Sayt test holatida ishlamoqda!
04 May, 2025   |   6 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:46
Quyosh
05:17
Peshin
12:25
Asr
17:18
Shom
19:27
Xufton
20:51
Bismillah
04 May, 2025, 6 Zulqa`da, 1446

Makkiy va Madaniy suralarni bilasizmi?

06.11.2017   22953   28 min.
Makkiy va Madaniy suralarni bilasizmi?

Qur’on ilmlari mavzulari orasida makkiy va madaniy suralar bahsi katta va muhim mavzulardan bo‘lib, hatto ba’zi ulamolar ular haqida alohida kitoblar ham bitishgan.

  Abulqosim Hasan ibn Muhammad ibn Habib an-Naysoburiy (vaf. 406/1016 y.) “At-Tanbeh a’la fazl ulum al-Qur’on” (Qur’on ilmlari fazilati borasida eslatma) kitobida: “Qur’on ilmlarining katta mavzulari sirasiga nozil bo‘lish va uning sabablari ilmi, Makka va Madinada nozil bo‘lgan suralar tartibi, Makkada nozil bo‘lib, hukmi madaniy bo‘lgan oyatlar, Madinada nozil bo‘lib, hukmi makkiy bo‘lgan oyatlar, Makkada Madina ahli uchun, Madinada Makka ahli uchun nozil bo‘lgan oyatlar, makkiy suralarga o‘xshab ketadigan madaniy suralar, madaniy suralarga o‘xshab ketadigan makkiy suralar, Juhfada[1] nozil bo‘lgan oyatlar, Baytul Maqdisda nozil bo‘lgan oyatlar, Toifda nozil bo‘lgan oyatlar, Hudaybiyada nozil bo‘lgan oyatlar, kechasi nozil bo‘lgan oyatlar, kunduzi nozil bo‘lgan oyatlar, jam bo‘lib nozil bo‘lgan oyatalar, alohida nozil bo‘lgan oyatlar, makkiy suralar ichidagi madaniy oyatlar, madaniy suralar ichidagi makkiy oyatlar, Makkadan Madinaga ko‘tarilgan oyatlar, Madinadan Makkaga ko‘tarilgan oyatlar, Madinadan Habashiston yerlariga ko‘tarilgan oyatlar, mujmal nozil bo‘lgan oyatlar, tafsir qilingan holatda nozil bo‘lgan oyatlar, ixtilof qilingan suralar va  ba’zilar makkiy, ba’zilar esa madaniy degan suralar ilmi kiradi. Bu mavzular yigirma besh xildir. Kim buni bilmasa va ularning orasini farqlay olmasa unga Allohning Kitobidan so‘zlash durust emas!” – degan. 

Ibn Arabiy o‘zining “An-Nosix val-mansux” asarida: “Qur’on borasida biz bilgan narsalar shuki, ular orasida makkiy va madaniy suralar, safarda yoki muqimlikda nozil bo‘lgan oyatlar, kechasi yoki kunduzi nozil bo‘lgan oyatlar, osmonda yoki yerda nozil bo‘lgan oyatlar, Yer-u Osmon o‘rtasida nozil bo‘lgan oyatlar, g‘orda nozil bo‘lgan oyatlar mavjud”, deydi.

Ibn Naqib[2] esa o‘z tafsiri muqaddimasida shunday deydi: “Qur’onda nozil bo‘lgan suralar to‘rt qismdir: makkiy suralar, madaniy suralar, ba’zisi makkiy va ba’zisi madaniy bo‘lgan suralar, makkiy ham madaniy ham bo‘lmagan suralar”.

Insonlar makkiy va madaniy borasida uch hil ta’rif beradilar:

       Ularning eng mashhuri: Makkiy suralar deb – Rosululloh sallalohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga ko‘chib o‘tishlaridan oldin nozil bo‘lgan oyat va suralar, madaniy suralar esa, hijratdan keyin nozil bo‘lgan oyat va suralardir. Ularni Madinada nozil bo‘lishi, Makkada nozil bo‘lishi, fath yili yoki hajjatul vado’da nozil bo‘lishi yoki biror safarda nozil bo‘lishining e’tibori yo‘q. Usmon ibn Said sanadi bilan Yahyo ibn Sallomdan rivoyat qiladi: “Makkada nozil bo‘lgan va Nabiy sollallohu alayhi vasallam madinaga yetib borishlaridan oldin yo‘lda nozil bo‘lgan oyat va suralar makkiy hisoblanadi. Shuningdek Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlaridan keyin biror bir safarda nozil bo‘lgan oyat va suralar madaniy hisoblanadi”. Ushbu rivoyat hijrat safarida nozil bo‘lgan oyat va suralar makkiy ekanligi olinadigan muhim rivoyatdir. 

Ikkinchisi: Makkiy deb, garchi hijratdan keyin nozil bo‘lgan bo‘lsa ham Makkada nozil bo‘lgan oyat va suralarga aytiladi. Madaniy deb esa, Madinada nozil bo‘lgan oyat va suralarga aytiladi. Bu gapga ko‘ra orada yana bir narsa kelib chiqadi. Safarlarda nozil bo‘lgan oyat va suralarga na makkiy va na madaniy degan nom ishlatiladi. Tabaroniy “Al-Kabir” asarida Abu Umomadan quyidagi rivoyatni keltiradi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’on uch joyda nozil bo‘ldi: Makka, Madina va Shomda”, dedilar. Valid buni Baytul-Maqdis deb tafsir qiladi. Ibn Kasir esa, buni Tabuk deb tafsir qilsa yaxshiroq bo‘lardi, deydi. Makkiylarga uning atrofida nozil bo‘lgan oyat va suralar ham kiradi. Ya’ni Minoda, Arafotda va Hudaybiyada nozil bo‘lgan oyat va suralar. Madaniyga esa uning atrofida, ya’ni Badr, Uhud va Sal’[3] degan joylarda nozil bo‘lgan oyat va suralar kiradi. 

Uchinchisi: Makkiy deb, Makka ahliga xitob tarzida nozil bo‘lgan oyat va suralarga aytiladi. Madaniy deb esa Madina ahliga xitob tarzida nozil bo‘lgan oyatlarga aytiladi. Ibn Mas’ud roziyallohu anhuning quyidagi so‘zlarini shunga haml qilinadi. 

Imom Buxoriy Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Undan o‘zga iloh yo‘q bo‘lgan zotga qasamki, Allohning Kitobidan biror oyat nozil bo‘lgan bo‘lsa uni kim borasida nozil bo‘lganini ham, qayerda nozil bo‘lganini ham bilaman”. Ayyub aytadi: “Bir kishi Ikrimadan Qur’ondagi bir oyat haqida so‘radi. U: “Bu oyat mana shu tog‘ yonbag‘rida nozil bo‘lgan”, deb Sal’ tog‘iga ishora qildilar”. Buni Abu Nu’aym “Al-Hilya” kitobida keltirgan. 

Qozi Abu Bakr “Al-Intisor” asarida shunday deydi:“Makkiy va madaniy suralarni ajratishda sahoba va tobeinlarning rivoyatlariga murojaat qilinadi. Bu borada Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan biror bir so‘z vorid bo‘lmagan. Chunki u zot ham bunga buyurilmaganlar. Garchi ahli ilmlar uchun ularning ba’zilarida nosix va mansuxning tarixini bilishlari lozim bo‘lsada Alloh taolo buning ilmini ummatga farz qilmagan. Buni Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning nasslarisiz ham bilish mumkin. 

Ibn Abbos roziyallohu anhu va boshqalar makkiy va madaniy suralarni sanab o‘tishgani rivoyatlarda keladi. Ibn Sa’d “Tabaqot” da zikr qiladi: “Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo aytdilar: “Ubay ibn Ka’bdan Qur’ondagi Madinada nozil bo‘lgan suralar haqida so‘radim. U: “Ular yigirma yettita sura, qolgani Makkada nozil bo‘lgan”, deb javob berdi”. 

Abu Ja’far an-Nahhos o‘zining “An-Nosix val-mansux” asarida quyidagini keltiradi: “Abu Amr ibn Alo aytadi: “Mujohiddan Qur’onning makkiy va madaniy oyatlari haqida so‘radim. U kishi: “Ibn Abbosdan bu haqida so‘raganimda u kishi: “An’om surasi to‘lig‘icha Makkada nozil bo‘lgan. U makkiy sura, lekin uning uch oyati Madinada nozil bo‘lgan: قُلْ تَعَالَوْا أَتْلُ... dan uch oyat (151,152,153 oyatlar). Undan oldingi barcha suralar madaniy suralar. Makkada nozil bo‘lgan suralardan: A’rof, Yunus, Hud, Yusuf, Ra’d, Ibrohim, Hijr, Nahl- uning oxirgi uch oyati Makka va Madina o‘rtasida Uhuddan chiqish joyida nozil bo‘lgan, Bani Isroil, Kahf, Maryam, Toha, Anbiyo, Haj- uningهذان خصمان dan boshlab uch oyati (19-21 oyatlar) Madinada nozil bo‘lgan, Mo‘minun, Furqon, Shuaro- uning oxirgi besh oyati:وَالشُّعَرَاءُ يَتَّبِعُهُمُ الْغَاوُونَ dan oxirigacha Madinada nozil bo‘lgan, Naml, Qosos, Ankabut, Rum, Luqmon: uning  وَلَوْ أَنَّمَا فِي الْأَرْضِ مِنْ شَجَرَةٍdan boshlab uch oyati Madinada nozil bo‘lgan, Sajda- uning أَفَمَنْ كَانَ مُؤْمِنًاdan boshlab uch oyati Madinada nozil bo‘lgan, Saba’, Fotir, Yasin, Vas-Soffat, Sod, Zumar-uning  قُلْ يَا عِبَادِيَ الَّذِينَ أَسْرَفُوا dan boshlab uch oyati Madinada Hamza roziyallohu anhuning qotili Vahshiy borasida nozil bo‘lgan, yettita Haamim suralari, Qof, Zoriyot,Tur, Najm, Qomar, Ar-Rahmon, Voqe’a, Sof,Tag‘obun-lekin uning oxirgi oyatlari Madinada nozil bo‘lgan, Mulk, Nun, Al-Haqqo, Ma’orij, Nuh, Jin, Muzzammil-lekin oxirgi ikki oyati: إِنَّ رَبَّكَ يَعْلَمُ أَنَّكَ  تَقُومُ madaniydir[4], Muddasir surasidan Qur’onning oxirigacha Zalzala, Nasr, Ixlos, Falaq, an-Nos suralaridan boshqa barcha suralar makkiy suralardir. Madinada esa Anfol, Baroat, Nur, Ahzob, Muhammad, Fath, Hujurot, Hadid, undan keyin Tahrimgacha bo‘lgan suralar”, deb javob berdilar”. Rivoyatni xuddi shunday to‘lig‘icha keltirgan. Uning barcha roviylari mashhur bo‘lib, arab ulamolari nazdida ishonchli insonlardir. 

Imom Bayhaqiy “Daloil an-nubuvvat” asarida quyidagilarni keltiradi: “Ikrima va Hasan ibn Abul Hasanlar aytadilar: “Alloh taolo Qur’oni karimdan Makkada nozil qilgan suralari: Alaq, Nun, Muzzammil, Muddassir, Masad, Takvir, A’la, Layl, Fajr, Zuho, Sharh, Asr, Adiyat, Kavsar, Takosur, Ma’un, Kafirun, Fil, Falaq, An-Nas, Ixlos, Najm, Abasa, Qadr, Shams, Buruj, Tin, Quraysh, Qori’a, Qiyomat, Humaza, Mursalat, Qof, Balad, Toriq, Qamar, Sod, Jin, Yasin, Furqon, Malaika(Fotir), Toha, Voqe’a, Shuaro, Naml, Qosos, Isro, Sobi’a (Yunus), Hud, Yusuf, Hijr, An’om, Soffat, Luqmon, Saba, Zumar, G‘ofir, Duxon, Sajda, Shuro, Zuxruf, Josiya, Ahqof, Zariyat, G‘oshiya, Kahf, Nahl, Nuh, Ibrohim, Anbiyo, Muminun, Sajda, Tur, Mulk, Alhaqqo, Ma’orij, Naba, Nazi’at, Inshiqoq, Infitor, Rum va Ankabut suralari. 

Madinada nozil bo‘lgan suralar esa: Mutoffifin, Baqara, Oli Imron, Anfol, Ahzob, Moida, Mumtahana, Niso, Zalzala, Hadid, Muhammad, Ra’d, Ar-Rohman, Inson, Taloq, Bayyina, Hashr, Nasr, Nur, Haj, Munafiqun, Mujodala, Hujurot, Tahrim, Sof, Jum’a, Tag‘obun, Fath va Baroat suralari”. 

Bayhaqiy: “Ushbu rivoyatda Makkada nozil bo‘lgan Fotiha, A’rof va Maryam suralari tushib qolgan”, deydi. 

Ibn az-Zurays quyidagi rivoyatni keltiradi: “Ibn Abbos roziyallohu anhumo: “Agar Makkada bir suraning boshi nozil bo‘ladigan bo‘lsa uni Makkada yozilardi. So‘ng Alloh unga o‘zi xohlagancha ziyoda qiladi. Birinchi nozil bo‘lgan Qur’on oyatlari bu Alaq surasi, so‘ng Nun, so‘ng Muzzamil, so‘ng Muddasir, so‘ng Masad, so‘ng Takvir, so‘ng A’lo, so‘ng Layl, so‘ng Fajr, so‘ng Zuho, so‘ng Sharh, so‘ng Asr, so‘ng Adiyat, so‘ng Kavsar, so‘ng Takosur, so‘ng Ma’un, so‘ng Kafirun, so‘ng Fil, so‘ng Falaq, so‘ng An-Nas, Ixlos, so‘ng Najm, so‘ng Abasa, so‘ng Qadr, so‘ng Shams, so‘ng Buruj, so‘ng Tin, so‘ng Quraysh, so‘ng Qori’a, so‘ng Qiyomat, so‘ng Humaza, so‘ng Mursalat, so‘ng Qof, so‘ng Balad, so‘ng Toriq, so‘ng Qamar, so‘ng Sod, so‘ng A’rof, so‘ng Jin, so‘ng Yasin, so‘ng Furqon, so‘ng Malaika (Fotir), so‘ng Maryam, so‘ng Toha, so‘ng Voqe’a, so‘ng Shuaro, so‘ng Naml, so‘ng Qosos, so‘ng Isro, so‘ng Yunus, so‘ng Hud, so‘ng Yusuf, so‘ng Hijr, so‘ng An’om, so‘ng Soffat, so‘ng Luqmon, so‘ng Saba,  so‘ng Zumar, so‘ng G‘ofir, so‘ng Sajda, so‘ng Shuro, so‘ng Zuxruf, so‘ngDuxon, so‘ng Josiya, so‘ng Ahqof, so‘ng Zariyat, so‘ng G‘oshiya, so‘ng Kahf, so‘ng Nahl, so‘ng Nuh, so‘ng Ibrohim, so‘ng Anbiyo, so‘ng Mo‘minun, so‘ng Sajda, so‘ng Tur, so‘ng Mulk, so‘ng Alhaqqo, so‘ng Ma’orij, so‘ng Naba, so‘ng Nazi’at, so‘ng Infitor,  so‘ng Inshiqoq, so‘ng Rum, so‘ng Ankabut, so‘ng Mutoffifin suralari. Ushbu suralar Makkada nozil bo‘lgan suralar. 

Madinada esa Baqara, so‘ng Anfol, so‘ng Oli Imron, so‘ng Ahzob, so‘ng Mumtahana, so‘ng Niso,so‘ng Zalzala, so‘ng Hadid, so‘ng Muhammad, so‘ng Ra’d, so‘ng Ar-Rohman, so‘ng Inson, so‘ng Taloq, so‘ng Bayyina, so‘ng Hashr, so‘ng Nasr, so‘ng Nur, so‘ng Haj, so‘ng Munafiqun, so‘ng Mujodala, so‘ng Hujurot, so‘ng Tahrim, so‘ng Jum’a, so‘ng Tag‘obun, so‘ng Sof, so‘ng Fath, so‘ng Moida, so‘ng Baroat suralari nozil bo‘ldi”, dedilar”. 

Abu Ubayd aytadi: “Ali ibn Abu Talha: “Madinada Baqara, Oli Imron, Niso, Moida, Anfol, Tavba, Haj, Nur, Ahzob, Muhammad, Fath, Hadid, Mujodala, Hashr, Mumtahana, Havoriyyin (Sof), Tag‘obun, Taloq, Tahrim, Fajr, Layl, Qadr, Bayyina, Zalzala va Nasr suralari nozil bo‘ldi. Qolgan suralar Makkada nozil bo‘lgan”, dedi”. 

Abulhasan ibn Hassor o‘zining “An-Nosix val-mansux” asarida: “Madinada nozil bo‘lgan suralar yigirmatta, ixtiloflilari o‘n ikkita, bundan boshqalari makkiy suralar ekanligiga ittifoq qilingan”, deydi. 

                                   “Al-Itqon fi ulum al-Qur’on”asari asosida

 



[1]Makkadan Madinaga qilingan hijrat orasidagi shahar nomi.

[2] Abu Hibbonning shayxi Jamoluddin hanafiy.

[3]Madinada tog‘ nomi.

[4]Kitobning asl nusxalarida xuddi shunday keltirilgan ekan. Lekin ulamolar o‘rtasida  إِنَّ رَبَّكَ يَعْلَمُ أَنَّكَ تَقُومُ oyati bir oyat ekanligi borasida hech qanday ixtilof yo‘q.

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saida Mirziyoyeva Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» nufuzli mukofotining xalqaro hakamlar hay’ati tarkibiga kiritildi

02.05.2025   4535   2 min.
Saida Mirziyoyeva Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» nufuzli mukofotining xalqaro hakamlar hay’ati tarkibiga kiritildi

Kuni kecha S.Mirziyoyeva hamda Musulmon donishmandlar kengashi bosh kotibi Muhammad Abdusalom o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. (https://t.me/SShMirziyoyeva/2834) O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi islom dini asosida yotgan umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mazkur xalqaro tashkilotga minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva har yili o‘tkaziladigan Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» mukofotining 2026 yilgi hakamlar hay’ati tarkibiga kiritilganidan benihoya mamnun ekanini izhor etdi.

«Faqat birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan biz bu dunyoni yanada yaxshiroq qila olamiz», — deya ta’kidladi S.Mirziyoyeva.

Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» mukofoti — dunyo taraqqiyotiga katta hissa qo‘shayotgan, inson huquqlari, tinchlik va adolat uchun kurashayotgan shaxslarga beriladigan, xalqaro darajada eng yuqori baholanadigan yuksak e’tiroflardan biridir.

Ushbu mukofot 2019 yilda Rim papasi Fransisk va Al-Azhar universiteti bosh imomi Ahmad At-Toyib o‘rtasida Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuv sharafiga ta’sis etilgan bo‘lib, ular birgalikda insoniy birodarlik haqidagi hujjatni imzolagan edi.

BAA asoschisi marhum Shayx Zoid ibn Sulton Al-Nahayon nomi bilan ataladigan ushbu mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lib, sovrin puli ijtimoiy muammolarga yechim topayotgan, tinchlik va birdamlikka hissa qo‘shayotgan shaxslar va tashkilotlar o‘rtasida taqsimlanadi.

Hakamlar hay’ati tarkibiga turli yillarda oliy martabali va nufuzli shaxslar kiritilgan, jumladan:

Doktor Uided Bushamaui, Janob Kaylash Satyartxi — tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohiblari; Katerin Samba-Panza — Markaziy Afrika Respublikasining sobiq prezidenti; Megavati Sukarnoputri — Indoneziyaning sobiq prezidenti; Irina Bokova — YUNЕSKOning sobiq bosh direktori; Rebeka Grinspan Mayufis xonim — BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) bosh kotibi; Avraam Kuper — AQSHning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi raisi.

2025 yildagi hakamlar hay’ati quyidagilardan iborat:

Makki Sall — Senegal va Afrika Ittifoqining sobiq prezidenti;
Xose Luis Rodriges Sapatero — Ispaniyaning sobiq bosh vaziri;
Ngozi Okonjo-Iveala — Jahon savdo tashkiloti bosh direktori;
Kardinal Piter Kudvo Appiah Turkson — Pontifik Fanlar akademiyasi va Pontifik Ijtimoiy fanlar akademiyasining maslahatchisi;
Patrisiya Skotland — Millatlar hamdo‘stligi bosh kotibi;
Muhammad Abdusalom — «Insoniy birodarlik» mukofoti bosh kotibi.

Saida Mirziyoyeva Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» nufuzli mukofotining xalqaro hakamlar hay’ati tarkibiga kiritildi
O'zbekiston yangiliklari