frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

20.10.2017 y. Erta turmush – keltirar tashvish

17.10.2017   11861   12 min.
20.10.2017 y. Erta turmush – keltirar tashvish

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Barchamizga ma’lumki, nikoh bu - ikki shaxsni bir-biri bilan ham shar’iy va qonuniy jihatdan bog‘lovchi muqaddas aloqa. Alloh taolo nikohni insoniyatga juda ham buyuk va ko‘plab manfaatlari borligi uchun joriy qilgan. Bu manfaatlarning eng muhimlaridan biri har ikki taraf uchun ham nafs xotirjamligi, jismoniy va ruhiy sokinlik hamda mehr va muhabbat nashidasini surib, hayot kechirishdir. Alloh taolo bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

(وَمِنْ آيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُمْ مَوَدَّةً وَرَحْمَةً إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآيَاتٍ لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ  (سُورَةُ الرُّوم/21

ya’ni: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi,       21-oyat). Demak, inson haqiqiy ma’noda osoyishta va baxtli hayotga oila qurish orqali erishar ekan. Oila qurish imkoniyati bo‘la turib, uylanmagan erkak yoki turmushga chiqmagan ayolning hayoti to‘laqonli bo‘lmasligi ham haqiqat. Shuning uchun dinimizda nikohga keng targ‘ib etilgan. Kalomi sharifda:

(هُنَّ لِبَاسٌ لَكُمْ وَأَنْتُمْ لِبَاسٌ لَهُنَّ  (سورة البقرة/187

ya’ni: “...Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz...”, deyilgan (Baqara surasi, 187-oyat). Ulamolar ushbu oyati karimaning tafsirlarida “libos” so‘ziga turlicha ma’nolar berganlar. Ba’zilar er-xotin bir-birining aybu nuqsonini libos kabi yashiradi, desalar, boshqa birlari er-xotin bir-birlarini fahsh va zinodan saqlaydilar, degan ma’nolarni berganlar.

Muhtaram azizlar! Yuqoridagi oyati karimalarning ma’nosiga diqqat bilan e’tibor beradigan bo‘lsak, quyidagi narsani anglashimish mumkin bo‘ladi. Inson ulg‘ayib ma’lum yoshga yetganda oila qurib yashashni istab qoladi. U o‘zi uchun hayotning mazmuni oila qurib yashashda ekanligini anglay boshlaydi. Ana shu vaqtga yetganda qodir bo‘lganlar oila qurishi lozim bo‘ladi. Demak, to‘laqonli oila qurish uchun erkak ham, ayol ham har tomonlama yetuk bo‘lishi darkordir.

Ming afsuski, keyingi vaqtlarda qizlarni erta turmushga uzatish eng dolzarb va hammani o‘ylantiradigan muammoli masalalardan bo‘lib qolmoqda. Ota-onalar orzu-havasga tezroq yetishish maqsadida, hatto, yoshlarning fikri bilan qiziqmasdan to‘y qilish taraddudiga tushib ketmoqdalar. Yigit-qizlar turmushga tayyormi, yo‘qmi, buni hisobga olmayapdilar. Ayrim insonlar balog‘at yoshini kamolot yoshi, deb tushunishadi. Aslida esa balog‘at yoshi nikoh yoshi emas, balki nikoh qurish uchun voyaga yetgan bo‘lish shart. Shuning uchun ham shariatimizda qiz bolani turmushga berishda uning roziligi so‘raladi. Qur’oni karimda marhamat qilingan:

وَابْتَلُوا الْيَتَامَى حَتَّى إِذَا بَلَغُوا النِّكَاحَ فَإِنْ آَنَسْتُمْ مِنْهُمْ رُشْدً فَادْفَعُوا إِلَيْهِمْ أَمْوَالَهُمْ

(سورة النساء/6).

ya’ni: “Yetimlarni, to balog‘at yoshiga yetgunlariga qadar nazorat qilib (voyaga yetish vaqtini kuzatib) turingiz: voyaga yetganlarini sezsangiz, (qo‘lingizdagi omonat) mol-mulklarini o‘zlariga topshiringiz!” (Niso surasi, 6-oyat). Oyati karimaning ma’nosiga qarasak, balog‘at yoshi voyaga yetish vaqtidan boshqa ekanligi ma’lum bo‘ladi.

Yangi qurilayotgan har bir oilaning mustahkamligi, undan sog‘lom avlod dunyoga kelishi, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash va boshqa shu kabi hayotiy masalalar. Ana shu ilk qadam – qizlarimizning voyaga yetib, turmushga chiqishi bilan bevosita bog‘liqdir.

Erta turmushning oldini olish, deganda masala nafaqat turmush qurish yoshi haqida, balki erta turmushning yoshlar hayotiga, salomatligiga salbiy ta’siri, insonlar orasidagi insoniylikning qadrsizlanishining oldini olishdadir. O‘ylamay qo‘yilgan qadam bir emas, bir necha oilalarning tashvishiga sabab bo‘ladi. Erta turmushga chiqqan qizlarimizda kamquvvatlik, bolalarni nogiron yoki nobud bo‘lishi, tug‘ruqdan keyingi kasallik asoratlarini ko‘p bo‘lishi, birinchi tug‘ruq og‘ir bo‘lganligi sababli, boshqa homilador bo‘la olmaslik, ya’ni naslning  kesilishi holatlari ko‘rsatkichi ham ruhan, ham jismonan turmushga tayyor ayollarga nisbatan bir necha baravar yuqoridir. Payg‘ambarimiz ﷺ hadislarining birida:

(عن أنس رضي الله عنه قال: قَالَ رَسُولُ الله صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: "تَزَوَّجُوا الْوَدُودَ الْوَلُودَ فَإِنِّي مُكَاثِرٌ بِكُمْ يَوْمَ القِيَامَةِ" (أَخرَجَهُ الإِمَامُ ابنُ حِبَّان

ya’ni: Anas r.a. dan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ dedilar: “Erlariga mehribon, farzand ko‘ra oladigan ayollarga uylaninglar. Chunki, men qiyomat kuni sizlarning ko‘pligingiz bilan boshqa ummatlar oldida maqtanaman” (Imom Ibn Hibbon rivoyati).

Muhtaram jamoat! Nasl-nasabimizning bevosita davomchilari bo‘lmish farzand-nabiralarimizni vujudga kelishida qiz va  yigitlarimiz har tomonlama barkamol, sog‘-salomat bo‘lishlarining ahamiyati katta ekanligini unutmaylik. Shundan kelib chiqqan holda, bo‘lajak kelin va kuyovlarimizni  “hayot” deb atalmish  va  ayni vaqtda katta  mas’uliyat va burchga asoslangan mustahkam oila qurish ishiga puxta tayyorlashimiz zarur. Baxtli va saodatli kelajak garovi bo‘lgan mustahkam oila, sog‘lom ona va bola mas’uliyatiga hech qachon beparvo va loqayd bo‘lmaylik. Ayniqsa, bo‘lajak ona, murabbiya, oila bekasi bo‘ladigan qizlarimizni turmushga berishdan oldin tarbiyasi, sog‘lig‘i, kasb-hunar o‘rganishi, yaxshi ma’lumotli bo‘lishi, oila, qaynona va eri bilan bo‘ladigan munosabat va muomalalar, burch va vazifalarini yaxshi bilishi yo‘lida ko‘proq bosh qotiraylik va harakat qilaylik. Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺ qizlar tarbiyasi, ularning saodatli bo‘lishlari borasida ota-onalarning vazifalari qanday bo‘lishi haqida shunday marhamat qilganlar:

عَنْ جَابِرٍ بنِ عَبدِ اللهِ رَضِيَ اللهُ عَنهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَليهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "مَنْ كَانَ لَهُ ثَلَاثُ بَنَاتٍ يُؤدِّبُهنَّ وَ يَرحَمُهنَّ وَ يكفُلُهُنَّ وجَبَتْ لَهُ الجنَّةُ أَلْبَتَّةَ" قِيلَ يَا رَسُولَ اللهِ: "فإن كَانَتَا اِثنَتَينِ؟" قال: "وَ إِنْ كَانَتَا اِثنَتَينِ" قَالَ: "فَرَأَى بَعْضُ القَومِ أَن لَو قَالَ: "وَاحِدَةً" لَقَالَ: "وَاحِدَةً"

 (رَوَاهُ الإِمَامُ أَحْمَدُ).

ya’ni: Jobir ibn Abdulloh r.a. dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar ﷺ marhamat qildilar: “Kimning uch qizi bo‘lib, ularga yaxshi odob-axloq o‘rgatsa, rahm-shafqat ko‘rsatib barcha ta’minotlarini kafolatlasa, albatta, unga jannat vojib bo‘ladi”. Yo, Rasulalloh! Agar ikkita bo‘lsachi? – deb so‘rashdi. “Agar ikkita bo‘lsa ham”, – dedilar. Qavm orasidan birlari agar bitta bo‘lsachi, deb so‘raganida, “bitta bo‘lsa ham”, deb javob bergan bo‘lar edilar”, dedi (Imom Ahmad rivoyati).

Alloh taolo jismonan yetuk, aqlan barkamollik asosida yangi oila qurayotgan qiz va yigitlarimizga ikki dunyoda baxtli va saodatli bo‘lishlarini nasibu ro‘zi aylasin! Omin.

Muhtaram azizlar! Hanafiy mazhabimizda shar’iy nikohning bir necha shart va odoblari bo‘lib, ular quyidagilardir:

  1. Nikohdan o‘tuvchilar oqil bo‘lishlari, ya’ni aql-idroklari joyida, ruhiy kasallikdan xoli bo‘lishlari shart. Shuningdek, kelin-kuyov nasab, qudachilik, emikdoshlik kabi bir-birlariga nikohlanishlari mumkin bo‘lmagan toifalardan bo‘lmasliklari lozim;
  2. Iyjob va qabul. Ya’ni kelin va kuyov nikohga roziliklarini o‘tgan zamon fe’li bilan izhor qilishlari (masalan, “bag‘ishladim” va “qabul qildim” kabi). Hozirgi yoki kelasi zamon fe’lida aytilsa nikoh bog‘lanmaydi;
  3. Guvohlar. Ya’ni kelin-kuyovdan tashqari eng kamida ikki erkak yoki bir erkak bilan ikki ayol kishi hoziru nozir bo‘lib rozilik so‘zlarini eshitishlari;
  4. Mahr. Ya’ni kuyovning kelinga beradigan haqqi. Mahrning eng oz miqdori 10 dirham (4,25 gr.) tillodir. Agar 10 dirhamdan kam mahr belgilasa, 10 dirham beradi. Agar nikoh vaqtida mahrni tayin qilmasa, u holda mahri misl vojib bo‘ladi. Mahrning yarmi naqd, qolganini turmush davomida nasiya sifatida berilishi ham mumkin.
  5. Kuyovning oila tebratishga moddiy jihatdan qodir bo‘lishi,
  6. Roziliklari ma’lum bo‘lgandan keyin arab tilida nikoh xutbasini o‘qishlik sunnat amallardan hisoblanadi;
  7. Nikoh o‘qish asnosida nikoh o‘quvchi domla kelin-kuyovga oila, turmush, nikoh, taloq, mahr, o‘zaro izzat hurmat kabi zarur narsalar to‘g‘risida nasihat qilishi ham nikohning odoblaridandir.

 

 Juma tezisining 20 oktyabr 44-soniga ilova

 

Muhtaram azizlar! Shu kunlarda yurtimizda katta tadbir bo‘lib o‘tmoqda. U ham bo‘lsa “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzusi ostida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi. Konferensiyada ishtirok etish uchun qator davlatlardan olimu ulamolar, xususan, Ozarbayjon Respublikasi Shayxulislomi Olloshukur Poshshozoda tashrif buyurdilar. Ushbu konferensiya O‘zbekiston va Ozarbayjon Respublikalari rahbarlari tashabbusi bilan tashkil etilgan.

Darhaqiqat, Islom dini insonlarni birlikka va hamjihatlikka chorlaydi. Quyidagi oyati karimalarning ma’nosi shunga dalolat qiladi:

(يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ  (سُورَةُ الحُجُرَاتِ/13

ya’ni: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).

 

(وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ  (سُورَةُ المائِدَةِ/2

ya’ni: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).

            Payg‘ambarimiz kdan ham bu borada bir qancha hadislar vorid bo‘lgan. Jumladan,

عَنْ أَنَسٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "انْصُرْ أَخَاكَ ظَالِمًا أَوْ مَظْلُومًا" قِيلَ،  يَا رَسُولَ اللَّهِ هذا نَصَرْتُهُ مَظْلُومًا فَكَيْفَ أَنْصُرُهُ ظَالِمًا؟ قَالَ: "تَمْنَعُهُ مِنَ الظُّلْمِ فَذَاكَ نَصْرُكَ إِيَّاهُ"

(رواه الامام البخاري).

ya’ni: Anas 0dan rivoyat qilinadi, Rasululloh k: “Birodaringga zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham yordam bergin”, dedilar. Yo Rasululloh k! Mazlumga mana yordam berdim, ammo zolimga qanday qilib yordam beraman? – deb so‘rashdi. Shunda: “Zulm qilishdan to‘sasan, mana shu unga qilgan yordaming bo‘ladi”, deb javob berdilar (Imom Buxoriy rivoyati). Boshqa bir hadisda shunday deyiladi:

(عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ 0 قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "إِنَّ اللَّه لا يَنْظُرُ إِلَى صُوَرِكُمْ وَ أَمْوَالِكُمْ و لَكِنْ يَنْظُرُ إِلَى قُلُوبِكُمْ وَ أعْمَالِكُمْ" (رواه الإمام مسلم و الإمام ابن ماجة

 

ya’ni: Abu Hurayra 0dan rivoyat qilinadi, Rasululloh k dedilar: “Albatta, Alloh taolo sizlarning suratlaringizga va mol-dunyolaringizga  emas, balki qalblaringizga va amallaringizga qarab baho beradi” (Imom Muslim va Imom Ibn Moja rivoyati).Alloh taolo dunyo musulmonlarining hamjihatlik va birdamligini mustahkamlasin. Notinch o‘lkalarga tinchlik va omonlik, barcha islom yurtlariga farovonlik ato aylasin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“EHSON” TUSHUNCHASI VA BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

13.08.2026   37318   8 min.
“EHSON” TUSHUNCHASI VA BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?

Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!

Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.

Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.

Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.

Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.

Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.

Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.

Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.

Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.

Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.

Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.

Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:

﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾

“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.

Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.

Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:

﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾

“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).

Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.

Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.

Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.

“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.

“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.

“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.

“To‘g‘ri aytding”, dedi.

“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.

“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.

“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.

“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.

“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.

“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:

“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.

“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.

“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».

Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.

Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.

Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.

Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.

“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.

Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.

Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.

Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.

 

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA