Afrika davlatlaridan biri bo'lgan Gambiyada odamlar Ramazonga kamida bir oy yoki boshlanishidan bir necha hafta oldin tayyorgarlik ko'radi. Aksariyat kishilar Ramazondan oldin etarli miqdorda oziq-ovqat sotib olishga haraqat qiladi. Badavlat insonlar kambag'al va miskinlarga iftorlik uchun oziq-ovqat tarqatadi.
Bundan tashqari, turli shirkatlar ro'zadorlar uchun kundalik yoki haftalik iftorlik dasturxoni uyushtiradi. Ba'zi xayriya tashkilotlari va ko'ngilli guruhlar iftorlik dasturxoni tayyorlashadi, undan yo'lovchilar va ehtiyojmand kishilar iftorlik qilishadi. Taom berish hatto musulmon bo'lmagan qo'shnilarga ham taalluqli. Bularning barchasi Islom dini boshqalarga g'amxo'rlik qilishga asoslanganligi bilan asoslanadi.
Islom Gambiyadagi asosiy din bo'lib, aholining 95% bu dinga e'tiqod qiladi. Shuning uchun Islom butun tarixi davomida Gambiya madaniyati, jamiyati va siyosatiga ta'sir ko'rsatgan va hatto bir oy davomida ham shunday bo'lib qoladi. Ramazonda ijtimoiy tadbirlarda deyarli hamma, jumladan, musulmon bo'lmaganlar ham ishtirok etadi.
Taroveh
Tarovih namozlari (Ramazon oyining har kechasi shom namozidan keyin o'qiladigan ibodatlar) Gambiya musulmonlari faol ravishda intiqlik bilan kutadigan va qatnashadigan ibodatdir. Ba'zi oilalar buni ko'pincha oila boshlig'i bilan uyda o'tkazishni afzal ko'rsalar, aksariyati namoz o'qish uchun masjidga boradi. Masjid bo'lmagan deyarli barcha ko'chalarda ham taroveh jamoat bilan o'qiladi.
Qadr kechasi
Muqaddas oyning so'nggi o'n kunligi musulmonlar jamoati tomonidan Allohga yanada shiddatli ibodat qilishiga guvohlik beradi. Chunki, “Laylatul Qadr” (bir kechada ibodat ming oylik ibodatga teng bo'lgan bir kecha) Ramazon oyining oxirgi o'n kunligiga to'g'ri keladi, deb ishoniladi. Gambiyada Ramazon oyining 27-kechasi Qadr kechasiga to'g'ri kelishi ehtimoli ko'proq ekanligiga ishonishadi. Tahajjuddan tashqari, ko'p odamlar, ayniqsa musulmonlar bu kechani tong otguncha tashkil etilgan tilovat, zikr va boshqa diniy tadbirlar bilan nishonlaydilar.
Qadr kechasi (Ramazon oyining 27- kechasi) iftorlik qilganidan keyin bolalar, hatto kattalar ham uyma-uy yurib Ramazon nashidasini aytishadi, buning evaziga shirinlik, pul kabi sovg'alar oladilar.
Iyd al-Fitr
Ramazon oyida 29 yoki 30 kunlik ro'za tutib, Allohga sidqidildan ibodat qilishning cho'qqisi Ramazon hayitidir. Bu mahalliy xalqda "Koriteh" deb nomlanadi va bu quvonch va Qudratli Allohga minnatdorchilik lahzasidir.
Ramazon hayiti kuni odamlar, asosan, erkaklar va bolalar hayit namoziga qatnashish uchun yangi an'anaviy liboslar kiyib, undan so'ng oila a'zolari, do'stlar va yaqinlar bir-birini ziyorat qilib, duolar qilib, bir-birlaridan kechirim so'rashadi. Tushlikdan so'ng, ko'pincha yangi kiyim kiygan yoshlar qo'shnilar, qo'shni jamoalar yoki boshqa joylardagi oila a'zolariga tashrif buyurib, sovg'a so'rashadi.
Qishloqdagi tushlik vaqtida oilalar tushliklarini “pantaba”ga (qishloq maydoni) olib boradilar, u erda qishloq aholisi odatda birga eb-ichadilar, ibodat qilib, Allohdan kechirim so'rashadi.
Diniy bag'rikenglik
Gambiya juda diniy bag'rikeng jamiyat sifatida tanilgan. Musulmonlar va nasroniylar, mamlakatda mavjud bo'lgan yagona ikkita din, o'zaro aloqada bo'lib, ularga tegishli odamlar kabi aralashadilar. Ikki jamoa har bir dinning diniy bayramlarini nishonlaydi. Ramazon oyida musulmon bo'lmaganlarning aksariyati Ramazon va musulmonlarni hurmat qilgan holda kun davomida jamoat joylarida ovqatlanmaslikni afzal ko'radi.
Bayram kuni masihiy dinidagilar musulmonlarni bayramga taklif qilishadi. Ba'zi musulmonlar nasroniy qo'shnilarini oziq-ovqat bilan ta'minlaydilar.
O'MI xodimi I.Ahmedov tayyorladi
Masjidi Nabaviy Madina shahrida joylashgan bo‘lib, Islom tarixidagi eng muqaddas joylardan biridir. Masjid Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan hijratning birinchi yilida, 622 yili barpo etilgan va musulmonlar uchun Makkadagi Masjidul Harom va Quddusdagi Masjidul Aqsodan keyingi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Masjidi Nabaviydagi mehroblar masjidning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini aks ettiradi.
Mehrob – masjidda namoz vaqtida imom turadigan va qiblani ko‘rsatuvchi joy. Masjidi Nabaviydagi kengaytirishlar va qayta qurish jarayonlarida mehroblar o‘zgarib borgan. Masjidning dastlabki ko‘rinishi sodda shaklda bo‘lib, mehrob ham biror bir narsa bilan belgilanmagan. Keyinchalik, Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar va Saudiylar davrida mehroblar naqshinkor san’at namunalari bilan bezatildi.
1. Payg‘ambar mehrobi. Mehrobi Nabaviy Masjidi Nabaviydagi eng muhim va asosiy mehrobdir. Mehrob Ravzada, Payg‘ambar alayhissalomning qabrlari va minbarlari orasida joylashgan. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida U zot namoz o‘qigan joyda biror belgi bo‘lmagan, 707-710 yilda ilk bor Umaviy xalifasi Valid ibn Abdulmalik tomonidan bu joyga birinchi mehrob o‘rnatilgan.
Masjidda hozirgi shakldagi mehrob 1482 yilda Mamluk sultoni Qaytbey tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik Usmonlilar va Saudiya podshohi Fahd davrlarida ta’mirlangan. Mehrob tilla bilan qoplangan xattotlik yozuvlari va go‘zal naqshlar bilan bezatilgan.
2. Usmoniy mehrobi. Mehrobi Usmoniy hozirda ko‘p foydalaniladigan asosiy mehrob bo‘lib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrida 651 yilda masjid kengaytirilganidan qurilgan. Qibla devorining markazida joylashgan Usmon ibn Affon mehrobi o‘rnida dastlab belgi bo‘lgan.
3. Mehrobi tahajjud. Mehrob Payg‘ambar alayhissalom tahajjud namozini o‘qigan joyni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tungi namozlarini Masjidi Nabaviyning ustunlaridan biri yonida o‘qir edilar. Keyinchalik bu ustun yonida mehrob qurildi, ammo so‘nggi yillardagi qayta ta’mirlash ishlarida olib tashlandi va uning o‘rniga Qur’oni karim mus'haflari uchun kitob javoni o‘rnatilgan.
4. Sulaymoniy mehrobi. Mehrobi Sulaymoniy Hanafiy mehrobi deb ham nomlanadi. Sulaymoniy mehrobi Ravzadan tashqarida, Payg‘ambar alayhissalom minbarlarining o‘ng tomonida joylashgan. Bu mehrob hanafiy mazhabidagilarning namozgohi bo‘lgan. 1532 yili Sulton Sulaymon I buyrug‘i bilan bunyod etildi.
5. Fotima mehrobi. Fotima rohiyallohu anho uylari yaqinida, tahajjud mehrobining janubida, Nabiy alayhissalom hujralari atrofida joylashgani, maqbara o‘ralgani bois mehrob ko‘rinmaydi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.