Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Yanvar, 2025   |   24 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:19
Quyosh
07:41
Peshin
12:40
Asr
15:48
Shom
17:32
Xufton
18:49
Bismillah
24 Yanvar, 2025, 24 Rajab, 1446

“Haj-2017” mavsumi muvaffaqiyatli yakunlandi

26.09.2017   6696   1 min.
“Haj-2017” mavsumi muvaffaqiyatli yakunlandi

Joriy yilning 24 sentyabr kuni haj ziyoratini ado etish uchun jo‘nab ketgan ziyoratchilarimizning oxirgi guruhi eson – omon  ona yurtimizga qaytishdi.

Ularni Toshkent xalqaro aeroportida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddi xodimlari kutib olishdi.

Joriy mavsumda ziyoratchilarimizga hamkorimiz “al-Hidoya” shirkati va o‘zbekistonlik tajribali ishchi guruhi, shifokorlar hamda guruh rahbarlari tomonidan yuqori saviyada xizmat ko‘rsatildi.

Oxirgi reys kelishi bilan “Haj-2017” mavsumi muvaffaqiyatli yakunlandi. Bu mavsumda Respublikamizdan jami 7350 nafar fuqaro haj ziyoratiga jo‘natildi.

Bu yilgi haj mavsumida Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan 72 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisining sog‘-salomat haj ibodatini ado etib kelgani quvonarli voqe’a bo‘ldi. To‘qsondan oshib, yuz bilan yuzlashgan piru badavlat nuroniylarimizning duo mustajob bo‘ladigan joylarda turib yurtimiz va yurtdoshlarimiz haqiga qilgan duolari inshoalloh ijobat bo‘lajak.

Xulosa qilib aytganda, Ona yurtga qaytgan yurtdoshlarimiz ko‘zlarida yosh bilan yaratib berilgan imkoniyat va sharoitlardan mamnun bo‘lib, Yurtboshimiz, hukumat rahbarlari hamda “Haj-2017” ishchi guruhi a’zolari haqiga xayrli duolar qildilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Xalqaro aloqalar bo‘limi

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Sizga otilgan toshlardan, uy quring!

17.01.2025   6904   4 min.
Sizga otilgan toshlardan, uy quring!

Odamlarga asliy holatingizdan-da go‘zal muomalada bo‘ling. Zero, zulm umrni qisqartiradi. Biz atrofimizdagilarga zulm qilib, haqlariga rioya qilmaganimiz uchun ham ularni yo‘qotamiz. O‘z hisob-kitoblarimizni ularning kamchiliklari ustiga quramiz, lekin ulardagi oliyjanob fazilatlarni unutamiz. Ularni batamom aybsiz bo‘lishlariga talabgormiz, shuningdek, “odam bolasi xatodan xoli bo‘lmaydi” degan gapni dalil qilib o‘zimizni oqlaymiz.

Mabodo odamlar sizni toshbo‘ron qilsalar ham, bu toshlarni to‘plab, biror-bir uyni ta’mirlash uchun ishlating. Agar sizni gullar bilan qarshi olsalar, guldastalarni sizga ta’lim bergan va nochor paytingizda qo‘lingizdan tutganlarga ulashing.

Avval Allohga ishoning, keyin esa o‘zingizga. Ayblaringizni tan oling. Ishoning, agar siz o‘sha ayblaringizdan xalos bo‘lsangiz, orzularingizning ro‘yobga chiqishiga bir qadam qoladi... O‘z xatolaringizni yodingizda tuting, do‘stlaringiz, yaqin qarindosh-urug‘laringizni atrofingizda saqlab qolishni istasangiz, ularning xatolarini esingizdan chiqaring. Bilingki, haqiqiy saodat kishi boshqalarning aybini qo‘yib, o‘z ayblari bilan ovora bo‘lishidadir.

Bordi-yu, birorta ishda muvaffaqiyatni qo‘lga kiritsangiz, g‘ururlanib ketmang! Zero, Alloh azza va jalla bu borada Najm surasining 32-oyati karimasida: “...Shunday ekan o‘zingizni oqlamang, U kim taqvodorligini yaxshi biladir”, deya marhamat qiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham kamtarlikka targ‘ib qilib: “Alloh taolo menga sizlarning kamtar bo‘lishingizni vahiy qildi. Toingki, birorta odam boshqaning oldida faxrlanmasin ham, zulm ham qilmasin”,[1] dedilar.

Yiqilganingizda “odamlar ataylab choh qazib qo‘ygan” degan noma’qul xayolni miyangizdan chiqarib tashlang. Aksincha, qayta turishga harakat qiling. Qaddingizni rostlab olsangiz-da, o‘zingiz kabi yiqilganlarga yordam qo‘lini cho‘zing, o‘zlarini tiklab olishlariga ko‘maklashing. Hayot yo‘llarining pastu balandlariga, mashaqqatlariga sabrli bo‘ling, ko‘zingizni kattaroq oching va aqlingizni yig‘ing.

Dushmaningiz ustidan g‘alaba qozonsangiz-da, uning omadsizligidan quvonmang. Kishi boshiga musibat kelsa, hech bo‘lmasa duo bilan hamdard bo‘ling. Alloh taolo Shuro surasining 43-oyatida bunday marhamat qiladi: «Shubhasiz, kim sabr qilib kechirsa, albatta, bu mardlik ishlaridandir». Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham bunday deb duo qilardilar: “...Alloh, hasadgo‘y dushmanni mening mag‘lubiyatim sabab quvontirma”.

Qanoat hamda dangasalik, izzat hamda g‘urur va tavoze’ bilan xorlik orasini jamlay olmaysiz. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh uchun tavoze’li bo‘lsa, Alloh uning martabasini ko‘taradi, oxir borib illiyinning eng cho‘qqisiga olib chiqadi”, deya kamtar bo‘lishga targ‘ib qilganlar.

O‘zingiz uchun bir solih kishini do‘st tuting va uni  asrab-avaylang. Bu borada Rasululloh sollallhu alayhi vasallam: “Kishi o‘z qadrdon do‘stining dinida bo‘ladi, shunday ekan har biringiz kim bilan do‘st tutinganiga bir nazar tashlasin!” dedilar. Solih do‘stingizni mayda-chuyda narsalar bilan itob qilavermang, uning yanglishishlariga ahamiyat bermang, axir, tamomi kamolot sifatiga ega bo‘lish faqat Alloh azza va jallaning O‘zigagina xosdir.

Odamlar bilan xusumatlashmang. Chunki behuda tortishuvlar do‘stlik arqonini uzib, ruhiyatlar orasida to‘siq paydo qiladi. Solih kishilarning ichi tor bo‘lmaydi, aksincha, ular ko‘nglini keng qiladilar va boshqalarning ayblarini ko‘taradilar. Odamlarning yomonliklarini xotirangizdan o‘chirib tashlang va ularning yaxshiliklarini yodingizda tuting.

Sizga taalluqli ishlarda xato qilganlarga ham bag‘rikeng bo‘ling, ularni “bir uzri bordir” deya oqlashni o‘rganing. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Birortangiz Abu Zamzamday bo‘lishga kuchi yetmaydimi?! U qachon uyidan chiqsa, men o‘z obro‘yimni odamlarga sadaqa qildim, der edi”, degan so‘zlari ham odamlarning bir-birlariga aytgan ba’zi gaplari yoki xatolari borasida kengfe’lli bo‘lishga targ‘ibdir.


Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Imom Muslim rivoyati.