Bugun O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Mediamarkazida Xalqaro Press-klub tashkilotchiligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga tarixiy tashrifi yakunlari turkumidan “Bag‘rikeng islom: tinchlik va ezgulik dini” mavzuidagi anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlar idorasi va boshqa diniy tashkilotlar rahbarlari, Islom akademiyasi, Toshkent islom universiteti vakillari, “Mahalla” fondi faollari, ekspertlar, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vakillari ishtirok etdi.
Anjumanni kirish so‘zi bilan ochgan moderator J.Usmonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasida so‘zlagan tarixiy nutqida ilgari surilgan tashabbuslar va ularning ahamiyati haqida turkum sessiyalar o‘tkazilayotgani, bugun ana shu muloqot doirasida “Bag‘rikeng islom: tinchlik va ezgulik dini” mavzusida fikr almashinishini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng anjuman ishtirokchilarini sessiya spikerlari bilan tanishtirdi: O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Rus pravoslov cherkovi Toshkent va O‘zbekiston mitropoliti Vikentiy, Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Shoazim Munavvarov, Imom Buxoriy xalqaro markazi direktori Shorasul Ziyodov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori Ubaydullo Uvatov.
Anjumanda nutq so‘zlagan muftiy Usmonxon Alimov hazratlari mazkur nutqda sog‘lom islom dini e’tiqodining mustahkam himoyasiga qaratilgan tashabbusni dindorlar va dunyodagi diniy tashkilotlar katta xursandchilik bilan kutib olganiga e’tibor qaratib, jumladan bunday dedilar: “Muhtaram Prezidentimiz har bir chiqishlarida fuqarolar dardu tashvishlarini yengillatish, ularning xohish-istaklarini ta’minlash, nafaqat moddiy, ma’naviy ehtiyojlarini qondirish borasidagi sa’yi harakat ko‘rsatishlari barchamizni juda ham xursand qiladi.
Hammamizning xabarimiz borki, 19 sentyabr kuni muhtaram Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zladi. Prezidentimizning nutqi muborak dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini butun jahon jamoatchiligiga yetkazish oldimizda turgan juda katta vazifa ekanini ta’kid qildilar. Shunday deb aytdilar: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz.
Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz.
Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”, deb marhamat qildilar.
Haqiqatan, bugungi murakkab va tahlikali zamonda ko‘pgina voyeqalar sodir bo‘lyapti, Bu voqealar muborak dinimiz nomidan soxta shiorlar to‘qishlik oqibatida yuz bermoqda, Buning natijasida begunoh insonlarning qoni to‘kilyapti. Bundan keksalar, ayollar, bolalar ko‘p jabr chekyapti. Yana bir afsuslanarli jihati shuki, islomga umuman aloqasi bo‘lmagan kimsalar bu jinoyatni qilsalar, darrov muqaddas dinimizning nomi bilan bog‘layaptilar. Bu albatta, bizni juda ham tashvishga soladi. Ular ezgulikka, ma’rifatga bag‘ishlangan dinni yomon ko‘rsatishga harakat qilyapti. Ana shunday bir holatda muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan yuksak minbardan turib islom dinining asl mohiyati insonparvarlik va tinchlik ekanligi, uni qoralovchilar bilan hech qachon murosa qila olmasligining baralla aytilishi mustahkam e’tiqod va katta shijoatning yaqqol namoyon bo‘lishi edi...”
Rus pravoslov cherkovi Toshkent va O‘zbekiston mitropoliti Vikentiy o‘z nutqida terrorchilik, diniy ekstremizm kabi buzg‘unchi kuchlarning hech bir dinga aloqasi yo‘qligi, ular xalqning ishonchiga kirish uchun muqaddas dinlardan o‘zlariga qalqon sifatida foydalanishlari haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, mitropolit Vikentiy musulmonlar orasida reaksion oqimlar paydo bo‘lganidek, nasroniylar orasida ham shovinistik ruhdagi reaksion va tajovuzkor kuchlar paydo bo‘lib, ular ham ko‘plab soddadil insonlarni yo‘ldan ozdirishga o‘rinayotgani ma’lum bo‘lib, ularga qarshi murosasiz kurash olib borilayotganiga to‘xtaldi.
Undan keyin ma’ruza qilgan sessiya spikerlari ham islom dinining mohiyati tinchlik va ezgulik ekani haqida atroflicha so‘z yuritib, yurtboshimizning yuksak minbarda so‘zlagan otashin nutqi ko‘plab davlatlar rahbarlari tomonidan haqiqiy jasorat deb baholanganini aytishdi.
Damin JUMAQUL
Sobit ibn Ibrohim tahorat ola turib ariqda oqib kelayotgan bir olmaga ko‘zi tushadi va olmani olib yeydi. Olmaning yarmini yeb bo‘lganida, uning haqqi haqida o‘ylab qoladi. Shu xayolda Sobit ibn Ibrohim ariq chetidan yurib olma oqib chiqqan bog‘ga kiradi va bog‘ egasiga:
– Yeb qo‘ygan yarimta olmam uchun haqqingizni halol eting. Qolgan yarmi mana, oling, – deydi.
– Mayli, haqqimni halol etaman, faqat bir shartim bor, – deydi bog‘ egasi yigitning halol, taqvoli ekanini anglab.
– Shartingizni ayting, – deydi Sobit ibn Ibrohim.
Shunda bog‘ egasi:
– Bir qizim bor, uni nikohingga olasan. Lekin rozi bo‘lishingdan avval uning holatidan seni ogoh etishim lozim. Qizimning ko‘zi ojiz, hech narsani ko‘rmaydi, soqov – gapirmaydi va yana qulog‘i eshitmaydi – kar, qimirlamaydi – shol, – deydi.
Bog‘ egasining gaplarini eshitgan Sobit ibn Ibrohim lol bo‘lib qoladi. Yeb qo‘ygan yarimta olmaning haqqidan qo‘rqib, qizga uylanishga rozi bo‘ladi va:
– Mayli, taklifingizni qabul qildim, zora shu bilan Allohning roziligiga erishsam, – deydi.
Ota qiziga oq fotiha beradi. To‘y-tomoshalar o‘tgach, Sobit ibn Ibrohim salom berganicha qizning yoniga kiradi. Qiz salomga alik qaytargancha qo‘li ko‘ksida qulluq qiladi.
Yigit bo‘layotgan ishlardan hayratlanadi: “Bu juda g‘alati-ku, soqov emas ekan-da, salomimga javob berdi. Tik turibdi, demak shol ham emas. Qo‘li ko‘ksida, bundan chiqdi ko‘zlari ham ko‘radi”.
Yigit shoshgancha tashqariga chiqadi va qizning otasiga: “Bu menga va’da qilingan qiz emas-ku, ko‘r, soqov, kar va shol deganingizning boisi ne?!” – deydi.
“Nega endi?” – izoh beradi qizning otasi: “Bu o‘sha qiz. Ko‘zi ojiz deganim – uning ko‘zlari Alloh harom qilgan narsaga boqmagan, qulog‘ining karligi – Alloh harom qilgan narsalarga quloq tutmagan, soqovligi ham rost, chunki tili Allohning zikrigagina aylangan, sholligi – yomon ishga yurmagan”.
Sobit ibn Ibrohim birovning haqqidan qo‘rqqanligi evaziga oliy mukofotga erishadi. Vaqt o‘tishi bilan uning ayoli yer yuzini ilm va fiqhga to‘ldirajak bir zotga, buyuk Imom Abu Hanifaga homilador bo‘ladi.