Sayt test holatida ishlamoqda!
15 May, 2025   |   17 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:24
Shom
19:38
Xufton
21:07
Bismillah
15 May, 2025, 17 Zulqa`da, 1446

Xushxabar: «Hadis ilmi Oliy maktabini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi tayyorlandi

22.09.2017   8714   6 min.
Xushxabar: «Hadis ilmi Oliy maktabini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi tayyorlandi

LOYIHA 

O‘ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI PRЕZIDЕNTINING

QARORI

Hadis ilmi Oliy maktabini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

 

Mustaqillik yillarida barcha sohalarda bo‘lgani kabi, muqaddas islom dinini o‘rganish, ajdodlar merosini qayta tiklash va kelajak avlodlarga yetkazish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ta’kidlash lozimki, buyuk ajdodlarga munosib vorislarni tayyorlash maqsadida mamlakatimiz diniy ta’lim tizimida ham islohotlar amalga oshirilayotganini ijobiy baholash mumkin.

Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan buyuk muhaddislar Imom Dorimiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abdulloh ibn Muborak, Ibn Hibbon, Xaysam ibn Kulayb Shoshiy, Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad Barokotiy, Ibrohim ibn Ma’qil Nasafiy va Abd ibn Humayd Keshiylar tomonidan katta hadis maktabiga asos solingan bo‘lib, ushbu ilmu ma’rifat va ziyo maskanlari hadis ilmi rivoji hamda dunyo ilm-fan taraqqiyotida o‘chmas iz qoldirgan.

“Hadis ilmining sultoni” maqomini olgan buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriyning “Al jome’ as-sahih” kitobi musulmon dunyosida Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi muqaddas manba bo‘lib, islom dini e’tiqodiga ko‘ra, u bashariyat tomonidan bitilgan kitoblarning eng ulug‘i hisoblanadi.

Muqaddas islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk vatandoshlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solingan hadis ilmi maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish hamda islom dini asoslari va hadis ilmini mukammal o‘zlashtirgan oliy ma’lumotli yetuk mutaxassis-kadrlarni yetishtirib chiqarish maqsadida:

  1. O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy xalqaro markazi negizida Hadis ilmi Oliy maktabini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
  2. Quyidagilar Hadis ilmi Oliy maktabining asosiy vazifalari etib belgilansin:

- “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun hujjatlari va ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy pritsiplariga tayangan holda islom dini sohasida fundamental bilim va tushunchalar, tarixiy va zamonaviy an’analar, innovatsiya texnologiyalarini, dinlar tarixi va nazariyasini chuqur egallagan, islom dini asoslarini, hadis ilmini mukammal o‘zlashtirgan, dunyoga mashhur hadis ulamolari tomonidan bitilgan olti ishonchli hadis to‘plamlarini puxta o‘zlashtirgan, turli oqimlarning yot g‘oyalariga qarshi raddiyalar bera oladigan hamda hadis va hadis ilmi bo‘yicha oliy diniy ma’lumotga ega bo‘lgan yetuk mutaxassis-kadrlarni tayyorlash;

- yoshlarni milliy qadriyatlarimizga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mustaqil dunyoqarashga va fikrlarga ega bo‘lgan ma’naviy boy va har tomonlama barkamol avlodni shakllantirish;

- Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini, hadis maktabining ilmiy-ma’naviy asoslarini, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy va boshqa yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk muhaddis allomalar merosini har tomonlama o‘rganish va ular asosida ilmiy tadqiqot va tarjima ishlarini olib borish;

- yurtimizda asrlar davomida shakllangan “Ustoz-shogird” an’analarini davom ettirish maqsadida hadis, kalom ilmi, tafsir, fiqh, arab tili fanlari bo‘yicha zamonaviy modul tizimiga asoslangan dars va to‘garaklar tashkil etish va ular faoliyatiga yurtimizda va jahonda ko‘zga ko‘ringan ulamolarni jalb qilish;

- hadis va hadis ilmi bo‘yicha yetuk mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish, kadrlar sohasida xalqaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish.

  1. O‘zbekiston musulmonlari idorasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Hadis maktabida sirtqi, qayta tayyorlash yoki masofaviy o‘qish shakli, diniy sohadagi ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlashga qaratilgan oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim uchun tegishli ilmiy darajalarni berish yuzasidan Ilmiy kengash tashkil etilsin.
  2. Hadis ilmi Oliy maktabi Nizomi 1-ilova, tashkiliy-boshqaruv tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
  3. 5. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Hadis ilmi Oliy maktabi bilan hamkorlikda “Hadis saboqlari” teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar berib borilishini ta’minlasin.
  4. 6. Quyidagilar Hadis ilmi Oliy maktabi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

- O‘zbekiston musulmonlari idorasi;

- Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi;

- mahalliy hamda xorijiy mamlakatlar jismoniy va yuridik shaxslarining homiylik xayriya mablag‘lari;

- mahalliy va xalqaro moliya tashkilotlari grantlari;

- qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

  1. Samarqand viloyati hokimligi bir oy muddatda Hadis ilmi Oliy maktabining pedagog-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Imom Buxoriy xalqaro markazi ilmiy xodimlari uchun foydalanishga topshirilgan 10 ta kottejni Hadis ilmi Oliy maktabi xodimlari foydalanishi uchun rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 23 maydagi “Imom Buxoriy xalqaro markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-875-son Qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
  3. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M.Sultonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi                                   Prezidenti Sh. Mirziyoyev

 

Qaror loyihasi bo‘yicha takliflaringizni 2017 yil 5 oktyabr kuniga qadar religions@umail.uz manziliga yuborishingiz mumkin!

Mas’ul - S.Sherxonov, Tel.: 239-49-41, 

 

Boshqa maqolalar

Allohga bergan ahdimizga xiyonat qilidik

12.05.2025   4055   3 min.
Allohga bergan ahdimizga xiyonat qilidik

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Hikoya qilishlaricha, Abu Yazid Bastomiy ilm talab qilish uchun Bog‘dodga bormoqchi bo‘ldilar. Onalari u kishiga qirq dinor berdilar. U pullar u zotga otalaridan meros qolgan edi. Onalari o‘g‘illariga: «Qo‘lingni qo‘lim ustiga qo‘y va menga rostgo‘ylikni lozim tutib, hech qachon yolg‘on gapirmaslikka so‘z ber!» dedilar. U kishi onalariga mazkur ishlar yuzasidan so‘z berdi. Bog‘dodga boradigan karvon bilan birga yo‘lga chiqdilar.

Yo‘lda borishar ekan, to‘satdan ro‘paralaridan yo‘lto‘sar qaroqchilar chiqib, karvondagi hamma narsani talay boshladi. Bastomiyning ustilardagi juldur kiyimni ko‘rib, u kishidan: «Senda ham biror narsa bormi?» deb so‘rashdi. U zot: «Ha, menda qirq dinor bor» deb javob berdilar. Qaroqchilar u kishining gaplarini eshitib, masxara qildilar, ahmoq deb o‘ylab, u zotni tark etdilar.

Keyin ular g‘orga, ya’ni o‘zlarining qarorgohlariga qaytdilar. U yerda ularning kattalari bor bo‘lib, karvondan talab olingan narsalarni kutib o‘tirgan edi. Ularni ko‘rgach: «Karvondagi hamma narsani oldinglarmi?» deb so‘radi. Ular: «Ha, oldik. Ammo bir yigit bundan mustasno. Biz undan nimasi borligini so‘radik. U: «Menda qirq dinor bor» dedi. Biz uning qilgan ishiga e’tibor bermay, uni tark etdik. Chunki, biz uni aqli zaif deb o‘yladik» deb javob berishdi.

Shunda boshliqlari: «Uni darhol huzurimga olib kelinglar!» deb buyurdi.

Bastomiy o‘g‘rilar boshlig‘ining oldiga kelgach, boshliq u zotdan: «Senda biror narsa bormi?» deb so‘radi. U kishi: «Ha, yonimda qirq dinor bor» deb javob berdilar. O‘g‘rilar boshlig‘i hayron bo‘lib: «Qayerda u?» dedi. Bastomiy yonlaridan pullarni chiqarib, o‘g‘rilar boshlig‘iga berdilar. Buni ko‘rgan boshliq: «Sen majnunmisan, ey yigit? Nega pullaring borligini aytib, ularni o‘z ixtiyoring bilan beryapsan?» deb so‘radi.

Shunda u zot: «Men o‘z shahrimdan chiqmoqchi bo‘lganimda, hech qachon yolg‘on gapirmaslikka onamga so‘z berganman, ahdlashganman. Shuning uchun onamga bergan ahdimni buzmayman» deb javob berdilar. Bu gaplarni eshitgan o‘g‘rilar boshlig‘i: «Laa havla va laa quvvata illa billah». Sen onangga bergan ahdingga xiyonat qilishdan qo‘rqyapsan-u, biz esa, Allohga bergan ahdimizga xiyonat qilishdan qo‘rqmaymizmi?» dedi.

Keyin qaroqchilar boshlig‘i karvondan olingan barcha mol-mulklarni qaytarib berishga amr qildi va: «Ey yigit, men sening oldingda, sen sababli tavba qilaman» dedi. Bu gapni eshitgan barcha o‘g‘rilar: «Siz bizni yo‘lto‘sarlikda boshlig‘imiz edingiz. Bugun esa, tavbada bizning boshlig‘imiz, kattamizsiz. Biz ham barchamiz Allohga tavba qildik» dedilar. Hammalari qilgan xatolari uchun tavba qildilar, tavbalari go‘zal bo‘ldi.