2017 yil 29 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurov va Toshkent islom universiteti islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi direktori v.b. Jasur Najmiddinov Moskva shahrida o‘tkaziladigan “Islom aqidasi va akademik islomshunoslik: hamkorlik va rivojlanish istiqbollari” nomli ilmiy-ma’rifiy anjumanda ishtirok etish uchun jo‘nab ketishdi. Ushbu anjuman o‘z ishini 2017 yil 29–31 oktyabr kunlari olib boradi.
Mazkur anjumanning borishi va unda ko‘tarilgan masalalar to‘g‘risida saytimizda yoritib boramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati