Oilani mustahkamlaydigan va barqarorligini ziyoda qiladigan omillardan yana biri bu – eru xotinning “o‘z haqlariga rioya qilmog‘i”dir.
Har kim o‘z haqlariga rioya qilmog‘i uchun avvalo nimalar o‘zining haq-huquqlaridan iborat ekanini bilib olishi kerak.
Erkaklar o‘z ota-onasi, qarindoshlariga ehtirom ko‘rsatishni yaxshi ko‘rgani singari ayollar ham o‘z ota-onasi va qarindoshlarini ehtirom qilishni yoqtiradi. Er kishi o‘z ayolini nafis va latofatli bo‘lishini xohlaganidek ayol ham o‘z xojasining kelishgan va ko‘rkam bo‘lishini istaydi. Er o‘z ayolining vafodor bo‘lishini qanchalik xohlasa, ayol umr yo‘ldoshining o‘ziga sodiq bo‘lishini undan-da ko‘proq xohlaydi. Oilaviy ishlar ham xuddi shunday, ya’ni har ikki taraf ham teng huquqli bo‘lishini xohlaydi.
Aslida oilada er-xotinning teng huquqliligi dinimiz buyrug‘idir. Biroq teng huquqlilik ma’ruf – yaxshi ishlardadir. Bizning bu so‘zimizdan keyin dinimizdan kamchilik axtarmoqchi bo‘lgan yoki uni yaxshi anglab yetmagan kimsalar islomda ayollarga baribir cheklovlar bor ekan-da, deyishi mumkin.
Dinimizdagi mazkur holatni yaxshilab o‘rganib chiqilsa, ayollar nafaqat teng huquqli, balki ba’zi jihatlarda erkaklardan ko‘ra afzal o‘rinda ekani zohir bo‘ladi. Shuning uchun shariatimizda ayollarning erlari bilan teng huquqli bo‘lgan va teng huquqli bo‘lmagan o‘rinlarini birma-bir o‘rganib chiqamiz.
Alloh taolo oilada erkaklar va ayollarning huquqi teng ekanligini bayon qilib quyidagi oyatni nozil qilgan:
...وَلَهُنَّ مِثْلُ الَّذِي عَلَيْهِنَّ بِالْمَعْرُوفِ...
... Ayollar uchun (belgilangan huquqlar) o‘z me’yorida erkaklar (huquqi) bilan tengdir... (Baqara surasi, 228 oyat).
Ba’zi mufassir ulamolarimiz oyatdagi “ma’ruf”dan (yaxshi ish) murod – inson sog‘lom fikr egalari bir ovozdan yaxshi deb hisoblaydigan ishlardir, deb tafsir qilganlar. Bularga shaxsiy poklikni saqlash, orasta bo‘lish, tashqi ko‘rinishni chiroyli qilish, xushbo‘ylanish, ko‘rkam kiyinish va hokazolar kiradi. Bular er-xotin huquqlari teng bo‘lgan ishlaridir.
Erkak kishi ham o‘z ayoli uchun xushro‘y ko‘rinmog‘i oilada muhabbatni ziyoda qiladigan omillardan biridir. Chunki ayolining ziynatlanib, pardoz qilishini yoqtirar ekan, ayoli ham o‘zi uchun xojasining ziynatlanishini xush ko‘radi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: “Ayolim men uchun ziynatlangani kabi albatta, men ham u uchun ziynatlanaman. Ayolimdagi haqlarimni ado etmog‘im shu qadar go‘zalki, uning mendagi haqlarini ado etmog‘ini taqozo qiladi. Axir Alloh taolo: “...Yaxshilikda ayollar uchun (belgilangan huquqlar) erkaklar (huquqi) bilan tengdir...”, deb bejizga bayon qilmagan”.
Ayol va erkakning qaysi jihatdan teng huquqga ega ekanini bilib oldik. Endi erkaklar ustun qilingan jihatlarning hikmatlariga bir nazar tashlasak.
Alloh taolo ayollarni erkaklar bilan huquqi teng ekanligi bayon qilib oyatning davomida quyidagicha istisno keltiradi:
...وَلَهُنَّ مِثْلُ الَّذِي عَلَيْهِنَّ بِالْمَعْرُوفِ وَلِلرِّجَالِ عَلَيْهِنَّ دَرَجَةٌ وَاللَّهُ عَزِيزٌ حَكِيمٌ
...Ayollar uchun (belgilangan huquqlar) o‘z me’yorida erkaklar (huquqi) bilan tengdir. Ayollarga nisbatan erkaklarda bir daraja (ziyodalik) bor. Alloh qudrat va hikmat egasidir (Baqara surasi, 228 oyat).
Ayollarga nisbatan erkaklarga qaysi jihatlardan ustunlik berilgani haqida “Niso” surasi, 34-oyatida mufassal bayon qilingan.
Demak, mufassir ulamolarimizning yuqorida keltirgan tafsirlariga binoan: ayollar yaxshi ishlarda erkaklar bilan teng huquqli, lekin istisno o‘laroq erkaklarda bir daraja ustunlik – haqdorlik bor, degan ma’no hosil bo‘ladi. Xo‘sh, ana shu ziyoda haq-huquqlar qaysilar?
Jaloliddin Suyutiy rohimahulloh “Tafsirul-Jalolayn” kitobida ushbu oyatni “Erkaklarning huquqlaridagi ziyodalik – ayollarga beriladigan mahr va nafaqa evazi o‘laroq ayollarning ularga itoat etmog‘idir”, deb tafsir qilganlar.
Bundan erkaklar huquqidagi afzallik ayollarning o‘z erlariga itoat qilishi ekani kelib chiqadi. Biroq buning evaziga ayollar mahr va nafaqa egasiga aylanadilar. Nafaqa esa oziq-ovqat, kiyim-kechak kabi kundalik turmushda eng zarur bo‘lgan narsalarni o‘z ichiga oladi. Demak, bu yerda ayollar almashtirayotgan narsa ega bo‘layotgan ne’matlarining muqobili hisoblanadi. Shunday ekan, bu islomda ayollarning huquqi cheklangan degan qarashning noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatib beradi.
Haqiqatda, erkaklar ayollardan ko‘ra ko‘proq huquqlarga ega. Aslida bu huquqlar umumiy bir oilani boshqarish huquqining juzlaridir. Biroq uni huquq deb emas balki majburiyat deb atasak to‘g‘riroq bo‘ladi. Oilada boshqaruvchilik huquqini Alloh taolo o‘zi belgilab, O‘z kalomida shunday marhamat qiladi:
الرِّجَالُ قَوَّامُونَ عَلَى النِّسَاءِ بِمَا فَضَّلَ اللَّهُ بَعْضَهُمْ عَلَى بَعْضٍ وَبِمَا أَنْفَقُوا مِنْ أَمْوَالِهِمْ...
Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir (Niso surasi, 34 oyat).
Majburiyat deyishimizning boisi shuki, oila boshlig‘i bo‘lish erkaklarga oilani manzil-makon, oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zaruriy ta’minotlarni hozir qilish majburiyatini yuklaydi. Bundan ham muhim va asosiy jihat shuki, oila boshlig‘i yelkasida oilani turli xavf-xatardan himoya qilish, undagi og‘irlik-mashaqqatlarni o‘z zimmasiga olishdek ulkan vazifa turadi. Oilani himoya qilish, uning ta’minotini bajo keltirish yo‘lida qanchadan-qancha zahmatlar chekiladi, ozorlar ko‘riladi, ruhiy va jismoniy tazyiqlardan o‘tiladi, to‘siqlar olib tashlanadi. Bularga qarshi esa barcha og‘irlikni o‘ziga oladigan metin iroda, baquvvat jism, har-qanday holatda ham vazminlik va aql-idrok bilan qaror qabul qilish, shu qaror tufayli kelib chiqadigan holatlarga tayyor bo‘lish kabi sifatlar kerak bo‘ladi. Alloh taolo bu sifatlarni erkaklarga nasib qilgan. Shuning uchun erkaklarga bu majburiyat yuklangan. Ayollar esa latofat-u nazokat uzra yaratilgan. Shuning uchun xilqatlariga mos ravishda ularga oila va erning ishlarini yuritish, farzandlar tarbiyasi topshirilgan.
So‘zimizni Umar roziyallohu anhuning quyidagi gaplari bilan yakunlaymiz: “O‘z oilasiga xushmuomalalik borasida hech biringizdan afzal emasman. Lekin men ahli ayolining og‘irliklarini sizdan ko‘ra zimmamga oluvchiroqman”.
Alloh taolo barchamizni oilada o‘z haq-huquqlariga rioya etuvchi bandalaridan qilsin. Zotan, oila mustahkamligi – jamiyat farovonligi garovidir.
Jaloliddin HAMROQULOV,
TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri
Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).
Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!
Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV