Oila qurish bir umrlik uzoq safar bo‘lib, agar har ikki taraf yaxshi niyat ila xolis bo‘lib, bir-birlarining haqlariga rioya qilsalar, mazkur safar baxt-saodat maskaniga aylanishi tayin. Chunki Alloh taolo O‘z kalomi sharifida oilani insonlar uchun xotirjamlik va mehr-muhabbat topadigan maskan qilganini bayon qilgan:
وَمِنْ آَيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُمْ مَوَدَّةً وَرَحْمَةً إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَاتٍ لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ
Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir (Rum surasi, 21oyat).
Oiladagi muhitni sog‘lomlashtirish, undagi totuvlikni o‘z holida ushlab turishda erkak va ayolning birdek o‘rni bor. Ayniqsa, har ikki tarafning bir-biri uchun fidokor bo‘lishi, o‘zini o‘ylashni ortga surishi, bag‘rikeng bo‘lib, hayot so‘qmoqlarida to‘g‘anoq bo‘ladigan har qanday muammoni tadabbur va vazminlik ila hal qilish orqali oiladagi baxt-saodat yanada barqarorlashadi.
Ulamolarimiz oilani baxtli, turmushni farovon qiladigan bir qancha omillarni sanab o‘tganlar. Shu omillarning asosiylaridan biri sifatida “oilada go‘zal munosabatda bo‘lmoq” haqida suhbat qilsak.
Ahli oila bilan go‘zal munosabat o‘rnatmoq Alloh taoloning musulmon erlar uchun yuborgan buyrug‘idir. Alloh taolo O‘z kalomi sharifida:
وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ
...U(ayol)lar bilan totuv turmush kechiringiz... (Niso surasi, 19 oyati), deb barcha musulmonlarga amr qilgan.
Ba’zi ulamolarimiz ushbu oyatning tafsirida ahli oila ila go‘zal muomalada bo‘lmoq ularga ozor berishdan saqlanish emas, balki ulardagi mashaqqat va ozorlarni o‘z zimmangga olishingdir, deb aytganlar.
Oiladagi totuvlikni yuzaga keltiradigan asosiy sabab har ikki tarafning Alloh taolo tomonidan o‘zlariga buyurilgan ishlarga amal qilmog‘idir. Agar er va xotin bir-birining haqlariga dinimizda buyurilganidek rioya qilsalar oilada totuvlik, inoqlik va mehr-muhabbat yuksak darajaga ko‘tariladi.
Bu borada siyrat kitoblarimizda Shurayh ismli mashhur qozining hayotlarida bo‘lib o‘tgan ajib voqea quyidagicha keltiriladi:
Bir kuni qozi Shurayh rohimahullohning do‘sti Fuzayl rohimahulloh uning ziyoratiga keldi va unga “Uyingdagi holating qanday?”, deb so‘radi. Shurayh rohimahulloh: “Allohga qasamki, yigirma yildan beri ta’bimni xira qiladigan holatni uchratmadim”, dedi.
Fuzayl rohimahulloh: “Bu qanday bo‘lishi mumkin, ey Shurayh”, dedi. Shunda Shurayh rohimahulloh uylanishlari haqida hikoya qila boshladi:
“Bir solih oilaning karimasiga sovchi qo‘ydim. Nikoh kechasi uning xulqida kamolot, dinida go‘zallikni ko‘rdim. So‘ngra turib Allohga soliha zavja nasib qilgani uchun ikki rak’at shukr namozi o‘qidim. Namozdan so‘ng duo qildim. So‘ngra salom berib qarasam ayolim ham men o‘qigan namozni ado etayotgan, men qilgan shukr va duolarni u ham qilayotgan ekan. Mehmonlar, qavm-qarindoshlar ketib uyda o‘zimiz qolgach u tomonga yaqinlasha bordim. U esa: “Ey Abu Umayya, shoshmang!” dedi. So‘ngra turib men tomonga keldida: “Ey Abu Umayya, men bu yerga yangi kelgan mehmon ayolman, siz nimani yaxshi ko‘rasiz-u, nimadan g‘azablanasiz, buni bilmayman. Shu boisdan o‘zingiz yoqtirgan narsalarni o‘rgating, toki men ularni muhayyo qilay. Sizga yoqmaydigan narsalarni ham bildirib qo‘ying, toki men ulardan yiroq bo‘lay. Darhaqiqat, o‘z qavm-qarindoshlaringiz orasida sizga teng va munosib ayollar bo‘lgan. Mening qavm-qarindoshlarim orasida ham menga munosib yigitlar bor edi. Lekin men Allohning taqdiri ilohiysi ila Allohning kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq sizga jufti halol bo‘ldim. Menga bog‘liq ishlarda Allohdan qo‘rqing. Alloh taoloning:
... فَإِمْسَاكٌ بِمَعْرُوفٍ أَوْ تَسْرِيحٌ بِإِحْسَانٍ...
“...So‘ngra (oilani) yaxshilik bilan saqlash yoki chiroyli suratda ajralish (mumkin)... (Baqara surasi, 229)” oyatini o‘zingizga dastur qilib, o‘sha dastur bo‘yicha ish ko‘ring”, dedi.
Men o‘tirib oldim. U esa mendan biror fikr aytishimni kutib turardi. Biroz to‘xtab qoldimda so‘ngra unga qarata: “Xo‘p yaxshi, siz menga shunday so‘zlarni aytingizki, agar mana shu so‘zlaringizda rostgo‘y bo‘lib, ularni bajarishda sobit tursangiz ulkan ajr savoblarga ega bo‘lasiz. Yoki, aksincha bo‘lib ularni tark etsangiz ikki dunyoda sizning zararingizga hujjat bo‘ladi. Men falon-falon narsalarni yoqtiraman, falonlarini esa yomon ko‘raman, agarda menda va oilamda biror yaxshilik ko‘rsangiz oshkor qiling, agar biror illat topsangiz uni sir saqlang. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “soliha ayol berkituvchi, yomon ayol fosh qiluvchidir”-deb sifatlaganlar. Boshqa bir hadisi sharifda esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men o‘z uyidan chiqib eri ustidan (boshqalarga) shikoyat qiladigan ayollarni yomon ko‘raman”, deb marhamat qilganlar.
Yana bir hadisi sharifda Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U zot aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir ayol hech bir sababsiz eridan o‘zini taloq qilishni so‘rasa unga jannatning hidi ham haromdir (jannatning hidi ham nasib qilmaydi)”,- deb ogohlantirganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo eridan behojat bo‘lolmagani holda o‘z eriga shukr qilmaydigan ayolga nazar solmaydi. Shuning uchun ham menda va oilamda biror yaxshilik ko‘rsangiz oshkor qiling, agar biror illat topsangiz uni sir saqlang ”, deb aytdim”.
Ayolim: “O‘zimning va sizning oilangizni qachon ziyorat qilaman, sizning bu boradagi fikrlaringiz qanday?”, dedi. Men “vaqti vaqti bilan, ya’ni ular malollanib qolmasligi uchun biroz muddat o‘tkazib, safar orasini uzib-uzib boramiz. Hadisi sharifda ham “Vaqti-vaqti bilan (orasini uzib-uzib) ziyorat qil, yanada muhabbat qozonasan (Tabaroniy Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilgan)”, deyilgan dedim.
Ayolim: “qo‘shnilaringizdan qaysi biri uchun uyingizga kirishiga ruxsat berishimni xohlaysiz, kimlarni yoqtirmaysiz?”, dedi. Men “Banu falon solih qavm, faloniylar esa unday emas”, deb xabar berdim.
Shundan so‘ng bir yilcha muddat o‘tdi. Bir kuni uyga kelsam ayolimning onasi kelib ayolimga go‘zal pand nasihatlar qilib o‘tirgan ekan. So‘ng ayolimning onasi o‘z qizini qandayligini bilgani o‘laroq menga qarata: “Ey Abu Umayya, ayoling qanday ekan?”, dedi. Men Allohga qasamki, u eng yaxshi jufti halol, deb javob berdim. Qaynonam esa: “Ey Abu Umayya, biror bir erkak uchun haddidan oshgan, tantiq ayoldan ham yomonroq narsa yo‘q. Shu boisdan ham xohlaganingizcha odob bering, o‘zing istagancha tarbiya qiling!”, dedida qiziga yuzlanib go‘zal itoat etishga, mening so‘zlarimga quloq tutishga buyurdi. Mana yigirma yil o‘tibdiki, hanuzgacha ayolimdan ta’bimni xira qiladigan holatga duch kelmadim”.
Bir o‘ylab ko‘raylik-a, Shurayh rohimahullohning uylarida urush janjal u yoqda tursin, hatto ta’blarini xira qiladigan holat yigirma yilda biror marta ham sodir bo‘lmagan. Bularning hammasi er-xotin dinimizdagi ko‘rsatmalarga chiroyli amal qilganligi sabablidir.
Shurayh rohimahullohning o‘z ayollariga “agarda menda va oilamda biror yaxshilik ko‘rsangiz oshkor qiling, agar biror illat topsangiz uni sir saqlang” deb qilgan nasihatlariga, undan so‘ng hadisi shariflarni keltirib o‘tayotganiga bir e’tibor qarataylik. Shurayh rohimahulloh to‘g‘ridan to‘g‘ri falonlarni qiling, deb aytmasdan hadisi sharifni zikr qilib, o‘zi xulosa yasab olishiga imkon qoldirmoqdalar. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Yaxshi ayol berkituvchi, yomon ayol fosh qiluvchidir” deb bergan ta’riflariga munosib bo‘ling deganidir.
Dinimizning oila va uning sirlariga mustahkam turib, alohida e’tibor qilganiga bir qaraylik-a! Bu dinimizda tarbiya beshigi bo‘lgan oilaning muqaddas ekani, uning sha’ni buyuk ekaniga dalolat emasmi?!
Agar bandalar oilani Alloh taologa toat va ibodat maqsadida bino qilsalar albatta, Alloh taolo ikki juft orasiga mehr-shavqat, inoqlikka tavfiq beradi. Aksincha oilani Alloh taologa ma’siyat uzra qursalar ularning o‘rtasini ajratishga shayton boshchilik qiladi. Banda o‘z Robbisiga itoat qilar ekan Alloh taolo unga hikmat ilhom qiladi, ana o‘sha hikmat tufayli banda ikki dunyo saodatiga eltadigan tilsimlarni ochib boradi.
Alloh taolo oilalarimizni tinch-totuv qilsin va yana barchalarimizni oilada “yaxshilik ila murosa qiluvchilar”dan bo‘lishga muvaffaq aylasin.
Jaloliddin Hamroqulov,
Toshkent islom instituti
“Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Uch toifadan bo‘lishga intiling
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qiyomat kuni jahannamni ko‘rmaydigan, Alloh taolo jahannam azobidan qutqaradigan ko‘zlar haqida shunday deganlar: «Uch toifa inson borki, ularning ko‘zi jahannamni ko‘rmaydi: Alloh yo‘lida soqchilik qilgan ko‘z; Allohdan qo‘rqib yosh to‘kkan ko‘z; Alloh harom qilgan narsalardan tiyilgan ko‘z».
Reklamalarni tomosha qilish va ularning ta’siri
Bir qiz aytadi:
«Bir kuni ovqatlanib o‘tirsak, televizorda «Do‘mboq jo‘ja» degan taomning reklamasi bo‘lib qoldi. Hozirgina onam bergan ovqatni yemay, xarxasha qilayotgan kichkintoy ukam reklamani ko‘rib, «Oyi, qornim ochdi...» deb qoldi. Ana shunda reklamalar bizni qanchalar o‘yinchoq qilib, o‘ziga tobe qilib olayotganini tushunib qoldim. Ovqat yegisi kelmayotgan bola birgina reklamani ko‘rib, bir zumda qovurilgan jo‘ja yeyman deb janjal qila boshladi-ya! Bu kabi reklamalarning salbiy ta’sirlaridan biri – insonni o‘z hayotidan nolib, undan norozi bo‘lib yashaydigan qilib qo‘yar ekan. Natijada inson qanoatning halovatini yo‘qotib, Alloh bergan ne’matlarni ko‘ra olmaydigan bo‘lib qolar ekan».
Endi shu savolga javob bering:
«Siz ham reklamaning his-tuyg‘ularingizga, o‘y-xayollaringizga, xotirjamligingizga, butun hayotingizga qanday ta’sir qilishini sezganmisiz?»
Qizlarning reklama borasidagi tajribalari
Juda ko‘p qizlardan «Reklama bo‘yicha biror tajribangiz bormi?» deb so‘rab, ajoyib javoblar eshitganmiz. Keling, ulardan ba’zilarini o‘qib ko‘ring.
Bir qiz aytadi: «Qizlarga xos narsalarning reklamasi meni jinni qilishiga sal qoldi. Oldiniga kiyim-kechak (ayniqsa ichki kiyim), keyin sochni, terini parvarishlaydigan vositalar, so‘ngra parfyumeriya mahsulotlari, atir-upalar... Ming afsuslar bo‘lsinki, men shunday reklamalarning asirasiga aylanib qolibman. O‘smirlik paytimda yana ham chiroyli bo‘lish uchun reklamani bitta ham qoldirmay ko‘rardim. Ko‘rganimga, eshitganimga ishonaverardim. Kim nima tavsiya qilsa, o‘shani sotib olib, sinab ko‘rardim. Lekin natija qanday bo‘lsa ham, hech biridan ko‘nglim to‘lmas edi, shuning uchun reklama qilingan boshqa narsalarni sotib olib, sinab ko‘rishga harakat qilardim. Shunday qilib, yillar davomida undan bunga sakrab yuraverdim. Maqsadim – reklamadagidek chiroyli bo‘lish, go‘zal qizga aylanish edi. Yillar davomida tanani yoshartiruvchi, sochni baquvvat, jozibali qiluvchi, yuzni oqartirib, terimni tekis, mayin qiluvchi kremlarni sinab ko‘raverib, o‘zimni o‘zim tajriba quyonchasi qilib qo‘yibman. Lekin afsuski, reklamada ko‘rsatilgan qizlardek go‘zallikka erisha olmadim.
Bir kuni ertalab uyg‘onib, oynaga qaradim-da, o‘zimga o‘zim «Qachondir men ham chiroyli bo‘larmikinman?» deb savol berdim. So‘ng «Hech qachon…» deb, yig‘lab yubordim. Shu kundan boshlab chiroyli, betakror bo‘lishdan umidimni uzdim. Tushkunlikka, umidsizlikka tushib qolgan bo‘lsam ham, go‘zallikka bu kabi narsalar bilan erishib bo‘lmasligini tushunib yetdim. Shundagina o‘sha reklamalarni ko‘rmaslikka qaror qildim, hatto oynaga ham qaramay qo‘ydim.
Oradan bir necha oy o‘tdi: qizlarga xos reklamalarni ko‘rmadim, oynaga ham qaramay qo‘ydim. Bir kuni bir dugonam «Yuzing rosa tiniqlashib, chiroyli bo‘lib ketibdi-ya. Qanaqa krem ishlatyapsan?» deb so‘rab qoldi.
Men bo‘lsa jahl bilan «Meni masxara qilyapsanmi?» dedim.
«Voy o‘lay, nega masxara qilaman?! Rostdan aytyapman, sen rosa chiroyli bo‘lib ketibsan! Oynaga qaragin!» dedi u.
Bir necha oydan beri birinchi marta oynaga qaradim. Dugonam to‘g‘ri aytgan ekan, yuzim tiniqlashib, chiroyli bo‘lib qolibdi.
Dugonam: «To‘g‘ri aytibmanmi? Endi menga qanaqa krem surtganingni ayt!» dedi.
Men shunday dedim: «Bir necha oydan beri umuman hech qanaqangi kosmetikaning reklamasini ko‘rmayapman. Kremlarni ham, boshqa narsalarni ham, hammasini yig‘ishtirdim. Umuman, chiroyli bo‘lishdan umidimni uzib, oynaga ham qaramay qo‘ydim. Hozir esa shunday xulosaga keldim: reklama ko‘rishni to‘xtatganimda beri xotirjam bo‘lib, yuzimdan nur yog‘ila boshlabdi. Demak, haqiqiy go‘zallikni reklamadan qidirmaslik kerak ekan!».
Yana bir qiz aytadi:
«Reklama desa, mazam qochadi, chunki shuni deb boshimga juda yomon kunlar tushgan. Bu narsa o‘n uch yoshimdan boshlab bugungi kungacha davom etyapti. Hammasi yuzga surtiladigan krem bilan tish pastasining reklamasidan boshlangan. Reklamadagi qizlarning hammasi yuzi oppoq qizlar edi, bitta ham bug‘doy ranglisi yo‘q. Shuning uchun yuzimga qarab, o‘zimni o‘zim yomon ko‘rib ketganman. Bir necha oy oynaga qaramadim. Har safar reklamani, ularda rol o‘ynagan qizlarni ko‘rganimda o‘zimni battar yomon ko‘rib ketardim. Bir kuni aynan menga kerak bo‘lgan, yuzni oqartiradigan kremni reklama qilib qolishdi. Ertasi kuniyoq o‘sha kremni sotib olib, yuzimga surdim. Har kuni o‘n martalab oynaga qarab, yuzimga tikilaman. Har soatda oynaga qarayverib, charchab ham ketdim. Kremim tugashi bilan yangisini olardim. Bir necha oydan keyin dahshatli fojia yuz berdi. Kremni haddan tashqari ko‘p ishlatib yuborganimdan, yuzimning terisi qorayib, toshmalar toshib ketdi. Teri shifokoriga borsam, «Yuzingni nima qilding? Terisi butunlay zaharlanib ketibdi-ku! Ishqilib, saraton orttirib olmagan bo‘lsang bo‘ldi», deb rosa urishdi.
Uning so‘zlari har qancha achchiq bo‘lsa ham, meni g‘aflat uyqusidan uyg‘otdi. Qilgan axmoqligim uchun rosa yig‘ladim. Men aqlimni axlat qutisi qilib olgan ekanman, reklamachilar esa unga xohlagan narsasini tashlab yuravergan ekan. Aqlimni reklamaga sotibman, lekin evaziga hech narsaga ega bo‘lmabman. Faqatgina pulimni, tinchimni va sog‘lom terimni yo‘qotganim qolibdi. Uzoq muolajalardan keyin yuzim biroz o‘ziga keldi. Lekin reklama va’da qilganidek, yuzim oqarmadi. Qanchalik aldanganimni tushunishim uchun uch yil kerak bo‘ldi. Shu uch yilda o‘qishni ham tashlab qo‘ydim, hayotdan rozilik degan narsani unutdim. Bir necha bor o‘z jonimga qasd qilishni ham o‘yladim, lekin Alloh saqladi».
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.