Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Baxt qasri

30.10.2017   6883   4 min.
Baxt qasri

Saidakmal aka taqvoli, imon-e’tiqodi mustahkam kishi. U bir necha yillar davlat tashkilotlarining birida hisobchi bo‘lib  ishladi. Ish jarayonida  halollikni o‘z vijdon burchi deb bilib, birovlarning haqiga xiyonat qilmadi. Halolligi uchun ham ilk ishga kirgan joyida nafaqaga chiqquniga qadar ishladi. Umr yo‘ldoshi Oynisa opa ham mulohazali, og‘ir-bosiq ayol. Ikki oqil insonning o‘stirgan ikki qiz va bir o‘g‘il farzandlari ham ota-onalari singari taqvoli bo‘lib ulg‘aydilar. Ular farzandlariga doimo halollikdan, poklikdan saboq berdilar. Ayniqsa, ular dilbandlariga quyidagi o‘gitni qayta-qayta aytishni kanda qilishmasdi. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Odam farzandida hamma narsa qariydi, lekin hirs va orzu-havas qarimaydi”, dedilar» (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati). Sizlar esa, hamisha hirsni o‘ldirib, bo‘lar-bo‘lmas orzu-havasga qul bo‘lmanglar, deya uqtirishardi.

Oradan yillar o‘tdi. Ikki qizni o‘qitishib, hunarli qilib, turmushga uzatishdi. Nima ham bo‘ldi-yu, kichik qiz Ma’sumaning turmushi buzildi. U o‘g‘ilchasi Shahobiddin bilan ota uyga qaytib keldi. Akasi Saidikrom har kuni  darsdan keliboq Shahobiddinni suyub erkalar, ko‘tarib  olib ko‘chalarda o‘ynatib kelardi...

Saidikrom o‘qishini bitirgach, mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashdi. Ota-ona uni orzu-umidlar bilan uylantirishdi. Kelin bir farzandli bo‘lgunicha yugurib-yelib uy ishlarini qildi. Farzandi dunyoga kelganidan so‘ng kelinning ko‘ngliga nafs shaytonlari in qurdi: “Bu kichikkina hovlida mening bolam sig‘adimi yoki Ma’sumaniki? U ham bu hovliga ega chiqadimi?”

Kelin shu o‘ylar girdobida har xil bahonalar bilan uyda janjal chiqarar, tun bo‘yi eriga Ma’sumani, murg‘ak Shahobiddinni yomonlardi. Inson baribir xom sut emgan banda-da. Qulog‘iga tun bo‘yi shivirlangan bo‘htonlar o‘z kuchini ko‘rsatmay qo‘ymadi. Saidikrom  ko‘ngli yarim singli bilan gaplashishni o‘ziga ep ko‘rmaydigan, gapirganda ham jerkib gapiradigan bo‘lib qoldi. Shahobiddin “tog‘ajon!” deb yugurib kelsa, quchoq ochish o‘rniga burilib ketadigan qiliq chiqardi. Saidakmal aka ham, Oynisa opa ham o‘g‘illariga har qancha nasihat qilishmasin, qulog‘iga olmadi. O‘g‘lining bu xatti-harakatlaridan ajablangan ota “Biz bola tarbiyasida qayerda adashdik? Qayerda xato qildik? O‘g‘lim nega tug‘ishgan singlisiga nisbatan bunchalik g‘arazlik qilyapti?”, deya o‘yga botdi.

Farzand tarbiyasiga bir tomonlama yondashmaslik kerak. Saidakmal aka va Oynisa opa bolalarini bir mo‘minda bo‘lishi kerak bo‘lgan fazilatlar bilan tarbiya qildi-yu, faqat bir tomonini unutishgandi. Ularni bir-biri bilan mehr-oqibatli, yaxshi kunida ham, yomon kunida ham bir-biriga yelka tutib berishi lozimligini uqtirishmagani oilaga fojeani boshlab keldi. Natijada oiladagi mojaro kun sayin avj ola boshladi. Ma’suma ota-onasiga bildirmay yig‘lar, uydan chiqib ketishga esa chorasiz edi. Hamkasbining zo‘rlovi natijasida qo‘shni viloyatdan kelib-ketib yuradigan bir tadbirkor yigit bilan tanishdi. Yigit ham imonli, diyonatli chiqdi. U Ma’sumaning oilada qiynalib yashayotganini eshitib, uni o‘z qaramog‘iga olishga, baxtli qilishga, farzandiga chin otalik qilishga ahd qildi.

Ha, Ma’suma bir yaxshi insonning ahdi bilan baxtini topib ketdi. Ota-onaning bag‘ri huvillab, Saidikrom va uning nafsga qul xotinini quvontirib olis-olislarga, ammo baxt qasriga ketdi... Saidikrom esa xotiniga qo‘shilib nafsga qul bo‘lgani, singlisiga, jiyaniga qilgan qo‘rs muomalasi uchun ota-onasi oldida, vijdoni oldida qanday javob berishni bilmay o‘ylovda qoldi. Bu to‘rt kunlik dunyoda mol-dunyoga hirs qo‘yish kishi yuzini shuvit qilishini u endi anglab yetgandi.

                                                                                  Zebo OMONOVA

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Fotiha surasi duosi

9.01.2025   2576   1 min.
Fotiha surasi duosi

Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV