Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2025   |   26 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:08
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:25
Bismillah
21 Iyul, 2025, 26 Muharram, 1447

Alloh taolo nega Fir’avnning iymonini qabul etmagan?

24.10.2017   9301   7 min.
Alloh taolo nega Fir’avnning iymonini qabul etmagan?

Sizlar sababli (o‘tib olishlaringiz uchun) dengizni (o‘n ikki yo‘lakka) bo‘lib, sizlarni qutqarganimiz, ko‘z o‘ngingizda Fir’avn lashkarini g‘arq qilganimizni ham eslangiz” (Baqara surasining 50-oyati).

Jabroil alayhissalom kunlarning birida Fir’avnning huzuriga inson qiyofasida keldi va unga o‘z qullarining birining ustidan shikoyat qildi.

– Men unga juda ko‘p yaxshiliklar qilaman. Ammo u har doim ko‘rnamaklik qiladi, mening amrlarimga qarshilik qiladi. U hatto o‘zini mening nomim bilan atab, boshqalarni o‘ziga qul qilib olibdi.

– U juda bemaza odam ekan-ku, – dedi Fir’avn.

– Bunday odamga qanday jazo bersa bo‘ladi? – deb so‘radi Jabroil alayhissalom.

– Uni suvga cho‘ktirish kerak, – deb javob berdi Fir’avn. 

– U holda ana shu hukmni menga yozib ber, – dedi Jabroil alayhissalom.

Fir’avn o‘zining qarorini qog‘ozga yozib berdi va o‘sha zahoti Jabroil alayhissalom o‘sha joydan g‘oyib bo‘ldi.

Qur’oni karimda  Alloh taolo Muso va Xorun alayhissalomlarga Fir’avnning oldiga borib unga:  

– Ey Fir’avn! Sen to‘rt yuz yil yashading va hali ham hukmdorsan. Senga bular kam ko‘rinib, odamlarga o‘zingni iloh deb tanishtira boshlading. Sendan oldin yashagan dahriylar ham xuddi shunday qilgan edi. Sen shuni bilishing kerakki, to‘g‘ri yo‘lga tushib olishing uchun qirq yil umring qoldi. Agar sen Alloh taologa bir martagina “Sen mening Rabbimsan”, desang, Parvardigori olam sening barcha gunohlaringni kechib yuboradi. Umring esa yana ming yilga uzayadi.  Rabbimiz senga yer osti xazinalari qayerda ekanini ma’lum qiladi va sen butun olam hukmdoriga aylanasan.

Bu gaplarni eshitgan Fir’avn ularga mehribonchiliklar ko‘rsatib, turli noz-ne’matlar bilan mehmon qildi.  

Keyin esa:

– Menga ozgina fursat bering, shu masalada vazirim bilan bir maslahatlashib, uning fikrini ham bilayin, – deb izn so‘radi.

Fir’avn Muso alayhissalom aytgan gaplarni vaziri Homonga aytib undan maslahat so‘radi.

Uning gaplarini eshitgan Homon:

– Ey Fir’avn! Butun olam oyog‘ing ostida yotganda kimningdir bandasi bo‘lmoqchimisan? – dedi. u dedi, bu dedi, xullas, Fir’avnni Muso va Xorun alayhissalomlarning e’tiqodiga ergashishdan qaytarishga erishdi.

Shunday qilib, Fir’avn johillikda va kufrda qoldi hamda hayotining oxirgi yillarida xalqiga zulm o‘tkaza boshladi. Alloh taolo Fir’avn va uning qavmini halokatga uchratish haqida qaror qilganidan keyin Muso alayhissalomga:

– Bugun tunda o‘z xalqing bilan shahardan chiq! – deya amr qildi.

Muso alayhissalom Parvardigorning amriga muvofiq shaharni tashlab chiqdi. “Al-Kashshofiy”da aytilishicha, Muso alayhissalom o‘zining yetmish ikki oiladan iborat ummati bilan Misrga ko‘chib o‘tadi. Ularning avlodlari Misrni tashlab chiqqan vaqtda esa ularning soni olti yuzdan oshib ketgan edi. Fir’avn o‘zining bir millionlik qo‘shini bilan ularni ta’qib etadi. Jabroil alayhissalom Faras al-Hayat laqabli baytalni minib Fir’avn qo‘shinining oldida borar edi. Mikoil alayhissalom esa Fir’avn qo‘shinining ortidan kuzatib boradi. Isroil avlodlari:

– Fir’avn ortimizdan quvlab kelyapti, hademay yetib oladi, endi nima qilamiz? – deya vahimaga tushadi.

Alloh taolo Muso alayhissalomga:

– Qo‘lingdagi asongni suvga ur (Qizil dengiz)! – deb buyuradi.  Muso alayhissalom asosini suvga urganda o‘n ikkita yo‘lak ochiladi. Isroil avlodlari ana shu yo‘laklardan dengizning narigi qirg‘og‘iga o‘tib oladi.  Dengizdan o‘tayotgan choqda ular bir-birini ko‘rmaydi va juda qattiq qo‘rqadi. Alloh taolo ular bir-birini ko‘rishi uchun suvga ochiq bo‘lishni buyuradi. Suvda teshiklar paydo bo‘ladi. Undan keyin ular bir-biri bilan gaplashib yo‘lda davom etadi. Hech kim zarar ko‘rmasdan hammasi sog‘-salomat o‘tib oldi.

Alloh taolo Qur’oni karimda: “Sizlar sababli (o‘tib olishlaringiz uchun) dengizni (o‘n ikki yo‘lakka) bo‘lib, sizlarni qutqarganimiz, ko‘z o‘ngingizda Fir’avn lashkarini g‘arq qilganimizni ham eslangiz” (Baqara surasining 50-oyati), deya bizga bu voqeaning xabarini bergan.

“Tafsir al-Kabira”da quyidagicha izoh beriladi: “Fir’avn qo‘shini bilan dengiz qirg‘og‘iga yetib kelgan choqda ular suv ichida yo‘laklar paydo bo‘lganini ko‘radi. Shunda Fir’avn odamlariga qarata: “Ko‘rdinglarmi, suvdan men uchun o‘n ikkita yo‘lak ochildi”, deydi. U bilan kelganlarning barchasi unga ishonadi va qarshi tarafga o‘tmoqchi bo‘lib suvdagi yo‘laklarga kirib yura boshlaydi. Shu vaqt Iblis paydo bo‘lib, ularning suvga kirishiga xalaqit qilmoqchi bo‘ladi. Biroq Jabroil alayhissalom Fir’avnning otini suvga qarab sudraydi, Mikoil alayhissalom esa qo‘shinni orqasidan itara boshlaydi. Shunday qilib, Qizil dengizga birinchi bo‘lib Fir’avn, uning ortidan qo‘shini kiradi. Suvning ochiq joylari yopiladi va ularning hammasi halok bo‘ladi. Isroil avlodlari xatardan xoli bo‘ladi.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

– Fir’avn suvga g‘arq bo‘lishini bilganidan keyin: “Men Alloh taologa Isroil avlodlari ishongandek ishongan edim”, deydi.

Alloh taolo bunga javoban:”

– Sen har doim itoatsizlik qilar eding, o‘liming ko‘zingga ko‘rinib har tarafdan umid uzganingdan keyin iymonga kelib qoldingmi! Bu holatdagi iymon qabul qilinmaydi, – deydi.

Rivoyatlarga ko‘ra, Fir’avn iymon keltirganini yetmish marta aytib Jabroil alayhissalomdan yordam so‘ragan. Ammo Jabroil alayhissalom yordam bermagan.  Alloh taolo Jabroil alayhissalomga: “Fir’avn sendan yetmish marta yordam so‘radi, agar Mendan bir martagina yordam so‘raganida darhol yordam bergan bo‘lar edim”, deydi. Fir’avn Jabroil alayhissalomdan yordam so‘raganida Jabroil alayhissalom unga bir vaqtlar o‘zi yozib bergan hukmni ko‘rsatadi. Fir’avn o‘lganidan so‘ng Muso alayhissalom shu haqda o‘z xalqiga gapirib beradi. Ammo Isroil avlodlari unga ishonmaydi.  

– Yo‘q, u o‘lmagan, – deydi ular.

Shunda Alloh taolo suvga amr etadi va suv Fir’avnning shishib ketgan tanasini qirg‘oqqa chiqarib tashlaydi. Buni ko‘rib ular uning o‘lganiga ishonch hosil qiladi va sevinadi. O‘sha voqeadan boshlab cho‘kib o‘lganlarning jasadini suv qirg‘oqqa chiqarib tashlaydi.  

“Anvarul oshiqiyn” kitobidan olindi.

Tarjimon

Ulug‘bek Rahmatullayev

Uchqo‘rg‘on tumani

Abdulhamid hoji Abdurahmon o‘g‘li

jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Kitob ko‘p, nega kitobxon kam?

15.07.2025   5569   10 min.
Kitob ko‘p, nega kitobxon kam?

“Hozir kim ham kitob o‘qirdi?”. Bugungi kunda kitob mutolaasini unutgan odamlar jamiyat nomidan ana shu gapni gapirishga o‘rganib qolgan.

 Rostdan ham kitob o‘qishdan yuz o‘girdikmi yoki o‘qishga to‘siqlar bormi? Balki muammo o‘qimaslikda emas, mutolaa madaniyati va targ‘ibotning pasayganidadir?

 Odamlar kitob mutolaasi haqida qanday fikrda?

Bu haqda maqola yozishdan avval ijtimoiy tarmoqda va aholi o‘rtasida “Nega kitob o‘qishga odatlanmay qo‘ydik?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazdik.

So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ishtirokchilarning eng katta ulushi — 29 foizi “Muntazam kitob o‘qib boraman” javobini tanlagan. Bu yaxshi, ammo 26 foiz ishtirokchi kitob o‘qishga vaqti yo‘qligi, 25 foiz qatnashchi kitobdan ko‘ra telefon qulayligi, 2 foizi kitob o‘qish zerikarli ekanini bildirdi. 13 foiz respondentlar esa kitob o‘qishga sabri yetmasligini ta’kidladi. Shuningdek, ayrim fuqarolar erinchoq bo‘lib ketgani, kitob o‘qimaslikka turli bahonalar topilishi, qiziqarli kitoblar kamligi, audio va elektron kitoblar qulayligini qayd etdi.

Bundan tashqari, kuzatuvchilarning asosiy qismi ilgari metro va avtobuslarda ham kitob o‘qilishi, hozir esa nafaqat uyda, balki ovqatlanganda, yo‘lda yurganda, chorrahada, ishxonada, xullas, aksariyat hollarda eng ko‘p vaqtimiz telefonga tikilish bilan o‘tayotgani, ayniqsa, yoshlar telefondan bo‘shamasligini kam kitob o‘qilishining asosiy sababi sifatida aytishdi.

So‘rovnoma natijasidan ko‘rish mumkinki, jamiyatda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish saqlanib qolgan. Biroq ko‘pchilik vaqtini telefon, internet yoki boshqa texnologiya va yumushlarga sarflayotgani yomon. Bu kitob o‘qish madaniyatini shakllantirish zarurligi, qulay muhit yaratish va ommaviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, shuningdek, mutolaa faqat shaxsiy istak emas, balki muhit va hayot tarziga bog‘liq ekanini anglatadi.

Kitobxonlikni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor natija beryapti(mi)?

Ma’lumotlarga ko‘ra, eng taraqqiy etgan mamlakatlar emas, so‘nggi yillarda tez rivojlanayotgan davlatlar aholisi ko‘proq kitob o‘qir ekan. Xususan, hindistonliklar faqat qo‘shiq kuylaydi yoki kino ko‘radi, desak adashamiz. Ular dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan xalq. Hindlar haftasiga 10,7 soat vaqtini kitob o‘qishga sarflaydi. Umuman, eng ko‘p kitob o‘qiydigan davlatlar o‘ntaligiga e’tibor beradigan bo‘lsak, keyingi o‘rinlarda Tailand - haftasiga 9,4 soat, Xitoy - haftasiga 8 soat, Filippin - haftasiga 7,6 soat, Misr - 7,5 soat, Chexiya - 7,4 soat, Rossiya - 7,1 soat, Shvetsiya – haftasiga 6,9 soat, Fransiya - 6,9 soat, Vengriya aholisi esa haftasiga 6,8 soat kitob o‘qir ekan.

Xo‘sh, yurtmizda kitobxonlik madaniyatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qanday samara beryapti?

Axborot oqimining tezlashishi va raqamlashuvning kengayishi natijasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish nafaqat ijtimoiy, balki ma’naviy taraqqiyot uchun ham muhim vazifaga aylanmoqda. Yurtimizda ham ushbu yo‘nalishda bir qancha qarorlar, farmonlar va dasturlar qabul qilinib, samarali ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, davlatimiz  rahbari tashabbusi bilan yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan  “Yosh kitobxon” tanlovi orqali kitob o‘qiyotgan yoshlar sezilarli oshdi. Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali qariyb 5 millionga yaqin yoshlar qamrab olingan. Kitob do‘konlari va kutubxonalarda eng ko‘p izlanayotgan kitoblar ham “Yosh kitobxon” tanlovida e’lon qilingan 140 nomdagi adabiyotlar ekan. Bu o‘z o‘rnida kitob bozorida talab va taklifning ortishiga ham xizmat qilmoqda.

2017-2024 yillarda 280 nafar yoshlar “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 20 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi sovrindori bo‘lgan. E’tiborlisi, tanlovda g‘olib bo‘lgan 17 nafar qizning 7 nafari keyinchalik O‘zbekis­ton Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Demak, kitob yoshlarning keyingi taqdiriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kitob o‘qib, ota-onasiga avtomobil sovg‘a qilayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Misol uchun, o‘tgan yil ushbu tanlovning respublika bosqichida 10-14 yosh toifasida qirqdan ortiq badiiy-ommabop kitoblarni o‘qigan Jomboy tumanidagi 12-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Nargiza Muhammadiyeva birinchi o‘rinni egalladi. Unga Prezident sovg‘asi – “Cobalt” avtomashinasi sovg‘a qilindi.
 

Albatta, kitobxonlikni targ‘ib qilish ishlari shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q.  Davlat dasturlari, mahalliy va xalqaro loyihalar orqali kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yosh avlodni ma’naviy jihatdan boyitish uchun keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “2020 — 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiya­sining asosiy maqsadlaridan biri yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish vazifasi sifatida belgilangani ham ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.

Yoshlar kitob o‘qiyapti, siz ham o‘qing

Bugun yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi kamaygandek tuyulsa-da, aslida ular turli xil formatlarda va platformalarda kitob o‘qiyapti. Yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishi kamayganini ta’kidlashdan oldin, ularning kitob o‘qish uchun imkoniyatlarini va kitob o‘qishga odatlanmaslikka nima sabab bo‘layotganini e’tiborga olish lozim. Bu haqda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Suyun Karimovning mulohazalarini keltiramiz.

- “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”. Keyingi paytda bu gapni muntazam kitob mutolaa qiladiganlar ham, o‘qimaydiganlar ham aytadigan bo‘ldi, - deydi S.Karimov. - To‘g‘ri, xalqimiz ma’naviyati uchun kuyinib gapiradiganlar bor. Ammo men bu gapga qo‘shilmayman. Albatta, yoshlar doim kitob o‘qiyapti, deyishdan yiroqman, lekin ular kitob o‘qimay qo‘ygani yo‘q, o‘qiyapti. Elektron kitoblar, audiokitoblar va onlayn platformalar yoshlar uchun kitob o‘qishni osonlashtiryapti. Yoshlarni ko‘ryapmiz, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lyapti, xorijdagi nufuzli universitetlarda tahsil olyapti, ixtirolar qilyapti, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taryapti, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lyapti. Agar yoshlar kitob o‘qimayotgan bo‘lsa, bunday natijalarga qanday erishyapti? Balki kimningdir farzandi kitob o‘qimayotgandir yoki tarbiyasi “buzilib” to‘g‘ri yo‘ldan adashgandir, lekin hammaning ham emas. Buning sababi bitta - oiladagi muhit va ota-onaning farzand tarbiyasidagi e’tiborsizligi.

Deylik, bir oilada 4 farzand tug‘ilib, voyaga yetdi. Ularning hammasini ham kitobga, ilmga qiziqtirish mushkul. Bittasi sportchi bo‘lishni xohlasa, boshqasi usta, shifokorlikni tanlaydi. Albatta, bu jarayonda bola, avvalo, ota-onasidan keyin yon-atrofidagilardan o‘rnak olib, o‘rganganlarini amaliyotda qo‘llaydi. O‘shanda biz, ota-onalar har bir ishning samarali va natijador bo‘lishi uchun farzandlarimizga o‘rnak bo‘lishimiz, ularda ijobiy taassurot qoldirib, ma’rifatga undashimiz kerak bo‘ladi.

