Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

Payg‘ambarlarning sabr ko‘rsatishdagi ibrati

26.08.2017   6164   5 min.
Payg‘ambarlarning sabr ko‘rsatishdagi ibrati

Ayyub alayhissalom 80 yil yashadi. 14 o‘g‘il-qiz ko‘rdi, salomatlikka va odamlarning muhabbatiga sazovor bo‘ldi.

So‘ng Alloh taolo bu ne’matlarni olishni iroda qildi. Natijada Ayyub alayhissalomning farzandlari vafot etdi, o‘zi esa qattiq kasallikka chalindi. Hatto harakat qila olmaydigan darajagacha yetib bordi. Tana a’zolari birin-ketin to‘kila boshladi. Odamlar undan qochadigan bo‘ldi. Ayolidan boshqa hech kim atrofida qolmadi. Ayyub alayhissalomning bu xastaligi 18 yil davom etdi. Qanday og‘ir kunlar! Bunga kim sabr qila oladi?! Hatto ayoli barcha mol-mulkini sarfladi, payg‘ambarning uyida yeyish uchun hech narsa qolmadi! Shunda ayoli ko‘chaga chiqib, odamlarning xizmatini qila boshladi. Musibatlarning ketma-ketligini ko‘ring! Ayol to‘shakka mixlanib qolgan eriga luqma olib kelish uchun ishlayapti! Ayoli: «Allohga shifo berishini so‘rab duo qilmaysizmi?», deganida, Ayyub alayhissalom: «Alloh menga 80 yil ne’mat berdi. Men sakkiz yil sabr qila olmasdan Unga qanday qilib duo qilaman», dedi. Ayyub alayhissalom ayoli sochini kesib sotishga majbur bo‘lgunicha sabr qildilar. Ayolining sochini sotganini bilgach, Allohga duo qildilar. Lekin «O‘n sakkiz yil sabr qildim» yoki «Nega menga buncha balolarni yubording?» deb minnat qilmadi. Balki «... «(Ey, Rabbim!) Menga musibat yetdi. O‘zing rahmlilarning rahmlirog‘idirsan», dedi (Anbiyo, 83). Duosining ijobati esa quyidagi oyat bo‘ldi: «Bas, Biz uni (ya’ni duosini) ijobat qilib, undagi zahmatni ketkazdik hamda o‘z huzurimizdan mehribonlik ko‘rsatib, barcha ibodat qiluvchilarga eslatma bo‘lsin, deb (Ayyubga) oilasini va ular bilan qo‘shib, yana ularning barobarida ahlu avlod ato etdik» (Anbiyo, 84).

Rivoyatlarda kelishicha, Alloh Ayyub alayhissalomga 28 ta farzand ato etdi va sihatini qaytarib berdi. Subhanalloh! Sabrning ajoyibligini qarang! Shuning uchun ham oradan minglab yillar o‘tgan bo‘lsa-da, Ayyub alayhissalom sabr qilish borasida ibrat bo‘lib kelmoqda. «Darhaqiqat, Biz (Ayyubni) sabr qiluvchi deb topdik. U naqadar yaxshi bandadir! Haqiqatan, u (Alloh yo‘liga) butunlay qay­tuvchidir» (Sod, 44). Sabrni Ayyub alayhissalomdan o‘rga­ning.

Yusuf alayhissalomning sabriga o‘zingizning sabringizni tenglashtirib ko‘ring! Yusuf alayhissalomga yog‘ilib kelgan balolarni eslang! U zot o‘z oilasini yo‘qotdi, vatanidan judo bo‘ldi, 20 yil g‘urbatda yurdi, akalaridan zulm ko‘rdi, quduqda azoblandi, qul bo‘lib sotildi, holbuki, ota-bobolari hur va martabali payg‘ambarlardan edi, ayollarning fitnalariga uchradi, 9 yil zindonda aziyat chekdi, mol-mulk va ijtimoiy mavqe bilan imtihon qilindi. Bu musibatlar har qanday insonni ham qulatadi, ayniqsa, quduqdagi azoblar. Qur’onda Yusuf alayhissalomning quduqda kechirgan holati «Ulardan bir so‘zlovchi dedi: «Yusufni o‘ldirmangiz, balki agar (biror narsa) qilmoqchi bo‘lsangiz, uni quduq qa’riga tashlangiz, (shunda) uni ba’zi yo‘lovchilar olib ketar!» (Yusuf, 10), deya tasvirlangan. So‘ng ayol fitnasiga uchradi. Ayolning o‘zi rag‘bat bildirsa, fitnaning qanchalar og‘ir bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas. Shularga qaramay, Yusuf alayhissalom bu musibatlarning barchasiga sabr qildilar. Alloh u zotga najot berdi! Siz qancha musibatga yo‘liqdingiz? Siz ham Yusuf alayhissalomga o‘xshab sabr qildingizmi?

Shu o‘rinda bir masalaga oydinlik kiritib o‘tish lozim. Yuqoridagi payg‘ambarlarning qissalarini o‘qib «Axir, ular payg‘ambar-da, men esa oddiy odamman», degan xayolga borishingiz tabiiy. Yo‘q, oddiy inson ham payg‘ambardek sabr qilishga qodir. Masalan, sahobiylardan biri Imron ibn Hasin roziyallohu anhu qattiq kasal bo‘lib, to‘shakka mixlanib qoldilar. Bir necha yil shu holda yotdilar. Ziyoratiga kelganlar uning ahvolini ko‘rib, yig‘lab yuborardilar. Sahobiy ularga qarab quyidagi ajoyib so‘zni takrorlar edi: «Alloh nimani yaxshi ko‘rsa, men ham shuni yaxshi ko‘raman».

Birlarini «Ular pay­g‘ambar-ku» deb, boshqasini «Axir, u kishi sahobiy» deb o‘zingizni oqlashga urinmang! Endi mana bu hikoyaga e’tibor qilaylik.

Bir ayolning qo‘li kesildi. Ayol qo‘li kesilganda kula boshladi. Odamlar: «Og‘riqni sezmayapsanmi?» deb so‘rashdi. U esa: «Savobning halovati og‘riqning azobini sezdirmayapti!» deb javob berdi. Bu qan­day ham chiroyli sabr!

Mana yana bir misol. Sahobiy ayollardan biri Ummu Salim roziyallohu anhoning bir farzandi bor edi. Er-xotin farzandini juda yaxshi ko‘rardilar. Bir kuni tunda farzandi kasallikdan vafot etadi. Ayol shu kecha uzoq safardan qaytgan erining bu mudhish xabardan iztirobga tushishini xohlamaydi. Farzand dog‘ida qovurilayotgan ayol erining ishdan kelib: «Bolaning ahvoli yaxshimi?» degan savoliga: «Tinchib qoldi», deb javob beradi. Eri «Ayolim bola dam olayapti, demoqchi, shekilli», deb o‘ylaydi va: «Allohga shukr», deb qo‘yadi. Ayol ziynatlanib, go‘zal holatda kechani eri bilan birga o‘tkazadi. Tong otgach, ayol eriga: «Agar bizda qo‘shnimizning omonati bo‘lsa va uni so‘rab kelsa, qaytarib berarmidingiz?» deb so‘raydi. Eri: «Albatta, qaytarib beraman», deydi. Ayol shunda Alloh o‘z omonatini olganini aytadi...

Bu qanday go‘zal sabr! Siz shunday sabr qila olasizmi?

Aziz sing­lim, siz-chi? Harakat qiling! Alloh siz bilan birga.

Tavakkaljon MUKARRAMOV,

Marhamat tumanidagi “Shomat” masjidi imom-xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Rasululloh, sizga salavot qanday aytiladi?”

16.07.2025   4712   1 min.
“Rasululloh, sizga salavot qanday aytiladi?”

حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.

Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.

U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.

Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.


Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD