frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Alloh biz bilan birga

06.10.2017   13742   4 min.
Alloh biz bilan birga

Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz! Ey, imon keltirganlar! Sabr va namoz bilan (Mendan) yordam so‘rangiz! Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir (Baqara, 152-153).

Said ibn Jubayr aytadi: “Zikr – Alloh taologa itoat qilishdir. Kim tasbeh, tahlil, Qur’on qiroatini ko‘p qilsada Alloh taoloni eslmasa, u Allohga itoat qilmabdi”. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Allohga itoat qilsa Alloh taoloni zikr qilgan bo‘ladi. Agar uning (nafl) namozi, ro‘zasi va Qur’on tilovati kam bo‘lsa ham. Kim gunoh qilsa, Alloh taoloni unutgan bo‘ladi. Agar uning (nafl) namozi, ro‘zasi va Qur’on tilovati ko‘p bo‘lsada”, dedilar (Imom Bayhaqiy).

Bir kishi Abu Usmonga “Alloh taoloni zikr qilamiz, lekin qalbimizda halovatni sezmaymiz”, deb savol berdi. Abu Usmon: “Alloh taolo bitta a’zoyingni toat bilan ziynatlab qo‘yganiga hamd aytgin”, dedi.

Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu) aytadi: “Bandalarni Alloh taoloning azobidan najot topishiga Alloh taoloni zikr qilishdan o‘zga amal yo‘q”.

Yaxshilikni bilib, u haqida gapirish shukrdir. Shukr lug‘atda “zohir qilish”, “ochiq-oydin qilish”, kabi ma’nolarni anglatadi. Bandaning Alloh taologa maqtov aytishi va berilgan ne’matlarni e’tirof etib, toat-ibodat qilishi shukrdir. Shuningdek, banda berilgan in’omlarga til ila shukr, qalb bilan iqror qiladi.

Shukr ne’matlarning ziyoda bo‘lishining omilidir. Banda berilgan ne’matga shukr qilsa Alloh taolo uni ko‘paytirib beradi. Bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi:

“Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman” (Ibrohim, 7).

Garchi ushbu oyatda shukr qilish va noshukrlik oqibatlari Isroil avlodiga qarata aytilgan bo‘lsa-da, lekin uning hukmi umumiy bo‘lib, to qiyomatga qadar keladigan barcha insonlarga tegishlidir. Shukr qilish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, balki o‘zidagi moddiy va ma’naviy ne’matlar haqida ko‘p mulohaza qilish, ular berilgan taqdirda qanday holatda bo‘lishini tasavvur etish, o‘zidan qashshoq, qiynalgan kishilarni yodga keltirish insonni o‘zidagi ne’matlar uchun Allohga shukr qilishga undaydi. Bu ishi in’om etuvchiga ham manzur bo‘ladi. Natijada ne’matning yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Aksincha, noshukrlik, nonko‘rlik kabi holatlar in’om etuvchida nafrat va g‘azab paydo bo‘lishiga olib keladi. Natijada bergan ne’matlarini qaytarib olish yoki boshqa ofat yoxud musibatlarga duchor qilish yo‘li bilan jazolashi joiz bo‘lib qoladi.

Noshukrlik insonlararo munosabatlarda ham o‘zining salbiy natijalarini beradi. Yaxshilikni qadrlab, imkoni bo‘lsa qaytarish aynan olijanoblikdir (Shayx Abdulaziz Mansur).

Alloh taolo bandalarini sabr bilan yordam so‘rashga buyurmoqda. Chunki sabr botiniy amallarning og‘irlaridan biridir. Inson nafsning shahvatlaridan saqlanishida sabr muhim o‘ringa ega.

Hazrat Ali (roziyallohu anhu)ga qo‘shnining haqi to‘g‘risida savol berilganda: “Qo‘shniga ozor bermaslik bilan bir qatorda, uning ozoriga sabr qilish”, deganlar. Alloh taoloning buyruqlarini bajarishda ham, qaytargan ishlaridan tiyilishda  ham sabr yordam beradi. Alloh taolo bandalarini nafsning shahvatlaridan tiyilishga va ibodatlarga buyuradi. Bandalar bu ishlarda ham sabrga muhtoj bo‘ladilar. Inson mashaqqatlarni yengib, sabr qilsa, Alloh taolo O‘z kalomiga muvofiq bu banda bilan birga bo‘ladi. Uning ishlarida yordamchi bo‘lib duolarini ijobat qiladi. Banda solih amallarni bajarishda bardavom, sobit bo‘lsa va sabr qilsa najot topadi. Chunki sabr insonning qiyomat kuni zafar quchishi uchun omilidir.

Shuningdek, Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni namoz bilan yordam so‘rashga buyurdi. Chunki namoz mo‘minlarning ruhlari olamlar Rabbisiga ko‘tariladigan va U Zotga munojat qilinadigan ibodatlar onasidir. 

Manbalar asosida

Bahriddin PARPIYEV

tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xorazmda yangi o‘quv yili oldidan xayriya tadbiri o‘tkazildi

10.08.2026   6771   1 min.
Xorazmda yangi o‘quv yili oldidan xayriya tadbiri o‘tkazildi

Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.


O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.


Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.


Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati

Xorazmda yangi o‘quv yili oldidan xayriya tadbiri o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari