Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Dekabr, 2024   |   21 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
22 Dekabr, 2024, 21 Jumadul soni, 1446

Islom – ma’rifat dini

6.09.2017   15229   5 min.
Islom – ma’rifat dini

Inson hayotini ilmu ma’rifatsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ma’rifat – muslimning ikki dunyosini yorituvchi nur. Islomiy ma’rifat vositasida biz dunyo va oxiratimiz go‘zalligiga yo‘l topamiz. Shu ma’rifat orqali Yaratganni, uning qudratini, yaratiqlarini taniymiz, ilohiy Kalomning hikmatini anglaymiz.

Ana shunday ma’rifatdan bahramand bo‘lgan oriflar jamiyatida nafaqat insonga, balki hayvonga, qurt-qumursqalarga, bir so‘z bilan aytganda butun jonli va jonsiz mavjudotga go‘zal muomalada bo‘linadi. Chunki ma’rifatli inson tabiatdagi birgina toshning ham o‘z o‘rni va vazifasi borligini anglaydi. Alloh taolo o‘z Kalomidagi suralardan birini “Naml” – chumoli deb atashi bejiz emas.

Demak, bu ma’rifat bizga hatto chumoli bilan ham qanday muomala qilishimizgacha o‘rgatadi. Alloh taolo butun borlikni inson uchun yaratdi. Ayni paytda, bu borliq insonga omonat hamdir. Omonatni omon saqlash ham uning vazifasi. Aslida mo‘minlik ham shu. Mo‘min, iymon, omon so‘zlarining o‘zagi ham bitta. Arablar yuvosh tuyani “omun” deyishadi. Bu degani, u bilan muomala qilayotgan inson tepish, tishlash kabi tuyaga hos ozorlardan omonda. Mo‘min ham mana shu fazilatga ega bo‘lishi kerak. Payg‘ambarimizning sollallohu alayhi vasallamning Qo‘lidan, tilidan odamlar omonda bo‘lgan inson mo‘mindir degan hadislari bunga dalil. Hadisda “odamlar” deganda, dinidan, irqidan, millatidan qat’i nazar barcha insonlar anglashiladi. Uni, qaysi dinda ekaniga qaramasdan, hurmatini joyiga qo‘yishimiz lozim. Chunki biz u bilan bir ota-ona, ya’ni Odam ato va momo Havoning avlodlarimiz. Yaratgan Parvardigorning: وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آدَمَ  ya’ni “Haqiqatan biz Odam bolalarini mukarram qildik (Isro surasi, 70-oyat), degan kalomida mukarramlik Odam bolalarining barchasi uchun bir xilda  aloqador ekani ma’lum bo‘lmoqda. Demak, Odam bolasi bo‘lgani uchun ham u bizning qarindoshimiz hisoblanadi. Zimmamizda uning bir haqqi bor. Bu – insonlik haqqi.

 “Ahli kitob” deb Alloh taolo yuborgan kitobga amal qiluvchilarga aytiladi. Biz musulmonlar nasroniy va yahudiy bilan kitobiylik nuqtayi nazaridan yaqinmiz. Shuning uchun ham bizga zarari tegmasa, biz ham aziyat yetkazmaymiz va go‘zal muomalada bo‘lamiz. Ularning bizda ikkita haqqi bor: insoniylik va ahli kitoblik haqqi.

Mo‘min-musulmonlar dindosh birodarlarimiz. Ular bilan kitobimiz bir, bir payg‘ambar ummatimiz, qiblamiz bitta, birgina diniy ta’limot asosida hayot kechiramiz. Shuning uchun ham mo‘minning mo‘minga haqqi uchta deyiladi. Ular: insoniylik, ahli kitoblik va musulmonlik haqlaridir.

Islom dinining go‘zal jihatlaridan yana biri shuki, qo‘shni bilan ham chiroyli muomalada bo‘lishni ta’lim beradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada: Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirsa, qo‘shnisiga ikrom qilsin, deya marhamat qilganlar. Demak, har bir mo‘min-musulmon zimmasida qo‘shnilik haqqi ham bor ekan.

Ana shunday haqlardan yana biriga qarindoshlik haqqi deyiladi. Qarindoshlik haqqini ado etish va xesh-aqrobolar bilan aloqani mustahkamlash hamda chiroyli muomalada bo‘lish bizga farz qilingan. Alloh taolo “Niso” surasida ushbu fikrni ta’kidlab shunday deydi:  وَاتَّقُوا اللَّهَ الَّذِي تَسَاءَلُونَ بِهِ وَالْأَرْحَامَ ۚ إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلَيْكُمْ رَقِيبً (1-oyat). Nomini ishlatib,  bir-birovingizdan so‘rovda bo‘ladiganingiz Allohdan va qarindoshlik (aloqalari)dan qo‘rqingiz. Albatta, Alloh ustingizdan kuzatuvchi Zotdir”. Oyati karimadan ma’lum bo‘layaptiki, qarindoshlik aloqalari ustidan kuzatib turuvchi Allohning o‘zi ekan. Oyatdagi Qo‘rqingiz” fe’li ikki kalimaga borib bog‘lanadi, ya’ni Allohdan”  va “qarindoshlik (aloqalari)danso‘zlariga. Demak, oyatda, birinchidan, Alloh buyruqlarini bajarmay qo‘yishdan, ikkinchidan, qarindoshlik aloqalarini uzib yuborishdan  qo‘rqingiz, deyilmoqda. Alloh taolo bu kalomi bilan qarindoshlik aloqalarini uzish O‘zining buyruqlarini bajarmaslik bilan bir xil darajadagi gunoh ekanini uqtirib o‘tmoqda. Demak, biz Allohning bu oyatini teran anglagan holda qarindosh-urug‘ bilan chiroyli muomalada bo‘lmog‘imiz lozim ekan.

Oila Islomda muqaddas bir qo‘rg‘on sanaladi. Bu qo‘rg‘on but bo‘lsa, jamiyat a’zolari har xil jismoniy, ma’naviy, axloqiy va ruhiy tajovuzlardan himoyalangan bo‘ladi. Ayni paytda, u ota-ona, jufti halol, farzandlar, aka-uka, opa-singillarni o‘z bag‘riga olgan farog‘at maskani hamdir. Eng chiroyli muomala, hurmat-izzat va mehr-muhabbat oilaga qaratilishi lozim. Bu ham bizning bo‘ynimizdagi haqlardan. Bu haqlarni ado etish bilan inson farog‘atda yashaydi, avlodlarining xulqidan ko‘ngli tinch bo‘ladi.

Ushbu haqlarning barchasi dinimizda bayon qilingan. Biz ularni o‘qib-o‘rganishimiz, va zimmamizdagi haqlarni ado etishimiz lozim. Zero, ma’rifat yo‘li bandaga ikki dunyo saodati kafolatlangan munavvar yo‘ldir. 

           

Qurbonali YODGOROV,

Zangiota tumani “Imom al-Buxoriy” jome masjidi imom xatibi 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bolalarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishning zararlari

20.12.2024   38505   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati