan yomg‘irning foydalari tibbiy jihatdan isbotlangan bo‘lsa, soha mutaxassislarining ko‘rsatmasi bo‘yicha iste’mol qilish xato yoki gunoh hisoblanmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.