BAAning Sharja shahrida kitoblar namoyishiga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda. Bu yilgi ko‘rgazmada dunyoning 60 mamlakatidan 1650 ta nashriyot va matbaa korxonalari ishtirok etishmoqda. Ko‘rgazmada 1,5 milliondan ortiq kitob va risolalar namoyish etilmoqda.
Yarmarkaning beshinchi pavilionida Qur’oni karimning eng qadimiy qo‘lyozmalari taqdim etilmoqda. Jumladan, Buyuk Britaniyaning Birmingem universitetida saqlanayotgan 1350 yillik Qur’oni karim qo‘lyozmasi ham namoyish etilmoqda.
Ma’lumot uchun, Britaniya qirolligining Birmingem universitetida Qur’oni Karimning qadimiy qo‘lyozma nusxasi topilgan edi. Ularning fikricha, ushbu qo‘lyozma Qur’oni Karim mus'hafining qadimiy nusxalaridan hisoblanadi.
Shuningdek, ushbu pavilionda interfaol sensorli ekranlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular sayohatchiga qadimiy qo‘lyozmalar bo‘yicha ko‘plab ma’lumotlarni o‘rganishga imkon beradi.
Ushbu ko‘rgazma joriy yilning 11 noyabr kuniga qadar davom etadi.
Ilhom Ma’rupov
tayyorladi
Bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, muammo, arz va takliflarini tingladilar.
Qabul jarayonida Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan fuqarolarning masjidlar holati, oilaviy masalalar, diniy ta’lim, haj-umra hamda moddiy yordam olish yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Ayrim masalalar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Darhaqiqat, birovning dardini yengillatish, uning tashvishlari osongina bartaraf etilishiga hissa qo‘shish – savobi ulug‘ amal. Chunonchi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati