Ayolning eriga itoat qilishi – shariatga itoat qilishidir. Shu jihatiga ko‘ra, shariatga xilof ishlarda ayolning eriga itoat qilmaslikka to‘la haqqi bor. Alloh taolo Qur’oni karimning “Niso” surasida bunday marhamat qiladi:
“Alloh ba’zilarini ba’zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun erkaklar ayollarga rahbardirlar” (34-oyat).
Oila – kichik jamiyat hisoblanib, unga erkak rahbarlik bo‘lishini olamlarning Robbisi tayin qilgan. Demak, ushbu kichik jamiyat rahbari bo‘lmish erga itoat qilish bu eng avvalo, Allohga itoat qilish ekanini muslimalar yaxshi tushunib olmog‘i kerak.
Ma’lumki, har qanday ishning amaliy va hissiy (ruhiy) tarafi bo‘ladi. Amaliy tarafi bu – o‘sha ishni nimaga asosan, qanday tarzda qilinishi, vaqti, chegarasi va tajribada ma’lum bo‘lgan samaralarini bilish bilan yuzaga keladi. Ayni erga itoat masalasining amaliy tarafi xususida juda ham ko‘p va xo‘b gapirilgan. Ya’ni, ayolning erga itoati Islom shariatiga qanday nasslar (matn) asosida kiritilgan, uning sababi, hukmi nima, u nimalarda namoyon bo‘ladi, itoat qaysi chegaragacha bo‘ladi – bular to‘g‘risida istagancha ma’lumot topish mumkin. Lekin masalaning boshqa tarafi – ruhiy tomoni ham bor.
Ayol erga itoat qilishi lozimligini ota-ona tarbiyasida hamda ilm-ma’rifat orqali bilib oladi. Shu ilmga amal o‘laroq eriga itoat qilayotganida nimalarni o‘ylaydi, bu payt uning ongida qanday aqida asos bo‘ladi. Ana shu nihoyatda muhim masala hisoblanadi.
Banda qachon biror amalni shariat buyurganidek bajarib unga va’da qilingan mukofotga ega bo‘ladi?
Qachonki, bajarilayotgan ishni qalbida sof aqida bilan, ya’ni faqat Alloh roziligi uchun bajarsa! Ibodatlar, muomalotlar... barcha harakatlaru sakanotlar faqat Allohning roziligini topish uchun qilinsa, urinishlar besamar ketmaydi. Vojibni bajarish uchun qilinadigan har qanday ish ham vojibga aylanadi, degan umumiy qoida bor. Masalan, namoz o‘qish farz-vojib, shunga ko‘ra, namozni qoim qila oladigan darajada kuch bo‘ladigan ovqatni yeyish ham vojibga aylanadi. Ana shu nuqtayi nazardan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, erga itoat – Allohga itoat bo‘ladi. Eriga qanchalik chiroyli itoat qilsa, Alloh taologa ham shunchalik ixlos bilan ibodat qilgan bo‘ladi. Allohga qanchalik muhabbat qilsa, Uning roziligini topish uchun qilgan har qanday amali, xususan, Uning buyurgan ibodati bo‘lmish erga itoat ham shunchalik xolis va samimiy bo‘ladi.
Albatta, itoat muhabbat bilan yuzaga chiqadi. Lekin banda hech kimni va hech narsani Allohni yaxshi ko‘rganchalik yaxshi ko‘rmasligi kerak. Agar muhabbat Undan boshqa biror narsa yoki kimsaga nisbatan me’yoridan oshib ketadigan bo‘lsa, g‘uluvga ketishdek illat paydo bo‘lishi mumkin. Har qanday bandaning qalbidagi eng katta muhabbati Alloh taologa muhabbat bo‘lishi kerak. Buni misolda oddiyroq qilib tushuntirsak, masalan, ayol kishi erini jon-dilidan yaxshi ko‘rib, uning oldidagi burchlarini to‘la anglab, unga sidqidildan xizmat qiladi, jonini garovga qo‘yib, hayotining davomchilarini dunyoga keltiradi, ularni parvarishlab, tarbiya beradi, ertayu kech tinim bilmay, ro‘zg‘or tashvishlari bilan band bo‘ladi. Qaynota-qaynona, qayin-bo‘yinlari xizmatini qiladi. Butun borlig‘ini eriga, oilasiga bag‘ishlaydi.
Bunga javoban turmush o‘rtog‘idan ham hurmat-e’tibor, muhabbatni ko‘rsa, nur ustiga a’lo nur. Islom shariatida vasf etilgan haqiqiy baxtli oila bo‘ladi. Lekin hamma erkaklar ham insofli emas. Shayton hamma yerda hoziru nozir. Eng sevimli hunari – er-xotinning o‘rtasiga nifoq solish. Shu hunarini ishga solsa, erdan insof ketib, xotiniga bepisand bo‘lishi, unga butunlay teskari muomala qilishi, va eng yomoni, xiyonat qilishi ham mumkin. Shunday voqealar hayotda uchrab turibdi.
Ana shunday holda ayol nima qiladi?
Agar ayolning jamiki e’tibori erigagina qaratilgan, niyati faqat uni rozi qilish bo‘lsa, bunday vaziyatda ayol nihoyatda og‘ir ahvolga tushib qoladi. Eridan bunday munosabatni kutmagan ayol, agar o‘ta taqvodor ayol bo‘lsa ham, eng kamida o‘zi ruhiy tushkunlik – apatiya holatiga duchor bo‘lishi tayin. Mabodo, iymoni sustroq ayol bo‘lsa, eridan o‘ch olish payiga tushadi. Alamini yo farzandlaridan, yo qaynota-qaynonasidan, yo yana boshqadan olmoqchi bo‘ladi. O‘zining ham, erining ham obro‘sini to‘kib, janjal ko‘taradi. Hattoki, mana senga, senam buning alamini bir totib ko‘r deb, xoin eriga u ham xiyonat qiladi... Afsuski, hozirda shunday qilayotgan ayollar ham yo‘q emas...
Keyin nima bo‘lishi ayon: oila buziladi, bolalar tirik yetim bo‘ladi, muvozanat yo‘qoladi, jamiyat izdan chiqadi...
Ana shunday vaziyatda ayol niyatini xolis Alloh uchun qilib, erining roziligini ham Alloh roziligi uchun olishni niyat qilgan bo‘lsa, u jamiki sa’y-harakatlari bekor ketmasligini yaxshi biladi. Ixlos bilan qilgan har bir amalini bandasi bilmasa-da, Aliymu Xobiyr Zot ko‘rib turganiga shak qilmaydi. Zarracha mashaqqati mukofotsiz qolmasligidan ko‘ngli xotirjam bo‘ladi. Alloh roziligi uchun qilingan amallarining ajrini ham bandadan emas, Allohning O‘zidan kutadi. Alloh roziligi uchun sabr qiladi va buning uchun ham savob oladi. Betavfiq insonlarni Allohga havola qiladi. Insof so‘rab, haqqiga duo qiladi. Ba’zan shunday hollarda erga insof berib, o‘zini o‘nglab olishi ham mumkin. Bunda ayol ham bu dunyoda saodatga erishadi, bir insonning haq yo‘lga qaytishiga sabab bo‘lgani uchun ajr ham oladi.
Xosiyatbonu ERKINZODA,
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi
Yurtimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, hanafiy mazhabi asosida pok dinimizning asl mohiyatini ayol-qizlarga yetkazish, bid’at-xurofotlarning oldini olish muhim vazifa hisoblanadi. Bu jarayonda, tabiiyki, otinoyilarning alohida o‘rni bor.
Shu yil 13 avgust kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumani «Shayx Zayniddin» jome masjidi majlislar zalida Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan otinoyilar ishtirokida tadbir tashkil etildi.
Yig‘ilishni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda diniy soha hodimlari, shu jumladan, otinoyilarning mas’uliyati, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashdagi o‘rni, ayol-qizlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, sof Islom dini ta’limotining asl mohiyatini keng ommaga yetkazish va har qanday jaholatni ilm-ma’rifat bilan yengish mumkinligi to‘g‘risida gapirdilar.
Tadbirda Toshkent shahar, “Ma’rifiy targ‘ibot markazi” davlat muassasasi direktori, “Shuhrat” medali soxibi, Xidirov Mirzoxid G‘ayratovich Toshkent shahar bosh imom xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi Zulayho Soatova, Toshkent shahar hokimligi mas’ul xodimasi Nilufar Irgasheva va Toshkent shahar tumanlari bosh imom-xatiblarning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchilari va hudud otinoyilari ishtirok etdi.
Toshkent shahar, "Ma’rifiy targ‘ibot markazi" davlat muassasasi direktori, “Shuhrat” medali soxibi, Xidirov Mirzoxid G‘ayratovich 2025-yil 25-fevraldagi O‘zbekiston Respublikasining 1037-sonli Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasining mazmun –mohiyati. Mutaassiblik nima? Radikalizm atamasi haqida. Mutaassib va radikal shaxsning belgilari, bir-biridan farqi va uni aniqlash usulari. Ular bilan suhbat o‘tkazish usullari to‘g‘risida ma’ruza qildi.
Nilufar Irgasheva otinoyilar faoliyati bilan bog‘liq bir qator masalalar to‘g‘risida fikr almashdi. Shu bilan birga 6 oy davomida otinoyilar tomonidan amalga oshiriligan ishlar yuzasidan tahliliy fikrini bildirib, shuningdek, xar bir otinoyi MFY idoralarda “Jaxolatga karshi ma’rifat” loyihasi asosida tashkil etilayotgan manaviy-marifiy tadbirlarni o‘tkazishda faol bo‘lishlari lozimligini va ayollarni urfimiz va milliyligimizga xos kiyinishlarini va boshqalarga taqlid qilmasliklarini haqida bosqichma-bosqich tushuntirish ishlarini olib borishini ta’kidlab o‘tdi. Yig‘ilish doirasida otinoyilarning savollariga javoblar qaytarildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati