Makkai mukarramadagi Masjidul Harom masjidi maxsus xavfsizlik xizmati vakili Samih Sulamining aytishicha, Zam-zam qudug‘iga tutashgan mintaqalardagi yangi obyektlarni ishga tushirish loyihasini boshlash va tavof maydonidagi kengaytirish ishlarini yakuniga yetkazish doirasida tavof maydonining katta bo‘lagi qisqartirildi. Natijada haj va umra xavfsizlik xizmati loyihani bajarish jarayonida tavof maydonida izdihomning oldini olish hamda ziyoratchilarning xavfsizligi va sog‘ligiga ahamiyat qaratish maqsadida bir qator zarur choralarni ko‘rib, reja tuzishdi. Ushbu rejaga ko‘ra, tavofga kirish yo‘li Podshoh Fahd eshigiga olib keluvchi yer osti yo‘llaridan eskalator vositasida Harami sharifga kirish yo‘li orqali amalga oshiriladi. Ziyoratchilar tavof maydonidan sa’y maydoniga Fath eshigidagi yo‘lak orqali o‘tishadi. Tavof maydonidan foydalanishga faqat umra ziyoratchilari uchun ruxsat beriladi. Hozirda yer qavati va birinchi qavatdagi tavof aylanasi maydonchasi umra ziyoratchilari uchun tayyorlab qo‘yildi.
Samih Sulami baytulloh ziyoratchilarini o‘z salomatliklarini muhofaza etishlari uchun xavfsizlik mas’ullari bilan hamkorlik qilishga va tegishli ko‘rsatmalarga rioya etishga chaqirdi.
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Ilyos AHMЕDOV
tayyorladi
Xabar berganimizdek, Saudiya Arabistonida Podshoh Abdulaziz nomidagi Qur’oni karim hifzi, qiroati va tajvidi bo‘yicha 45-xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqaning “Hifz” yo‘nalishida “Ko‘kaldosh” bilim yurti talabasi Shukurbek qori Shuhratbekov va “Qur’oni karimning 15 juzini tajvid bilan yoddan o‘qish” yo‘nalishida esa “Sayyid Muhyiddin maxdum” bilim yurti talabasi Dostonbek qori Sodiqov ishtirok etmoqda.
Qorilarimiz mazkur musobaqaning saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, yakuniy bosqichga etib keldi.
Bugun Toshkent vaqti bilan 18:30 da yurtimiz vakillari musobaqaning yakuniy bosqichida ishtrok etadi.
Alloh taolodan Vatanimiz sha’nini himoya qilayotgan qorilarimizga muvaffaqiyat so‘raymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati