Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Millat ilm bilan yuksaladi

8.09.2017   5342   5 min.
Millat ilm bilan yuksaladi

Musulmon ummatini ulug‘lagan, ularni yaxshilik bilan xoslagan Zotga hamd bo‘lsin. Alloh taolo aytdi: “Odamlarga chiqarilgan (ma’lum bo‘lgan) ummatning eng yaxshisi bo‘ldingiz(Oli Imron, 110). Bu ummatni hidoyat ummati qildi, xalqlarning obro‘sini ilm bilan, ma’rifat va manaviyat bilan ko‘tardi. Bu ummatga rasullarning afzalini yubordi, kitoblarning afzalini tushirdi. Ularni jami insonlarga guvoh ummat qildi. Alloh aytdi: “Shuningdek, sizlarni (musulmonlarni boshqa) odamlarga (ummatlarga) guvoh bo‘lishingiz va Payg‘ambarning sizlarga guvoh bo‘lishi uchun “o‘rta ummat” qilib qo‘ydik(Baqara, 143).

Sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam insonlarni ilmu ma’rifatga chaqirdilar va “Ilm izlash har bir muslim va muslimaga farzdir”, deb ilmning farzligini bayon qildilar.

Albatta, ilm unga qiziqqan, rag‘bat qilgan kishi uchun eng afzal narsadir. Ilmni ulug‘ligi shundaki, u uni egallaganga manfaat keltiradi, el oldida uning sharafini, hurmatini oshiradi. Darhaqiqat, Alloh taolo Qur’oni karimda olimlarni ulug‘ladi. Faqat olimlargina Uning oyatlari, mo‘jizalari to‘g‘risida aql yuritishi va tushunishini, fahmlashini xabar berdi: “Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!»” (Zumar, 9) va yana aytdi: “(Lekin) ularni faqat olimlargina anglagaylar(Ankabut, 43). Barcha nuqsonlardan pok bo‘lgan zot aytdiki: “Yo‘q, u (Qur’on) ilm berilgan zotlarning dillaridagi aniq oyatlardir(Ankabut, 49).

Albatta, Alloh taolo olimlarning guvohligini O‘z guvohligi bilan yonma-yon zikr qilib aytdi: “Alloh adolatda (barqaror) turib,  shunday guvohlik berdi: «Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir», farishtalar va ilm egalari ham. (Albatta), Undan o‘zga iloh yo‘q. U Aziz (qudratli) va Hakim (hikmatli)dir(Oli Imron, 18). Alloh taolo ilm egalarining darajasini dunyo va oxiratda baland qildi. Alloh aytdiki: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala, 11). Shuning uchun insonlardan ulamolar Rabbilarini yaxshiroq taniydilar, Rabbilarining so‘zlarini insonlarga yetkazadilar, boshqalardan ko‘ra Rabbilaridan ko‘proq qo‘rqadilar. “Bandalari orasida Allohdan ulamolargina qo‘rqarlar” (Fotir, 28).

 Muhammad sollallohu alayhi vasallam ilmni talab qilish vojibligini aytib, “Ilmni talab qilish har bir musulmonga farz”, dedilar. Imom Termiziy Abu Dardo roziyallohu anhudan  rivoyat qildi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitdim aytdilar: “Kim ilm talabida bir yo‘ldan yursa, Alloh unga ana shu ilm sababli jannatga yo‘lni oson qilib qo‘yadi. Albatta, maloikalar o‘z qanotlarini ilm toliblari uchun rozi bo‘lgan holda qo‘yadi. Albatta, ilm tolibi uchun osmondagi va yerdagi bor narsa, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadi. Olimning obiddan afzalligi o‘n to‘rt kunlik oyning boshqa yulduzlardan afzalligi kabidir.  Ba’zi balog‘at olimlari dediki: “Ilm o‘rgansang, u seni kichikligindan ulug‘ qiladi, katta bo‘lganingda seni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llaydi.

Dunyoning rivojlanishi ilm bilan. Inson har bir narsaga ilm bilan erishadi. Chunki ilm o‘z ahlining hayoti. Ana shu ilm sababli hayotning ma’nosini anglaydi. Shuning uchun Alloh taolo ilmsizlikni O‘zining Kitobida o‘lim deb nomladi. Aytdiki: “O‘lik (kofir) bo‘lgan odamni (hidoyat bilan) tiriltirib, unga odamlar ichida o‘zi bilan olib yuradigan nur (imon)ni berganimizdan keyin (u) zulmatlar ichida (qolib,) undan chiqmaydigan kimsaga o‘xshaydimi?!” (An’om, 122). Alloh taolo ilmni ruh va jon deb nomladi: (Ey, Muhammad!) Shunday qilib, amrimiz bilan Sizga Ruhni (Qur’onni) vahiy qildik” (Sho‘ro, 52). Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Albatta, payg‘ambarlar dinor ham, dirham ham meros qoldirmadilar. Balki ular ilmni meros qoldirib ketdilar. Kim uni olsa, mo‘l-ko‘l nasibani olibdi” (Imom Termiziy rivoyati).

Anas roziyallohu anhu aytdi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Albatta, ulamolar yulduzlarga o‘xshaydilar, odamlar ular bilan yo‘l topadilar. Agar yulduzlar yashirinsa yoki ko‘rinmay qolsa, ular yo‘ldan adashadilar”. Olimlar oxiratda xalqqa shafoatchi bo‘ladilar. Abu Umoma roziyallohu anhu aytdi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Olim va obid qayta tiriladi. Obidga “Jannatga kir!” deyiladi. Olimga esa “Sen to‘xtab tur. Odamlarga shafoat qilasan”, deyiladi”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ilm o‘rganinglar. Albatta, ilm o‘rganish Allohdan qo‘rqishdir. Ilmni ta’lim olish ibodatdir. Uni muzokara qilish tasbihdir. Ilm izlash jiddu jahd qilishdir” (Xatib Bag‘dodiy rivoyat qilgan). Ilmni o‘rgatish sadaqadir. Ilmni ahli uchun taqdim qilish Allohga qurbatdir. Albatta, ilm halol va haromning belgisidir. Ilm qo‘rqinchda hamroh, g‘urbatda do‘st, xilvatda hamsuhbat, xursandchilik va qiyinchilikda sherik,  dushmanlarga qarshi quroldir. Ilm sababli Alloh taolo ilm bilan xalqlarni yuksaltiradi. Albatta, ilm qalblarning hayoti, ko‘zlarning chirog‘i. Banda dunyo va oxiratdagi baland darajalarga ilm bilan yetadi, ilm sababli qarindoshlik bog‘lanadi, ilm sababli halol va haromni biladi. Ilm amalning imomi, amal unga ergashadi. Undan baxillar mahrum bo‘ladi. Allohim, bizni foydali ilm bilan rizqlantirgin, ilm bilan Sendan qo‘rqishni nasib et. Ilmlariga amal qiluvchilarni baxtli qil.

Hasan Rasulov,

Imom Buxoriy xalqaro markazi mutaxassisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Nomai a’mol berilishi haqidagi e’tiqodimiz

9.01.2025   1265   8 min.
Nomai a’mol berilishi haqidagi e’tiqodimiz

 - 56وَتُعْطَى الْكُتْبُ بَعْضًا نَحْوَ يُمْنَى وَبَعْضًا نَحْوَ ظَهْرٍ وَالشِّمَالِ

Ma’nolar tarjimasi: Nomai a’mollar ba’zilarga o‘ng tomondan beriladi, ba’zilarga orqa va chap tomondan (beriladi).

Nazmiy bayoni:

Ayrimlarga nomalar kelar o‘ng qo‘ldan
Ba’zilarga berilar orqa va so‘ldan.

Lug‘atlar izohi:

تُعْطَى – ikki maf’ulli fe’l.

الْكُتْبُ – noib foil, birinchi maf’ul. كُتْبُ kalimasi كِتَابٌ ning ko‘pligi bo‘lib, aslida, كُتُبٌ dir. Bu yerda nazm zaruratiga ko‘ra كُتْبُ qilib keltirilgan.

بَعْضًا – ikkinchi maf’ul.

نَحْوَ – nahv kalimasining bir qancha ma’nolari bo‘lib, bu yerda “tomon” ma’nosida kelgan. Zarflikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi. Quyidagi baytlarda نَحْو kalimasining besh xil ma’nosi bayon qilingan: 1. “qasd”; 2. “jihat”; 3. “miqdor”; 4. “misl”; 5. “qism”.

نَحَوْنَا نَحْوَ دَارِكَ يَا حَبِيبِي

لَقِينَا نَحْوَ أَلْفٍ مِنْ رَقِيبِ

وَجَدْنَاهُمْ جِيَاعاً نَحْوَ كَلْبٍ

تَمَنَّوْا مِنْكَ نَحْوًا مِنْ شَرِيبِ

Ey do‘stim, yo‘l oldik hovlinga tomon,

Yo‘liqdik ming qadar raqibga hamon.

Ularning it misol ochligin bildik,

Biror qism yutiming kutishar har on.

يُمْنَى – “o‘ng” ma’nosida bo‘lib, taraf va a’zoga nisbatan ishlatiladi.

وَبَعْضًا – oldin o‘tgan بَعْضًا ga atf qilingan.

ظَهْر – orqa taraf ma’nosini bildiradi. Masalan, ظَهْرُ الاِنْسَان deganda inson yelkasi ortidan beligacha bo‘lgan qismi tushuniladi.

الشِّمَالِ – chap taraf ma’nosini anglatadi.


Matn sharhi:

Qiyomat kunida hamma mahshar maydoniga to‘planadi. Barchaga bu dunyoda qilgan ishlari yozib qo‘yilgan kitob – nomai a’mol tarqatiladi. Ushbu nomai a’mollar insonlarning hayotlari davomida qilgan barcha hatti-harakatlari davomida yozilgan bo‘ladi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:

“Holbuki, sizlarning ustingizda (barcha so‘zingiz va ishingizni) yodlab turuvchi (farishtalar) bor. (Ular nomai a’molga) yozuvchi ulug‘ zotlardir. (Ular) siz qilayotgan ishlarni bilurlar”[1].

Ya’ni insonlarning qilayotgan amallarini kuzatib, yozib turuvchi farishtalar bor. Ular Alloh taolo huzurida eng hurmatli farishtalar bo‘lib, insonlarning talaffuz qilgan barcha so‘zlarini va qilgan barcha amallarini yozib turadilar. Qurtubiy ushbu oyat haqida: “Ustilaringizda kuzatib turuvchi farishtalar bordir” ma’nosini anglatadi, – degan. Ushbu hurmatli farishtalar insonlar tarafidan sodir bo‘lgan barcha yaxshiyu yomon ishlarni bilib turadilar hamda qiyomat kunida qilmishlariga yarasha jazo yo mukofot olishlari uchun nomai a’mollariga yozib turadilar.

Qiyomat kunida farishtalar barcha insonlarni bir joyga to‘plaganlaridan so‘ng har biri bilan alohida hisob-kitob boshlanadi. Hisob-kitobdan oldin ularga bu dunyoda qilgan barcha ishlari yozib qo‘yilgan nomai a’mollari beriladi. Ashaddiy kofirlarga nomai a’mollari orqa tomondan beriladi va ular uni chap qo‘llari bilan oladilar. Ba’zi kofirlarga chap tomondan beriladi.

Taqvodor mo‘minlarga o‘ng tomondan beriladi. Tavba qilishga ulgurmasdan o‘lgan fosiq mo‘minga nomai a’moli qaysi tarafdan berilishi haqida ulamolar ikki xil qarashda bo‘lganlar:

– O‘ng tarafdan beriladi;

– Bu haqida gapirmaslikni afzal ko‘rishgan.

O‘ng tarafdan beriladi, deganlar ham qachon berilishi haqida o‘zaro ikki xil gapni aytganlar:

1. Do‘zaxga kirishidan oldin beriladi va bu uning do‘zaxda abadiy qolmasligi alomati bo‘ladi;

2. Do‘zaxdan chiqqandan keyin beriladi.

Nomai a’mollari o‘ng taraflaridan berilganlar osongina hisob kitobdan so‘ng jannatdagi ahllari oldiga xursand holda qaytadilar:

“Bas, kimning nomai a’moli (qiyomat kuni) o‘ng tomonidan berilsa, bas, u oson hisob bilan hisob-kitob qilinajak va (jannnatga tushgan) o‘z ahli (oilasi)ga shodu xurram holda qaytajak”[2].

So‘fi Ollohyor bobomiz ushbu masala to‘g‘risida qanday e’tiqodda bo‘lish lozimligi haqida bunday yozgan:

Bilur garchi jami’i holimizni,

Yuborur nomayi a’molimizni.

* * *

Yuborsa nomani rahmat yo‘lidin,

Kelur noma u qulni o‘ng qo‘lidin.

* * *

Qizil yuzlik bo‘lub ul ham sarafroz

Suyunganidin qilur ul banda ovoz.

* * *

O‘qung nomamni ey turg‘on xaloyiq

Kelubdur noma ixlosimg‘a loyiq.

Ya’ni Alloh taologa barcha holatlarimiz ma’lum bo‘lsa-da, amallarimiz yozilgan sahifalarni yuboradi. U zotning buyruqlarini bajarib, rahmatiga sazovor bo‘lganlarga amallari yozilgan sahifalarni o‘ng tarafidan yuboradi.

Bunday baxtli insonlar kitoblari o‘ng tomondan berilishi bilanoq o‘zlarining abadiy baxt-saodatga erishganlarini biladilar va mislsiz xursandchilikdan quvonch ko‘z-yoshlari bilan entikishib:“Mana, mening kitobimni o‘qib ko‘ringlar! Albatta, men hisob-kitobimga yo‘liqishimga ishonardim”, – deydilar:

“Bas, o‘z kitobi (nomai a’moli) o‘ng tomonidan berilgan kishi aytur: “Mana, mening kitobimni o‘qingiz! Darhaqiqat, men hisobotimga ro‘baro‘ bo‘lishimni bilar edim”, – der”[3].

Ammo kimki Allohga iymon keltirmay, Uning buyruqlarini bajarmasdan o‘ziga berilgan fursatni faqat ayshu ishratda yashashga erishish, go‘yo dunyo lazzatlarining oxirigacha yetish yo‘lida sarf qilib yuborgan bo‘lsa, unga kitobi orqa tarafidan beriladi. Kitobi orqa tarafidan berilganlar qizib turgan do‘zaxga kiradilar:

“Ammo kimning nomai a’moli orqa tomonidan berilsa, bas, (o‘ziga) o‘lim tilab qolajak va do‘zaxda kuyajak”[4].

Ba’zilarga kitobi chap tarafidan beriladi. Bunday kimsalar kitobi chap tarafdan berilganning o‘zidayoq sharmanda bo‘lganlarini biladilar. Oldindagi dahshatli azob-uqubatlarni his etganlaridan titrab-qaqshab: “Voy sho‘rim, koshki menga kitobim berilmasa edi”, – deb qoladilar.

“Endi, kitobi chap tomonidan berilgan kimsa esa der: “Eh, qaniydi, menga kitobim berilmasa va hisob-kitobim qanday bo‘lishini bilmasam! Eh, qaniydi, o‘sha (birinchi o‘limim hamma ishni) yakunlovchi bo‘lsa! Menga mol-mulkim ham asqotmadi. Saltanatim ham halok bo‘lib mendan ketdi”[5].

Xulosa qilib aytganda, barchaning qilgan qilmishlari va holatlari ma’lum bo‘lsa-da, Alloh taolo ularga nomai a’mollarining ham berilishini iroda qilgan. Ushbu nomai a’mollarning qanday berilishining o‘zidayoq yaxshi amal qilganlarni taqdirlash ko‘rinishi bor.


Keyingi mavzu:
Amallarning o‘lchanishi va sirot haqidagi e’tiqodimiz

 

[1] Infitor surasi, 10, 12-oyatlar.
[2] Inshiqoq surasi, 7, 9-oyatlar.
[3] Al-Haqqoh surasi, 19, 20-oyatlar.
[4] Inshiqoq surasi, 10, 12-oyatlar.
[5] Al-Haqqoh surasi, 25, 29-oyatlar.