Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Yanvar, 2025   |   16 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:39
Shom
17:23
Xufton
18:41
Bismillah
16 Yanvar, 2025, 16 Rajab, 1446

Tarvuz qaysi kasalliklarni davolashda qo‘l keladi

8.09.2017   20848   3 min.
Tarvuz qaysi kasalliklarni davolashda qo‘l keladi

Ispaniyalik olimlar yangi uzilgan tarvuz yoki uning sharbati inson organizmi muskullaridagi og‘riqni davolashda eng yaxshi yordamchi ekanligini aniqlashdi. Bundan tashqari ular tarvuzdagi L-sitrullin aminokislotasi muskullarda keragidan ortiqcha paydo bo‘lgan sut kislotasini zararsizlantirishga xizmat qilishini tadqiqotlar natijasida isbotlashdi. Ular L-sitrullin aminokislotasi har qanday boshqa mevalardan tarvuz tarkibida ko‘proq ekanligini amalda ko‘rishdi. Tarvuzning faqat 120 gramida L-sitrullin aminokislotasi 150 mg dan ziyod bo‘lishi ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari tarvuzning yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilovchi A, S va V6 vitaminlari va magniyga boy ekanligi, yuqori qon bosimini me’yoriga keltirishga xizmat qilib, buyraklar faoliyatini yaxshilaydi.

Tarvuz urug‘lari – buyrakda paydo bo‘lgan toshlarga qarshi mislsiz foydali vosita

Tarvuzdan tashqari uning urug‘lari ham inson salomatligi uchun ko‘pgina foydali xossalarga ega. Uning urug‘lari Xitoy an’anaviy tabobatida asrlar davomida buyrakda paydo bo‘lgan toshlardan xalos bo‘lishda ishlatib kelingan. Tarvuz urug‘lari bu xastalikka qarshi faol kurashuvchi va yaxshi natija beruvchi kaliy va magniyga boydir. Agar siz buyrakdagi toshlardan forig‘ bo‘lishni xohlasangiz, yangi uzib olingan tarvuzdan olingan 4 stakan urug‘larini ezib, maydalab, 2 litr suvda 10 minut davomida past olovda qaynatib ichishingiz lozim bo‘ladi. Bu albatta mutaxassis maslahati bilan amalga oshiriladi. Qaynatilgan tarvuz urug‘ili suv dokadan o‘tkazilib, uch mahal ovqatlanishdan oldin yarim piyoladan ichiladi.

Foydalari va tarvuz iste’mol qilish

Tarvuz husnbuzar, ateroskleroz, anemiya, artrit, o‘t pufagi, astma, buyrakdagi toshlar, bosh og‘rig‘i, bronxit, pasayib ketgan immunitet, xolesterin miqdorining ko‘payishi, yuqori harorat, peshob yo‘llari va siydik xaltasi, hasharotlarning chaqishi, semirib ketish, teri shamollashi kabi kasalliklarni davolashda ishlatiladi.
Bu poliz mahsuloti inson jismini tozalovchi mislsiz vositadir. Bu esa, uning tarkibida suv miqdorining ko‘pligi va kaloriyalilikning past miqdorda ekanligidandir. Bundan tashqari tarvuz mis, beta-karotin, V1-V6,S vitaminlariga, kalsiyga, olma kislotasiga, yod, kaliy, azot kislotasi, oqsil, qand sellyulozasi, sink, fosfor, foliy kislotasi, to‘qimalar, likopen, limon kislotasi va magniyga juda boy. Tarkibida beta-karotin moddasi va S vitamini miqdorining balandligidan tarvuz yurak xastaliklari va surunkali shamollashlarni bartaraf qiladi. U tarkibidagi V6 vitamini vositasida aqliy qobiliyatni yaxshilaydi qattiq hayajon (stress)ni pasaytiradi.
Tarvuz qon tarkibidagi rN miqdorini me’yorida saqlaydi. Bir vaqtning o‘zida u qon tomirlarini harqanday yog‘ quyqalaridan tozalaydi.

Tarvuzni qanday iste’mol qilish lozim

Tarvuzni sovutib (albatta, muzdek holda emas) iste’mol qilish tavsiya etiladi. Uni boshqa mevalar bilan qo‘shib iste’mol qilishning ham zarari yo‘q. Tarvuz organizmda yo‘qotilgan minerallar va suyuqliklar o‘rnini to‘ldiradi. Bir vaqtning o‘zida organizmni zararli toksin moddalardan tozalaydi va ko‘pgina kasalliklarning oldini oladi. Mana shuning uchun ham biz tarvuzni muntazam, ayniqsa yoz-kuzning issiq kunlarida iloji boricha kuniga iste’mol qilishimiz kerakligini bildiradi.

Jaloliddin Nuriddinov

Tabobat
Boshqa maqolalar

Balog‘at ilmining ahamiyati

15.01.2025   2332   3 min.
Balog‘at ilmining ahamiyati

Ajdodlarimizning qoldirgan asarlarining katta qismi arab tilida yozilgani barchamizga ma’lum. Arab tili dunyo tillari ichida eng ko‘p o‘rganilgan va hanuz o‘rganilayotgan til hisoblanadi. U lug‘at boyligi, qoidalarining turli-tumanligi, bir so‘zni bir necha uslubda ishlatish imkoniyatlarining ko‘pligi bilan mukammal tillar ichida ajralib turadi. Shuningdek, u shevalarining juda ko‘pligi bilan ham dunyoda yuqori o‘rinni egallaydi.

Bu til Qur’oni karim va janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tillari bo‘lgani uchun uni o‘rganish usullari sahobai kiromlar davridayoq ishlab chiqilgan. Arab tilini o‘rganish uchun lug‘at, morfologiya, grammatika, ya’ni sarf va nahv ilmlari mukammal o‘rganiladi. Shu bilan birga, arab tilida mukammal gaplashish va uni tushunish uchun albatta, balog‘at fani qoidalarini yaxshi bilish kerak.

Balog‘at ilmini tahsil qilish orqali Qur’oni karim va hadisi shariflar ma’nolarini to‘g‘ri tushunish va nozik jihatlarni teran anglash oson kechadi. Shuningdek, Qur’oni karimning fasohat va balog‘at e’tiboridan mo‘jizakorligi kashf qilinadi. Shu bois, Qur’oni karim tafsiri, hadisi shariflar sharhi va boshqa diniy ilmlarni o‘rganmoqchi bo‘lgan kishi lug‘at, sarf, nahv ilmlari bilan bir qatorda balog‘at ilmini ham puxta egallashi lozim. Bu haqda Abdurauf Fitrat shunday degan: “Diniy va ijtimoiy ta’limotimiz Qur’on va hadislarda mavjud. Qur’on va hadislar esa arab tilidadir. Binobarin, ularni tushunish uchun arab tilining sarfu-nahvini o‘rganish zarur. Lekin bu yetarli emas, Qur’on ma’nolarini tushunishimiz uchun balog‘at ilmini – bayon, bade’ va ma’oniy ilmlarini ham bilishimiz lozim.”

Bu ilm boshqa fanlardan o‘zining fazilati bilan ajralib turadi. Lug‘at sir-asrorlarini ochishda va xazinalarini kashf etishda balog‘at ilmining o‘rni beqiyosdir. Jorulloh Mahmud Zamaxshariy o‘zining “Kashshof” nomli tafsirining muqaddimasida shunday deydi: “Tafsir ilmiga kirishgan kishi Qur’onga xos bo‘lgan ilmi ma’oniy va ilmi bayonda bilimdon bo‘lsa va bu ilmlarni puxta o‘rgansa, tafsirning haqiqatlariga yeta oladi.”

Shuningdek, Alisher Navoiy, Zaxiriddin Muhammad Bobur, Lutfiy, Fuzuliy, Umar Hayyom, Mashrab kabi mumtoz adabiyot namoyondalari o‘z asarlarida majoz, tashbeh, istiora, kinoya kabi balog‘at qoidalaridan keng foydalanganlar. Buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganib, boshqalarga yetkazishda balog‘at ilmining ahamiyati katta.

Balog‘at ilmining tarixi, shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari va bu ilmga hissa qo‘shgan ulamolarning hayoti hamda asarlarini o‘rganish bugungi kunda muhim vazifalardan biridir. Arab tilining balog‘at va bade’ ilmlarini o‘rganish orqali kishida bu fanlarga nisbatan qiziqish va mukammal bilim shakllanadi. Balog‘at fanini chuqur o‘zlashtirish orqali faqat arab tilida emas, balki o‘zbek tilida yozilgan mumtoz adabiyotimiz sirlarini ham anglash mumkin bo‘ladi.

Abdulqayum Turdaliyev,
Toshkent Islom instituti talabasi.