Masalaning ikkinchi tomonini ham bor. Ba’zilar «Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”, deb ko‘pincha badiiy adabiyotni nazarda tutadi. Badiiy adabiyot ham axborot manbai. Ayni paytda, insonga badiiy-estetik zavq bag‘ishlovchi, ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazuvchi noyob manba. Internet tarmoqlarida media olamning axborot ta’minoti g‘oyatda kuchayib ketgan, butun insoniyat undan foydalanishni afzal deb bilayotgan bir paytda yoshlarni kitob o‘qishga qiziqtirish oson ish emas. Faqat targ‘ibot-tashviqot bilan bu muddaoga erishib ham bo‘lmaydi. Badiiy kitob o‘qish ko‘ngil ishi, yosh qalbni tarbiyalash esa avvalo ota-onaning, keyin esa ustozlar va jamiyatning zimmasida bo‘ladi. Shunday ekan, o‘zgarishni har birimiz o‘zimizdan boshlaylik.

“Tirik kitob” nega tanqidga uchradi? Yoxud ma’naviyatli insonlarga ergashish kerak

Axborot texnologiyalari rivojlanib, elektron qurilmalar hayotimizning asosiy ajralmas qismiga aylanib qoldi va kitob mutolaasiga juda kam vaqt ajratadigan bo‘ldik. Ammo shunday insonlar borki, ular kitobning qadrini eslatib, jamiyatni ma’rifatga chorlamoqda. Ulardan biri ijtimoiy tarmoqlarda “Tirik kitob” nomi bilan mashhur bo‘lgan kitob sotuvchisi Xayrulla Asadov. U kitobga da’vat etuvchi chiqishlari, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi va ma’naviyat haqidagi nutqlari orqali minglab insonlarni, ayniqsa, yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga undamoqda.

Biroq u ham har bir ommaviy shaxs singari tanqidlarga duch keldi. Albatta, tanqidlar tabiiy hol, ayniqsa, jamoatchilik diqqat markazida bo‘lgan inson uchun. Xayrulla Asadov kitobga bo‘lgan muhabbatni keng ommaga yetkazishda zamonaviy, xalqona va ta’sirli usullarni qo‘llamoqda. U olim emas, ma’rifat yo‘lida fidoyilik qiluvchi shaxs. Ko‘pchilik uning qarashlarida ilmiy yondashuv va isbotlar yo‘qligini ta’kidlamoqda. Bu bir tomondan to‘g‘ri. Lekin u o‘z hayot tajribasi va o‘qigan kitoblari orqali xulosa chiqaryapti, misollar keltiryapti. Bu amaliyotga asoslangan, xalqqa yaqin uslub.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda kitob sotuvchisi mashhur bo‘lish bilan birga, kitobni emas, o‘zini va faoliyatini targ‘ib qilayotgani haqida ham tanqidiy fikrlar bildirildi. Bugungi axborot texnologiyalari asrida raqamli to‘lqinda ajralib turish uchun har qanday shaxsning auditoriyaga mos vizual va muhokamabop formatda chiqishi talab etiladi. Chunki bu zamon talabi. Shuningdek, Xayrulla Asadovning shaxsi kitobga bo‘lgan sadoqat bilan tanilgan. Agar shaxs orqali kitobga muhabbat uyg‘onsa, bu  ma’rifat ulashishda eng samarali usul.”Tirik kitob” o‘zini emas, shaxsiy namunasi orqali kitobni hayot tarzi sifatida hamda kitoblarni shunchaki o‘qish emas, balki o‘qilgan g‘oyalarni hayotda tatbiq qilishni targ‘ib qilmoqda.

Albatta, tanqidlar rivojlanish va xolislik uchun kerak. Biroq kitob o‘qish, uni targ‘ib qilish, jamiyatni ma’rifatga yetaklovchi, ilmli insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ergashish va to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak. Zero, kitob inson ongini uyg‘otadi, ma’naviy dunyosiga nur olib kiradi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.