Islom hamkorlik tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Xalqaro Islom tashkiloti (ISESCO) shu yilning 1-2 noyabr kunlari Turkiyaning Istambul shahrida Islom madaniyati, san’ati va tarixi bo‘yicha xalqaro tadqiqotlar markazi – (IRCICA) bilan hamkorlikda Islom olamida mavjud bo‘lgan tarixiy va madaniy obidalarni muhofaza etish bo‘yicha xalqaro simpoziumni o‘tkazadi.
Mazkur simpoziumni o‘tkazishdan Islom olamidagi tarixiy va madaniy obidalarni asrashni rivojlantirish, ularni ayrim davlatlarda sodir bo‘layotgan beqaror vaziyatlar tufayli talafotlar yetishi kabi holatlarga uchrashining oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilishi maqsad qilingan.
Xalqaro simpozium ishtirokchilari xavfu xatarga duch kelayotgan madaniy obidalarni muhofaza etish borasidagi xalqaro va mintaqaviy muassasalar va tashkilotlarning rolini faollashtirish to‘g‘risida ham o‘zaro suhbatlar olib borishadi.
Simpozium yakunida “Islom olamida madaniy obidalarni asrashga doir Istambul bayonnomasi” qabul qilinadi va unda obidalarni asrashga doir tavsiyanomalar ishlab chiqiladi. Mazkur simpozium ishida (ISESCO) tashkiloti nomidan vakil sifatida tashkilotning madaniyat ishlari boshqarmasidagi yetakchi mutaxassisi Doktor Muhammad Yunus “Xalqaro (ISESCO) Islom tashkilotining Islom olamida madaniy obidalarni muhofaza etishdagi tashabbuslari va qarashlari” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etadi.
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakilligida viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov rahbarliklarida viloyat Adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar mutavallilari uchun yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda viloyat Adliya boshqarmasi mutaxassisi Z.Axmedxodjayeva, Yangi Namangan tumani kadastr bo‘limi boshlig‘i O.Usmanov, notarius A.Artiqovlar ishtirok etdilar.
Unda notiqlar tomonidan mutavalli masjid imom-xatibining xo‘jalik ishlari bo‘yicha yordamchisi, masjidlarning iqtisodiy faoliyatini yaxshilash, xodimlarning oylik ish xaqi bilan ta’minlash, qurilish-ta’mirlash ishlarini belgilangan tartib va me’yorlarga rioya qilgan holda amalga oshirish, masjid mulkini iqtisod qilish maqsadida geleokollektorlar o‘rnatish, mavjud qozonxonalarni xavfsiz hududlarga olib chiqish, ish yuritish nomenklaturasiga, ichki mehnat tartib qoidalariga va muomala madaniyatiga rioya qilish, masjidlarning tozalik va obodonlashtirish ishlariga mas’ul ekanini aytib o‘tildi.
Masjidlarning ta’sis xujjatlari, ish haqlarini me’yorlashtirish, yangi xodim ishga qabul qilinganda Adliya boshqarmasini onlayn xabardor qilish, masjidlardagi mavjud “tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni yuritish tartibi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Yig‘ilish davomida masjidlarning qo‘shimcha yer maydonlarini qonuniylashtirish, kadastr hujjatini rasmiylashtirish tartib-qoidalari va huquqiy oqibatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Yig‘ilish davomida qatnashchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati