Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyun, 2025   |   20 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:40
Bismillah
16 Iyun, 2025, 20 Zulhijja, 1446

Jaholatga qarshi – ma’rifat zarur

07.09.2017   10926   12 min.
Jaholatga qarshi – ma’rifat zarur

Tasavvuf ta’limotining kasb-hunar o‘rganish, tijorat va boshqa turdagi tadbirkorlik ishlari bilan bog‘liq ilg‘or g‘oyalari bugun ham o‘z qiymatini yo‘qotmay insoniyat kamolotiga xizmat qilib kelmoqda.

Ilmsiz taraqqiyot bo‘lmaydi – jaholat saodatmand etmaydi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Jaholatga qarshi – ma’rifat”ni qurol qilgan ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan boy ma’naviy meros o‘ziga xos najot qal’asi, himoya qo‘rg‘oni vazifasini o‘taydi.

Shu bois ushbu ulug‘vor qadriyat barcha olimu fuzalolar tomonidan ulug‘langan, muqaddas va mo‘tabar kitoblarda yuksak ne’mat sifatida e’tirof etilgan. Bu jihatdan, Imom G‘azzoliy, Maxdumi A’zam singari allomalarimiz ilmiy merosi, ayniqsa, Buxoroyi sharifning ulug‘ pirlaridan meros bo‘lib qolgan boy ma’naviy xazina – pand-o‘gitlar beqiyos ahamiyatga ega.

Butun umrini ilm targ‘ibiga baxshida etgan ulug‘ alloma Abu Homid G‘azzoliyning  asosiy  kasbi to‘quvchilik va savalangan paxta, ip hamda junli gazlamalarni  sotish  bo‘lib, “G‘azzoliy” taxallusi aynan shu so‘zdan, ya’ni “g‘azzol” – kalava  yigiruvchi, kalava sotuvchi ma’nosidan kelib chiqqan. G‘azzoliy o‘z davridagi qariyb barcha fanlarni, adabiyot, fiqh, usul, hadis, kalom va boshqalarni puxta o‘zlashtirgan. Fiqh sohasida bir qancha asarlar yaratgani uchun islom huquqi sohasida katta obro‘ qozongan va “Sharaf ul-imomot” (Imomlar shuhrati), “Hujjat ul-Islom” (Islomni isbotlovchi), “Mujaddid ud-din (Diniy islohotchi) va “Zayn ud-din (Dinning ziynati) kabi faxriy unvonlarga sazovor bo‘lgan.

Olimning “Ihyou ulumid-din” asari ham ana shunday benazir bilim va xotira mevasidir. Allomaning uzoq yillik ilmiy izlanishlari va kuzatishlari natijasida yuzaga kelgan ushbu asarda ilmga “mutlaq fazilat” (hech qanday kuch mahv eta olmaydigan qudrat) deya yuksak baho beriladi.

G‘azzoliyning fikricha, insonlarning butun saodati uchun ikki narsa   shart: birinchisi – ilm, ikkinchisi – amal. Mutafakkir ta’kidlashicha, insonning baxtli bo‘lishi uchun ilmning o‘zigina yetmaydi, balki kishi  ilmi yordamida tana va ruhini tarbiya qilishga burchlidir. Alloma o‘z asarida Fath Musaliyning quyidagi fikrlarini  keltiradi: “Kasalga obu  taom berilmasa, o‘ladimi?” deb so‘radilar. Atrofdagilar: “Ha, o‘ladi”, deyishdi. Aytdilar: “Qalbga ham uch kun ilm berilmasa, o‘ladi”.

Ulug‘ alloma Maxdumi A’zam ta’limotida ham ilm va amal birligi targ‘ibi yetakchi o‘rin egallaydi. Ayniqsa, olim “ulusi nafe’”, ya’ni el-ulusga foydasi tegadigan ilmni o‘rganish, kasb-hunar egallash va uni shogirdlarga o‘rgatish ilmli insonning burchi ekanini uqtiradi. Zero, ilm o‘rganish va unga amal qilish, kasb-korga ega bo‘lish va halol rizq topish, farzandlar tarbiyasiga mas’ullik va fuqarolik vazifasini his etib yashash o‘zini ma’rifatli hisoblagan har bir insonning muqaddas burchidir.   

Islom insonni ruhiy, jismoniy poklanish yo‘li bilan kamolatga yetaklab, muntazam ravishda ijtimoiy faollikka, ma’rifatli bo‘lishga da’vat etadi. Islomda masalaga ko‘r-ko‘rona yondashuv, biryoqlama xulosalar keskin qoralanadi. Maxdumi A’zam fikricha, jism va nafs halol mehnat tufayli poklanadi, halol mehnat ruh va jismdagi barcha illatlardan qutulishning yagona yo‘lidir. Halol mehnat qilgan inson ikki dunyo saodatiga erishadi, el-ulus orasida hurmat qozonadi. Aksincha, o‘zini dono yoxud dindor sanab, el-ulusdan ajralish, o‘ziga o‘zgacha olam yaratib, o‘sha yolg‘on olamga mahliyo bo‘lib umr o‘tkazish – gumrohlikdan o‘zga narsa emas. Allomaning “Islom – ma’rifatli kishilargagina o‘z sirini ochadi, din va muqaddas kitoblar inson uchun va insonni axloqiy kamolotga yetkazish uchun berilgandir: inson din uchun emas, balki din inson uchun yaratilgandir”,  – degan purhikmati mohiyatida ham ana shu haqiqatga ishora o‘z tajassumini topgan.

Ana shunday ilohiy ta’limotni dasturulamal qilgan barcha piru murshidlar, inchunin, xojagon-naqshbandiya pirlari ham ezgulik tarafdorlari va targ‘ibotchilari edilar. Bunday ezgu fazilatlarni naqshbandiya ta’limoti pirlarining odobu axloqida, ular bitib qoldirgan go‘zal nasihatlarda takror-takror ko‘ramiz. Xojagon tariqatining sarhalqasi hazrat Abduxoliq G‘ijduvoniy o‘z ruboiylaridan birida aytadilar:

Ayblarni yopguvchi sattor bo‘lgaysen,

Qalblarni topguvchi g‘amxor bo‘lgaysen.

Alloh rizoligin tilasang, ey do‘st,

El birla adabda hushyor bo‘lgaysen.

To‘rtlikda G‘ijduvoniy hazratlari o‘z muhiblariga insoniyatga yaxshilik qilish, xalqullohga go‘zal odob bilan muomala qilish, ezgulik aylash – eng buyuk saodat ekanini nasihat qilmoqda. Allomaning yana bir o‘gitida inson boshiga o‘zgalardan qanday yomonlik va zahmat kelishidan qat’i nazar, irodali bo‘lish, Yaratganning amriga itoat etish va sabr qilish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan maydonga chiqish sabog‘i beriladi:

Gar senga birovdan shikoyat bordur,

Dardi diling undan bag‘oyat bordur.

Yomonligi o‘zi yomonga jazo,

Intiqom olmoqqa na hojat bordur.

Naqshbandiya silsilasida muhim o‘rin tutgan ikkinchi halqa – Xoja Orif Revgariy ham shogirdlarga shunday ulug‘ nasihatlar qiladilarki, ularning har biri bugungi kun uchun ham olam-olam ma’no va manfaatga egadir: “Ey orif! Pok va pok e’tiqodli bo‘l! Zero, chirkin ko‘ngil butun a’zoyi badanni harom qilgay”, “Odob – nek odamlar ziynatidur”, “Bu dunyoda vujuding bilan va oxiratda qalbing bilan bo‘l”, “Dinning asli – hilmdur. Va hilmning asli – sabrdur”, “Avliyolik alomati uchtadur: birinchisi – baland darajani egallaganda ham kamtar bo‘lmoq, ikkinchisi – sabru toqati yetguncha parhezkorlik qilmoq, uchinchisi – to kuchi yetguncha insof qilmoq”.

Ko‘rinadiki, ulug‘ alloma Xoja Orif Revgariy ham o‘z o‘gitlarida ma’rifatli va sabr-toqatli bo‘lish inson kamolotining muhim sharti ekanligini takror-takror uqtirgan.

Silsilayi sharifning yana bir mo‘tabar uzvi bo‘lmish Xoja Ali Romitaniy hikmatlarida olam va odam, ilm va amal, e’tiqod va sabr, ishonch va ma’rifat kabi masalalarga atroflicha murojaat etilib, chinakam insoniy fazilatlar nasihat yo‘sinida bayon etiladi. Allomaning: “Xizmatni minnat bil, minnatni xizmat bilma”, “Inson doimo xayrli ishlar qilishi, lekin “qilmadim” deb hisoblashi kerak”, “Ikki narsaga ehtiyot bo‘ling: ovqatlanayotganda va so‘zlashayotganda”, “Haq taolo bilan suhbat qiling, agar u bilan suhbatlasha olmasangiz, u bilan suhbatlashganlar bilan suhbat quring” kabi hikmatlari o‘zini to‘g‘ri yo‘lda ko‘rishni istagan, ajdodlar dahosiga munosib, bugungi kunga, el-ulusga daxldor bo‘lish orzusi bilan yashayotgan har bir inson uchun bamisoli yo‘lchi yulduzdir.

Xoja Muhammad Bobo Samosiy ham xuddi o‘zidan oldingi tariqat peshvolari singari kasb-kor tutishni lozim ko‘rgan va bog‘dorchilik bilan shug‘ullangan. Yaxshidan sharofat, deganlaridek, xuddi Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy ziyoratgohidagi kabi Romitanda, xususan, uning Qo‘rg‘on hududida (Samos qishlog‘i ham shu hududda) bog‘dorchilik hozirgacha keng taraqqiy etib kelayotganiga guvoh bo‘lasiz. Ana shu an’analarning shakllanishi, bizgacha izchil davom etib kelishida bevosita Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy hamda Xoja Muhammad Bobo Samosiyning ulkan hissalari borligi ulug‘ allomalarimiz ilm va amal birligiga nechog‘lik qat’iy rioya etganligi shahodatidir.

Yetti mo‘tabar pirning oltinchisi – Sayyid Mir Kulol o‘z shogirdlarini nafaqat insonlarga, balki navobotu hayvonot olamiga ham mehru shafqatli bo‘lishga chorlaganlar. U kishining quyidagi bayt-hikmatlari bag‘rida ana shu ulug‘ pand-o‘git mujassam bo‘lgan:

Mayozor mo‘ru mayozor kas,

Rohi rastakori hamin hastu, bas.

Ya’ni, “Nafaqat odamlarga, balki mo‘ru malaxga ham ozor yetkazma, zero, adolat yo‘li ayni shuning o‘zidir”, deya nasihat qilganlar ul zoti sharif. Bu bilan ul zot ma’rifatli insonning himmati nechog‘lik baland bo‘lishi lozimligini uqtirganlar. 

Hazrat Naqshbandning ezgulikka yo‘g‘rilgan quyidagi g‘oyalari ham bunga yorqin misol.

Nekuvonro do‘st dorad, har ki boshad dar jahon,

Gar badonro do‘st dori, go‘y burdi az miyon.

 

Ya’ni, “Bu dunyoda hamma yaxshilarni o‘ziga yaqin tutadi. Ammo sen yomon kishilarni o‘zingga do‘st tutsang, ya’ni ularni o‘zingga yaqinlashtirib, yaxshi yo‘lga boshlay olsang, haqiqiy yutuq egasi bo‘lasan”.

Hazrat Bahouddin Naqshbandning o‘zlari ham ushbu o‘gitlariga amal qilib, hatto u kishiga ozor bergan odamlarni, yaxshilik qilish orqali ezgulikka yo‘naltirganlar. Bahouddin Naqshbandga izdoshlik qilgan Mavlono Ya’qub Charxiyning “Musulmon bo‘lmoq – odamlar dardiga davo bo‘lmoqdir”, degan ulug‘ o‘gitlari ham din shunchaki vosita emas, balki buyuk tarbiya maktabi, ibrat koshonasi ekanligini yaqqol namoyon etadi.

Ushbu ilohiy ta’limotlar va piru komillarning o‘gitlari, keltirilgan hikmatlari insoniyatni odobu ahloqqa, ezgulikka chorlaydi. Xalqullohga beminnat xizmat qilib, millat ma’naviyatini yuksaltirish, ruhiy kamoloti yo‘lida jonfidolik qilishga da’vat etadi. Shayx Sa’diy aytganlaridek:

Tariqat ba juz xizmati xalq nest,

Ba sajjodavu tasbehu dalk nest.

Ya’ni, “Faqat joynamozu tasbehu hirqa ila hosil bo‘lmas ekan tariqat, Tariqat degani, bilsang, bu xalqqa xizmatdir, xizmatdir faqat”.

Xojagonning ulug‘ piri Xoja Ali Romitaniy inson qalbini dalaga o‘xshatadilar. Agar biz dalaga o‘z vaqtida ishlov bermasak, yumshatib, sug‘ormasak, begona o‘tlardan tozalamasak, shirin er sho‘r erga aylanadi. Lekin ko‘ngilni ham begona o‘tlardan tozalash kerak. Ko‘ngildagi begona o‘tlar – hasad, kibr, yolg‘onchilik, poraxo‘rlik, hirs, shuhratparaslik kabi illatlardir. Xojagon-naqshbandiya tariqati pirlari ko‘ngildagi mana shu begona o‘tlarni yulib tashlash yo‘lini ko‘rsatib berganlar. Bu yo‘l, bu uslub, poklik, halollik, zikr ila hosil bo‘lgay.

Dunyo miqyosida ko‘plab shafqatsizliklar sodir etilayotgan, din niqobi ostida buzg‘unchiliklar avj olayotgan bir davrda yashayapmiz. Ayonki, dunyodagi barcha yovuzlik, qon to‘kishlar, buzg‘unchiliklar nafsiga asir bo‘lganlarning jirkanch ishidir. Tariqat – nafs tarbiyasidir. Pirlar, avliyolar oyatu hadislar asosida odamlar nafsini tarbiyalaganlar. Ulug‘ pirlar, hatto, she’r vositasida muridu shogirdlarini tarbiya qilganlar. Chunki she’r inson botinini, qalbini o‘zgartiradi inson ruhiyatiga ta’sir qiladigan bezavol ne’matdir.

Keltirilgan dalillardan ayon bo‘lyaptiki, ajdodlarimiz ma’naviy merosini o‘rganish va o‘z navbatida, farzandlarimizni bu ulug‘vor ne’matdan bahramand qilish – ularni bugungi kunda birmuncha taraqqiy etib borayotgan turli zararli oqimlardan asrab qolishda muhim tarbiyaviy qurol bo‘lib xizmat qiladi. Zero, ulug‘ ajdodlarimiz, jumladan, xojagon-naqshbandiya ta’limoti namoyandalarining yashash tarzi, o‘gitlari, odob-ahloqlari turli zararli oqimlar g‘oyasiga batamom zid bo‘lib, ular ma’naviy merosi insonlarni faqat ezgulik, halollik va poklik, bunyodkorlik va  vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga da’vat etadi.

Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz poytaxtida Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilayotgani, ulug‘ ajdodlarimiz Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligi hamda Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligini nishonlash to‘g‘risida Farmoyish qabul qilingani, “Qubbatul Islom” sifatida butun dunyoda shuhrat qozongan Buxoroyi sharifda Tasavvuf va Islom madaniyatini o‘rganish dargohlarining ochilgani bu ulug‘ meros bugungi kunda ham nechog‘lik yuksak qadr topayotgandan yaqqol dalolatdir.   

 

Salohiddin GADOEV,

Buxoro shaharidagi “Xo‘ja Ismat” jome masjidi imom-xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xorijiy hamkorlardan Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy qutlovlar

09.06.2025   19422   2 min.
Xorijiy hamkorlardan Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy qutlovlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin egallagan, azaldan xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, bag‘rikenglik va saxovat kabi olijanob fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muqaddas Qurbon hayiti – Iyd al-Adho munosabati bilan xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar rahbarlaridan tabrik maktublari kelib tushmoqda.

 

Xorijiy hamkorlar o‘z qutlovlarida O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga chuqur hurmat bildirgan holda, yurtimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilab, do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini har tomonlama rivojlantirishga qat’iy intilishlarini ta’kidlamoqdalar. 

 

Jumladan, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev;

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov;

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon;

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov;

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov;

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev;

Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev;

Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi;

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an;

Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon;

Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vaziri Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon;

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon;

Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh;

Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy;

Qatar Davlati Amiri o‘rinbosari Shayx Abdulloh bin Hamad bin Halif Ol Soniy;

O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq;

Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II;

Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Abdulmajid Tebbun;

Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos;

Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha;

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev;

Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim;

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Asad Majid Xon;

Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda.

Qutlovlar kelishda davom etmoqda. 

President.uz