Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Yanvar, 2025   |   15 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:37
Shom
17:22
Xufton
18:40
Bismillah
15 Yanvar, 2025, 15 Rajab, 1446

“Bag‘rikeng islom: tinchlik va ezgulik dini”

4.10.2017   6486   4 min.

Bugun O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Mediamarkazida Xalqaro Press-klub tashkilotchiligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga tarixiy tashrifi yakunlari turkumidan “Bag‘rikeng islom: tinchlik va ezgulik dini” mavzuidagi anjuman bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston musulmonlar idorasi va boshqa diniy tashkilotlar rahbarlari, Islom akademiyasi, Toshkent islom universiteti vakillari, “Mahalla” fondi faollari, ekspertlar, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vakillari ishtirok etdi.

Anjumanni kirish so‘zi bilan ochgan moderator J.Usmonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasida so‘zlagan tarixiy nutqida ilgari surilgan tashabbuslar va ularning ahamiyati haqida turkum sessiyalar o‘tkazilayotgani, bugun ana shu muloqot doirasida “Bag‘rikeng islom: tinchlik va ezgulik dini” mavzusida fikr almashinishini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng anjuman ishtirokchilarini sessiya spikerlari bilan tanishtirdi: O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Rus pravoslov cherkovi Toshkent va O‘zbekiston mitropoliti Vikentiy, Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Shoazim Munavvarov,  Imom Buxoriy xalqaro markazi direktori Shorasul Ziyodov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori Ubaydullo Uvatov.

Anjumanda nutq so‘zlagan muftiy Usmonxon Alimov hazratlari mazkur nutqda sog‘lom islom dini e’tiqodining mustahkam himoyasiga qaratilgan  tashabbusni dindorlar va dunyodagi diniy tashkilotlar katta xursandchilik bilan kutib olganiga e’tibor qaratib, jumladan bunday dedilar: “Muhtaram Prezidentimiz har bir chiqishlarida fuqarolar dardu tashvishlarini yengillatish, ularning xohish-istaklarini ta’minlash,  nafaqat moddiy, ma’naviy ehtiyojlarini qondirish borasidagi sa’yi harakat ko‘rsatishlari barchamizni juda ham xursand qiladi.

Hammamizning xabarimiz borki, 19 sentyabr kuni muhtaram Prezidentimiz  Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zladi. Prezidentimizning nutqi muborak dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini butun jahon jamoatchiligiga yetkazish oldimizda turgan juda katta vazifa ekanini ta’kid qildilar. Shunday deb aytdilar: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz.

Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz.

Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”, deb marhamat qildilar.

Haqiqatan, bugungi murakkab va tahlikali zamonda ko‘pgina voyeqalar sodir bo‘lyapti, Bu voqealar muborak  dinimiz nomidan soxta shiorlar to‘qishlik oqibatida yuz bermoqda, Buning natijasida begunoh insonlarning qoni to‘kilyapti. Bundan keksalar, ayollar, bolalar ko‘p jabr chekyapti. Yana bir afsuslanarli jihati shuki, islomga umuman aloqasi bo‘lmagan kimsalar bu jinoyatni qilsalar, darrov muqaddas dinimizning nomi bilan bog‘layaptilar. Bu albatta, bizni juda ham tashvishga soladi. Ular ezgulikka, ma’rifatga bag‘ishlangan dinni yomon ko‘rsatishga harakat qilyapti. Ana shunday bir holatda muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan yuksak minbardan turib islom dinining asl mohiyati insonparvarlik va tinchlik ekanligi, uni qoralovchilar bilan hech qachon murosa qila olmasligining baralla aytilishi mustahkam e’tiqod va katta shijoatning yaqqol namoyon bo‘lishi edi...”      

Rus pravoslov cherkovi Toshkent va O‘zbekiston mitropoliti Vikentiy o‘z nutqida terrorchilik, diniy ekstremizm kabi buzg‘unchi kuchlarning hech bir dinga aloqasi yo‘qligi, ular xalqning ishonchiga kirish uchun muqaddas dinlardan o‘zlariga qalqon sifatida foydalanishlari haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, mitropolit Vikentiy musulmonlar orasida reaksion oqimlar paydo bo‘lganidek, nasroniylar orasida ham shovinistik ruhdagi  reaksion va tajovuzkor kuchlar paydo bo‘lib, ular ham ko‘plab soddadil insonlarni yo‘ldan ozdirishga o‘rinayotgani ma’lum bo‘lib, ularga qarshi murosasiz kurash olib borilayotganiga to‘xtaldi.

Undan keyin ma’ruza qilgan sessiya spikerlari ham islom dinining mohiyati tinchlik va ezgulik ekani haqida atroflicha so‘z yuritib, yurtboshimizning yuksak minbarda so‘zlagan otashin nutqi ko‘plab davlatlar rahbarlari tomonidan haqiqiy jasorat deb baholanganini aytishdi.

Damin JUMAQUL

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Tushkunlik keltirib chiqaradigan kasalliklar

15.01.2025   468   1 min.
Tushkunlik keltirib chiqaradigan kasalliklar

Tushkunlik qondagi kortizol miqdorining kamayib ketishiga olib keladi, g‘azab esa qonda adrenalin va tiroksin miqdorining keskin oshishiga sabab bo‘ladi. Agar inson qattiq g‘azablanish, tashvish, uyqusizlik va tushkunlik holatiga tushsa, u osongina oshqozon yarasi, diabet, ichaklarning qisqarishi, qalqonsimon bez kasalliklari va yurak xuruji kabi kasalliklarning qurboniga aylanadi. Bu kasalliklarning yagona davosi esa, mehr-muhabbat ko‘rsatish, xushhollik kayfiyatini uyg‘otish, kengbag‘rlik va sofdillikdir.

Mustafo Mahmud "Qur’oniy yangi psixologiya" kitobida bunday yozadi: "Islomda ruhiy muolajaning eng yuqori cho‘qqisi zikr bo‘ladi. Bu - qalb, til, a’zolar, xulq-atvor va amallar bilan Alloh taoloni zikr qilmoqdir.

U har so‘z va ishda, doimiy va uzoq vaqt Hazrati ilohiyni eslashdir.
Shifo, himoya, omonlik va xotirjamlik zikrdadir.

Chunki zikr banda bilan Parvardigor o‘rtasida uzilgan rishtalarni ulaydi. Nafsni ayrilib qolgan manbasiga bog‘laydi. Ishni Egasiga topshiradi.

Zero, bu borliqda nafsning ayblarini Yaratgandan ko‘ra biluvchiroq va muolajasiga qodirroq hech kim yo‘qdir".

Darhaqiqat, nafl namozlar, Qur’on tilovati va "Astag‘firulloh", "Subhanalloh", "Alhamdulillah", "Allohu akbar" kabi so‘zlarni aytish zikr deyiladi.

Yanada kengroq aytilsa, har amalni bajarishda Alloh taoloni yodda tutish - zikr.

Masalan, ovqatlanganda, yurganda, o‘tirganda, savdo qilganda Allohni yodga olinadigan turli zikrlar hadis kitoblarida keladi.

Mustafo Mahmudning mazkur so‘zlariga amal qilib ko‘ring, ruhiy tushkunlik qanday yo‘qolishiga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.

Mustafo Mahmudning "Sirlar olami" kitobidan