Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Yanvar, 2025   |   23 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:42
Peshin
12:40
Asr
15:47
Shom
17:31
Xufton
18:48
Bismillah
23 Yanvar, 2025, 23 Rajab, 1446

Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashishning samarali modeli

17.04.2023   792   20 min.
Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashishning samarali modeli

Jaholatga qarshi kurashning eng ma'qul va samarali yo'li nima? Johilga johillik bilan qarshilik ko'rsatish yonib turgan olovga yog' sepish bilan barobar. Negaki, jaholat botqog'iga botgan kishi o'zini tubanlikda emas, yuksakda deb hisoblaydi, unga kimdir jahl qilgan sari jazavasi qo'ziydi. Shu bois, jaholatga qarshi faqat ma'rifat bilan kurashish kerak. Bu O'zbekiston rahbariyati tanlagan eng to'g'ri, oqilona va odilona yo'ldir.

Mehr-muruvvat va saxovat oyi bo'lgan bugungi Ramazon kunlarida bu o'zining yana bir tasdig'ini topmoqda. Hech bir davlatda Ramazon oyini munosib o'tkazish to'g'risida Prezident darajasida qaror qabul qilinmaydi. Faqat O'zbekiston mustasno. Bu ham davlatning fuqarolarga g'amxo'rligi belgisidir.

Shu kunlarda yurtimizdagi barcha jome masjidlarida Qur'on xatm qilinmoqda. Namozxonlarga qulay bo'lishi uchun butun mamlakat bo'ylab tarovih namozining vaqti bir xil qilib belgilandi. Qaysi kuni Mus'hafi sharifning qayeridan qayerigacha o'qilishi ham aniq ko'rsatib berildi. Ya'ni turli sabablarga ko'ra o'zi qatnab yurgan masjidga emas, boshqasiga borib qolgan odam hech qanday xavotir va tashvishsiz ibodatini bemalol kelgan joyidan davom ettiraveradi.

Televideniye va radiokanallarimizda aynan iftorlik va saharlik paytlariga mo'ljallab ma'rifiy ko'rsatuv va eshittirishlar tayyorlanmoqda. Ro'zador insonlar nafaqat jisman, balki ma'nan o'z-o'zini tarbiyalab, takomillashtirib bormoqda. Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish ham aslida shu emasmi?!

Bevosita ilm-ma'rifat sohasidagi ko'lamini bir-ikki so'z bilan ta'riflash mushkul bo'lgan islohotlarga kelsak, yurtimizda qisqa vaqtda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom tsivilizatsiyasi markazi, Hadis ilmi maktabi tashkil qilindi. Buxorodagi Mir Arab madrasasiga yangi hayot baxsh etildi. Bu muassasalarning barchasi xalqimizning ko'p asrlik ilmiy-ma'naviy merosini o'rganish, diniy va dunyoviy jihatdan tadqiq etib, milliy va xalqaro miqyosda targ'ib qilishga xizmat qiladi, albatta.

Bir jihatni aytib o'tish kerakki, O'zbekiston xalqi nafaqat Horazmiy, Zamaxshariy, Ibn Sino, Beruniy, Ulug'bek singari butun insoniyat tsivilizatsiyasi rivojiga hissa qo'shgan allomalari, shu bilan birga, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg'inoniy kabi islom ilmlari taraqqiyotida g'oyat salmoqli o'rin tutgan ajdodlari bilan haqli ravishda faxrlanadi. “Sahih ul-Buxoriy” islom olamida Qur'oni karimdan keyingi mo''tabar manba sanaladi. Dunyo musulmonlarining eng katta qismi Imom Moturidiy aqidasini asosiy tayanch deb biladi. Burhoniddin Marg'inoniyning “Hidoya” asari hali-hanuz islom huquqshunosligining bosh qo'llanmasi bo'lib qolmoqda. Tasavvufning eng yirik namoyandalari ham biz yashayotgan zamindan etishib chiqqan.

Prezident Shavkat Mirziyoev 17-fevral kuni Buxoro viloyatiga safar asnosida Mir Arab oliy madrasasiga tashrif buyurganida quyidagi fikrlarni bayon etdi:

– Bunday uzoq tarixga ega ta'lim dargohlari juda kam. Bugun uning sharoitini yaxshilab, tarixiy adolatni tiklaganimiz xayrli ish bo'ldi, deb o'ylayman. Demokratik islohotlarimiz natijasida diniy sohaga ham erkinlik epkini kirib keldi. Shu bilan birga, axborot makoni ochiq. Internetda ilmiy asosi bo'lmagan turli talqinlar bor. Tajribasiz yoshlar ularning to'g'ri-noto'g'riligini qayerdan ham bilsin? Buni sizga o'xshagan ilm odamlari asoslab, isbotlab, tushuntirib berishi kerak.

Darhaqiqat, yangi ochilayotgan ilm maskanlari odamlarni, ayniqsa, yosh avlodni to'g'ri yo'lga solishda muhim o'rin tutadi. Ulug' allomalarimizning boy ilmiy merosi esa buning uchun mustahkam poydevor vazifasini o'taydi.

Buxoro safari chog'ida mamlakatimiz rahbari Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi. Bu maskanda bildirilgan fikrlar ham O'zbekistonning “Jaholatga qarshi – ma'rifat” shioriga hamohangdir:

– Oxirgi yillarda hamma sohalar qatori din bo'yicha ham ochiqlik, erkinlik berildi, bir nechta ilmiy markaz tashkil etdik. Bu salohiyatni jamiyatga etkazish kerak. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg'inoniy kabi buyuk bobolarimiz merosiga tayangan holda jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish zarur.

O'zbekiston bu yo'nalishda yangi ilmiy markazlar ochish bilan cheklanib qolmayotganini ham alohida ta'kidlash o'rinlidir. Yurtimizda mana shunday muassasalar sa'y-harakati bilan xalqimiz orziqib kutgan asarlar o'zbek tilida nashrdan chiqmoqda. “Ta'vilot ul-Qur'on”da Imom Moturidiy barcha botil oqimlarga ilmiy asoslangan raddiya berish bilan birga, keyingi davrlarda kimlardir tomonidan tug'ilishi mumkin bo'lgan savollarga javob ham berib ketgan. Kitobning dastlabki o'zbekcha juzlari bilan tanishgan kishi “agar falon narsani so'rasalar, biz mana bunday javob beramiz” jumlalarini ko'p kuzatishi mumkin. “Sahih ul-Buxoriy”ning ham bir necha tarjimasi bosmadan chiqqan. Hadislarning muhimligi shundaki, ular orqali islomning mohiyati, arkonlari, talab va cheklovlari va boshqa jihatlari to'liq anglanadi.

Huddi shuningdek, xayrli tashabbuslar natijasida turli ilmiy anjumanlar tashkil etilyapti. Ular orqali ham ko'hna Movarounnahr allomalarining boy merosi xalqaro miqyosda targ'ib etilmoqda, ham xorijlik ulamo va mutaxassislar bilan jaholatga qarshi ma'rifat vositasida kurashish g'oyasi yo'lidagi sa'y-harakatlar birlashtirilmoqda.

Bu xususda 2022-yil noyabr' oyida Samarqandda bo'lib o'tgan “Markaziy Osiyo – islom san'ati o'chog'i” xalqaro forumida qatnashgan Tojikiston Pedagogika institutining ilm va innovatsiyalar bo'yicha prorektori, tarix fanlari doktori, professor Shodmon Vohidovning quyidagi fikrlarini keltirish o'rinlidir:

– O'zbekiston islom madaniyatining nafaqat o'chog'i, balki nihoyatda ko'p sonli tarixiy va islomiy qadamjolar mavjud mamlakat. Tarixiy ashyolar, nodir qo'lyozmalar ham shular jumlasidan. Shaxsiy kollektsiyalar va xususiy kutubxonalarda saqlanayotgan manbalarni hisobga olmaganda, davlat fondlarida 42 mingdan ziyod qo'lyozma mavjud. Ularni saqlash, tadqiq etish, tarjima qilish, raqamlashtirish masalalarida O'zbekiston ancha ilgarilab boryapti. Forumga kelgan qo'lyozmalarni o'rganish sohasi mutaxassislari buni yakdil ta'kidlamoqda. O'ylaymanki, qadim tarixdan so'zlovchi manbalar – u xoh tarixiy obida bo'lsin, xoh yozma yodgorlik – bizga ajdodlarimizning yuksak zehn-u zakovatidan darak berishda davom etaveradi. Dunyoda kechayotgan keskinlik va ziddiyatlar asnosida yurtingizda ma'naviy merosni asrash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni, xususan, mana shunday ilmiy konferentsiyalar tashkil etilishini O'zbekiston hukumati faoliyatining tahsinga sazovor jihatlari sifatida qayd etish joiz.

Yangi ochilayotgan markazlarga nufuzli xalqaro tashkilotlar xayrixohlik bildirishi, ularning ahamiyati haqida to'lib-toshib so'zlashi ham O'zbekiston tanlagan yo'lning to'g'ri ekanidan dalolatdir. IHTning Islom tarixi, san'ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) Bosh direktori Mahmud Erol Qilich 2022-yil 15-iyul kuni Samarqandda o'tkazilgan “Sahih ul-Buxoriy” asarining jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qadimiy va nodir qo'lyozma nusxalari” mavzusidagi xalqaro konferentsiyada qatnashib, Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadqiqot markazi to'g'risida ham rasmiy shaxs, ham xolis inson sifatida bunday fikr bildirgan edi:

– O'zim rahbarlik qilayotgan markazning bosh maqsadi musulmon olimlarining jahon tsivilizatsiyasi ravnaqiga qo'shgan hissasini keng targ'ib etishdan ham iborat. Islom ilmlari rivojida asosiy o'rin tutgan allomalarni haqli ravishda etuk siymolar sirasida ko'ramiz. Umrini shunday sharafli ishga bag'ishlagan Imom Buxoriyning hayot yo'li va mashaqqatli ijodi haqidagi ma'lumotlarni, uning xizmatlari tufayli erishilgan yangi bilimlar mohiyatini jahon bo'ylab kengroq tarqatishni ota yurtimiz – O'zbekistondagi hamkasblarimiz ishtirokisiz amalga oshirishni imkonsiz deb bilamiz.

Horijda O'zbekistondagi yangi markazlarga, xalqimizning ilmiy-ma'naviy merosiga yuksak e'tiborning sababini Al-Azhar Islom tadqiqotlari majmuasi (Misr) Bosh kotibi Muhammad Nazir Ayyadning mazkur konferentsiyada izhor etilgan quyidagi fikridan anglab olish mumkin:

– Movarounnahr mutafakkirlari ulkan xizmatining samarasi o'laroq, bu qutlug' zamin faqat jug'rofiy nom emas, ilmu ma'rifatda etuklikka erishgan alohida bir tsivilizatsiya makoni sifatida ham shuhrat qozongan. Yurtingizdan etishib chiqqan olimlar islomiy va dunyoviy ilmlarni boshqacha nazar va o'zgacha yondashuv bilan o'rganib chiqib, olamshumul natijalarga erishgan. Insoniyat bugungi kunda ham ana shu ilmlarga ehtiyoj sezmoqda.

Malayziya xalqaro islom universiteti professori Muhammad Saidning so'zlari ilm-ma'rifat hech qachon dolzarbligini yo'qotmasligini tasdiqlaydi:

– Tarixdan bilamizki, O'rta Osiyoga islom dinining kirib kelishi umaviylar davriga borib taqaladi. O'sha yillardan boshlab bu sharofatli zaminda islomiy va dunyoviy ilmlar keng ko'lamda rivojlandi. Movarounnahrdan etishib chiqqan olimlar nafaqat islom dunyosi, balki butun jahon tsivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo'shganini alohida ta'kidlashni istardim. Buyuk ajdodlaringiz ilmiy-ma'naviy merosini o'rganish, tadqiq etish bugungi kundagi dolzarb vazifalardan biridir.

Umuman olganda, bugungi O'zbekiston buyuk ajdodlarga munosib voris bo'ladigan avlodni voyaga etkazish yo'lidan bormoqda va bunda ilmiy-ma'naviy merosni o'rganish va targ'ib qilishga alohida e'tibor bermoqda. Islom tafakkuri instituti (Turkiya) direktori, professor Mehmet Go'rmezning quyidagi so'zlari buning yana bir dalilidir:

– Movarounnahr islom tamaddunining beshigi hisoblanadi. Tarixda islom madaniyati dunyoning turli mintaqalarida rivojlangan bo'lsa-da, hech bir yurtda Movarounnahrda bo'lganichalik gullab-yashnamagan. Jumladan, Bag'dod, Andalus, Shom kabi diyorlarda islom madaniyati muayyan davrlar oralig'ida rivojlangan bo'lsa, Movarounnahrda bu hozirgi kunga qadar kuzatib kelinmoqda. Shu sababli bugungi kunda O'zbekiston islom tsivilizatsiyasining tarixda erishgan shonli mavqeini qayta tiklashda muhim o'rin tutadi.

Endi bevosita Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi misolida qaraydigan bo'lsak, ushbu muassasaning 2022-yildagi faoliyati natijalarida ham “Jaholatga qarshi – ma'rifat” maqsadi yaqqol namoyon bo'ladi.

O'tgan yili markaz tomonidan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qalamiga mansub 15 kitob va risola nashr etildi. Ular orasida Abu Ja'far Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriyning “Shamoili Buxoriy”, Imom Termiziyning “E'tiqodi ahli sunna”, Abd ibn Humayd Keshiyning “Musnad”, Imom Dorimiyning “Sunani Dorimiy” hamda “Sunani Dorimiy”dan saylanma hadislar”, “Musnadi Keshiydan durdonalar”, “Sahihi Buxoriy sharhi”ni keltirish mumkin.

Shu o'rinda alloma Abd ibn Humayd Keshiy haqida qisqacha to'xtalib o'tish kerak. Halqimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi muhaddislarning asarlari to'g'risida bugun ozmi-ko'pmi tasavvurga ega. Lekin Humayd Keshiyning asarlari bilan hanuz tanish emas edi. Allomaning “Musnad”i nashr etilganda, Al-Azhar universiteti (Misr) o'qituvchisi, doktor Mahmud Abdulloh Abdurahmon Abduhalim bundan ta'sirlanib, quyidagi fikrlarni bildirgan edi:

– Abd ibn Humayd Keshiy Movarounnahrdan etishib chiqqan ulamolarning peshqadamlaridan va uning asarlari o'zidan keyin kelgan olimlar ijodi uchun poydevor vazifasini o'tagan. Unga shogird darajasidagi mutafakkirlarning merosi chuqur va qayta-qayta o'rganilayotgan bir paytda allomaning hayoti va ilmiy faoliyatini tadqiq etish tarixiy adolatni tiklashga xizmat qiladi. Abd ibn Humayd Keshiy merosi ijtimoiyaxloqiy masalalarni jamlagani, go'zal fazilatlarni targ'ib etishi, illatlardan qaytarishga qaratilgan g'oyalarni qamragani bilan bugungi kun uchun g'oyat ahamiyatli. Bu asar o'zbek xalqi tomonidan katta mamnuniyat bilan qarshi olinadigan va sevib o'qiladigan kitoblardan biri bo'lib qoladi, deb ishonaman.

Mazkur universitetning din asoslari fakul'teti professori, doktor Rizo Muhammad Daqiqiyning so'zlari ham e'tiborga molik:

– Bugungi kunda jamiyatlar insoniy qadriyatlar va fazilatlarni yoyish, terrorizm va ekstremizmni yo'q qilish, mutaassiblikdan qutulishga juda muhtoj. Abd ibn Humaydning “Musnad”i jamiyat ma'naviy ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi. Asarning o'zbek tiliga o'girilishi xalqingiz uchun “Sahih ul-Buxoriy”, “Sunani Termiziy” va “Sunani Dorimiy”ning tarjimasidan kam bo'lmagan ahamiyat kasb etadi. O'zbek o'quvchilari bu kitobni o'tmish poydevorini mustahkamlab, kelajak robitasini barpo etish istagi bilan qarshi oladi, deb o'ylayman. Chunki tarixini bilmagan xalqning kelajagi bo'lmaydi.

Shuningdek, markazda mazkur risolalar bilan birga, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Muhammad Horazmiy, Ahmad Farg'oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Bahouddin Naqshband, Mirzo Ulug'bek, Alisher Navoiy kabi alloma va mutafakkirlar hayoti va ilmiy merosiga bag'ishlangan xalqchil risolalar chop etildi. “O'nta haqiqat” rukni ostida ularning hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi stendlar tayyorlandi.

Ilmiy xodimlar Imom Dorimiyning “Sunan”, Imom Buxoriyning “Tarix ussag'ir”, Abu Lays Samarqandiyning “Tafsir” va “Bahr ul-ulum”, Abul Barakot Nasafiyning “Tafsir”, Sayyid Abdul Mojid G'avriyning “Hadis ilmi istilohlari”, Alouddin Kosoniyning “E'tiqod”, Abu Azabaning “Ravzat ul-bahiyya fiyma baynal ash'ariya val moturidiya”, Imom Termiziyning “Aqidaviy qarashlar”, Abul Muntaho Shahobuddin Ahmad ibn Muhammad Mag'nisoviyning “Sharh-u fiqh-ul akbar”, A'lo Buxoriyning “Risola fil aqoid”, Ibrohim Saffor Buxoriyning “Talxis ul-adilla li qavoidit tavhid” asarlarini o'zbek tiliga o'girdi. Shu bilan birga, Haysam ibn Kulayb Shoshiyning “Musnad” asaridan saylanma, Najmiddin Kubro, Mahmud Zamaxshariy, Imom Dorimiy, Abu Lays Samarqandiy, Abu Barakot Nasafiy, Imom Termiziy, Abduxoliq G'ijduvoniy, Burhoniddin Marg'inoniy, Yusuf Hos Hojib va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ilmiy faoliyatiga doir risolalar tayyorladi.

Jamiyatimizda sog'lom diniy muhitni saqlash, asl manbalarga tayangan holda allomalarimiz ilmiy merosini tadqiq etish orqali botil va turli fitnachi oqimlarga raddiyalar berish, yoshlarga sof islom ta'limotini etkazish, buyuk ajdodlarimiz asarlaridagi Vatanga muhabbat, ilm olishga targ'ib, ota-onaga e'zoz va ehtirom kabi ulug' g'oyalarni keng jamoatchilikka etkazish kabi ma'rifiy tadbirlarni tashkil etish Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining asosiy faoliyat yo'nalishlaridan biri etib belgilangan. Shundan kelib chiqqan holda ma'naviy-ma'rifiy yo'nalishda ham talay ishlar amalga oshirildi.

Markaz faoliyatining yana bir muhim yo'nalishi yurtimiz kitob fondlaridagi islom ta'limoti, tarixi va madaniyatiga oid qo'lyozma asarlarni dolzarbligi bo'yicha tasniflash va tadqiq etish, ko'hna Movarounnahrdan etishib chiqqan mutafakkir va allomalarning mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda saqlanayotgan kitob va risolalarini to'plash va o'rganishga qaratilgan.

Markazda jismoniy va yuridik shaxslarda saqlanayotgan islom diniga oid qadimiy, noyob asarlarni xarid qilish bo'yicha ishlar yo'lga qo'yilgan. O'tgan yili jismoniy shaxslardan shunday 44 ta kitob xarid qilindi.

Muassasa Imom Buxoriy nomi bilan atalgani uchun muhaddislar sultonining ilmiy merosiga alohida e'tibor qaratadi. 2022-yilda allomaning shoh asari – “Al-Jomi' as-sahih” hadis to'plamining xorijiy davlatlardagi qo'lyozma fondlarda saqlanayotgan 220 nusxasining ro'yxati shakllantirildi. Imom Buxoriy qalamiga mansub mahalliy va xorijiy qo'lyozma fondlarda saqlanayotgan 2838 asarning reestri tuzildi.

Tabiiyki, boshqa etuk allomalarning asarlari ham markaz ilmiy xodimlarining e'tiborida turadi. Hususan, uning fondida saqlanayotgan 116 nodir qo'lyozma nusxaning annotasiyasi tayyorlanib, rasmiy saytga joylashtirildi. Umumiy hajmi 13 457 varaq bo'lgan 69 kitobdan elektron nusxa olindi.

Bu o'rinda so'z o'z-o'zidan xalqaro aloqalarga kelib taqalyapti. Bu xususda shuni ta'kidlash kerakki, 2022-yildan “Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya” tanlovi joriy etilib, uning sovrindorlari markazga kela boshladi. Bu erda Malayziya milliy universiteti huzuridagi Islom tsivilizatsiyasi instituti professorlari Mohd Al Adib Samuri va Muhammad Hilmi Jalil, Parijdagi Kollej de Frants o'quv-tadqiqot muassasasi vakili Mari Eftimiyu, L.Gumilyov nomidagi Yevroosiyo universiteti (Qozog'iston) doktoranti Almas Imangaliyev kabi jami 6 xorijlik tadqiqotchi ilmiy malakasini oshirdi. Stipendiatlarni jalb qilish ishlari davom etmoqda.

Horijdagi ilmiy muassasalar bilan hamkorlik o'rnatishga alohida e'tibor berilmoqda. Ilmiy tadqiqotlar borasida xalqaro hamkorlik geografiyasi yil sayin kengayib bormoqda. 2022-yilda markaz Malayziya Islom universiteti va Turkiyaning Pamukkale universiteti bilan anglashuv memorandumini imzoladi. Bu bilan uning xorijiy hamkorlari soni 35 ga etdi.

Anglashuv memorandumlaridagi asosiy bandlar qo'shma ilmiy tadqiqotlar tashkil qilish, birgalikda turli mavzularda seminar, konferentsiya, simpoziumlar o'tkazishni nazarda tutadi. Bundan kelib chiqqan holda, davomli ravishda shunday tadbirlar bo'lib o'tmoqda. Hususan, Malayziya milliy universiteti huzuridagi Islom tsivilizatsiyasi instituti, Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, san'ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha islom tashkiloti (ICESCO), Turkiyaning Marmara, AQShning Michigan, Misrning Al-Azhar universitetlari bilan hamkorlikda “Sharq allomalarining islom tsivilizasiyasi rivojiga qo'shgan hissasi”, “Musulmon olimlarining jahon taraqqiyotiga qo'shgan hissasi”, “Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy merosi va uning ilk Sharq Renessansi va islom falsafasi ilmiy-nazariy asoslarini yaratishdagi o'rni va ahamiyati”, “Moturidiylik ta'limoti va hozirgi zamon”, “O'zbekistonda falsafa tarixi maktabi va Uchinchi Renessans”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Imom Abu Mansur Moturidiy faoliyati va moturidiya aqidaviy mazhabi”, “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirish masalalari” kabi mavzularda 8 ta xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

Horijda ham qo'shma tadbirlar o'tkazilmoqda. Hususan, markaz tashabbusi bilan Shveytsariyaning Bazel universiteti, Turkiya ilmiy-tadqiqot markazlari, Italiya va Birlashgan Arab Amirliklarida “Imom Buxoriy asarlari misolida islom san'ati”, “Islom xattotligi”, “Qur'oni karimning O'zbekiston fondlarida saqlanayotgan qadimiy nusxalari” kabi mavzularda jami 6 xalqaro ko'rgazma, islom amaliy san'ati turlari bo'yicha “Movarounnahrda kitobat madaniyati” deb nomlangan festival va savdo yarmarkasi tashkil etildi.

Buyuk Britaniyaning London islom madaniyati markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr qilingan kitoblar taqdimoti, “AlFurqon” islom merosi fondida “Qo'lyozmalarni tadqiq etish va kataloglashtirishning ahamiyati” mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi.

Germaniyaning Frayburg universitetida “Ta'vilot ul-Qur'on” asarining o'zbek tiliga tarjima qilingan 29-30-juzlari, “Sahihi Buxoriy sharhi” kitobining taqdimotlari o'tkazildi.

Bular, albatta, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining faoliyatiga doir ayrim ma'lumotlar. O'zbekistondagi boshqa turdosh muassasalar faoliyati ham tahlil qilinsa, mamlakatimiz “Jaholatga qarshi – ma'rifat” shioridan hech ham og'ishmasdan, dadil olg'a borayotgani yanada yaqqol namoyon bo'ladi.

Shovosil ZIYoDOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,

tarix fanlari doktori

Manba: “Yangi O'zbekiston” gazetasi 2023-yil, 15-aprel, 73-son

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Imom Muslimdan hadis rivoyat qilgan roviylar

20.01.2025   3257   4 min.
Imom Muslimdan hadis rivoyat qilgan roviylar

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

1. Ali ibn Hasan ibn Abu Iso Hiloliy (yoshlari imom Muslimdan katta)
2. Muhammad ibn Abdulvahhob Farro (shayxlaridan). Ammo Farrodan «Sahih»larida hadis rivoyat qilmaganlar.
3. Husayn ibn Muhammad Qabboniy
4. Abu Bakr Muhammad ibn Nazr ibn Salama Jorudiy
5. Ali ibn Husayn ibn Junayd Roziy
6. Solih ibn Muhammad Jazara
7. Abu Iso Termiziy («Jome’i Termiziy»da)
8. Ahmad ibn Muborak Mustamliy
9. Qozi Abdulloh ibn Yahyo Saraxsiy
10. Abu Sa’id Hotim ibn Ahmad ibn Mahmud Kindiy Buxoriy
11. Ibrohim ibn Is'hoq Sayrafiy
12. Saboqdosh do‘stlari Ibrohim ibn Abu Tolib
13. Ibrohim ibn Muhammad ibn Hamza
14. Faqih Ibrohim ibn Muhammad ibn Sufyon («Sahihi Muslim»ning roviylaridan)
15. Abu Amr Ahmad ibn Nasr Xaffof
16. Zakariyo ibn Dovud Xaffof
17. Abdulloh ibn Ahmad ibn Abdusalom Xaffof
18. Hofiz Abu Ali Abdulloh ibn Mahammad ibn Ali Balxiy
19. Abdurrahmon ibn Abu Hotim
20. Ali ibn Ismoil Saffor
21. Abu Homid Ahmad ibn Hamdun A’mashiy
22. Abu Homid Ahmad ibn Muhammad ibn Sharqiy
23. Abu Homid Ahmad ibn Ali ibn Hasnavayh Muqriy (zaif roviylardan)
24. Hofiz Ahmad ibn Salama
25. Sa’id ibn Amr Barza’iy
26. Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad ibn Sharqiy
27. Fazl ibn Muhammad Balxiy
28. Abu Bakr ibn Xuzayma
29. Abul Abbos Sarroj
30. Muhammad ibn Abd ibn Humayd
31. Muhammad ibn Maxlad Attor
32. Makkiy ibn Abdon
33. Yahyo ibn Muhammad ibn So’id
34. Hofiz Abu Avona
35. Hofiz Nasr ibn Ahmad ibn Nasr.

Abu Amr Mustamliy aytganlar: «Bizga Is'hoq Kavsaj 251 yilda hadis yozdirdilar. Muslim tanlab yozardilar, men esa aytganlarini yozardim va davom etaverishlarini so‘rardim. Shunda Is'hoq Kavsaj Muslimga: «Siz musulmonlar orasida ekansiz, yaxshilik doim biz bilan birga», – dedilar».

Termiziy «Jome’»larida imom Muslimdan bittagina hadis rivoyat qilganlar («Ramazon boshlanishini bilish uchun sha’bonda oyni kuzatinglar»).[1]

Abul Qosim ibn Asokirga Abu Nasr Yunortiy shunday deganlar: «Menga Solih ibn Abu Solih daraxt po‘stlog‘iga yozilgan bir varaqni berdilar. Unda imom Muslim dastxatlari bilan Valid ibn Muslimdan eshitib yozib olgan hadislar bitilgan ekan».

Bu sanadi uzilgan, ishonchiz ma’lumot.

Ahmad ibn Salama aytganlar: «Abu Zur’a va Abu Hotimning sahih hadislarni bilishda imom Muslimni zamonalarining shayxlaridan ustun qo‘yishlarini ko‘rdim. Husayn ibn Mansurdan eshitishimcha, u kishi Is'hoq ibn Rohavayhning imom Muslim to‘g‘rilarida gapira turib, forscha bir so‘z aytganlarini eshitganlar. Uning ma’nosi – shu qadar ulug‘ inson bo‘lar ekan-da?!».

Ahmad ibn Salama aytganlar: «Muslim bir ilm majlisiga taklif etildilar. Unda bu kishi bilmaydigan bir hadis zikr qilindi. Uylariga borib, chiroqni yoqdilar-da, oila ahliga: «Huzurimga hech kim kirmasin», – dedilar. Bir payt: «Bizga bir savat xurmo hadya qilindi», – deyishdi. «Olib kiringlar», – dedilar. Xurmoni kiritishdi. Tong otguncha undan bitta-bittadan olib, o‘sha hadisni qidirishga tushdilar. Xurmo ham tugadi, hadis ham topildi».

Bu voqeani Abu Abdulloh Hokim ham rivoyat qilib: «Ishonchli do‘stlarimizdan birining aytishicha, o‘shandan keyin imom Muslim vafot etibdilar», – deganlar.

«Mashhur daholar siyrati» kitobidan

[1] 687-hadis.