Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2025   |   17 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:28
Peshin
12:33
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
20:54
Bismillah
11 Avgust, 2025, 17 Safar, 1447

Allohning ne’matiga beparvo bo‘lmaylik!

09.10.2017   5826   9 min.
Allohning ne’matiga beparvo bo‘lmaylik!

Alloh taolo juda ko‘p ne’matlarni biz bandalar uchun yaratdi. Ne’matlarning ba’zilarini tanovul qilsak, ba’zilarini ko‘rib quvonamiz. Yana ba’zilari og‘irimizni yengil qilsa, boshqalari uzog‘imizni yaqin qiladi. Alloh taolo O‘z kalomi sharifida marhamat qili:

وَالْخَيْلَ وَالْبِغَالَ وَالْحَمِيرَ لِتَرْكَبُوهَا وَزِينَةً وَيَخْلُقُ مَا لَا تَعْلَمُونَ 

 Ushbu oyati karimada Alloh taolo insonlarga minishlari uchun hayvon ulovlarni yaratganini bildirganidan so‘ng insonlar bilmaydigan narsalarni ya’ni ulovlarni yaratishini ma’lum qildi. Mufassir ulamolarimiz oyatdagi bu qismni shunday tafsir qilganlar:

“Bu oyat hozirgi kunimizdagi suv, havo va quruqlikdagi transport vositalarining yaratilishiga ishoradir. Negaki, o‘sha transport vositalarini ixtiro qilish Alloh taoloning insonlarga bergan imkoniyati, aql-zakovat va kuch-qudrati bilan  amalga oshgan, Alloh taoloning o‘zi insonlarni mana shu ishga muvaffaq aylagan. Alloh  taolo bu borada O‘z kalomi sharifida shunday marhamat qiladi:

 وَاللَّهُ خَلَقَكُمْ وَمَا تَعْمَلُونَ 

Holbuki, sizlarniham, sig‘inayotgan butlaringizni ham Alloh yaratgan-ku?!” (Soffat surasi, 96 oyat).

Shundan kelib chiqib, insonlar qo‘li bilan yasalganiga qaramay, yeru ko‘kdagi barcha transport vositalari Alloh taoloning insonlarga bergan ulkan ne’mati deb  ayta olamiz.

Har bir ne’matning mas’uliyati bo‘lganidek, transport vositalaridan foydalanishda ham o‘ziga yarasha mas’uliyatli jihatlar mavjud. Birinchi navbatda o‘sha transportdan foydalanish borasidagi ilmlarni mukammal egallash muhim. Keyingi o‘rinlarda esa mazkur ne’matning shukri, uni yaxshi ishlarga safarbar qilish kabi mezonlar turadi.

Har yaxshining bir yomoni bor deganlaridek, bugungi kunimizda mana shu transport vositalari ishtirokida ko‘plab kishilarning hayotiga yakun yasayotgan halokatlar haqida eshityapmiz, ba’zida  o‘zimiz ham o‘shanday hodisalarning guvohi bo‘layapmiz.

Bunday falokatlarning aksar qismi biz yuqorida aytgan mas’uliyatlarni hamda yo‘l va unga bog‘liq odob-axloq hamda qonun-qoidalarni  bilmaslik, yo‘l transport vositalaridan noto‘g‘ri foydalanish, qonun-qoidalarga rioya qilmaslik oqibatida kelib chiqmoqda, desak xato qilmagan bo‘lamiz.

Ba’zida odamlar orasida yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish dinimizda yo‘q, faqat Qur’on va sunnatdagi hukmlarga bo‘ysunish kerak xolos, boshqasiga amal qilinmaydi, deganini eshitib qolamiz. Ular bu gaplarni qaysi diniy asosga ko‘ra aytayotganidan hayron qolasan kishi. Ularning yo‘l-harakat qoidalariga amal qilmasligining o‘zi ham dinimizdagi buyruqlarga itoat etmasligining nishonidir. Birinchidan, ular yo‘l-harakat qoidalariga rioya qilmasligi oqibatida avvalo o‘zlarining hayotiga xavf tug‘iladi. Bu borada Qur’oni karimda:

...وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ وَأَحْسِنُوا إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ  

“...va o‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!..”  (Baqara surasi, 195 oyat) deb buyurilgan. Ikkinchidan, boshqalarning hayotiga xavf tug‘diradi, birovlarning umriga zomin bo‘lishi mumkin. Insonlarning jonini esa dinimiz himoya qilgan. Alloh taolo o‘z kalomi sharifida boshqalarni umriga zomin bo‘lganlarga nisbatan shunday oyat nozil qilgan:

مِنْ أَجْلِ ذَلِكَ كَتَبْنَا عَلَى بَنِي إِسْرَائِيلَ أَنَّهُ مَنْ قَتَلَ نَفْسًا بِغَيْرِ نَفْسٍ أَوْ فَسَادٍ فِي الْأَرْضِ فَكَأَنَّمَا قَتَلَ النَّاسَ جَمِيعًا وَمَنْ أَحْيَاهَا فَكَأَنَّمَا أَحْيَا النَّاسَ جَمِيعًا ...

“...Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir...” (Moida surasi, 32 oyat).

Yo‘l-harakat qoidalarga amal qilmaslik “ish boshi” ya’ni boshliqlarga ham itoat qilmaslikdir. Bu esa Alloh taoloning:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ وَأُولِي الْأَمْرِ مِنْكُمْ ... 

“Ey, imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!..” (Niso surasi, 59) oyatiga teskaridir.

Bundan tashqari, dinimizda yo‘l borasida alohida ko‘rsatmalar mavjud. O‘sha ko‘rsatmalar asosi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflarida jamlangan:

Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yo‘lda o‘tirishdan saqlaninglar”, dedilar. Shunda sahobai kiromlar: “Yo, Rasululloh, bizni bundan boshqa suhbatlashib o‘tiradigan joyimiz yo‘q”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar yo‘lni tanlasangiz uning haqqini ado etib qo‘yinglar!”, dedilar. Sahobai kiromlar: “Ey, Allohning Rosuli, yo‘lning haqqi nima?”dedilar. Rasulullohsollallohu alayhi vasallam: “Ko‘zni yumish, ozor berishdan tiyilish, salomga alik olish va yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish”, deb javob berdilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Ulamolarimiz ham transport vositalarini haydovchi musulmonlarga yo‘l bilan bog‘liq bir qancha odob-axloq va ko‘rsatmalar berib o‘tganlar. Endi, o‘sha ko‘rsatmalarga nazar solsak.

Avvalo, haydovchi kishi Alloh taolo buyurgan narsalarni qilish, qaytargan ishlardan saqlanish ila Allohga taqvo qilmog‘i lozim. Zero, barcha ishlar taqvo tufayli go‘zal xotima topadi. Qiyinchiliklardan chiqish yo‘li ham, yengillik sababi ham taqvo bilan bo‘ladi. Alloh taolo bu borada Qur’oni karimda shunday deb va’da beradi:

وَمَنْ يَتَّقِ اللَّهَ يَجْعَلْ لَهُ مَخْرَجًا 

“...Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”(Taloq surasi, 2 oyat).

وَمَنْ يَتَّقِ اللَّهَ يَجْعَلْ لَهُ مِنْ أَمْرِهِ يُسْرًا

“...Kimki Allohga taqvo qilsa, (Alloh) uning ishini oson qilur”. (Taloq surasi, 4 oyat).

Ikkinchidan, ulovni minayotganda yoki uydan chiqayotganda taqdirga Allohdan ekanini his qilib, kuchli tavakkal qilish. Chunki kim Allohga tavakkal qilsa Allohning o‘zi unga yordam berishda yetarlidir. Sabablarni ham qilib qo‘yishlik go‘zal tavakkalning alomatidir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar:

Agar biror kishi uyidan chiqayotganda “bismillahi tavakkaltu ’alallohi, la havla va la quvvata illa billah” deb aytsa bir farishta u uchun “hidoyat qilinding, kifoya qilinding, himoya qilinding” deydi. Shayton undan qochib ketadi. Shunda boshqa shayton u(shaytonga) qarab: qandayqilib senga hidoyat qilingan, kifoya qilingan va himoya qilingan kishi (tomon)ga  yo‘l bo‘lsin, deydi” (Abu Dovud rivoyati.)

Uchinchidan, ulovga minishda va safarga chiqishda albatta, duolarini doimo o‘qib yurishlik. Mazkur duolar sababli ulug‘ barakotlar bo‘ladi, biroq buni ko‘pchilik haydovchilar bilmaydilar.

To‘rtinchidan, haydovchilik vaqtida harom qilingan ishlar, shahvatni qo‘zg‘atadigan turli musiqalar, spirtli ichimliklar ichishdan saqlanish lozim. Chunki bu gunohlar Alloh taoloning himoyasidan uzoqlashtiradi, Uning azobini tezlashtiradi. Alloh taolo O‘z kalomi sharifida insonlarni  gunohlari tufayli tutishni quyidagicha bayon qilgan:

 فَكُلًّا أَخَذْنَا بِذَنْبِهِ ...

Biz (ularning) har birini o‘z gunohi bilan tutdik...” (Ankabut surasi, 40 oyat).

Beshinchidan, bomdod namozini jamoat bilan ado qilishlik. Banda bu ishi bilan Allohning zimmasiga o‘tadi. Zero, hadisi sharifda “Kim bomdod namozini jamoat bilan ado qilsa, u Allohning zimmasida bo‘ladi”, deb bejizga aytilmagan.

Oltinchidan, “Zuho” namozini ham o‘qib yurish. Chunki, Alloh taolo  mazkur namozni ado qilgan kishini saqlashni hadisi qudsiyda quyidagicha va’da qilgan:

Ey odam bolasi, kunning avvalida to‘rt rakaat (namozni ado qilishdan) ojiz qolma!(Agar shuni qilsang) kunning oxirigacha senga O‘zim kifoya qilaman”.

Yettinchidan, musulmon kishining qoni, moli harom qilinganini doimo yodda saqlab turish, birovga ozor berib qo‘yishdan saqlanish.

Sakkizinchidan, minib yurgan ulovining ham Alloh taoloning ne’mati ekanini yodda tutish, uning shukrini ado qilish.

To‘qqizinchidan, ulovni minishdan yoki u bilan safarga chiqishdan oldin yaxshilab tekshirib, ko‘zdan kechirmoq . Bu shar’an matlub sabablarni qilish hisoblanadi.

O‘ninchidan, haydovchilik, yo‘l-harakati qonun-qoidalari va ilmlariga qat’iy rioya qilmoq. Chunki bunda musulmonlarga ko‘plab foydali jihatlari ham mavjud.     

Mazkur ko‘rsatmalar har bir musulmon kishi bilishi, amal qilishi kerak bo‘lgan bilimlarning asosiylari xolos. Bundan tashqari, yana bir qancha yo‘lda harakatlanishga doir dinimiz taqozo etadigan  odob-axloq qoidalari bo‘lib, haydovchilarning aksari bularni bilishadi.

Kimda kim o‘z ulovi birovning hayotiga yakun yasovchi qurolga aylanishini, u sabab oilalar boshliqsiz, ayollar ersiz, bolalar ota-onasiz, ota-onalar farzandsiz qolishini xohlamasa, yo‘l harakati qoidalarini yaxshi bilmog‘i, eng asosiysi o‘sha bilim va ko‘nikmalariga amal qilmog‘i lozim.

Alloh taolo barchalarimizni O‘zining to‘g‘ri yo‘liga hidoyat qilib, doimo boshqalarga manfaati yetadigan insonlardan aylasin.

Jaloliddin Hamroqulov,

Toshkent islom instituti

 “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Allohning yordami

06.08.2025   8181   1 min.
Allohning yordami

حدثنا العباس الدوري  نا يحيى بن حماد  أنا محمد بن طلحة عن أبيه عن مصعب بن سعد قال: رأى سعد أن له فضلا على من دونه قال: فقال رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم : إنما نصر الله هذه الأمة بضعفائهم وبصلاتهم ودعوتهم وإخلاصهم.


Mus’ab ibn Sa’ddan rivoyat qilinadi: “Sa’d o‘zini boshqalardan ustunroq deb o‘yladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Albatta, Alloh bu ummatga zaiflari, namozlari, duolari va ixloslari sababli nusrat bergan!” dedilar”.

 

Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi