Dinimizda ahli ilm, olimlar, ustoz va murabbiylarga shu qadar ulug‘ daraja berilgan-ki, ularga insonlarning eng a’losi va fazilatlisi deb qaralgan. Bu borada Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
شَهِدَ اللَّهُ أَنَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ وَالْمَلَائِكَةُ وَأُولُو الْعِلْمِ قَائِمًا بِالْقِسْطِ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ الْعَزِيزُ الْحَكِيمُ
“Alloh adolatda (barqaror) turib, shunday guvohlik berdi: “Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir”, farishtalar va ilm egalari ham. (Albatta), Undan o‘zga iloh yo‘q. U Aziz (qudratli) va Hakim (hikmatli)dir” )Oli Imron surasi, 18-oyat(.
Imom Qurtubiy (rohimahulloh) aytadi: “Bu oyatda ilmning fazliga, olimlarning sharafiga va ularning fazilatiga dalil bor. Agar boshqa biror kishi olimlardan ham sharafliroq bo‘lganda edi, xuddi olimlarning ismini bog‘lagani kabi Alloh taolo ularning ismini ham oyatda o‘zining va farishtalarning ismiga bog‘lar edi. Ulamolarning insonlar ichida eng sharafli ekanini isbotlovchi kuchli dalil Alloh taoloning ular haqida nozil qilgan ushbu oyatidir:
...إِنَّمَا يَخْشَى اللَّهَ مِنْ عِبَادِهِ الْعُلَمَاءُ إِنَّ اللَّهَ عَزِيزٌ غَفُورٌ
“...Bandalari orasida Allohdan ulamolargina qo‘rqarlar. Haqiqatan, Alloh qudratli va mag‘firatlidir” (Fotir surasi, 28-oyat).
Alloh taoloning bandalari orasida O‘zidan qo‘rqadigan ahlidan qilgani va buni O‘zi vasf qilgani ularning sharafli ekaniga kifoya qiladi”.
Ilm egalari o‘sha ilm bilan johil, bilimsiz kishilardan fazilatli bo‘ladi. Buning isboti esa nihoyatda go‘zal bo‘lib u quyidagi oyatdir:
...قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ إِنَّمَا يَتَذَكَّرُ أُولُو الْأَلْبَابِ
“...Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar” ( Zumar surasi, 9-oyat).
Alloh taolo nozil qilgan shariat bo‘lmish muqaddas dinimiz islomni ham Yer yuzida faqat ilm egalarigina boshqalarga yetkazadi. Allohning dinini yetkazish bilan ular yana bir bor fazl egasiga aylanadilar. Chunki fazilatli ilmni o‘rgatish ila yana fazl topadilar:
يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ
“...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur...” ( Mujodala surasi, 11-oyat).
Bu bilan Alloh taolo olimlarning darajalarini ko‘tarib qo‘ydi.
Bunday ulug‘ daraja, buyuk martaba egalariga faqat ergashish va iqtido-itoat qilish lozim. Zero, jaholat pardalari ko‘zlarini ko‘r qilgan kimsalar yo‘llarini ulamolarning ilm nurigina yoritadi xolos. Agar bu itoat “ilohiy amr” bilan bo‘lsa naqadar ulug‘:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ وَأُولِي الْأَمْرِ مِنْكُمْ
“Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!...” ( Niso surasi, 59-oyat).
Bir guruh mufassirlar ish egalaridan murod olimlardir, desalar, boshqa mufassirlar ish egalari amirlar va olimlardir, deb aytganlar.
Olimlarning darajalari yuksak, fazilati ulug‘ ekanligi borasida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning muborak sunnati shariflarida ham ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan.
Abu Dardo (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi, u kishi aytadilar: “Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning shunday deganlarini eshitdim: “Kimda kim ilm talabida yo‘lga chiqsa, Alloh taolo unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi va farishtalar uning qilayotgan ishiga rozi bo‘lib, qanotlarini tolibi ilm uchun yozib turadi. Albatta u (ilm tolibi) uchun osmon-u yerdagi jonzotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadi, Olimning obiddan fazli to‘lin oyning boshqa yulduzlardan fazli kabidir. Albatta, olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Albatta payg‘ambarlar dinor yo dirhamni meros qoldirmadi, balki ilmni meros qoldirdi. Kimiki uni olsa, to‘liq (mo‘l-ko‘l) nasiba olibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Allomalardan biri o‘z kitobida ulamolar haqida shunday dedi: Olimlar yerda osmondagi yulduzlarning o‘rnidadir. Zulmatda qolgan kishilar ular bilan hidoyat topadi. Insonlarning ularga bo‘lgan hojati ovqatlanish va ichish kabi hojatlardan ko‘ra yuksakroqdir”.
Islom shariati musulmonlarni ahli ilm va ulamolarni hurmat-ehtirom qilishga buyuradi.
Uboda ibn Somit (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kattalarimizni hurmat qilmagan, kichiklarimizga rahm qilmagan va olimlarimizni haqqini bilmagan kishi bizdan emas” – dedilar” (Bayhaqiy rivoyati).
Ilm va olimlarni hurmat qilish Alloh taoloni va uning shariatini ulug‘lash demakdir.
Ahli Sunna val-Jamoaning aqidasi – Alloh taologa ishonmoq, Allohning hidoyatiga boshlaydigan olimlarni g‘uluvga ketmasdan va ularni rad etmasdan hurmat qilish ila ularga yaqinlik hosil qilmoqdir.
Imom Tahoviy o‘zining mashhur aqida kitobida shunday deydilar:
“Avval o‘tgan olimlar va ulardan keyingi tobe’inlar , ahli xayr, ahli asar, ahli fihq, ahli nazar faqatgina yaxshilik bilan eslanadi. Kimiki ularni yomonlik bilan eslasa u (ahli sunnat) yo‘lidan boshqa yo‘ldadir”.
Olimlarni ulug‘lash va ularni hurmat qilish Alloh taoloning shiorlarni hurmat qilish hisoblanadi.
Ulamolar aytganidek shiorlardan murod – Alloh taolo o‘z fazli ila ruxsat bergan va ulug‘lanishga buyurilgan har bir narsadir. Ulamolar ham shak-shubhasiz shular jumlasidandir.
Shunga ko‘ra ulamolarga yomonlik qilish, ularga ozor berish Alloh taoloning shiorlaridan bo‘lgan bir shiorni ulug‘lashda kamchilikka yo‘l qo‘yish va undan yuz o‘girish hisoblanadi. Ba’zi ulamolar aytadi: “Ulamolardan yuz o‘girish jahannam chuqurliklaridan bir chuqurdir”.
Modomiki, olimlar insonlarga o‘z ilmlarini tarqatishda bardavom bo‘lar ekan, ularni hurmatini o‘rniga qo‘yish ham davomiy bo‘lmog‘i lozim. Zero olimlarni ehtirom qilishlik ular egallagan ilmni hurmat qilish demakdir.
Shundan kelib chiqib olimlarning haqlariga to‘laligicha rioya qilmoq va hurmatlarini saqlamoq barcha insonlarga vojib bo‘ladi. Aks holda qadriga yetilmagan ne’mat va rahmat hisoblangan ulamolar ham yo‘qolib boraveradi. Bu borada Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)shunday marhamat qiladilar:
Abdulloh ibn Amr ibn Os (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi, u kishi aytadilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning shunday deganlarini eshitdim: “Alloh taolo bandalari (orasi)dan ilmni (o‘zini) sug‘urib olmaydi. Balki, olimlarni olib qo‘yish bilan ilmni tortib oladi. Hattoki biror olimni qoldirmaydi. Insonlar bilimsiz kishilarni o‘zlariga boshliq qilib oladilar. Undan so‘raydilar u esa ilmsiz fatvo beradi. Natijada o‘zlari ham adashadilar va o‘zgalarni ham adashtiradi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Alloh taolo barchalarimizga ilm egalarini, ulamolarni, ustoz va murabbiylarni hurmat qilishni, bizlarning mana shu ilmga, uning egalariga bo‘lgan hurmat va muhabbatimiz sababidan Yurtimizdan yana Imom Buxoriy, Imom Termiziylar yetishib chiqishini nasib aylasin.
Jaloliddin Xamrokulov,
TII "taxfizul Kuron" kafedrasi mudiri