Avval xabar qilingan, 2017 yil 18 oktyabr kuni Ozarbayjon davlati bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” nomli xalqaro anjumanga tayyorgarlik ko‘rish doirasida shu hafta avvalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov Buxoro shahriga tashrif buyurishdi. Ushbu xalqaro anjuman munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi, jumladan, Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasiga yuqori martabali mehmonlar va Kavkaz musulmonlari idorasi rahbariyati tashrifi kutilayotgani munosabati bilan joylardagi tayyorgarlik ishlari ko‘zdan kechirildi.
Muftiy hazratlari madrasa o‘quv binosi va ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishdilar. Mir Arab madrasasida olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari, ta’mir jarayoni va o‘quv xonalarini jihozlash bo‘yicha bajarilgan ishlar ko‘zdan kechirildi. O‘z navbatida sinf xonalarning jihozlanishi bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, bilim yurtining faxriy bitiruvchilari tahsil olgan sinf xonalar, xususan, Checheniston Respublikasining birinchi Prezidenti Ahmad Qodirov va Shayxul islom Ollohshukur Poshshozodaning ushbu madrasada tahsil olgan xonalari holati bilan yaqindan tanishildi.
Mehmonlar Bahouddin Naqshband ziyoratgohida ham bo‘lib, u yerda yangi tashkil etilgan Mir Arab oliy madrasasidagi talablarning o‘quv jarayoni va yotoqxonadagi sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Muftiy hazratlari bilim yurtidagi shart-sharoitlarni yanada yaxshilash borasidagi taklif va mulohazalarini bildirarkan, axborot resurs markazi va kompyuter texnologiyalaridan samarali foydalanish, kutubxona fondini yanada boyitish, talabalar chet tillarini, xususan, ingliz va arab tillarini chuqur o‘zlashtirish zarurligiga alohida urg‘u qaratdilar.
Mehmonlarga Buxoro viloyati hokimi O‘. Barnoyev xamrohlik qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Osmonlaru yerni yaratgan Zotning qarshisiga ma’siyatlar ila chiqa ko‘rmang, g‘azabiga toqatingiz, iqobiga sabringiz va azobiga qudratingiz yetmaydi.
Doktor Abdul Muhsin Ahmad o‘zining bir qarindoshi bilan bo‘lgan voqeani aytib berdi. Voqeaga ko‘ra bir yigit ukasiga doim “Allohga hamd aytgin” desa, ukasi: “Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?” – der, Yaratganga bo‘yin eggisi kelmasdi.
Axir uning bu gapini olamlar Rabbi bo‘lgan Zot eshitib turibdi! Alloh uni ikki oyog‘i bilan yurg‘izib qo‘yibdi, qancha odamlar yura olishmaydi. Necha-necha insonlar ko‘rish ne’matidan mosuvo bo‘lganida, uning ko‘zlari ko‘rib turibdi.
Vaqt o‘tib yigit avtohalokatga uchraydi. Uning a’zolari qattiq shikastlanadi. Operatsiyadan so‘ng doktor Abdul Muhsin Ahmad uni bir umr nogiron bo‘lib qolganligini, tanasining yarmi ishlamasligini, aniqrog‘i, bir o‘limdan qolganligini aytadi.
Alloh buyuk! Uning ne’matlari cheksiz. Biz bandalar doim shukrda bo‘lmog‘imiz lozim. Zero, Alloh taolo aytadi: «...Albatta, Uning ushlashi alamli va shiddatlidir»[1].
Tasavvur qiling, bordi-yu, siz do‘zaxiylardan bo‘lsangiz, u yerdagi azobga chiday olasizmi?! Albatta, yo‘q.
Shunday ekan Allohga tavba qiling! U Zotga xush kelmaydigan ishlardan qayting. Solih amallar ila Rabbingizga yaqinlashing.
Alloh bergan ne’matlarga shukr qiling. Gunoh va ma’siyatning kichikligiga qaramang. Allohning buyukligini nazaringizdan qochirmang.
Alloh buyuk! U Zot sizni kutilmaganda ushlamasidan avval qalbingizni qo‘rquv ila to‘ldiring. Qazoingiz yaqinlashmasidan avval poklaning. O‘lim kelgandagi pushaymondan naf yo‘q va buning uchun imkon berilmas...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Hud surasi, 102-oyat.