Avvalroq, 29 oktyabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Moskva shahrida o‘tkazilgan “Islom aqidasi va akademik islomshunoslik: hamkorlik va rivojlanish istiqbollari” nomli ilmiy-ma’rifiy anjumanda ishtirok etish uchun jo‘nab ketgani haqda xabar bergan edik.
Galimjon Barudi nomidagi X Xalqaro ilmiy o‘quvlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov hamda Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurov, Toshkent islom universiteti islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi direktori v.b. Jasur Najmiddinovlar ishtirok etdi.
Ushbu Xalqaro anjumanda O‘zbekiston vakillari o‘zlarining ma’ruzalari bilan ishtirok etib, O‘zbekistondagi holat, olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida anjuman ishtirokchilariga ma’lumot berdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining mustaqillik yillaridagi faoliyati,uning tasarrufidagi ta’lim muassasalaridagi ta’lim tizimi to‘g‘risida fikr yuritdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov o‘z nutqida O‘zbekistonning ko‘pmillatli ekani va ularning o‘zaro totuvlikda istiqomat qilayotganini aytib, diniy va millatlararo bag‘rikenglik yuqori darajaja shakllanganini qayd etdi.
O‘zbekiston zaminidan buyuk allomalar yetishib chiqqani, ular islom dinining taraqqiy etishiga ulkan hissa qo‘shganlarini islom olami tan olgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Xafs Nasafiy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayxon Beruniy, Burxoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Motrudiy, Abu Mo‘yin Nasafiylar jahon madaniyati rivoji yo‘lida faoliyat olib borganlar.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda fiqh, hadis, tafsir va aqida maktablarining ochilishi, haj va umraga boruvchilar uchun kvotalarning oshirilishi, masjidlar va diniy ta’lim beruvchi dargohlar sonining ko‘payishi mamlakatimizda yangi davr boshlanganini tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, ushbu anjumandan vakillarimiz chiqishlaridan fotolavhalarni havola etgan edi.
Saudiya Arabistonida xizmat safarida bo‘lib turgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklaridagi delegatsiya Makka shahridagi mehmonxonada ziyoratchilarimiz uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Soha rahbarlari bilan muloqotda bo‘lgan yurtdoshlarimiz muborak amallarni bekamu ko‘st ado etish uchun qilingan sharoitlardan benihoya mamnunliklarini izhor etib, mana shunday ezgu ishlarga rahnamolik qilayotgan muhtaram Prezidentimiz va mutasaddilardan cheksiz minnatdor ekanlarini bildirdilar.
Haqiqatan, hamyurtlarimiz uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Mazkur mehmonxonaning foyelari keng bo‘lib, qulay o‘rindiqlar joylashtirilgan va ziyoratchi o‘z xonasiga ko‘tarilmoqchi bo‘lsa, yetarli adadda liftlar ishlamoqda. Shu joyning o‘zidan ishchi guruh vakillari ziyoratchilarimiz talab-istaklariga doimo hozirjavob bo‘lishmoqda.
Har bir xonada yuvinish xonasi mavjudligi, sovutkich, muzlatkich, stol-stul, jurnal stoli, telefon, televizor va zamonaviy mebellar bilan jihozlanganini ta’kidlash kerak. Shuningdek, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz, Qur’oni karim va televizor ham mavjud.
Bir necha yuz kishilik oshxonada ibodatga quvvat bo‘ladigan uch mahal laziz taomlar, sarxil mevalar, salatlar, shirinliklaru sharbatlar tortiq qilinmoqda.
Mehmonxonada tibbiyot xonasi va ishchi guruhi shtabi tashkil etilgan bo‘lib, malakali shifokorlar va tajribali mutaxassislar uzluksiz ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda. Harami sharifga 24 soat davomida avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan.
Mana shunday sa’y-harakatlar yurtimizdagi “Inson qadri – ulug‘”, degan yuksak tamoyil fuqarolarimiz dunyoning qaysi burchagida bo‘lsa ham amalda ekanini yaqqol namoyon etadi. Shu bois ham muqaddas zaminlarda ulug‘ ibodat uchun yaratilgan qulaylik, e’tibor va ehtiromdan benihoya ruhlangan ziyoratchilarimiz muhtaram Prezidentimizga samimiy tashakkurlarini yetkazishni soha rahbarlaridan iltimos qildilar.
Muftiy hazratlari ziyoratchilarimiz bilan birga peshin namozini ado etib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi, haj va umra ibodatlari bardavom bo‘lishi va bu borada davlatimiz Rahbarining olib borayotgan ishlariga xayru baraka so‘rab duolar qildilar.