Saidakmal aka taqvoli, imon-e’tiqodi mustahkam kishi. U bir necha yillar davlat tashkilotlarining birida hisobchi bo‘lib ishladi. Ish jarayonida halollikni o‘z vijdon burchi deb bilib, birovlarning haqiga xiyonat qilmadi. Halolligi uchun ham ilk ishga kirgan joyida nafaqaga chiqquniga qadar ishladi. Umr yo‘ldoshi Oynisa opa ham mulohazali, og‘ir-bosiq ayol. Ikki oqil insonning o‘stirgan ikki qiz va bir o‘g‘il farzandlari ham ota-onalari singari taqvoli bo‘lib ulg‘aydilar. Ular farzandlariga doimo halollikdan, poklikdan saboq berdilar. Ayniqsa, ular dilbandlariga quyidagi o‘gitni qayta-qayta aytishni kanda qilishmasdi. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Odam farzandida hamma narsa qariydi, lekin hirs va orzu-havas qarimaydi”, dedilar» (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati). Sizlar esa, hamisha hirsni o‘ldirib, bo‘lar-bo‘lmas orzu-havasga qul bo‘lmanglar, deya uqtirishardi.
Oradan yillar o‘tdi. Ikki qizni o‘qitishib, hunarli qilib, turmushga uzatishdi. Nima ham bo‘ldi-yu, kichik qiz Ma’sumaning turmushi buzildi. U o‘g‘ilchasi Shahobiddin bilan ota uyga qaytib keldi. Akasi Saidikrom har kuni darsdan keliboq Shahobiddinni suyub erkalar, ko‘tarib olib ko‘chalarda o‘ynatib kelardi...
Saidikrom o‘qishini bitirgach, mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashdi. Ota-ona uni orzu-umidlar bilan uylantirishdi. Kelin bir farzandli bo‘lgunicha yugurib-yelib uy ishlarini qildi. Farzandi dunyoga kelganidan so‘ng kelinning ko‘ngliga nafs shaytonlari in qurdi: “Bu kichikkina hovlida mening bolam sig‘adimi yoki Ma’sumaniki? U ham bu hovliga ega chiqadimi?”
Kelin shu o‘ylar girdobida har xil bahonalar bilan uyda janjal chiqarar, tun bo‘yi eriga Ma’sumani, murg‘ak Shahobiddinni yomonlardi. Inson baribir xom sut emgan banda-da. Qulog‘iga tun bo‘yi shivirlangan bo‘htonlar o‘z kuchini ko‘rsatmay qo‘ymadi. Saidikrom ko‘ngli yarim singli bilan gaplashishni o‘ziga ep ko‘rmaydigan, gapirganda ham jerkib gapiradigan bo‘lib qoldi. Shahobiddin “tog‘ajon!” deb yugurib kelsa, quchoq ochish o‘rniga burilib ketadigan qiliq chiqardi. Saidakmal aka ham, Oynisa opa ham o‘g‘illariga har qancha nasihat qilishmasin, qulog‘iga olmadi. O‘g‘lining bu xatti-harakatlaridan ajablangan ota “Biz bola tarbiyasida qayerda adashdik? Qayerda xato qildik? O‘g‘lim nega tug‘ishgan singlisiga nisbatan bunchalik g‘arazlik qilyapti?”, deya o‘yga botdi.
Farzand tarbiyasiga bir tomonlama yondashmaslik kerak. Saidakmal aka va Oynisa opa bolalarini bir mo‘minda bo‘lishi kerak bo‘lgan fazilatlar bilan tarbiya qildi-yu, faqat bir tomonini unutishgandi. Ularni bir-biri bilan mehr-oqibatli, yaxshi kunida ham, yomon kunida ham bir-biriga yelka tutib berishi lozimligini uqtirishmagani oilaga fojeani boshlab keldi. Natijada oiladagi mojaro kun sayin avj ola boshladi. Ma’suma ota-onasiga bildirmay yig‘lar, uydan chiqib ketishga esa chorasiz edi. Hamkasbining zo‘rlovi natijasida qo‘shni viloyatdan kelib-ketib yuradigan bir tadbirkor yigit bilan tanishdi. Yigit ham imonli, diyonatli chiqdi. U Ma’sumaning oilada qiynalib yashayotganini eshitib, uni o‘z qaramog‘iga olishga, baxtli qilishga, farzandiga chin otalik qilishga ahd qildi.
Ha, Ma’suma bir yaxshi insonning ahdi bilan baxtini topib ketdi. Ota-onaning bag‘ri huvillab, Saidikrom va uning nafsga qul xotinini quvontirib olis-olislarga, ammo baxt qasriga ketdi... Saidikrom esa xotiniga qo‘shilib nafsga qul bo‘lgani, singlisiga, jiyaniga qilgan qo‘rs muomalasi uchun ota-onasi oldida, vijdoni oldida qanday javob berishni bilmay o‘ylovda qoldi. Bu to‘rt kunlik dunyoda mol-dunyoga hirs qo‘yish kishi yuzini shuvit qilishini u endi anglab yetgandi.
Zebo OMONOVA
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.