Bugungi murakkab davrda kutilmaganda tinch-osoyishta joyda bomba portlamoqda, yana qayerdadir odamlar ustiga yuk mashinalari haydalmoqda va yana qayerdadir xudkush nokas tinch olomon orasida o‘zini portlatmoqda... Zumda bu hodisalar yashin tezligida OAVning bosh mavzusiga aylanmoqda. Gazeta va internet saytlarining bosh sahifasida «yana bir terrorchilik harakati sodir etildi» deb bong urilmoqda. Ha, bugun OAVda eng ko‘p tilga olinadigan so‘zlar «terror», «terrorizm», «terrorchi» kabilar bo‘lib qoldi.
Stokgolm, Sankt Peterburg, undan avvalroq, Istambul va kuni kecha AQSHning Nyu-York shahrida sodir etilgan terrorchilik aktlarda, ming afsuski, ijrochilar o‘zbek millatiga mansub shaxslar bo‘lib chiqdi.
Xo‘sh, aslida, Amerikada mudhish jinoyatni sodir etgan Sayfulla Soipov kim? U 1988 yil 8 fevralda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2010 yili “Grin kard” lotereyasini yutib, AQSHga jo‘nab ketgan. O‘tgan 7 yil mobaynida O‘zbekistonga biron marta ham kelmagan, Toshkentda yashaydigan ota-onasi bilan ko‘rishmagan. U farovon oilada tarbiya ko‘rgan bo‘lib, ota-onasi an’anaviy islomga e’tiqod qilgan va hech qachon, qandaydir ekstremistik oqimlar bilan aloqada bo‘lishmagan.
U AQSHga borganidan keyin odamovi bo‘lib qoladi va shu vaqt oralig‘ida, radikal guruhlarning ta’siriga tushib qoladi. Bu haqda Amerika OAV ham uni bilgan odamlarning fikrlariga tayanib shunday xabar bergan.
Ushbu ko‘ngilsiz holat munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampga ta’ziyanoma yo‘llab, Nyu-York shahridagi terrorchilik harakati oqibatida begunoh kishilarning qurbon bo‘lgani munosabati bilan chuqur hamdardlik izhor etdi. Haqiqatan ham, bu mudhish voqea dunyoning tinchliksevar xalqlari qatori biz mo‘min-musulmonlarning ham qalbimizni larzaga soldi.
BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida muhtaram Prezidentimiz so‘zlagan nutqida buzg‘unchi kuchlarga qarshi ma’rifat bilan kurashish to‘g‘risida tashabbus ko‘rsatdilar. Buning zamiridagi hikmat shundaki, qurolga qurol bilan javob berilsa, urush-nizolar barham topmaydi. Shuning uchun jaholatga ma’rifat bilan javob berish lozimligini uqtirdilar.
Tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ne’matlaridan biridir. Barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining asosi ham osoyishtalikdadir. Bu ne’mat bebaho ekani to‘g‘risida Islom dini manbalarida ham takror-takror aytilgan. Qur’oni karimning yuzdan ortiq oyatlarida tinchlikka chaqirilgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Alloh rizosini topishga intilganlarni Qur’on bilan tinchlik va salomatlik yo‘llariga yo‘llab, O‘z izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur” (Moida, 16).
Tinchligini yo‘qotgan yurt yulduzsiz osmon kabidir. Qancha unumdor yerlari, bog‘lari bo‘lmasin foyda ololmaydi. Shunga ko‘ra, tinchlikni saqlash maqsadida, barchamiz jipslashib, hamjihatlikda ish tutishimiz zarur.
Har bir inson uchun tinchlik zarurligi borasida Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg‘onganda oilasi tinch, tani sog‘ va uyida bir kunlik yeguligi bo‘lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne’matlar mujassam ekan” (Imom Buxoriy rivoyati).
E’tibor qiling, Nabiy alayhissalom o‘ta muhim bo‘lgan uchta narsani ta’kidlayaptilar: tinchlik, salomatlik va ta’minot.
Muhtaram Prezidentimiz BMT Bosh assambleyasida so‘zlagan nutqlarida Islom dini ezgulik va tinchlikka da’vat etishini ta’kidlab, bunday dedilar: «Biz butun jahon jamoatchiligiga Islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamligining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”.
Butun o‘zbek xalqini dilini xira qilgan Amerikada sodir etilgan terror xurujini hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi. Bu harakat uchun qalbi va amali ezgulik bilan limmo-lim bo‘lgan butun o‘zbek millatini ayblash ham noto‘g‘ri. Chunki, Sayfulla Soipovning bu nojoiz qilmishini barcha yurtdoshlarimiz birdek qoralamoqda. O‘zbek xalqining olijanob, bag‘rikeng va tinchlikparvar xalq ekani haqida bir qator amerikalik diplomatlar ham o‘z fikrlarini bayon qilishmoqda. Jumladan, AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasida faoliyat yuritgan yana bir sobiq diplomat Mark Askino shunday yozadi: “Ommaviy axborot vositalari kechagi mudxish avtomashina vositasida amalga oshirilgan va sakkizta odam hayotiga zomin bo‘lgan hujum haqida yozishar ekan, qotilning O‘zbekistondan ko‘chib kelganiga alohida urg‘u berishyapti.
Men 2001 yil 11 sentyabr fojeasi yuz berganda Toshkentda edim. O‘shanda o‘zbekistonliklar yurtimizda bo‘lib o‘tgan fojea yuzasidan bizga ko‘rsatgan hamdardlik va mehr-oqibati hech qachon yodimdan chiqmaydi. Eslayman, AQSHda terakt sodir etilgach, bir necha soat ichida Amerika elchixonasi gullaru, hamdardlik maktublariga to‘lib ketgan edi. Ular men va rafiqamga mudhish voqea yuzasidan afsusda ekanliklarini bildirishardi. Qurbon bo‘lganlar ichida o‘zbeklar ham bor edi... Ular juda mehnatkash, vatanparvar odamlar va ular bizning ko‘pmillatli jamiyatimizni yanada boyitib yurishadi. Bir ahmoq inson qilmishini u kelib chiqqan millat bilan bog‘lash mutlaqo noto‘g‘ri”.
Shuningdek, AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasida faoliyat yuritgan yana bir sobiq diplomat Keysi Tok:“O‘zbekiston mehr-oqibatli insonlar yashaydigan go‘zal mamlakat. Buni bilishimga sabab, men u yerda yashaganman. Mamlakat obro‘si uning eng zo‘r insonlari bilan belgilanadi, eng yomonlari bilan emas”.
Xulosa qilib aytganda, terrorning dini yo‘q, millati yo‘q. Terrorchilik insoniyatga qarshi jinoyatdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Mushriklar muhim masalalarini “Dorun Nadva” deya atalmish kengashlarida hal qilsalar, ilk musulmonlar kengashadigan makon “Dorul Arqam” edi. Bu muborak uy Ka’baning g‘arbida, hozirgi kunda hojilar Safo bilan Marva o‘rtasida haj arkonlarini amalga oshiradigan juda gavjum joyda joylashgandi. Arqam Banu Maxzum qabilasidan bo‘lgan 16 yoshli makkalik yigit edi. Islomni qabul qilgan birinchi odamlardan biri bo‘lgan Arqam o‘z uyini xursandchilik bilan musulmonlarning yashirin yig‘inlari uchun taqdim etgan. Uch yil davomida Arqamning uyi musulmonlar uchun uchrashuv joyi bo‘lib xizmat qildi. Bu uyda Hamza, Ammor, Mus’ab, Suhayb va boshqa ko‘plab taniqli sahobalar (roziyallohu anhum) shahodat kalimasini aytganlar.
Ushbu muborak uy hazrati Umardek islomning zabardast siymolaridan birining hidoyat topganiga guvoh bo‘lgan. O‘shanda Arqamning uyida suhbatlashib o‘tirgan musulmonlarga: “Uyga Umar ibn Xattob qurollangan holda yaqinlashib kelyapti”, degan xabar keldi. Sahobalar sergaklanishdi, hazrati Hamzaning qo‘li beixtiyor qilich dastasiga yugurdi. Umar ibn Xattob uyga kirgach, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga yaqinlashdilar va: “Ey Xattob o‘g‘li, Islomga kelsang bo‘lmaydimi?!” – dedilar. Bunga javoban Umar shahodat kalimasini aytib, islomni qabul qildi.
Shu voqeadan keyin musulmonlar Makkada emin-erkin yuradigan bo‘ldilar.
Arqam keyinchalik Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan Madinaga hijrat qilgan ilk musulmonlardan edi. U yerda u islomiy jamiyat va davlatni yaratishda va mustahkamlanishida ishtirok etdi. Badr, Uhud, Xandaq va boshqa janglarning qatnashchisi, savodli odam edi. Shu sababdan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning kotiblaridan biri bo‘lib, nozil qilingan vahiylarni yozgan.
Arqam o‘g‘li va yaqinlarining ehtiyojlari uchun vaqf qilgan, keyinchalik bir necha qo‘lga o‘tgan ushbu imorat o‘rta asrlarda Haramning kengaytirilishi munosabati bilan buzilgan va masjidga qo‘shib yuborilgan.
Arqam ibn Abu Arqam hijriy 54 yoki 55 yilda 80 yoshida vafot etadi. U zot Badr qatnashchilarining dunyodan eng oxirgi ko‘z yumganidir. Janozasi o‘z vasiyatiga ko‘ra sodiq do‘sti Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu tomonidan o‘qilib, Baqi’ qabristoniga qo‘yilgan.
Yoqub Umar tayyorladi