Joriy yilning 24 sentyabr kuni haj ziyoratini ado etish uchun jo‘nab ketgan ziyoratchilarimizning oxirgi guruhi eson – omon ona yurtimizga qaytishdi.
Ularni Toshkent xalqaro aeroportida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddi xodimlari kutib olishdi.
Joriy mavsumda ziyoratchilarimizga hamkorimiz “al-Hidoya” shirkati va o‘zbekistonlik tajribali ishchi guruhi, shifokorlar hamda guruh rahbarlari tomonidan yuqori saviyada xizmat ko‘rsatildi.
Oxirgi reys kelishi bilan “Haj-2017” mavsumi muvaffaqiyatli yakunlandi. Bu mavsumda Respublikamizdan jami 7350 nafar fuqaro haj ziyoratiga jo‘natildi.
Bu yilgi haj mavsumida Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan 72 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisining sog‘-salomat haj ibodatini ado etib kelgani quvonarli voqe’a bo‘ldi. To‘qsondan oshib, yuz bilan yuzlashgan piru badavlat nuroniylarimizning duo mustajob bo‘ladigan joylarda turib yurtimiz va yurtdoshlarimiz haqiga qilgan duolari inshoalloh ijobat bo‘lajak.
Xulosa qilib aytganda, Ona yurtga qaytgan yurtdoshlarimiz ko‘zlarida yosh bilan yaratib berilgan imkoniyat va sharoitlardan mamnun bo‘lib, Yurtboshimiz, hukumat rahbarlari hamda “Haj-2017” ishchi guruhi a’zolari haqiga xayrli duolar qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xalqaro aloqalar bo‘limi