Alhamdulillahi robbil ’alamiyn. Vassalatu vassalam ala rasulihi va as'habihiy ajmaiyn. Inson deb atalmish maxluqotni yaratib unga o‘zining kalomi ila dunyo hayotida yashashni o‘rgatib, halol va haromni anglashga qalb ko‘zini ato etgan Rabbimizga cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin.
Yuksak odobi va taqvosi bilan ummatiga o‘rnak bo‘lib, sunnati ila ta’lim bergan Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga salovatu salomlar bo‘lsin.
Har qanday jamiyatda harom ishlar taqiqlangan. Chunki haromning yuki og‘ir! Islom shariatida har qanday zulm harom sanaladi. Kishining moliga, obro‘siga va sha’niga tajovuz qilish aslo mumkin emas. Kimki shunday qilsa, uning o‘zi qattiq zarar topadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Muflis nimaligini bilasizmi?” deb so‘radilar. Sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, bizningcha, muflis na dirhami va na matosi bo‘lmagan kimsadir”, dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Ummatimning muflisi shunday bir kimsaki, u qiyomat kunida ro‘za, namoz va zakoti bilan keladi. Ammo unga zulm qilgan, buning molini yegan, boshqasini urgan, yana birovni so‘kkan. Bas, u o‘tiradi, bundan unga, buning yaxshiliklari qasos qilib olib beriladi. Agar uning zimmasidagi xatolari ado qilinmasdan turib yaxshiliklari tugab qolsa, ularning gunohlari olinib, buning zimmasiga yuklatiladi, keyin esa jahannamga otiladi”, dedilar”.
Shunday insonlar bo‘ladiki, o‘zi ahli ilm. Hamma narsani – oqu qorani biladi. Ammo o‘nga amal qilmagani ortidan Alloh subhanahu va taolo uni yuz tuban sudrab borib, jahannam o‘chog‘ining tubiga uloqtiradi. Va yana mutakabbir olimni kibru havosi uchun shunday azoblaydi. U o‘zidan yuqori martabadagi kishilarni ko‘rsa, qulluq qilib poyiga payondoz ila peshvoz chiqadi. Lekin martabasi o‘zidan past bo‘lganlarni ko‘rsa miyig‘ida muomala qilib, o‘ziga qulluq qilishidan umidvor bo‘ladi. Bu ham harom qilingan amallar sarasiga kiradi.
Bunday amal o‘zi va nafsi uchun qilingan ish bo‘ladi, bunday ishni Alloh taolo yoqtirmaydi. Buning evaziga sen nima uchun amal qilgan bo‘lsang o‘shaning roziligini top va undan yordam so‘ra deyiladi.
Alloh taolo ana shundan, oxirida sharmanda bo‘lib qolishga sababchi bo‘ladigan muomiladan barchamizni saqlasin.
«Muflis» so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, lug‘aviy ma’nosi «fulus» (chaqa) so‘zi, sariq chaqaga ham zor bo‘lib, muhtojlikdan qiynalib qolgan kishi ma’nosini anglatadi,
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu so‘zni zarbulmasal qilib ummatiga ulkan saboq bo‘lishi uchun ta’lim berganlar.
Birovning haqi uchun javobgarlik shunchalar og‘ir. Shuning uchun undan juda ham ehtiyot bo‘lmog‘imiz kerak.
Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam bir muborak hadisida ushbu voqeani hikoya qilib berganlar:
Bir odam uy sotib olib, unda yashay boshlaydi. Bir kuni uyida o‘ra qaziyotgan edi kutilmaganda bir katta ko‘za chiqib qoldi. Ochib qarasa, oltinga to‘la ekan. Nima qilishini bilmay hayron bo‘ldi-da, ko‘p bosh qotirgandan so‘ng shunday qaror qildi:
“Bu uyni menga sotgan kishi yerga shuncha tilla ko‘milganidan bexabar bo‘lgan. Men undan tillalarini emas uyini sotib olganman. Bu boylikni unga olib borib topshirishim kerak», deb idishni uy sotgan kishining oldiga olib bordi. Bo‘lgan voqeani aytib: “Ey do‘stim, bu idish sizniki. Men sizdan faqat uyni sotib olganman”, dedi. Uyni sotgan kishi esa: “Men uydagi barcha narsani sotganman. Demak, bu oltinlar sening xaqqing”, deb xazinani olishdan bosh tortdi.
Ikkovi shunday tortishib turganida oldidan bir kishi o‘tib qoldi. Unga voqeani tushuntirib, o‘rtadagi muammoni qanday yechishni undan so‘radilar. Uchinchi kishi:
– Farzandlaringiz bormi? – deb so‘radi.
Biri: – Ha, mening o‘g‘lim bor, – dedi
Ikkinchisi esa: – Mening qizim bor, - deb javob berdi.
Uchinchi kishi: – Unda quda bo‘linglar-da xazinani farzandlaringga xarj qilinglar, – dedi.
Bu fikr ikkisiga ham ma’qul bo‘ldi.
Ana o‘sha insonlar hatto yer ostidan topib olingan molning ham yuki og‘irligidan qattiq qo‘rqqan va taqvoda mustahkam bo‘lgan insonlardan ekani ko‘rinib turibdi.
Barchamizni Alloh harom qilgan ishlardan chekinishimiz va O‘zi buyurgan amallarni qilishimizga muvaffaq aylasin.
Internet materiallari asosida Marhamat tumani
bosh imom-xatibi Muxtorjon SHAROFUDDINOV tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan