Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Aprel, 2025   |   28 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:00
Quyosh
05:27
Peshin
12:26
Asr
17:13
Shom
19:18
Xufton
20:40
Bismillah
26 Aprel, 2025, 28 Shavvol, 1446

Qo‘yning barakasi – tongda uxlamasligida

27.09.2017   7890   9 min.
Qo‘yning barakasi – tongda uxlamasligida

Uch-to‘rtta qo‘yingiz bo‘lsa, uyingizning atrofini aylanibgina o‘tlab yursa, ularni ko‘rib ko‘zingiz quvnaydimi? Albatta, quvnaydi-da: daf’atan, pulga ehtiyoj bo‘lib qolsa, shartta birini sotasiz – pul bo‘ladi. Ayniqsa, ularga hovuchingizda arpa bersangiz “kurt-kurt” etibgina chaynashini kuzatib asablaringiz dam oladi. Uyingizga kutilmaganda mehmon kelib qolsa, birini so‘yasiz – go‘sht mo‘l bo‘lib qoladi. Zotan, qo‘y insonni birovga muhtoj qilmay, ertangi kunning vahimasiga tushirmay, ko‘kragini ko‘tarib turadi.

Binobarin, hazrati Ali roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Uyda boqiladigan bir qo‘y bir baraka, ikki qo‘y ikki baraka, uch qo‘y uch baraka” (Imom Buxoriy rivoyati), deb marhamat qilingan ekan.

                                                                       ***

Qo‘y go‘shti inson tanasi uchun nihoyatda foydali. Ushoq va yuvosh jonivor bo‘lgan qo‘y odatda suruv holida boqiladi. Qo‘yning yuvosh va itoatkorligi sababli uning suruvini yosh bolalar ham boqib yuraveradi. Insonlarning qo‘liga o‘rgangan bu sevimli hayvon bizga eti, suti, jo‘ni bilan xizmat qiladi. Alloh taolo:

 “Axir, ular uchun O‘z «qo‘limiz» ishi bilan chorva hayvonlarini yaratib qo‘yganimizni ko‘rmadilarmi?! Mana ular o‘sha (hayvon)larga egadirlar. Biz o‘sha (hayvon)larni ularga bo‘yinsundirib qo‘yganmiz. Ana ularning minadigan narsalari ham o‘sha (hayvon)lardan va o‘shalardan (go‘shtlaridan) yegaylar. Yana ular uchun o‘sha (hayvon)larda (turli) foydalar va ichimlik (sut-qaymoq)lar bordir. Axir, shukr qilmaydilarmi?!” (Yosin surasi, 71-73) deb marhamat qilgan.

Inson tanasi barcha ehtiyojlarini o‘simlik va mevalardan qondira olmaydi. Insonning protein, vitamin va minerallarga bo‘lgan ehtiyojlari hayvon go‘shti, suti va shu kabilar hisobidan qondiriladi. 

Xususan, proteinga bo‘lgan ehtiyojining katta qismi go‘shtdan olinadi. 100 gramm go‘shtda 15-20 gramm protein bo‘ladi. O‘simlik va mevalarda bo‘ladigan proteinlar insonlarning jamiki ehtiyojini qoplay olmaydi. Go‘shtdagi proteinning eng ahamiyatli jihati, inson tanasida sintezlashmagan va  tashqaridan ozuqa moddalari bilan birga olinishi kerak bo‘lgan asosiy aminokislotalar yetarli va muvozanatli tarzda mavjud bo‘ladi.

Shuningdek, go‘sht insonning hazm qilish tizimiga ham mos ravishda yaratilgan ozuqa. Chunki go‘shtda aminokislotalarning protein molekulasi ichida bo‘lishining shakli oshqozon fermenti tarafidan qulaylik-la ajralishi mumkin va tananing yuqori darajada foyda olishiga sharoit yaratadi. Xususan, o‘sish davrida, tananing shakllanishida go‘shtning tarkibidagi proteinlardan homilador, emizikli xotinlar, bolalar va yoshlar yetarlicha olishlari kerak. Katta yoshdagi insonlarning hujayralarini yangilash va organlarning o‘zini o‘zi tiklab olishi uchun bir miqdor go‘sht yemog‘i lozim.

Go‘shtning tarkibida ko‘p miqdorda temir, fosfor, mis, va boshqa elementlar bo‘ladi. Tanasida ana shu minerallar yetishmagan kishi kamqonlik kasaliga chalinadi.  Kamqonlik o‘z navbatida, bir necha xastaliklarga va asab kasalligiga sabab bo‘ladi. Hazrati Ali karramullohu vajhahu shunga ishorat etib: “Qirq kun go‘sht yemagan kishining axloqida nuqson paydo bo‘ladi”, degan ekan.

Bu hikmatdan go‘shtning inson zehniga ham ta’siri katta ekani ayon bo‘ladi. Go‘shtxo‘r hayvonlarning boshqalardan zehni tezligini hammamiz bilamiz. Negaki, miyani to‘ldiradigan, xotirlash qobiliyatini yaxshilaydigan moddalar hayvon go‘shtlari mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Chunki miyaning fikrlash, xotirlash kabi faoliyatlar sirasida ehtiyoj tuyadigan moddalar faqat hayvonlardan hosil bo‘ladigan ozuqalarda mavjud bo‘ladi. Tanasining ehtiyoji qadar go‘sht yemagan insonlarning  aqli erta zaiflashadi, miyasi zararlanadi va  faolligi sustlashib ketadi.

Go‘shtning tarkibidagi vitaminlar – boshqa manbalarda kam bo‘ladigan A, D va V guruhi vitaminlaridir. Ayniqsa, jigar – vitaminlar omboridir. Bu vitaminlarning tana salomat bo‘lishi uchun ancha foydalari bor. Ulug‘ yoshdagilar yog‘li va tuzli go‘sht yemoqdan saqlanmoq sharti ila bir miqdor go‘sht yemog‘i lozim. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Go‘sht dunyo va oxirotdagi yeguliklarning eng mazalisidir” (Imom Moja rivoyati), deb marhamat qilganlar.

Rivoyatlarda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qo‘yning o‘ng qo‘lini yaxshi ko‘rgani aytiladi. Zero, inson yeydigan go‘shtlarning eng foydalisi – qo‘y go‘shtidir.  Yangi qo‘y go‘shti bir necha jihatdan juda ham qiymatli va o‘ziga xosdir. Masalan, qo‘zi go‘shtida bo‘ladigan lyutein ko‘rlikka sabab bo‘ladigan, naslning davomiyligiga xavf soladigan mikroblarni daf etuvchi yagona antioksidantdir.  Eskidan yog‘li va baland kaloriyali bo‘lgani bois parhez qiluvchilarga ularning taomnomasidan chiqarilgan qo‘zi go‘shti tarkibida tengsiz  fermentlar mavjudligi tufayli yangidan berila boshlandi.

 

Kavsh qaytarishi mo‘jiza

Qo‘yning yaralishida bir necha diqqatni tortadigan xususiyatlar bor. Avvalo uning insonga go‘sht – taom bo‘lishidir. Qo‘yning tanasi boshqa hayvonlarnikidan ancha semiz va eti yumshoq. Qo‘yning o‘zi bilan bo‘yi barobar bo‘lgan echkidan juda ko‘p go‘shti bor. Qo‘zilar bir yoshga yetar-yetmas katta qo‘yga o‘xshab to‘lishib ketadi.

Alloh taolo qo‘y, sigir kabi kavsh qaytaradigan hayvonlarni bizning amrimizga bo‘ysundirib berish bilan bizga juda katta marhamat ko‘rsatgan. Chunki hayvonlar o‘t, somon, yem-xashak yeganidan keyin oshqozonida sekin-asta hazm etib, ularni sutga va go‘shtga aylantiradi. Shu tariqa inson o‘z vujudiga hazm qila olmaydigan, o‘t-o‘lanlardan  ololmagan bir necha ozuqalarni shu hayvonlardan oladi.

To‘ng‘iz, sichqon va shunga o‘xshash hayvonlar pok-nopokni ajratmasdan nima uchrasa, hatto axlatlarni ham yeb ketaveradi. Bu hayvonlar kavsh qaytarmagani bois yegan ozuqalari bir soat ichida qonga aralashib ketadi va yegan nopok narsalari va zaharli moddalar darhol go‘shtlarining ichiga joylashib oladi.

Qo‘ylar esa faqat toza o‘simliklarni yeydi. Yegan oziqlari oshqozon kislotalari ichida yaxshi maydalanadi. Ular yegan o‘t yoki xashakda mikrob bo‘lsa, qonga aralashmasdan hazm tizimidagi kislotalar tarafidan yo‘q qilinadi. Shu boisdan sigir, qo‘y kabi kavsh qaytaradigan hayvonlar tanasida toza go‘sht hosil bo‘ladi.

Alhosil, qo‘y go‘shti – eng ishonchli go‘shtdir. Chunki qo‘yning o‘sish gormonlaridan  dorichilik sanoatida ishlatiladigan dorivor preparatlardan deyarli barcha dori-darmonlarni tayyorlashda ishlatiladi. Ko‘p go‘sht yeyish zararli bo‘lganidek, oz, ammo ishonchli go‘sht yeyish foydalidir.

 

Qo‘y – pokiza hayvon

Qo‘y pokiza qilib yaratilgan hayvon, u nopok yerlarda yashamay olmaydi. Qo‘yning axloqi ham go‘zal. Qo‘ylar bir-biriga qardoshlarcha munosabatda bo‘ladi. Jazirama kunda bir daraxtning soyasiga to‘plangani zahoti butun boshli suruvning kichkina bir soyaga siqqanini ko‘rasiz. Hech bir qo‘y yoki qo‘chqor boshqalarini itarib issiqqa chiqarmaydi.

Olimlar qo‘y go‘shtining foydasi insonda hilm, yumshoqlik, marhamat va sabr kabi tuyg‘ular paydo qilishini aytganlar. Payg‘ambarimiz bir safar as'hoblariga: "Alloh taolo hech bir payg‘ambarni qo‘y suruviga cho‘ponlik qildirmasdan yubormadi”, dedilar.

As'hoblari: “Sizni hammi, yo Rasululloh?” deb so‘radilar.

 “Ha, men ham bir muddat Makka ahlining qo‘yini boqdim”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Qo‘y barokatlidir. Har sanada bir yoki ikki marta qo‘zilaydi. Qurbon bayramlarida va boshqa paytlarda ham juda ko‘p so‘yiladi, ammo soni kamayib ketmaydi. Chunki ular sahar vaqtida uxlamaydi. tasavvuf allomalari qo‘yning ana shu sabab bilan barokatli ekanini ma’lum qilganlar.

Ular aytadiki: “Qo‘y kechqurun barvaqt yotib uxlab qoladi va tong yorishmasdanoq turib oladi. Saxarhezligi tufayli Alloh taolo uni barakali qilib qo‘ygan. 

Uning barakasi nimada namoyon bo‘ladi?

Qo‘y bir yilda bir marta qo‘zilaydi. Lekin tinimsiz so‘yiladi: to‘yda ham, bayramda ham, marakada ham, Qurbon bayramida ham, biror kishi yomon tush ko‘rsa ham... Lekin adadi kamayib ketmaydi, aksincha, ortib boraveradi. It esa tuni bilan uxlamay sanqib yuradi-da, tongda uxlab qoladi. Shu boisdan yiliga beshta-oltitadan tug‘sa ham, odamlar so‘ymasa ham ko‘paymaydi. Negaki, tong chog‘i uxlagani oqibatida Alloh taolo undan barakani olib qo‘ygan”.

Internet manbalari asosida Damin JUMAQUL tayyorladi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

"Sahro kemasi"ning mo‘jizalari

25.04.2025   6922   7 min.

Qur’on nozil bo‘lgan paytda odamlarga eng yaqin hayvon tuya bo‘lgan, shuning uchun ularning e’tibori tuyaga tortilyapti. Haqiqatda tuya bir mo‘jiza: uning tuzilishi-quloq, burun, ko‘z, oyoq, tuyoqlari sahro uchun moslashgan. Shuning uchun ham uni arablar sahro kemasi, deyishadi. Tuya issiq havoda yurishga moslashgan, suv ichmay bir necha kunlab yurishi mumkin va hokazo.

Endi, sahro kemasining yaratilishidagi ba’zi bir ajoyibotlarga qisqacha bo‘lsa ham nazar solaylik. Tuyaning ko‘zlari boshning yuqori qismiga joylashgan bo‘lib, ortga qarash imkonini beradi. Uning qovoqlari esa qumni to‘sishga moslashgandir.

Shuningdek, tuyaning burun kataklari va quloqlari ham qum kirishini to‘sadigan junlar bilan jihozlangandirlar. Sahroda shamol turishi bilan tuyaning tumshuqlari ham, quloqlari ham jismiga tortilib, qumdan zarar ko‘rmaydigan holatga kelib oladi.

Tuyaning tuyoqlari ham alohida shakldagi suyaklarga kiygizilgan go‘sht va teridan iborat qo‘lqop bo‘lib, qumda bundan boshqa tuyoq bilan yukli ravishda yurish mumkin emas.

Tuya sahroda och qolganda, quruq yog‘ochni, hatto tikonni ham yeb ketaveradi.

Tuyaning o‘rkachi o‘ziga xos ozuqa omboridir. Agar tuya sahroda och qolsa, o‘sha o‘rkachidagi “ombor”dan ozuqa olaveradi.

Sahroda eng zaruriy narsa suv hisoblanadi. Tuyani Alloh taolo bu ehtiyojiga ham moslab yaratgan. Avvalo tuya ter chiqmaydigan qilib yaratilgan. Ya’ni, u jismidagi suvni o‘zida saqlab turadi.

Qolaversa, tuyaning burni og‘ziga ulangan. Shuning uchun uning nafas olishi tufayli chiqqan bug‘ham yana og‘zi orqali ichiga qaytadi. Shu bilan birga tuya birdan ko‘p suv ichib olish qobiliyatiga ega. U oltmish litrgacha suv ichishi mumkin. Bu esa unga sahroda olti kundan o‘n kungacha suv ichmay yurish imkonini beradi.

Ushbu zikr qilingan narsalar Alloh taoloning, o‘sha tuyani yaratgan Zotning qudratiga dalil emasmi?

Ha, tuyaning va har bir jonzotning yaratilishiga ibrat nazari bilan aqlni ishlatib qaragan inson Allohning qudratiga tan bermay iloji yo‘q.
 

Ular tuyaning qanday yaratilganiga nazar solmaydilarmi? (G‘oshiya surasi, 17-oyat).

1. Tuya hayvonot olami tarixida eng eski hayvon turlaridan biridir. Evolyutsiyachilar nazariyasiga ko‘ra, tuya ham dinozavrlar bilan birga yo‘q bo‘lib ketishi kerak edi, lekin hech bir tabiat hodisasi uni yo‘q qilib yuborolmagan.
2. Tuya faqat sellyuloza (cho‘l va dashtlarda dag‘al o‘t va xashaklar, yantoq, saksovul) bilan oziqlanib, vitaminlarni va hayot uchun kerakli barcha kimyoviy moddalarning ko‘pini ishlab chiqaruvchi va shu tariqa hayotini davom ettiruvchi birdan-bir hayvondir.
3. Tuya bir necha ming yillardan hozirga qadar odamzotga tashuvchilik xizmatini qilayotgan yagona jonivordir. O‘rta Osiyo hududida bundan 100 yil avval ham tuyalar pochtasi mavjud bo‘lgan.
4. Tuyalar o‘z vaznining yarmiga teng — 250-300 kg yukni ko‘tara oladi, vazniga nisbatan 10-12% og‘irlikdagi yukni tortish kuchiga ega. Soatiga o‘rtacha 4 km tezlikda, kuniga 35-40 km masofani bosib o‘tadi. Agar ustida yuki bo‘lmasa, to‘xtovsiz 100 kilometr yo‘l bosa oladi.
5. Tuya bir ichishda 200 litrga yaqin suv ichadi. Sho‘r suvni ham ichaveradi. 100 litr suvni 10 daqiqada ichib tugatadi. Tuya bir haftagacha yemay, 34 kungacha suv ichmasdan yurishi mumkin. Suv bor joyni 50-60 kilometr uzoqlikdan his etadi.
6. Tuya suti tarkibida kalsiy, magniy, temir, fosfor, C, D vitaminlari, foydali mineral va mikroelementlar ko‘p bo‘lib, u sigir sutidan bir necha karra foydaliroq. Tuya suti – parhez mahsulot. Unda yog‘ va shakar miqdori sigirnikidan ancha kam. Tuya suti sutemizuvchilar ichida inson sutiga eng yaqinidir.
7. Tuyaning tana harorati tunda, sahro soviganda +34°C gacha pasayadi. Kunduzi 41°C darajagacha ko‘tariladi. Bu bois tevarak-atrofdagi havo harorati o‘zgarganda tuya deyarli terlamaydi va suv yo‘qotilishining oldi olinadi. Tuya juni quyoshda 70-80 gradusgacha qizisa-da, uning tana harorati 40 gradusda bo‘ladi.
8. Tuyaning o‘rkachida suv emas, yog‘ saqlanadi. O‘rkach tuya uchun ozuqa zaxirasi hisoblanadi. Tuya o‘rkachi qattiq ozuqani yeyishni boshlaganidan keyin paydo bo‘ladi, shuning uchun bo‘taloqlarning o‘rkachi bo‘lmaydi.
9. Tuyalar suvni o‘rkachlardagi yog‘lardan oladi, 100 gramm yog‘ning oksidlanishidan 107 gramm suv hosil bo‘ladi. O‘rkachdagi yog‘ haddan ziyod issiq havoda tana haroratini me’yorda ushlab turadi.
10. Tuya gavdasining yerga tegib turadigan qismlarida, ko‘kragi, tirsagi va tizzasida qadoqli tuzilmalar bor. Shu tufayli issiq (70°C gacha qizigan) yerda ham yota oladi.
11. Tuyaning ko‘zi favqulodda ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lib, 3-4 kilometrdan tahdidlarni aniqlay oladi. Uchta ko‘z qovog‘i, ikki qator uzun kipriklar ko‘zga qum kirishining oldini oladi. Qalin qoshlar, zich va qalin sochlar ko‘z va boshni quyosh nurlaridan himoya qilishga yordam beradi.
12. Tuyalar burniga qum kirib ketishining oldini olish uchun burun teshiklari ochilib-yopiladi.
13. Tuyaning ikkita labi bo‘ladi, ular mustaqil ravishda harakatlanib, tikanli cho‘l butalarini zararsiz yeya oladi.
14. Tuyaning quloqlari o‘tkir eshitish qobiliyatiga ega. Quloqlar ichkaridan va tashqaridan tuk bilan qoplangan bo‘lib, qumdan himoyalangan. Chang bo‘ronlari paytida tuyalar quloqlarini aylantira oladi.
15. Tuyaning tuyoqlari uzun bo‘lib, ularni qumga bir tekis taqsimlaydi va cho‘kib ketmaydi. Tuya otlar kabi oldinga va orqagagina emas, to‘rt tomondagi odam yo hayvonni tepa oladi. Tuyoqlaridagi elastiklik darajasi yuqori.
16. Tuyalar nafaqat issiq haroratli mintaqalarda, juda past haroratli joylarda ham yashay oladi. Ularda qishda sovuqqa bardoshli uzun va qalin himoya junlari o‘sadi, yoz oylarida esa to‘kiladi.
17. Urg‘ochi tuyalarning homiladorlik davri 12 oydan 14 oygacha. Tuyalarning egiz tug‘ish holati deyarli kuzatilmagan. Yangi tug‘ilgan bo‘taloqning vazni 34 kilogrammgacha bo‘ladi. U tug‘ilgandan yarim soat o‘tiboq yurishni boshlaydi.
18. Tuya — dunyoda eng qaysar jonivor. Agar u yotib dam olishni xohlasa, uni o‘rnidan qo‘zg‘atish juda qiyin. Uning jahlini chiqarsangiz, tuflab tashlaydi. U juda aniq tuflaydi va tupugi juda sassiq bo‘ladi. Chunki u oddiy so‘lak emas, naq oshqozondan otilib chiqadi.
19. Tuya dengiz yoki daryoda suza oladi.
20. Tuya arabchada “jamal” — “go‘zallik” ma’nosini bildiradi. Bu so‘z avval yunonlarga “kamēlos” shaklida o‘tib, undan inglizlarga “camel” tarzida o‘tgan.