2017 yilning 9 oktyabr kuni Fransiya Tashqi ishlar vazirligining din ishlari bo‘yicha maslahatchisi Jan Kristof Posel O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi. Mehmonga Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Violen de Vilmor xonim va elchixona maslahatchisi Alena Granda xonim hamrohlik qildi.
Mehmonlarni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov va Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov kutib oldi.
Uchrashuvda yurtimizdagi masjidlar, diniy ta’lim muassasalari va haj – umra safarlarini tashkil etish haqida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, O‘zbekistondagi 16 ta diniy konfessiyalar, ularning faoliyati, 2 ta noislomiy seminariyalar, cherkov va boshqa ibodatxonalar mavjudligi bo‘yicha ma’lumotlar berib o‘tildi.
Shu bilan birga yurtimizda so‘ngi yillarda sohada olib borilayotgan islohotlar, buning natijasida Prezidentimiz tashabbuslari bilan turli ilmiy maktablar, Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi kabilar ham aytib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida mehmonlarga muftiy hazratlari tomonidan esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi axborot xizmati
“Haj – 2025” mavsumi ziyoratchilari toat-ibodatlarini qulay sharoitlarda bajarishlarini ta’minlash maqsadida Saudiya Arabistoni safarida bo‘lib turgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy mutasaddi idoralar bilan muzokaralar o‘tkazishmoqda.
Xususan, muborak maskanlar – Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida munosib shart-sharoitlar hozirlash yuzasidan mazkur hududlarda turar joy, transport, oziq-ovqat ta’minoti bilan shug‘ullanadigan “Tavofa” muassasasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda har bir hoji uchun Mino vodiysida yetarli o‘rin bilan ta’minlash, Arafot hududidagi chodirlarni issiq o‘tkazmaydigan zamonaviy sendvich panellar bilan o‘rashni oxiriga yetkazish, ularda “Sofa bed” (yostiq va to‘shak), “Martaba” (to‘shak), sovutkich singari qulayliklar qilish, kommunal xizmatlarni yaxshilash, uch mahal issiq ovqat va muntazam choy-salqin ichimliklar bilan ta’minlashga urg‘u qaratildi. Shuningdek, Muzdalifa hududida yetarli miqdordagi gilam-poloslar va suv bilan ta’minlash qo‘shimcha qilindi.
Ayniqsa, hojilarning muqaddas makonlarda vaqtlarini g‘animat bilib, doimo toatu ibodatda bo‘lishlari uchun taniqli ulamolarning suhbatlari, mashhur qorilarning qiroatlarini barchaga yetkazish uchun mikrafon va ovoz kuchaytirgichlarni yetarli darajada tashkil etishga e’tibor qaratildi.
Soha rahbarlari tomonidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi "Haj va Umra" markazi rahbari Ziyouddin Maqsudovga mazkur xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarini yanada sinchkovlik bilan o‘rganish va yakuniy ma’lumotlarni taqdim etish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati