Inson hayotini ilmu ma’rifatsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ma’rifat – muslimning ikki dunyosini yorituvchi nur. Islomiy ma’rifat vositasida biz dunyo va oxiratimiz go‘zalligiga yo‘l topamiz. Shu ma’rifat orqali Yaratganni, uning qudratini, yaratiqlarini taniymiz, ilohiy Kalomning hikmatini anglaymiz.
Ana shunday ma’rifatdan bahramand bo‘lgan oriflar jamiyatida nafaqat insonga, balki hayvonga, qurt-qumursqalarga, bir so‘z bilan aytganda butun jonli va jonsiz mavjudotga go‘zal muomalada bo‘linadi. Chunki ma’rifatli inson tabiatdagi birgina toshning ham o‘z o‘rni va vazifasi borligini anglaydi. Alloh taolo o‘z Kalomidagi suralardan birini “Naml” – chumoli deb atashi bejiz emas.
Demak, bu ma’rifat bizga hatto chumoli bilan ham qanday muomala qilishimizgacha o‘rgatadi. Alloh taolo butun borlikni inson uchun yaratdi. Ayni paytda, bu borliq insonga omonat hamdir. Omonatni omon saqlash ham uning vazifasi. Aslida mo‘minlik ham shu. Mo‘min, iymon, omon so‘zlarining o‘zagi ham bitta. Arablar yuvosh tuyani “omun” deyishadi. Bu degani, u bilan muomala qilayotgan inson tepish, tishlash kabi tuyaga hos ozorlardan omonda. Mo‘min ham mana shu fazilatga ega bo‘lishi kerak. Payg‘ambarimizning sollallohu alayhi vasallamning “Qo‘lidan, tilidan odamlar omonda bo‘lgan inson mo‘mindir” degan hadislari bunga dalil. Hadisda “odamlar” deganda, dinidan, irqidan, millatidan qat’i nazar barcha insonlar anglashiladi. Uni, qaysi dinda ekaniga qaramasdan, hurmatini joyiga qo‘yishimiz lozim. Chunki biz u bilan bir ota-ona, ya’ni Odam ato va momo Havoning avlodlarimiz. Yaratgan Parvardigorning: وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آدَمَ ya’ni “Haqiqatan biz Odam bolalarini mukarram qildik” (Isro surasi, 70-oyat), degan kalomida mukarramlik Odam bolalarining barchasi uchun bir xilda aloqador ekani ma’lum bo‘lmoqda. Demak, Odam bolasi bo‘lgani uchun ham u bizning qarindoshimiz hisoblanadi. Zimmamizda uning bir haqqi bor. Bu – insonlik haqqi.
“Ahli kitob” deb Alloh taolo yuborgan kitobga amal qiluvchilarga aytiladi. Biz musulmonlar nasroniy va yahudiy bilan kitobiylik nuqtayi nazaridan yaqinmiz. Shuning uchun ham bizga zarari tegmasa, biz ham aziyat yetkazmaymiz va go‘zal muomalada bo‘lamiz. Ularning bizda ikkita haqqi bor: insoniylik va ahli kitoblik haqqi.
Mo‘min-musulmonlar dindosh birodarlarimiz. Ular bilan kitobimiz bir, bir payg‘ambar ummatimiz, qiblamiz bitta, birgina diniy ta’limot asosida hayot kechiramiz. Shuning uchun ham mo‘minning mo‘minga haqqi uchta deyiladi. Ular: insoniylik, ahli kitoblik va musulmonlik haqlaridir.
Islom dinining go‘zal jihatlaridan yana biri shuki, qo‘shni bilan ham chiroyli muomalada bo‘lishni ta’lim beradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirsa, qo‘shnisiga ikrom qilsin”, deya marhamat qilganlar. Demak, har bir mo‘min-musulmon zimmasida qo‘shnilik haqqi ham bor ekan.
Ana shunday haqlardan yana biriga qarindoshlik haqqi deyiladi. Qarindoshlik haqqini ado etish va xesh-aqrobolar bilan aloqani mustahkamlash hamda chiroyli muomalada bo‘lish bizga farz qilingan. Alloh taolo “Niso” surasida ushbu fikrni ta’kidlab shunday deydi: وَاتَّقُوا اللَّهَ الَّذِي تَسَاءَلُونَ بِهِ وَالْأَرْحَامَ ۚ إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلَيْكُمْ رَقِيبً (1-oyat). “Nomini ishlatib, bir-birovingizdan so‘rovda bo‘ladiganingiz Allohdan va qarindoshlik (aloqalari)dan qo‘rqingiz. Albatta, Alloh ustingizdan kuzatuvchi Zotdir”. Oyati karimadan ma’lum bo‘layaptiki, qarindoshlik aloqalari ustidan kuzatib turuvchi Allohning o‘zi ekan. Oyatdagi “Qo‘rqingiz” fe’li ikki kalimaga borib bog‘lanadi, ya’ni “Allohdan” va “qarindoshlik (aloqalari)dan” so‘zlariga. Demak, oyatda, birinchidan, Alloh buyruqlarini bajarmay qo‘yishdan, ikkinchidan, qarindoshlik aloqalarini uzib yuborishdan qo‘rqingiz, deyilmoqda. Alloh taolo bu kalomi bilan qarindoshlik aloqalarini uzish O‘zining buyruqlarini bajarmaslik bilan bir xil darajadagi gunoh ekanini uqtirib o‘tmoqda. Demak, biz Allohning bu oyatini teran anglagan holda qarindosh-urug‘ bilan chiroyli muomalada bo‘lmog‘imiz lozim ekan.
Oila Islomda muqaddas bir qo‘rg‘on sanaladi. Bu qo‘rg‘on but bo‘lsa, jamiyat a’zolari har xil jismoniy, ma’naviy, axloqiy va ruhiy tajovuzlardan himoyalangan bo‘ladi. Ayni paytda, u ota-ona, jufti halol, farzandlar, aka-uka, opa-singillarni o‘z bag‘riga olgan farog‘at maskani hamdir. Eng chiroyli muomala, hurmat-izzat va mehr-muhabbat oilaga qaratilishi lozim. Bu ham bizning bo‘ynimizdagi haqlardan. Bu haqlarni ado etish bilan inson farog‘atda yashaydi, avlodlarining xulqidan ko‘ngli tinch bo‘ladi.
Ushbu haqlarning barchasi dinimizda bayon qilingan. Biz ularni o‘qib-o‘rganishimiz, va zimmamizdagi haqlarni ado etishimiz lozim. Zero, ma’rifat yo‘li bandaga ikki dunyo saodati kafolatlangan munavvar yo‘ldir.
Qurbonali YODGOROV,
Zangiota tumani “Imom al-Buxoriy” jome masjidi imom xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiroat qilganlarida oyatlarni ajratib-ajratib o‘qirdilar” (Imom Abu Dovud, Imom Ahmad rivoyati).
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam qiroatalarini oyat-oyat qilib ajratardilar: «Alhamdu lillahi Robbil-’alamin» deb, so‘ng vaqf qilardilar, «Arrohmanir-Rohiym» deb, so‘ng vaqf qilardilar» (Imom Termiziy, Imom Hokim rivoyati).
Ya’lo ibn Mamlakdan rivoyat qilinadi: «U Ummu Salama roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning namozlari haqida so‘radi. Shunda u kishi: «Sizlar qayoqdayu, u zotning namozlari qayoqda?! U zot namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganchalk uxlar, so‘ng uxlaganlaricha namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganlaricha uxlar edilar. To tongacha shunday bo‘lar edi», dedi-da, u zotning qiroatlarini maqtay ketdi. U zotning qiroatlarini maqtay turib: «Harfma-harf, aniq-aniq o‘qirdilar», dedi» Abu Dovud, Termiziy va Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan.
Qatodadan rivoyat qilinadi: «Anasdan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari qanday edi?» deb so‘raldi. Shunda u: «Cho‘ziq edi», dedi-da, keyin «Bismillahir-Rohmanir-Rohiym»ni «Bismillah»ni cho‘zib, «Ar-Rohman»ni cho‘zib, «Ar-Rohiym»ni cho‘zib o‘qib berdi». Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mad – cho‘ziq unli bor o‘rinlarda madni aniq cho‘zib o‘qir edilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Abdulloh ibn Abu Qaysdan rivoyat qilinadi: «Men Oisha roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari haqida: «U zot qiroatni ichlarida qilarmidilar yoki jahriy (oshkora) qilarmidilar?» deb so‘radim. U: «Har qaysisini ham qilardilar. U zot (qiroatni) gohida ichlarida, gohida oshkora qilardilar», dedi» (Muttafaqun alayh).
Ummu Honiydan rivoyat qilinadi: «Men tunda yopig‘im ustida turib olib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba oldidagi qiroatlarini eshitar edim» (Nasoiy va Ibn Moja rivoyat qilgan).
Jubayr ibn Mut’im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamnig shom namozida Tur surasini o‘qiyotganlarini eshitdim. «Yoki ular, hech narsadan hech narsa yo‘q, o‘zlari yaralganlarmi?! Yoki ular yaratuvchilarmi?» oyatiga kelganda qalbim uchib ketay dedi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xuftonda «Vattiyni vaz-zaytun»ni o‘qiyotganlarini eshitdim. Biror kishidan u zotning ovozlaridan ko‘ra chiroyli ovoz eshitmaganman» Muttafaqun alayh.
Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tuyalarida Qur’on o‘qib ketayotganlarini ko‘rdim. Fath surasini mayin qilib o‘qib ketayotgan ekanlar. Ohang qilib o‘qib ketayotgandilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Avs ibn Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga kech qolib chiqdilar. Biz: «Yo Allohning Rasuli, kech qolib ketdingizmi?» dedik. Shunda u zot: «Qur’ondan hizbim[1] qolib ketgan edi, o‘shani tugatmasdan chiqishni istamadim», dedilar. Keyin biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblaridan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’onni qanday hizbga ajratar edilar?» deb so‘radik. Ular: «Uchta, beshta, yettita, to‘qqizta, o‘n bitta, o‘n uchta (sura) va «Mufassal» hizbi», deyishdi» (Tabaroniy va Tahoviy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
[1] Hizb – bo‘lak degani bo‘lib, Qur’ondan har kun uchun vazifa sifatida ajratib olingan bo‘lakka nisbatan ishlatilgan. Mufassal – Qur’onning Hujurot surasidan boshlab oxirigacha bo‘lgan qismi.