Sayt test holatida ishlamoqda!
03 May, 2025   |   5 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:18
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:25
Xufton
20:50
Bismillah
03 May, 2025, 5 Zulqa`da, 1446

Faollashtirilgan ko‘mirning foydali jihatlari

01.11.2017   36453   7 min.
Faollashtirilgan ko‘mirning foydali jihatlari

Aktivlashtirilgan ko‘mir tabletkalari inson  salomatligidagi qanday muammolarni hal qiladi?


Aktivlashtirilgan ko‘mir — inson organizmini tozalashda dunyodagi eng qadimiy va ommaviy uslublardan biridir.

U ming yillar davomida sharq tabobatida, xususan xitoy tabobatida zaharlanishga qarshi vosita sifatida qo‘llanib kelgan.

Bizning davrimizda esa, bu vosita alkogol va giyohvandlik moddalari bilan zaharlanishda birinchi yordam vositasi sifatida ishlatiladi.

Detoksifikatsiya — aktivlashtirilgan ko‘mirning yolg‘iz shugina bo‘lmagan, bir qator xossalaridan eng asosiysidir.

Agar siz ovqat hazm qilish jarayonini yaxshilash, xolesterin miqdorini pasaytirish  va hatto qartayishni sekinlashtirish uchun tabiiy vosita izlayotgan bo‘lsangiz — aktivlashtirilgan ko‘mir bu sohada mislsiz vositadir.

Aktivlashtirilgan ko‘mirning salomatlik uchun

10 xil foydali xossalari:

1. Meteorizm va qorin dam bo‘lishidan foydali vosita  
Qorin dam bo‘lishi hammada ham sodir bo‘lib turadi. Mutaxassislar fikricha, har bir kishi sutkasiga 14 marta damdan forig‘ bo‘lib turishi me’yoriy-tabiiy holat hisoblanadi. Lekin sizni meteorizm yoki og‘riqli qorin dam bo‘lishi bezovta qilayotgan bo‘lsa, bunda sizga aktivlashtirilgan ko‘mir yordam beradi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ovqat iste’molidan oldin aktivlashtirilgan ko‘mir tabletkalari iste’mol qilinganida,  ichaklarda yig‘ilgan gazlar miqdori sezilarli ravishda qisqaradi.

2. Xolesterin miqdorini pasaytirish

Xolesterin miqdorining ko‘payishi yurak-qon tomir kasalliklari kelib chiqish ehtimolini ikki barobarga ko‘paytiradi.

Bir oy mobaynida 8 g miqdordagi aktivlashtirilgan ko‘mir tabletkasidan uch mahal ichib yurgan kishilarda LDL-zararli xolesterin miqdori 41% ga pasayganini, va foydali  HDL-xolesterin esa, 8 % ga ko‘payganini tadqiqotlar isbotladi.

3. Buyraklar salomatligini asrash
Har kuni inson buyraklari taxminan 115-140 litr qonni tozalab beradi, natijada  chiqindi va ortiqcha suyuqliklardan iborat 1-2 litr peshob ajratib beradi. Jigar bilan birgalikda buyraklar Yaratganning tabiatdagi eng mukammal tozalab beruvchi tizimini tashkil etadi.

Lekin ovqatlanish davomida shakar, tuz, jonivorlar oqsili, yog‘lar va turli konservantlarni haddan tashqari suiste’mol qilish turli kasalliklar va buyrak faoliyatida yetishmovchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Aktivlashtirilgan ko‘mir peshob, boshqa zaharli va zararli suyuqliklarni organizmdan chiqarib yuborishi sababli, bu foydali tabiiy shifobaxsh vosita buyraklar salomatligini saqlashda beqiyos yordam beradi.

4. Ovqatlanishdan sodir bo‘lgan zaharlanishni tezda baotaraf qilish

Ovqatlanishdan sodir bo‘lgan zaharlanish holati kishilar o‘rtasida keng tarqalgan hodisa — faqat birgina AQSHda har yili kishilar o‘rtasida 48 mln zaharlanish holati qayd etiladi.
Ko‘ngil aynishdan, ich ketishidan, qorinda bo‘ladigan og‘riqdan, ovqatlanishdan bo‘ladigan zaharlanishdan so‘ng yo‘qotiladigan kunlardan himoyalanish usullaridan biri bu — mazkur noxush holatlar kuzatilganining dastlabki lahzalaridayoq aktivlashtirilgan ko‘mir tabletkalaridan iste’mol qilish.  Aktivlashtirilgan ko‘mir iste’mol qilish ovqatlanishdan kuzatiladigan zaharlanishda ham tavsiya etiladi, chunki u toksin (zaharli) moddalarni bartaraf qiladi.

5. Terining mayin va yumshoq bo‘lish siri

Kir va yog‘ teridagi teshikchalarni bekitib qo‘yadi. Ular yuz terisiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, insonni qarimsiq qilib ko‘rsatadi, terini tozalash uchun ishlatiladigan zamonaviy vositalar esa, zararli kimyoviy moddalar bilan to‘yintirilgan.

 Aktivlashtirilgan ko‘mir go‘yo magnit kabi teri teshikchalaridan kir va yog‘larni so‘rib oladi, terini toza, musaffo va yumshoq holga keltiradi.

6. Ipakdek tovlanadigan sochlar 

Inson terisining ko‘rkamligi va chiroyiga zarar yetkazuvchi toksinlar, kir va yog‘lar sochlarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, ular ko‘rinishini noxush va ko‘rimsiz holatga olib keladi.

Aktivlashtirilgan ko‘mir soch follikullari(tuxum hujayra, soch ildizi to‘qimalari)ni tozalaydi, uni ipakdek mayin va chiroyli tovlanadigan qiladi. Ekologik zararli ximikatlardan iborat shampunlardan farqli o‘laroq,     aktivlashtirilgan ko‘mir 100 % ekologik toza, tabbiy moddalardan tashkil topgan vositadir.

7. Tishlarni sadafdek oqartirish

Tish cho‘tkasiga       aktivlashtirilgan ko‘mirni maydalab sepib, haftasiga 2-3 marta tishlar yuvilsa, kifoya qiladi. Aktivlashtirilgan ko‘mir tish emalini tozalaydi, tishlar sirtida paydo bo‘layotgan keraksiz kir qatlamini mikroskopik zarralardan tozalab, asl-musaffo holiga keltiradi.

8. Og‘izdan yoqimli hid kelishi

Og‘izdan keladigan noxush hiddan forig‘ bo‘lishda ham aktivlashtirilgan ko‘mir qo‘l keladi. Bu nafaqat noxush hidni yo‘qotuvchi vosita, balki og‘iz bo‘shlig‘idagi kislota-ishqor muvozanatini me’yoriga keltiruvchi tabiiy vositadir, bu esa tish va milklarni har xil kasalliklar va bakteriyalardan himoyalaydi. Tishingizni aktivlashtirilgan ko‘mir bilan tozalang, hayajonlanishga o‘rin yo‘q, u mazaga ega emas, qoraligi ham sizni o‘ylantirmasin, og‘izni g‘arg‘ara qilib yuvilganda ko‘mir rangi ham yuvilib ketadi.

9. Erta qartayishning oldini olish

Aktivlashtirilgan ko‘mir faolligi insonni yoshartirishi, teri va sochlarga chiroy berishi, tishlarni sadafdek oqartirishi bilan cheklanmaydi. Aktivlashtirilgan ko‘mir tabletkalarini muntazam iste’mol qilish sog‘lom hujayralarni o‘ldirib, tananing erta qartayishiga sabab bo‘luvchi zararli toksin va shlaklarni organizmdan chiqarib yuborishi ilmiy tadqiqotlar asosida isbotlangan.

10. Ovqat hazm qilish tizimini tozalash

Sabzavot va mevalardagi pestitsidlar, hayvonni so‘yilmasidan oldin uni semirtirish uchun qo‘shiladigan go‘shtidagi gormonlar, ichimlik suvlardagi kimyoviy moddalar  — biz o‘ta toksik shart-sharoitlarda yashayapmiz.

Bu zararli moddalar inson organizmi oshqozon-hazm tizimida  yig‘ilib boradi, bu esa, shamollash kasalliklarini keltirib chiqaradi va kuch-quvvatni kesadi. Mustahkam sog‘lik va yaxshi kayfiyat uchun oshqozon-ichaklar hazm tizimini muntazam tozalab turish lozim. Bu maqsadga erishishning eng yaxshi vositasi — aktivlashtirilgan ko‘mir tabletkalarini iste’mol qilish. Yetti kun ko‘mir tabletkalari bilan detoksifikatsiya (zararli moddalardan organizmni tozalash) qilish — sizning salomatligingizni tiklashga asosdir. 

Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi

31 oktyabr 2017 yil

 

 

 

Tabobat
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir

03.05.2025   4550   7 min.
O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir

Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda. 
 

Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan.


Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.


Farmon asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan.


Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.


Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir.


Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.


Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:


Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.

Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.


Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:


O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.

Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.


Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.


Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.


Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.


Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:


Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.

Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,

Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.


Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.


Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.


Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari

O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir
Ibratli hikoyalar