2017 yilning 9 oktyabr kuni Fransiya Tashqi ishlar vazirligining din ishlari bo‘yicha maslahatchisi Jan Kristof Posel O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi. Mehmonga Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Violen de Vilmor xonim va elchixona maslahatchisi Alena Granda xonim hamrohlik qildi.
Mehmonlarni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov va Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov kutib oldi.
Uchrashuvda yurtimizdagi masjidlar, diniy ta’lim muassasalari va haj – umra safarlarini tashkil etish haqida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, O‘zbekistondagi 16 ta diniy konfessiyalar, ularning faoliyati, 2 ta noislomiy seminariyalar, cherkov va boshqa ibodatxonalar mavjudligi bo‘yicha ma’lumotlar berib o‘tildi.
Shu bilan birga yurtimizda so‘ngi yillarda sohada olib borilayotgan islohotlar, buning natijasida Prezidentimiz tashabbuslari bilan turli ilmiy maktablar, Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi kabilar ham aytib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida mehmonlarga muftiy hazratlari tomonidan esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi axborot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Kotibiyat mas’ul xodimi Muhammadamin qori Xoliqovning padari buzrukvori vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Muhammadamin qori Xoliqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi