Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom akademiyasi, Islom sivilizatsiya markazi, “Movarounnahr” nashriyoti xodimlari, Toshkent islom instituti, “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti, “Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchilari va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov nutq so‘zladi:
Bismillohir Rohmanir Rohiym.
– Muhtaram Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqini keng jamoatchilik qizg‘in muhokama qilmoqda. Ushbu ma’ruzada dunyoning o‘tkir muammolari bo‘lgan global masalalarga e’tibor qaratildi. Muammolar yechimi yuzasidan bildirilgan aniq, hayotiy takliflarni sessiya ishtirokchilari yakdillik bilan qo‘llab-quvvatladi.
Ushbu tarixiy nutqda alohida e’tibor berilgan masalalardan biri – islom ma’rifati masalasi bo‘ldi. Yurtboshimiz nufuzli minbardan turib, quyidagi muhim tashabbusni ilgari surdilar: «Bugungi sessiya ishtirokchilariga BMT Bosh Assambleyasining «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan murojaat qilmoqchiman. Bu hujjatning asosiy maqsadi – barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat».
Dinimizning mo‘tabar manbalarida ma’rifatli bo‘lish haqida ko‘plab rivoyatlar kelgan. Jumladan, hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
"مَن أَرَادَ الدَّنيَا فَلِيَتَّجِرْ وَ مَن أَرَادَ الآخِرَةَ فَلِيَتَزَهَّدْ وَ مَن أَرَادَهُمَا فَلِيَتَعَلَّمْ
ya’ni, “Kim dunyoni xohlasa tijorat qilsin, kimki oxiratni xohlasa zohid bo‘lsin va kimki ikkisini ham xohlasa ilm olsin”.
Yana bir hadisi sharifda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
"إِنَّ اللَّهَ وَمَلائِكَتَهُ وَأَهْلَ السَّمَوَاتِ وَالأَرْضِ حَتَّى النَّمْلَةَ فِي جُحْرِهَا وَحَتَّى الْحُوتُ فِي الْبَحْرِ لَيُصَلُّونَ عَلَى مُعَلِّمِ النَّاسِ الْخَيْرَ"
ya’ni, “Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, uyasidagi chumoli, hattoki, dengizdagi baliq ham odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchi olimga salavot aytadilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Muhtaram Prezidentimiz o‘z nutqida muborak Islom dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini jahon afkor ommasiga yetkazish oldimizda turgan muhim vazifa ekanini alohida qayd etdilar. Shuningdek, Davlatimiz rahbari aslida Islom dini ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarga rioya etishga da’vat etishini alohida ta’kidlar ekan, jumladan, shunday dedilar: «Biz butun jahon jamoatchiligiga Islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamligining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”.
Nutqqa xorijiy mamlakatlarning ko‘plab taniqli vakillari o‘z munosabatlarini bildirmoqda. Jumladan, Latviya Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nina Linde xonim shunday degan: “O‘zbekiston yetakchisining mazkur nutqini katta qiziqish bilan o‘qib chiqdim. O‘zbekiston necha-necha asrlar davomida an’anaviy, insonparvar hamda bag‘rikeng islomning markazi bo‘lib kelgan. Shu bois Shavkat Mirziyoyevning islom dinining asl qadriyatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan teran anglanishi muhimligi haqidagi takliflari mutlaqo mantiqlidir.
Bu islom diniga nisbatan sabrli va hurmatda bo‘lish, Yevropa jamoatchiligini bir qolipdagi qarashlardan xalos etishga ko‘maklashish imkonini bergan bo‘lur edi”.
Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti direktori Mohd Yusuf Usmon esa bunday deydi: “Bugungi kunda turli buzg‘unchi kuchlar odamlar ongini zaharlashning ko‘p qirrali uslublaridan keng foydalanmoqdaki, bunda ular har bir inson uchun muqaddas bo‘lgan dinni niqob qilishdan ham tap tortishmayotir. Bunday vaziyat, aksariyat hollarda, musulmon bo‘lmagan mamlakatlar vakillarining haqiqiy islom qadriyatlarini to‘la tushunmasligiga olib kelayotgani barobarida, islom diniga asossiz malomatlar yog‘ilishiga ham sabab bo‘lyapti. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bu muqaddas dinni zo‘ravonlik va xunrezlik bilan bir qatorga qo‘ymaslik zarurligi, islomning asl insonparvarlik mohiyatini jahon jamoatchiligiga yetkazish to‘g‘risidagi da’vatlari juda dolzarbdir”.
Darhaqiqat, ana shunday murakkab bir sharoitda muhtaram Prezidentimiz dunyoning eng yuksak minbarida turib Islom dinining asl mohiyati insonparvarlik va tinchlik ekani, uni qoralovchilar bilan hech qachon murosa qilinmasligini baralla aytishi mustahkam e’tiqod, katta shijoat, chinakam jasoratdir. Buni ko‘plab davlatlar rahbarlari ham, nufuzli siyosatchilar ham e’tirof etmoqda. Dunyoda, ayniqsa, musulmon olamida O‘zbekistonning do‘stlari yanada ko‘paymoqda.
O‘rni kelganda aytib o‘tish kerakki, muhtaram Prezidentimiz har bir chiqishlarida “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish” shiorini ilgari surib, olimlarning ko‘payishi juda ham fazilatli hodisa ekanini ta’kidlab keladilar. Ana o‘sha fikrlarini umumlashtirib, yuqori minbardan turib, barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashadigan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” borasida maxsus hujjat qabul qilish zarurligini baralla aytib o‘tdilar.
Darhaqiqat, dinimiz manbarlarida, xususan, hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning muborak hadisi shariflarida ham olimning hatto obiddan ham afzalligi to‘g‘risida rivoyatlar kelgan. Jumladan, Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
«Kim ilm talab qilish yo‘liga yursa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini qo‘yadi. Albatta, olimga osmondagi mavjudotlar, yerdagi mavjudotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadi. Olimning obiddan fazli huddi to‘lin oyning boshqa yulduzlardan fazliga o‘xshaydi. Albatta, olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Albatta, payg‘ambarlar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Albatta, ular ilmni meros qoldirganlar. Kim o‘shani olsa ulug‘ nasibani olibdi», deganlar» (Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
Prezidentimiz nutqi yakunlangandan keyin zalda o‘tirganlarning olqishlari xiyla vaqt davom etdi. Ko‘plab davlat rahbarlari muhtaram Prezidentimizni tabriklab, o‘z fikrlarini bildirdi. Xususan, Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an hech kim islom dinining qadriyatlarini bu qadar jasorat bilan himoya qilmagani, hech qachon Imom Buxoriydek ulug‘ allomaning nomini tilga olmaganini alohida ta’kidlab, tahsinlar aytdi.
Misrning “Al-Vafd” gazetasida “O‘zbekiston Prezidenti BMT minbaridan turib yoshlar haqida tashabbus bilan chiqdi” sarlavhali katta maqolasini e’lon qildi. Unda O‘zbekiston Prezidenti BMTning yig‘inida yoshlar huquqini ta’minlash xususida qonunni ishlab chiqish borasidagi taklifiga yuqori baho berilgan. Shuningdek, hozirda yoshlar uchun mos bo‘lgan sharoitlarni yaratish va ekstremistik g‘oyalar qarshisida to‘siq qo‘yish juda ham ahamiyatli ish ekani ta’kidlangan. Bu narsaga erishishning birdan bir yo‘li, yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash va haq-huquqlarini himoya qilish ekani ta’kidlangan.
“Ash-Sharqul al-Avsat” axborot agentligining xabarida, dunyoda terrorga qarshi kuch ishlatish unchalik manfaat bermayotgani ta’kidlangan. O‘z navbatida O‘zbekiston bu borada faol ish olib borib, tinch yo‘l bilan ya’ni, ma’rifat bilan kurash olib borishga barchani da’vat etayotgani alohida e’tirof qilingan.
G‘arb nashrlarida muhtaram Prezidentimizning “endi fuqarolar davlat tashkilotlariga emas, davlat tashkilotlari fuqarolarga xizmat qilish kerak” degan gaplariga urg‘u berilgan. Shuningdek, ularda O‘zbekiston xalqi uchun hozirgi davr – jadal taraqqiyot davri ekanini ta’kidlanib, tez sur’atlar bilan qadamlar tashlanishi Prezident tomonidan ishonchni mustahkamlanganini ta’kidlagan.
Biz mo‘min-musulmonlar ana shunday e’tirof va tahsinlardan yuksak iftixor tuyg‘usini yurakdan his etib, qalblarimizning eng nozik nuqtalari ham ta’sirlanganini ochiq-oydin aytishimiz kerak. Buning uchun Yaratgan Parvardigorga cheksiz shukronalar keltirishimiz darkor.
Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Shoazim Munavvarov o‘z nutqida yoshlarni puxta ilm olishga targ‘ib etib, ochilayotgan yangi markazlar, oliy bilim yurtlari, akademiya-yu markazlar... ularning barcha-barchasi Prezidentimiz nutqida alohida urg‘u berilgan ma’rifatli bo‘lish vositalari ekani, bu dargohlar puxta ilm egallagan yoshlarni quchoq ochib kutib olishini aytib, yoshlarni ilm sirlarini yaxshi o‘zlashtirishga da’vat etdi.
Islom akademiyasi rektori, akademik Ne’matullo Ibrohimov domla mustabid tuzum davrida diniy olimlar qanday mashaqqatlar ostida ilm qilganini yoshlarga ibrat uchun so‘zlab berdi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbari Ortiqbek Yusupov hamda Islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurovlar Prezidentimizning “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish” shiori to‘g‘risida so‘z yuritib, agar odamlar yoshligidan ilm o‘rgansa, oq-qorani tanib voyaga yetsa, har bir inson o‘zining fikrida sobit tura oladigan shaxs sifatida shakllansa, bunday jamiyatda nafaqat terrorchilik, balki boshqa muammolar ham o‘z-o‘zidan barham topib ketishi haqida so‘z yuritdilar.
Shundan keyin yoshlar vakili sifatida so‘zga chiqqan Toshkent islom instituti talabasi Ulug‘bek Husanov Davlatimiz rahbarining hatto BMT Bosh minbarida turib ham yoshlarni o‘ylaganlari, nafaqat O‘zbekistonimiz yoshlari, balki dunyo yoshlari haqida qayg‘urganini ko‘rib nihoyatda to‘lqinlanib ketganini izhor qildi hamda muhtaram Prezidentimiz ishonch bildirganidek, malakali mutaxassis bo‘lib yetishish uchun astoydil ilm olishda davom etishini ma’lum qildi.
Anjuman so‘ngida muftiy hazratlari yurtimizga tinchlik, yurtboshimizga omonlik, yurtdoshlarimizga farovonlik, yoshlarimizga ilmu irfon so‘rab duoga qo‘l ochdilar.
Damin JUMAQUL
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Kengash a’zolari to‘g‘ridan to‘g‘ri va onlayn tarzda ishtirok etishdi. Dastlab, London qirollik kolleji Arxeologiya bo‘limi ilmiy xodimi, doktor Miliana Radivoyevich Namangan viloyatidagi Axsikent mavzeida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasi bilan tanishtirdi.
Miliana Radivoyevich uzoq yillarda beri mamlakatimizda olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlarda faol ishtirok etib keladi.
— Axsikent dunyodagi eng qadimiy metallurgiya markazlaridan biri hisoblanadi. Men o‘zbekistonlik, kiprlik va buyuk britaniyalik hamkorlarimiz bilan birga Axsikentda ilk o‘rta asrlarda metallurgiya yuqori darajada rivojlanganini aniqladik. Jumladan, islom olamining dastlabki davrida tayyorlana boshlagan mashhur Damashq qilichlari ham aynan Axsikentda qazib olingan va qayta ishlangan po‘latdan foydalanganini isbotladik. Nasib etsa, Markazning ochilishi marosimida bu tarixiy voqeani alohida medialoyiha sifatida taqdim etamiz, — dedi u.
ITSM xalqaro aloqalar bo‘limi mutaxassisi Yekaterina Soboleva Kengash a’zolarini O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tantanali ochilishi marosimi konsepsiyasi bilan tanishtirdi. Unda ushbu marosim doirasidan joy olgan tadbirlar, “O‘tmishning boqiy merosi – buyuk kelajak asosi” mavzusidagi IX kongress kun tartibi, ishtirokchilar ro‘yxati, Imom Buxoriy majmuasining yangi binosi va innovatsion muzeyi singari qator masalalar o‘rin olgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Markazning ochilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan Xalqaro ko‘rgazma, xorijdan olib kelinadigan qo‘lyozmalar, eksponatlar haqida ma’lumot berdi. Xorijiy mamlakatlardagi qator muzey va kutubxonalar, shaxsiy kolleksiyalar rahbarlarning ushbu ko‘rgazmasidagi ishtiroki bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilayotganini qayd etdi.
— Biz 25 aprel-2 may kunlari Buyuk Britaniyaning “Sotbis” va “Kristis” auksionlaridan O‘zbekiston madaniy merosiga oid 46 ta lotni saraladik, — dedi Markaz rahbari. — Ayni paytda ularni sotib olish va O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha muzokaralar davom etyapti. Biz bu tarixiy merosni qaytadan qo‘lga kiritayotganimizni jahon ilmiy jamoatchiligiga yetkazishimiz kerak. Shu bois, Buyuk Britaniya va Fransiyada shu masalada xalqaro tadbirlar o‘tkazishni rejalashtiryapmiz.
Kengash a’zolari tomonidan ushbu yirik anjumanlarga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlar ro‘yxati ham taqdim etildi. Kengaytirilgan ilmiy kengash a’zolari tomonidan ushbu xalqaro tadbirlarda ishtirok etadigan o‘zbekistonlik olimlar va ekspertlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Kengash davomida, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Alisher Egamov O‘zbekistonning turli hududlaridagi muzey fondlaridan Markaz ekspozitsiyasida namoyish qilish uchun to‘plangan tarixiy eksponatlar haqida ma’lumot berdi. Mart-aprel oyida joylarga uyushtirilgan ekspeditsiyalar natijasida 1500 dan ortiq tarixiy eksponatlar aniqlangan. Mamlakatimiz tarixining turli davrlariga mansub bu tarixiy buyumlar orasidan saralanganlari Markazning ochilishi munosabati bilan o‘tadigan xalqaro ko‘rgazmadan joy oladi.
Shuningdek, Markaz ekspozitsiyasi uchun 2-toifali medialoyihalarning ilmiy-amaliy materiallar bazasini yaratish masalasi ham kun tartibiga qo‘yildi. Boshqa bir qator masalalar bo‘yicha Kengash a’zolari o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Kengash uchrashuvida Markaz hamda O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati qo‘shma loyihasi - "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi kitob-albomlarning 81-90 jildlarini nashr qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, nashrga tayyorlanayotgan yettita sovg‘abop kitob-albom haqida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari uchrashuvda Kengash a’zolari Qur’oni karim zalining yangi dizaynini ham tasdiqlashdi.
— Qur’on zali binoning markaziy qismidan o‘rin olgani uchun uning dizayniga alohida e’tibor berilyapti, — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi boshlig‘i Azimjon G‘afurov. — Biz Kengash a’zolari e’tiboriga Hazrati Usmon Qur’oni joylashtiriladigan ayvon ustida joylashadigan nurli installyatsiyaning ikki xil ko‘rinishini taqdim qildik. Yig‘ilishda eng maqbul variant tanlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga navbatdagi tashrifi chog‘ida xalqaro hamkorlar, jumladan, dunyoning yetakchi muzeylari, kutubxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Markaz binosining ikkinchi qavatini xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari uchun xonalar ajratish, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi uchun alohida yangi bino qurish to‘g‘risidagi qarorning muhim bandlaridan biri bo‘ldi. Qirqqa yaqin asosiy hamkor davlatlar mavjud. Markazning ikkinchi qavatida ularning faoliyati uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib, zamon talabi darajasida tashkil etish O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining navbatdagi kengaytirilgan ilmiy kengashi jarayonida alohida ta’kidlandi.