Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Dekabr, 2025   |   5 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:03
Xufton
18:22
Bismillah
25 Dekabr, 2025, 5 Rajab, 1447

Checheniston rahbarining e’tirofi

17.10.2017   8273   2 min.

Ramzan Qodirov Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvidan mamnun. U ijtimoiy tarmoqda, uchrashuvdan olgan tassurotini quyidagicha bayon qildi.

Assalomu alaykum! Dushanba kuni men O‘zbekiston poytaxti – Toshkentga keldim.  O‘zbekistonga va uning poytaxtiga kelishni ko‘p vaqtdan beri dilimga tugib kelayotgan edim. Toshkentda kaminani muhtaram Prezident  Shavkat Mirziyoyev qabul qildi. Men Shavkat Miromonovichdan ko‘rsatgan ehtiromi va do‘stona munosabatidan minnatdorman! O‘zbekiston Prezidentining padari buzrukvorim, Checheniston Respublikasining Birinchi Prezidenti, Rossiya qahramoni  Ahmadhoji Qodirovni, uning terrorchilik balosiga qarshi samarali kurashganidan  juda ham yaxshi xabardorligi men uchun haqiqiy kashfiyot bo‘ldi.  Unga bu haqda  Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori bo‘lgan, Ahmadhojiga ta’lim bergan, oilamizning yaqin do‘sti – marhum Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari so‘zlab bergan ekan. Men ham o‘z navbatida, Ahmadhojining O‘zbekiston va uning xalqini qanchalar otashin muhabbat bilan sevganini so‘zlab berdim. 

Biz investitsiya siyosati, sport, madaniyat, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarga doir bir qancha masalalar yuzasidan fikr almashdik. Biz O‘zbekiston va Checheniston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi pog‘onaga olib chiqishga, ushbu hamkorliklarimizni tizimli tarzda muntazam davom ettirishga kelishib oldik.

Men Alloh taolo o‘zbek xalqini Shavkat Miromonovich siymosida o‘z Vatani va xalqini jonidan ortiq sevadigan, o‘zining butun hayotini Ona Vatani istiqboli uchun bag‘ishlashga tayyor bo‘lgan haqiqiy yo‘lboshchi bilan siylaganiga amin bo‘ldim! U O‘zbekistonda siyosiy va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, mamlakatni yuksak taraqqiy etgan davlatlar qatoriga qanday olib chiqish yo‘llarini juda yaxshi biladi!

Men Shavkat Miromonovichni o‘zi uchun qulay bo‘lgan vaqtda do‘stona tashrif bilan Rossiya-Chechenistonga mehmon bo‘lishga taklif qildim. Prezident, albatta, Grozniyga borishga va’da berdi!

                                                                       ***

Ha darvoqe, shahar ko‘chasidan yurib borar ekanman kutilmagan uchrashuv yuz berib qoldi. Notanish bir ayolning ismimni aytib chaqirgani qulog‘imga chalindi.  Darhol to‘xtab unga yaqinlashdim. U ayol – chechen  ekan. Toshkentda tug‘ilibdi, shu yerda yashayotgan ekan. U chechen tilida juda ham tiniq gapirardi. Unga onasi ajdodlarimizning tilini puxta o‘rgatgani meni to‘lqinlantirib yubordi.


O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tinglovchilar uchun Qur’on kitoblari hadya qilindi

16.12.2025   8627   1 min.
Tinglovchilar uchun Qur’on kitoblari hadya qilindi

O‘zbekiston Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan ko‘plab sohalarda hamkorlik qilib keladi. So‘nggi yillarda bu davlat bilan xayriya yo‘nalishidagi aloqalar yanada rivojlanmoqda. Podshohlik har yili yurtimizga xurmo mevasi, oziq-ovqat mahsulotlari, Qur’on kitoblarini xayriya qilib keladi. 

Bir muncha vaqt oldin Saudiya Arabistoni tomonidan “Vaqf” xayriya jamoat fondiga hadya qilingan Qur’on kitoblari kecha Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yetkazildi. Ta’kidlash joizki, har yili mazkur institutning “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursida minglab yurtdoshlarimiz ta’lim olib, muqaddas kitobni bemalol o‘qiydigan bo‘lib yetishadi. Taqdim etilayotgan bu Mus'haflar esa tinglovchilar uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi, deyish mumkin.
Jami olti ming dona Qur’on kitoblarini institut rahbariyati, talabalar xursandchilik bilan qabul qilib olishdi. 

Alloh taolo yurtimiz diniy ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan mo‘min-musulmonlarning qilgan ehsonlarini O‘z dargohida qabul qilsin. Alloh barchalarimizni ilm ahliga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo‘lishimizni nasib aylasin. 

Vaqf.uz

Tinglovchilar uchun Qur’on kitoblari hadya qilindi Tinglovchilar uchun Qur’on kitoblari hadya qilindi
O'zbekiston yangiliklari