Tunda (yarim kechada) uyg‘onib o‘zingiz uchun tahajjudni (nafl namozini) o‘qing! Shoyadki, Rabbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa. Yana aytingki: «Ey Rabbim! Meni (qabrga) sodiqlik bilan (gunohlarim kechirilgan holimda) kiritgin va (tiriltirganingda ham) sodiqlik (roziliging bilan) chiqargin hamda men uchun o‘z dargohingdan bir madad beruvchi hujjat ato qilgin». Yana ayting: «Haqiqat (ya’ni Islom) keldi va botil (kufr) yo‘qoldi. Chunki botil narsa yo‘qoluvchidir» (Isro, 79-81).
"Tunda (yarim kechada) uyg‘onib o‘zingiz uchun tahajjudni (nafl namozini) o‘qing!"
Lug‘atda tunda uxlab qayta uyg‘onishga tahajjud deyiladi. Shariat istilohida esa tunda bir uxlab turib o‘qiladigan namoz tushuniladi. Tahajjud namozi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga xos buyruq bo‘lib, ummatlarga farzlardan keyin bajariladigan ziyoda amaldir. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: "Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): "Tungi namoz farzlardan keyingi eng afzal ibodatdir", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Tahajjudni xufton namozidan keyin bomdod namozigacha o‘qish mumkin. Biroz uxlab olib kechaning uchdan birining oxirgi qismida o‘qish fazilatlidir. Bu vaqtning fazilati haqida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Tunning uchdan bir qismi qolganda Alloh taolo dunyo osmoniga tushib: “Kim istig‘for aytadi, mag‘firat qilaman. Kim duo qiladi, ijobat qilaman. Kim rizq so‘raydi, rizq beraman”, deydi. Bu hol tong otguncha davom etadi (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tunda turib tahajjud namozini o‘qirdilar. Chunki bunga Alloh taolo bunday deydi: “Ey (kiyimlariga) o‘ralib olgan kishi (Muhammad!). Tunda (bedor bo‘lib, namozga) turing! Faqat ozgina (uxlashga vaqt qolsin!). Ya’ni yarmi (qolsin) yoki yarmidan ham biroz kamaytiring! Yoxud unga (biroz vaqt) qo‘shing (yarmidan ko‘prog‘ida uxlang) va Qur’onni «tartil» bilan (dona-dona qilib) tilovat qiling!” (Muzzammil, 1-4).
Tahajjud namozi va tunda qoim bo‘lishning o‘rtasida farq bor. Birozgina uxlab olish tunda qoim bo‘lish uchun shart emas. Xufton namozidan so‘ng tonggacha bedor bo‘lish mumkin. Tunda qoim bo‘lishning ajru savobi ulug‘ hamda u toat-ibodatlarning buyuklaridan biri hisoblanadi. Uning qadri nechog‘lik ulug‘ ekanini Alloh taolodan o‘zga hechkim bilmas. Tunda qoim bo‘lish bandaning Rabbisi huzurida darjasini ko‘taradi va qalbiga sokinlik, xotirjalik hamda rohat baxsh etadi. Bu vaqtda mo‘min namozi o‘qishi va Qur’oni karimdan muyassar bo‘lganicha o‘qishi mumkin. Shuningdek Rabbisiga munojat qiladi, istig‘for aytib, duolar qiladi. Tunni bedor o‘tkazgan banda Alloh taologa yaqinlik hosil qiladi. Oisha (roziyallohu anho) Abdulloh ibn Qaysga: “Tunni bedor o‘tkazgin!” Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tunni doim bedor o‘tkazardilar. Agar kasal bo‘lsalar o‘tirib namoz o‘qirdilar”, degan (Imom Abu Dovud rivoyati). Boshqa hadisda Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Tunni bedor o‘tkazishni lozim tuting. Chunki, u sizlardan oldingi solihlarning odatidir. Tunda qoim bo‘lib, Rabbingizga qurbat hosil qilasiz. U gunohdan to‘sib, xatolarga kafforat bo‘ladi va jismdagi kasalliklarni ketkazadi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati). Tahajjud esa namozga xos amaldir. U bir mizg‘ib olib keyin ado etiladi. Tahajjud namozini o‘qish tunda qoim bo‘lish deb hisob qilinishi mumkin. Lekin tunda qoim bo‘lish tahajjud bo‘lmaydi.
Tahajjud namozini o‘qib bo‘lgach quyidagi duoni qilish sunnatdir. Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) kechasi tahajjudga tursalar bunday duo qilardilar: “ Ey Allohim Senga hamd bo‘lsin, Sen Yeru Osmonni Nurisan. Senga hamd bo‘lsin, Sen Yeru Osmonni qoyim qiluvchisan. Senga hamd bo‘lsin, Yeru Osmon va ikkisini orasidagilarni Rabisan. Senga hamd bo‘lsin, Sen Haqsan. Sening va’dang va so‘zing haq. Sen bilan uchrashish haq. Jannat haq. Do‘zax haq. Payg‘ambarlar haq. Qiyomat haq. Ey Alloh Senga bo‘ysundim, imon keltirdim, tavakkal qildim. Senga qaytdim. Sening yordaming (Qu’roni karim oyatlaridan dalil-hujjatlar yordamida boshqalar) bilan tortishdim, Sening hukmingga havola qildim. Oldingi va keyingi hamda sir qolgan va ma’lum bo‘lgan gunohlarimni kechirgin. Sen mening Ilohimsan. Sendan o‘zga iloh yo‘q” (Imom Buxoriy rivoyati).
"Shoyadki, Rabbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa"
Oyatdagi "maqtovli maqom", deb tarjima qilingan "maqomam mahmuda" degan qismi manbalarda turlicha tafsir qilingan. Abu Said Xudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: "Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) "Rabbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa" degan oyati haqida bunday deganlar: "Alloh taolo Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) shafoati bilan mo‘minlarning qavmlarini do‘zaxdan chiqaradi. Manashu maqtovli maqomdir".
Boshqa olimlar “maqtovli maqom”dan qiyomat kuni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning qo‘llarida hamd bayrog‘ini bo‘lishi iroda qilingan deyishadi. Bu gap yuqorida zikri kelgan ma’noga zid kelmaydi. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qiyomat kuni hamd bayrog‘ini tutib, ummatlarini shafoat qiladilar. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Men qiyomat kuni odam bolasi sayyidi bo‘laman. Bu faxrlanish emas. Qo‘limda hamd bayrog‘i bo‘ladi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati). Boshqa hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim azon nidosini eshitgan paytda: “Ushbu mukammal chaqiriq va qoim qilinayotgan namoz Rabbisi Alloh, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga vasila va fazilat bergin hamda va’da qilingan maqtovli maqomda tiriltirgin”, desa unga qiyomat kuni mening shafoatim nasib qiladi”, dedilar.
Tunda qoim bo‘lgan odam Alloh taolo bilan yolg‘iz qoladi va xilvatda Rabbiga munojat qiladi. Shu sababli unga ajru savoblar berilib, Alloh taoloning huzurida darajasi ko‘tariladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ummatimni shafoat qilgan joyim maqtovli maqom bo‘ladi”, deganlar (Imom Tabariy rivoyati). Shuningdek bandaning ham ulug‘ ishlar uchun turgan joyi Alloh taoloning huzuridagi maqomga o‘xshaydi.
Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) Makka shahrida edilar. So‘ngra hijrat qilishga amr qilindi. Shu payt Alloh taolo “Ey Rabbim! Meni (qabrga) sodiqlik bilan (gunohlarim kechirilgan holimda) kiritgin va (tiriltirganingda ham) sodiqlik (roziliging bilan) chiqargin” oyatini nozil qildi”
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Madinadan chiqqanlaridan keyin, unga qaytishga Alloh taolo buyurdi. Haq taolo Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ni Madinaga kirar vaqtda “Meni sodiqlik bilan kiritgin” Makkaga shahriga ketadigan paytda “sodiqlik bilan chiqargin”, deyishlarini amr qildi. Mazkur oyat manbalarda turlicha tafsir qilingan. Bir mufassir: “Meni dinda sobit qilgin! Meni kufrdan saqlagin!” deb tafsir qilgan. Boshqa olim esa: “Meni dunyodan sodiqlik bilan chiqarib, jannatga kirgizgin!” degan. Yana boshqasi esa: “Meni qabrga sodiqlik bilan kirgizgin va undan sodiqlik bilan chiqargin”, deydi.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning duolarini Alloh taolo ijobat qilib bunday marhamat qilgan: “Alloh Sizni odamlar (zarari)dan saqlagay” (Moida, 67), boshqa oyatda: “U o‘z payg‘ambarini hidoyat va haq din bilan – garchi mushriklar yoqtirmasa-da, barcha dinlar uzra g‘olib qilish uchun yuborgan zotdir” (Saf, 61).
“Haqiqat (ya’ni Islom) keldi va botil (kufr) yo‘qoldi. Chunki botil narsa yo‘qoluvchidir”
Oyatda “haqiqat”, deb tarjima qilingan “haq” so‘zidan Islom va Qur’on tushuniladi. Ya’ni Islom zohir, Qur’oni karim mukammal bo‘lgani ifodalangan. Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) fath kuni Makka shahriga keldilar. Ka’baning atrofida 360 dan ortiq but-sanamlar bor edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qo‘llaridagi tayoq bilan butlarni birma-bir urib yiqita boshladilar va “Haqiqat (ya’ni Islom) keldi va botil (kufr) yo‘qoldi. Chunki botil narsa yo‘qoluvchidir” (Isro, 81) “Haqiqat (Qur’on) keldi. Soxtalik (qaytadan shirkni) boshlay olmas va (uni asliga ham) qaytara olmas” (Saba’, 49) oyatlariini o‘qidilar. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) mazkur oyatlarni o‘qiyotgan paytda, but-sanamlar yuz tuban yerga tushardi.
Qurtubiy, Roziy,Samarqandiy,
Ibn Kasir tafsirlari asosida
Bahriddin JO‘RABЕK o‘g‘li tayyorladi
1. Diniy sohani tanlashingizga nimalar va kimlar turtki bergan?
– Diniy sohani tanlashimga padari buzrukvorim sababchi bo‘lgan. U kishi bizga yoshligimizdan qisqa suralarni yodlattirgan. Tumanimizdagi jome masjidlar imomlariga shogird tushdim. Maktabni tugatgach, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga o‘qishga kirdim.
2. Bugungi imom qanday bo‘lishi kerak?
– Bugungi imom ilmli, odobli, muomalada, yurish-turishda barchaga ibrat va namuna bo‘lishi zarur. O‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak. Shu bilan birga, yurtimizda diniy-ma’rifiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor va bu xayrli ishlarni xalqqa yetkaza oladigan bo‘lishi zarur.
3. Imom-xatib odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘lishi kerak. Shunday emasmi?
– Bugun xalqimiz ma’rifatini yuksaltirish, bid’at-xurofotlarga murosasiz bo‘lishda imomning o‘rni alohida. Imomning so‘zi va amali uyg‘un, ya’ni aytganiga o‘zi amal qiladigan bo‘lishi kerak. Shundagina u odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘ladi.
4. Bugun jamiyatimizda sizni qaysi jihatlar quvontiradi va tashvishga soladi?
– Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar barcha qatori meni ham quvontiradi. Ayniqsa, Qur’on va tajvidni o‘rgatish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani tahsinga sazovor.
Ayrim yoshlarning bilib-bilmay aqidasi buzuq turli g‘alamislar tuzog‘iga tushib qolayotgani dilni xufton qiladi.
5. Eng ko‘p o‘qiydigan kitoblaringiz? Diniy manbalardan tashqari qanday mavzulardagi kitoblarni mutolaa qilasiz?
– Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Tafsiri Hilol”, “Hadis va hayot”, “Ruhiy tarbiya” asarlarini qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qilaman. Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” kitobi, jadidchi bobolarimizning asarlari meni maftun etgan.
6. Tanlagan kasbingizdan ko‘nglingiz to‘lmagan paytlar ham bo‘lganmi?
– Kasbim – faxrim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning meroslarini imkon qadar xalqqa yetkazayotganimdan behad baxtiyorman, alhamdulillah.
Ma’lumot o‘rnida, Shokirxon Imomiddinov 1979 yilda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan. 1997–2001 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan. 2001 yildan beri Quyi Chirchiq tumani “Olmazor” jome masjidida imom-xatib hamda 2019 yildan buyon mazkur tuman bosh imomi bo‘lib ishlab kelmoqda.
"Hidoyat" jurnalining 8-sonidan olingan