Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zladi

20.09.2017   6521   16 min.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zladi. 

Quyida mazkur nutqning to‘liq matni e’lon qilinmoqda: 

Janobi Oliylari! 
Xonimlar va janoblar! 
Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan nutq so‘zlash imkoniyati yaratilgani uchun samimiy minnatdorlik izhor etishga ijozat bergaysiz. 

Bizning xalqimiz bundan bir necha hafta oldin o‘z davlat mustaqilligining 26 yilligini keng nishonladi. 

Bugungi kunda O‘zbekiston jadal rivojlanmoqda. Biz ajdodlarimizning donishmandlik an’analariga amal qilib, teran anglagan holda, qat’iy islohotlarni amalga oshirmoqdamiz, mamlakatimizning yangi qiyofasini shakllantirish yo‘lidan bormoqdamiz. 

Jamiyatimizda siyosiy faollik ortib bormoqda, barcha sohalarda chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Ulardan ko‘zlangan maqsad – "Inson manfaatlari hamma narsadan ustun" degan oddiy va aniq-ravshan tamoyilni amalga oshirish ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan demokratik davlat va adolatli jamiyat barpo etishdan iborat. 

Umumxalq muhokamasidan so‘ng besh yilga mo‘ljallangan O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi. Bu strategiyani ishlab chiqishda biz o‘zimizga chetdan nazar tashlab, salohiyat va imkoniyatimizni xolis baholash bilan birga, xato va kamchiliklarimizni ham atroflicha tanqidiy tahlil qildik. 

Strategiya – bu yangilanish jarayonlarining haqiqiy harakatlar dasturidir. Bu hujjat hozirgi vaqtda hayotga izchil joriy etilmoqda. 

2017 yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilindi. 

Bizning maqsadimiz – yurtimizda xalq hokimiyatini nomiga emas, balki amalda joriy qilish mexanizmlarini mustahkamlashdan iborat. 

Ishonchimiz komil: xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak. 

Mamlakatimizning barcha hududlarida Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Hozirgi kunga qadar bir milliondan ortiq fuqarolarimiz bu qabulxonalar orqali o‘zlarining dolzarb muammolarini hal qildi. 

Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rildi. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari janob Al-Husaynning tashrifi yakunlari bo‘yicha inson huquqlarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. 

Odamlarning erkin harakat qilishini cheklaydigan xorijga chiqish vizalari singari umrini mutlaqo o‘tab bo‘lgan o‘tmish qoldiqlari bekor qilindi. 

Inson huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha milliy va xalqaro nodavlat tashkilotlar bilan ochiq muloqotimiz faollashib bormoqda. 

Insonparvarlik tamoyillaridan kelib chiqib, shaxsni qamoqda saqlash bilan bog‘liq ko‘plab holatlar qayta ko‘rib chiqildi. 

Ekstremizm g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan fuqarolar ijtimoiy reabilitatsiya qilinmoqda, ularni sog‘lom hayotga qaytarish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. 

Endilikda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi barcha huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati parlament va fuqarolar tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda. 

Mamlakatimizda siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyatining roli ortib bormoqda, sud organlarining chinakam mustaqilligi ta’minlanmoqda. 

Ommaviy axborot vositalarining o‘rni sezilarli darajada ortib bormoqda. 

Iqtisodiyot tizimini liberallashtirish, qulay investitsiya muhitini yaratish amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning eng muhim yo‘nalishlaridir. 

Biz oddiy bir xaqiqatdan kelib chiqmoqdamiz: xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi. 

O‘zbekiston shu oyning boshidan milliy valyutani erkin konvertatsiya qilish tizimiga to‘liq o‘tdi. Bu borada aholi uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni yumshatish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rildi. 

Mamlakatimizda ilk bor tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Ombudsman instituti joriy etildi. Biznes sohasidagi soliqlar sezilarli ravishda qisqartirildi, kredit olish imkoniyatlari kengaytirildi. 

Yangi erkin iqtisodiy zonalar tashkil etildi, ularda investorlarga keng imtiyozlar yaratib berildi. 

Xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanmoqda, biz Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan sheriklik aloqalarini yangitdan tikladik. 

Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyati Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan to‘la hamohang ekanini ta’kidlashni istardim. 

Hurmatli majlis ishtirokchilari! 
Biz qat’iy ishonamiz, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bundan keyin ham xalqaro munosabatlarda hal qiluvchi o‘rin tutadi. 

O‘zbekiston ushbu tashkilotning bosqichma-bosqich isloh etilishi tarafdoridir. Biz Xavfsizlik Kengashini bugungi kun talablariga mos ravishda kengaytirish zarur, deb hisoblaymiz. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi rahbariyati tomonidan tashkilotni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. 

Ishontirib aytmoqchiman, O‘zbekiston BMTning tuzilmalari bilan hamkorlikni bundan keyin ham izchil davom ettiradi. 

Biz janob Bosh kotib Antoniu Guterrishning yaqinda O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan "yo‘l xaritasi"ning amaliy ijrosini ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘ramiz. 

Xonimlar va janoblar! 
O‘zbekiston bugungi kunda o‘zining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Bu – har tomonlama chuqur o‘ylab tanlangan yo‘ldir. 

Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston ushbu mintaqa barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylanishidan bevosita manfaatdordir. 

Tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo – biz intiladigan eng muhim maqsad va asosiy vazifadir. 

O‘zbekiston o‘zaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashning qat’iy tarafdoridir. 

Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hech istisnosiz barcha masalalar bo‘yicha oqilona murosa asosida hamkorlik qilishga tayyormiz. 

Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli keyingi oylarda mintaqamizda siyosiy ishonch darajasi sezilarli darajada oshdi. Ko‘plab masalalar bo‘yicha prinsipial jihatdan muhim yechimlar topishga erishildi. 

Sentyabr oyining boshida O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegaralari to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi tom ma’noda muhim voqea bo‘ldi. 

Tomonlar o‘z siyosiy irodasini, o‘zaro maqbul qarorlar qabul qilishga tayyor ekanini namoyon etgani tufayli o‘tgan yigirma olti yil davomida birinchi marta ushbu g‘oyat nozik masala bo‘yicha katta natijaga erishildi. 

Bir so‘z bilan aytganda, o‘tgan qisqa vaqt mobaynida mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratishga erishildi. 

Bu tendensiyaning mustahkamlanishi Markaziy Osiyo davlatlari Prezidentlari muntazam uchrashuvlar o‘tkazishi uchun imkoniyat yaratgan bo‘lur edi, deb hisoblayman. 

Biz noyabr oyida Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida o‘tkaziladigan "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik" mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro anjumanda mintaqadagi fundamental muammolarni muhokama qilishni rejalashtirganmiz. 

Ushbu anjuman yakunida biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni ta’minlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini kiritishni mo‘ljallaganmiz. 

Bu taklifni BMT rahbariyati va xalqaro hamjamiyat qo‘llab-quvvatlaydi, deb ishonamiz. 

Muhtaram Rais janoblari! 
Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bilan bog‘liq muammolar to‘g‘risida so‘z yuritar ekanmiz, mintaqaning umumiy suv zaxiralaridan oqilona foydalanish kabi muhim masalani chetlab o‘tolmaymiz. 

BMT Bosh kotibining "suv, tinchlik va xavfsizlik muammolari o‘zaro chambarchas bog‘liq", degan pozitsiyasini to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz. 

Ishonchim komil, suv muammosini hal qilishning mintaqa mamlakatlari va xalqlari manfaatlarini teng hisobga olishdan boshqa oqilona yo‘li yo‘q. 

O‘zbekiston BMTning preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi tomonidan ishlab chiqilgan Amudaryo va Sirdaryo havzalari suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyalar loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Bugungi kunning eng o‘tkir ekologik muammolaridan biri – Orol halokatiga yana bir bor e’tiboringizni qaratmoqchiman. 

Mana, mening qo‘limda – Orol fojiasi aks ettirilgan xarita. O‘ylaymanki, bunga ortiqcha izohga hojat yo‘q. 

Dengizning qurishi bilan bog‘liq oqibatlarni bartaraf etish xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni faol birlashtirishni taqozo etmoqda. 

Biz BMT tomonidan Orol fojiasidan jabr ko‘rgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha shu yil qabul qilingan maxsus dastur to‘liq amalga oshirilishi tarafdorimiz. 

Xonimlar va janoblar! 
Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlikni ta’minlashning muhim sharti bo‘lib qoladi. 

Aminmizki, Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li – markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot olib borishdir. 

Muzokaralar afg‘onistonliklarning o‘zlari hal qiluvchi o‘rin tutadigan holda, Afg‘oniston hududida va BMT shafeligida o‘tishi lozim. Donishmand afg‘on xalqi o‘z taqdirini o‘zi mustaqil hal qilishga haqlidir. 

AQSH Prezidenti janob Donald Tramp ma’muriyatining Afg‘oniston bilan qo‘shni mamlakatlarni afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan hal qilishga ko‘maklashishga oid da’vatini qo‘llab-quvvatlaymiz. 

O‘zbekiston Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishiga, uning transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirishga, milliy kadrlarini tayyorlashga katta hissa qo‘shmoqda va bundan keyin ham hissa qo‘shadi. 

Afg‘oniston masalasi global miqyosdagi masalalar markazida bo‘lishi lozim. Xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlari, birinchi navbatda, Afg‘onistondagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratilishi kerak. 

Bu jafokash yurtda tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashish yo‘lidagi bizning umumiy qat’iy harakatlarimiz aslo susaymasligi lozim. 

Hurmatli sessiya ishtirokchilari! 
Dunyoda terrorizm tahdidlari ayniqsa, so‘nggi yillarda kuchayib borayotgani ularga qarshi asosan kuch ishlatish yo‘li bilan kurashish usuli o‘zini oqlamayotganidan dalolat beradi. 

Bu borada ko‘p hollarda tahdidlarni keltirib chiqarayotgan asosiy sabablar bilan emas, balki ularning oqibatlariga qarshi kurashish bilangina cheklanib qolinmoqda. Xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini boshqa omillar bilan birga, jaholat va murosasizlik tashkil etadi, deb hisoblayman. 

Shu munosabat bilan odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifadir. 

Ekstremistik faoliyat va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilmoqda. 

Bugungi dunyo yoshlari – son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avloddir, chunki ular 2 milliard kishini tashkil etmoqda. 

Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. 

Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi "virusi" tarqalishining oldini olishdir. 

Buning uchun yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozim, deb hisoblaymiz. 

Shu munosabat bilan O‘zbekiston globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat – BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni taklif etadi. 

Bizning nazarimizda, mazkur hujjatni imzolaydigan davlatlar ushbu sohani o‘z ijtimoiy siyosatining asosiy va muhim hayotiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tarish bo‘yicha qat’iy majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishi kerak. 

Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. 

Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. 

Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi.

Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrining ko‘plab yorqin namoyandalarining islom va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasini alohida qayd etmoqchiman. 

Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy o‘z ahamiyatiga ko‘ra islom dinida Qur’oni karimdan keyingi muqaddas kitob hisoblangan "Sahihi Buxoriy"ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan. 

Bu ulug‘ zotning g‘oyat boy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, ma’rifatiy islom to‘g‘risidagi ta’limotini keng yoyish maqsadida biz Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildik. 

Toshkentda tashkil etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi. 

Bugungi sessiya ishtirokchilariga BMT Bosh Assambleyasining "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan murojaat qilmoqchiman. 

Bu hujjatning asosiy maqsadi – barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat. 

Ushbu rezolyutsiya bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashishga qaratilgan. 

Xonimlar va janoblar! 
O‘zbekiston hech qanday blokka qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolgan holda, ochiq muloqotga tayyordir. Biz barcha sheriklarimiz bilan tinchlik, taraqqiyot va farovonlik yo‘lida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz. 

Biz mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi inson, uning ehtiyoj va manfaatlarini ta’minlashdan iborat bo‘lgan eng muhim ustuvor vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning hal qiluvchi sharti aynan shunda mujassam, deb bilamiz. 

E’tiboringiz uchun rahmat. 

 https://youtu.be/_jvQPJSLk1I?list=PLi7SB6MZij7dI22OqpEBq30rZDLtEzxeW

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

10.01.2025   1637   8 min.
Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.

«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.

Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi. 

Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».

Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.

Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».

Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.

«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».

Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.

Alloh taolo «Tahrim» surasida:

«‎Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning ‎xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: ‎‎«Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy ‎bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan ‎najot bergin va menga zolim qavmdan najot ‎bergin», deb aytdi‎», degan (11-oyat).

Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.

Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.

«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni ‎‎(misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan ‎pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda ‎kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan ‎bo‘ldi» (12-oyat).

Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.

«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».

Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.

O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.

Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!

Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.

Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:

«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.

«Oisha», dedilar.

«Erkaklardan-chi?» dedim.

«Uning otasi», dedilar.

«So‘ngra kim?» dedim.

«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».

Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?

Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?

Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.

Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.

– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.

– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.

– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.

– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.

– Men pokning huzurida pok yaratilganman.

– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».

Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:

«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:

«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.

Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.

Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».

Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?

Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.

"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.

Maqolalar